2. Oilaning reproduktiv vazifasi. Har qanday zamon va makonda ham oila, eng avvalo, avlodlar davomiyligini ta’minlash, naslni saqlash sanaladi. Dastlab tayanch tushuncha (“reproduktivlik”)ning lug‘aviy ma’nosini anglab olish oilaning reproduktivlik vazifasi mohiyatini tо‘laqonli tushunish imkoniyatini yaratadi.
Elektron manbalardan birida talqin etilishicha, “reproduktivlik” (lot. “fertillik” (“fertilis”) – nasl qoldirish) tushunchasi “voyaga yetgan organizmning nasl qoldirish layoqatiga egaligi” ma’nosini anglatishga xizmat qiladi. Biologiya, tibbiyot kabi sohalarda “reproduktivlik” tushunchasining antonimi sifatida “bepushtlik” atamasi ishlatiladi. Yuqorida kо‘rsatilgan elektron manbada qayd etilishicha, voyaga yetgan organizm sifatida odam yoki hayvonning nasl qoldirish layoqatiga ega bо‘lmasligi “bepushtlik”, niholning ma’lum yildan sо‘ng, yetarli darajada rivojlanganidan keyin ham hosil bera olmasligi “sterillik” (lot. “sterilis” – kо‘paya olmaslik) deb yuritiladi. “Salomatlik. Ommabop-meditsina ensiklopediyasi”2 esa “bepushtlik” tushunchasi lug‘aviy nuqtai nazardan “voyaga yetgan organizmning nasl qoldirishga ojizligi”ni ifodalovchi ma’noni anglatishiga urg‘u berib о‘tiladi.
Kо‘pgina xalqlar, shu jumladan, о‘zbek xalqida oilani barpo etishdan kо‘zlangan asosiy maqsad – sulolaning davomiyligini ta’minlash, nasl qoldirish hisoblanadi. Sulolaning davomiyligini ta’minlash, nasl qoldirish nafaqat shaxsiy, shu bilan birga ijtimoiy ahamiyatga ega masala sanaladi. Farzand kо‘rish (nasl qoldirish) ota hamda onaning shaxsiy xarakterga ega xohish-istaklariga kо‘ra amalga oshirilsa-da, biroq, bu jarayon jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi ishlab chiqarish kuchining shakllanishi nuqtai nazaridan ijtimoiy mohiyat kasb etadi. Shu sababli insoniyat tarixiy taraqqiyotining deyarli barcha davrlarida avlodlar davomiyligini ta’minlash kun tartibidagi muhim masalalardan biri bо‘lib kelgan.
Mustaqillik yillarida О‘zbekistonda ham yoshlarda reproduktiv salomatlikni shakllantirishga davlat miqyosida alohida e’tibor qaratildi. Buning isboti “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi hamda unda ifodalangan g‘oyalarda о‘zining yaqqol ifodasini topgan. Ushbu dasturda “reproduktiv salomatlikni saqlash va sog‘lom oilani shakllantirish muammolari bо‘yicha yoshlar va yosh oilalar orasida tushuntirish ishlari olib borish” dolzarb ijtimoiy vazifalardan biri ekanligi alohida ta’kidlangan.
Mazkur masala G‘arb mamlakatlarida nikoh va oilaga g‘ayriaxloqiy qarashlar qaror topib, ularning muqaddasligiga putur yetayotgan, bir jinsli nikoh tobora keng targ‘ib etilayotgan, qolaversa, erkak va ayollarning bepushtligiga sabab bо‘luvchi omillar (jinsiy organlardagi turli salbiy о‘zgarishlar, jinsiy a’zolarning tug‘ma nuqsoni (kriptorxizm), shikastlanishi (orxit, epididimit), yallig‘lanishi, endokrin tizimi faoliyatining о‘zgarishi, irsiy kasalliklar (m: Shereshevskiy, Terner, Daun va b. kasalliklar), Internet sahifalari va ayrim telekanallarda pornografik suratlar, sahnalarning namoyish etilayotganligi, aksariyat yoshlarning real va vizual hayotni ajrata olmayotganliklari, yigit va qizlarning jinsiy jihatdan tо‘g‘ri, yetarlicha rivojlanmayotganliklari va h.k.) sonining ortib borayotgan mavjud sharoitda, ayniqsa, о‘ziga xos dolzarblik kasb etmoqda.
Farzandning benuqson va sog‘lom dunyoga kelishida onalarning roli beqiyos. Biroq, sо‘nggi yillarda ayollarda ham bepushtlik holatlari tobora kо‘proq kuzatilmoqda. Ayollarda namoyon bо‘ladigan bepushtlik bachadon va ortiqlar (tuxumdon va naylar)ning yallig‘lanish kasalliklari (adneksit), sо‘zak, jinsiy organlar sili, ichki sekretsiya bezlari (tuxumdon, qalqonsimon bez, bо‘yrak usti bezi va boshqalar) faoliyatining buzilishi, balog‘atga yetish davrida yuqumli (infeksion) kasalliklar bilan og‘rish natijasida markaziy asab tizimida rо‘y bergan о‘zgarishlar, jinsiy organlarning yetilmay qolishi (infantilizm) bilan bog‘liq.
Sо‘nggi yillarda maxsus adabiyotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida ham “reproduktivlik” yoki boshqacha aytganda, “reproduktiv salomatlik” tushunchalari kо‘p qо‘llanilmoqda. Yana bir elektron manbada “reproduktiv salomatlik” tushunchasiga shunday ta’rif berilgan: “insonning reproduktiv tizimi shakllanishi va о‘z faoliyatini tо‘la bajara olishini ta’minlaydigan barcha hayotiy jarayonlarda jismoniy, aqliy va ijtimoiy jihatdan kamolga yetganlik holati”3. Demak, reproduktivlik insonga xos reproduktiv tizim faoliyatining benuqson ishlashi asosida uning bevosita sog‘lom farzand kо‘ra olishidir. Shunga kо‘ra har bir shaxsning reproduktiv salomatlikka egaligini quyidagi belgilar asosida baholash mumkin: 1) shaxs reproduktiv tizimining salbiy asoratlarsiz, benuqson shakllanishi; 2) reproduktiv tizimning о‘z fiziologik vazifasining benuqson bajara olishi; 3) reproduktiv tizim faoliyati jarayonida shaxsning о‘zini ma’naviy-axloqiy, jismoniy, fiziologik, aqliy va ijtimoiy jihatdan kamolga yetganligini his qila olishi.
Shunga kо‘ra “shaxsning reproduktiv salomatligi uning oilaviy hayotga ma’naviy-axloqiy, jismoniy, aqliy va ijtimoiy tayyorligi, er-xotin о‘rtasidagi jismoniy yaqinlikning har ikki tomon uchun ham ijobiy xarakter kasb etishiga erishishi, farzand kо‘rish xohishining qondirilishi va, eng muhimi, sog‘lom farzand kо‘ra olishi uchun xizmat qiladi” (N.Ashurova).
Bugungi kunda har bir oilada ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy institutlari bilan hamkorlikda yoshlarning reproduktiv salomatlikka ega bо‘lishlarini ta’minlash yо‘lida amaliy ishlarni olib borish maqsadga muvofiqdir. Ijtimoiy hamkorlik asosida yoshlarni nikoh va oilaviy hayotga:
ma’naviy-axloqiy (oila uchun mas’ullik, oila va nikohni muqaddas deb bilish, oila sha’ni va oila a’zolarining obrо‘sini himoya qila olish, er-xotin, shuningdek, ota-ona va farzandlar о‘rtasida о‘zaro hurmatni qaror toptirish, tasodifiy jinsiy aloqalardan о‘zini tiyish),
jismoniy (er-xotin о‘rtasidagi jismoniy yaqinlikning har ikki shaxs uchun ijobiy xususiyat kasb etishiga erishish, bu jarayonning ixtiyoriy, hech qanday zо‘rlik, majburlashlarsiz kechishiga erishish),
fiziologik (erkakning tug‘dirish, ayolning tug‘ish qobiliyatiga egaligi),
aqliy (oilaviy hayotni mо‘tadil kechishini ta’minlash, ota-onaning yosh xususiyatlaridan kelib chiqqan holda farzandlar soni, farzand kо‘rish davrlarini ixtiyoriy belgilash, homiladorlik muddatlari о‘rtasida ma’lum oraliq (interval) bо‘lishi zarurligini inobatga olish, istalmagan homiladorlikning oldini olish chora-tadbirlarini kо‘rish; vositalari (jumladan, kontratsepsiya vositalari) va metodlaridan xabardor bо‘lish, reproduktiv salomatlikka erishishni kafolatlovchi omillar (organizmda bepushtlik kelib chiqish sabablarini bartaraf etish maqsadida jinsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, о‘z vaqtida davolanish yoki qо‘shimcha reproduktiv texnologiyalardan foydalanish malakalarini о‘zlashtirish), vositalar, metodlar hamda xizmatlar tо‘g‘risidagi axborotlardan foydalanish qobiliyatiga egalik);
ijtimoiy (oilani ongli rejalashtirish) jihatdan tayyorlash zarur.
Oila faoliyati reproduktiv nuqtai nazardan sog‘lom farzand kо‘rish, uni har tomonlama sog‘lom qilib voyaga yetkazish, fiziologik, jinsiy va jismoniy jihatdan qizlarni onalik, yigitlarni esa otalikka tо‘laqonli tayyorlashdek vazifalarni hal qilishga yо‘naltiriladi.
3. Oilaning tarbiyaviy vazifasi. О‘ziga xos tarbiya muhiti bо‘lgan oila farzandlarning kamolotini ta’minlashda muhim о‘rin tutadi. Oilaning tarbiyaviy imkoniyatlari beqiyosdir. Bolaning tabiiy alomatlari va nasl-nasabi qanchalik ahamiyatga ega bо‘lmasin, tarbiya hal qiluvchi rolni о‘ynaydi. Oilaning tarbiyaviy vazifasi bolalarda ma’naviy-axloqiy, aqliy, jismoniy, estetik, mehnatsevarlik, jinsiy, ekologik, huquqiy, iqtisodiy fazilatlarni tarbiyalashdan iborat.
Ota-onalar farzandlarda yoshlikdanoq ma’naviy-axloqiy sifatlarning shakllanishiga e’tibor qaratishlari lozim. Zero, “oilada uyushtirilajak axloqiy tarbiyaning maqsadi bolalarda eng oliy axloqiy sifatlar ota-ona hamda oilaning boshqa a’zolari, shuningdek, atrofdagilarga nisbatan mehr-muhabbat, kattalarga hurmat, kichiklarga muruvvat, kamtarlik, tо‘g‘risо‘zlik, mehnatsevarlik, sahovat, insonparvarlik, adolat, vijdon, or-nomus, g‘urur, intizom, ijtimoiy burchni anglash va h.k.ni shakllantirishdan iboratdir. Shaxsda mazkur sifatlarning qaror topishida oiladagi sog‘lom muhit, oila a’zolarining psixologik jihatdan о‘zaro yaqinliklari, ehtiyoj, qiziqish va hayotiy yondashuvilaridagi umumiylik, bir-birlarini har qanday vaziyatda qо‘llab-quvvatlay olishlari, ota-onalar tomonidan barcha farzandlariga nisbatan qо‘yilayotgan talablar, shuningdek, ularga kо‘rsatilayotgan e’tiborning bir xil bо‘lishi oila tarbiyasida ijobiy natijalarga erishishning omillari sanaladi. Oilada muayyan an’ananing qaror topganligi, unga oila a’zolari tomonidan bildirilayotgan hurmat, shuningdek, keksa avlod vakillarining shaxsi, ularning ijobiy sifatlari, mehnatda erishgan (garchi u oddiy bо‘lsa ham) yutuqlari, atrofdagilar bilan munosabati borasidagi suhbat yoki xotiralarning tashkil etilishi bolalarda hayotiy e’tiqodning shakllanishini ta’minlaydi”4.
Oilaning tarbiyaviy imkoniyatlarini о‘rgansh asosida shunday xulosalarga kelish mumkin:
1) oilaning bolaga ta’siri boshqa har qanday tarbiyaviy harakatlardan kuchli;
2) oilada shunday sifatlar shakllanadiki, oiladan tashqari hech qayerda bunday sifatlar shakllanishi mumkin emas;
3) oila muhitida shaxsning ijtimoiylashuvi amalga oshadi, shu sababli oilada jamiyat a’zosi – fuqaro, vatanparvar shaxs, bо‘lg‘usi oila boshlig‘i, qonunga rioya qiluvchi huquqiy faol shaxs, iste’molchi voyaga yetkaziladi, binobarin, oila qanday bо‘lsa, jamiyat ana shunday bо‘ladi.
4) oila an’analarning davomiyligini ta’minlaydi;
5) oilaning muhim ijtimoiy funksiyasi fuqaroni tarbiyalashda aks etadi;
6) oila kasb tanlashga muhim ta’sir kо‘rsatadi.
4. Oilaning kommunikativ vazifasi. Odatda oila hayoti uning a’zolari о‘rtasida tashkil etiladigan muloqotga asoslanadi. Zamonaviy sharoitda oila a’zolari о‘rtasida faol muloqotda bо‘lish tanazzulga uchramoqda. Buning asosiy sabablari ommaviy axborot vositalari sonining ortib borishi, ulardan axborot tarqatish kо‘lamining tobora kengayishidir. Aynan shu hodisalar tufayli har bir shaxs oila davrasida uyushtiriladigan muloqotdan kо‘ra kо‘proq ommaviy axborot vositalari bilan munosabatda bо‘lishni ma’qul kо‘rmoqda. Bu esa bir qator salbiy oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bо‘lyapti: shaxs tobora individuallashib bormoqda, ommaning manfaatidan kо‘ra о‘z qiziqish va intilishlarini ustun qо‘ymoqda, о‘zgalarning holatiga nisbatan befarqlik kuchaymoqda. Oila davrasida suhbatlar odatda bolalarda kattalar – ota-ona, buva-buvi va oilaning boshqa yoshi katta a’zolari namunasida atrof-muhitga, atrofdagilarga nisbatan ijobiy yoki salbiy bо‘lishidan qat’iy nazar munosabatni shakllantiradi. Shu sababli farzandlar ishtirokida tashkil etiladigan suhbatlar doimo yoqimli, insonga kо‘tarinki ruh bag‘ishlaydigan, bolalarni harakatga, о‘qib-о‘rganishga undaydigan, ularda о‘ziga nisbatan ishonch, atrofdagilarga nisbatan hurmatni uyg‘otadigan g‘oyalarga asoslanishiga e’tibor qaratish lozim. Suhbatlar mavzusining burch, mardlik, olijanoblik, saxiylik, kamtarlik, atrofdagilarga nisbatan muhabbat, bunyodkorlik, yutuqlar (qaysi sohada bо‘lishidan qat’iy nazar), biror bir kishining ibratli xatti-harakatlari xususida bо‘lishi bolalarda yashashga (yashaganda ham mazmunli, unumli hayot kechirishga) bо‘lgan ishtiyoqni oshiradi, ertangi kunga bо‘lgan ishonchni mustahkamlaydi, ularni ijtimoiy faol bо‘lishga rag‘batlantiradi. Oila davrasidagi suhbatlarda kimningdir salbiy xatti-harakati yuzasidan fikr bildirish mumkin. Ammo bu boradagi fikrning bolalarga ibrat uchun aytish, bu kabi hodisalardan xulosa chiqarib olish zarurligini uqtirib о‘tish maqsadga muvofiqdir. Biroq, hech qachon inson shaxsini baholashga urinmaslik, ayniqsa, “uning о‘zi yaramas odam”, “u hech qachon odam bо‘lmaydi”, “uning ota-onasi (aka-ukasi, opa-singlisi va b.) ham yaxshi odamlar emas” kabi asosli bо‘lmagan hukmlarni chiqarishga urinmaslik lozim. Ota-onalar yoki kattalarning shu taxlitda yо‘l tutishlari bolalarda atrofdagilarga nisbatan ishonchsizlikning qaror topishiga sabab bо‘ladi. Oxir-oqibat bolalar hamisha kimlarnidir о‘zlari bilib-bilmagan holda ayblashni, boshqalarni g‘iybat qilishni о‘rganishadi. Bolalarni yoshlikdan boshqalar, ayniqsa, kattalarni muhokama qilmaslikka, aksincha, kо‘proq о‘z xatti-harakatlarini tahlil qilishga, xatolari ustida fikr yuritishga, ularni tо‘g‘rilash yuzasidan qarorlar qabl qilishga, о‘zgalarning mummolariga befarq bо‘lmalikka о‘rgatib borish maqsadga muvofiqdir. Shundagina bolalarda ijtimoiy subyektlar bilan tо‘g‘ri, samimiy muloqotni tashkil etish kо‘nikmalari shakllanadi.
Oilaning rekreativ, felitsitologik, regulyativ va relaksatsiya vazifalari. Yuqorida aytib о‘tilganidek, rekreativ, felitsitologik, regulyativ va relaksatsiyaga asoslangan munosabatlarni ijobiy, samarali tashkil etilishiga erishish ham oila zimmasiga yuklatiladigan vazifalar sirasida muhim ahamiyat kasb etadi.
5. Oilaning rekreativ vazifasi. Ijtimoiy jihatdan oila a’zolarining bir-birlariga nisbatan rekreativ (о‘zaro jismoniy, moddiy, ma’naviy va psixologik yordam kо‘rsatishga asoslangan) munosabat kо‘rsatishi sifatida asrlar davomida ushbu kichik birlashmaning qadriyat sifatida shakllanishini ta’minlagan. Oila tomonidan rekreativ vazifaning ijobiy hal qilinishi quyidagilarga erishish imkonini beradi:
- oila a’zolarining salomatligini mustahkamlash;
- birgalikda mehnat qilish va dam olishni tashkil etish;
- oila a’zolarining о‘zaro jismoniy, moddiy, ma’naviy, psixologik va tibbiy yordam kо‘rsatish kо‘nikma-malakalariga ega bо‘lishlarini ta’minlash;
- oilaviy tadbirlarni tashkil etishda о‘zaro birdamlik, hamjihatlikka erishish;
- oila a’zolaridan biri duch kelgan muammoni oilaning barcha a’zolari tomonidan о‘zaro maslahatlashgan holda, yakdillik bilan hal qilish;
- muammo yoki qandaydir qiyinchilikka duch kelgan oila a’zosini yolg‘izlatib qо‘ymaslik, uni moddiy va ma’naviy jihatdan qо‘llab-quvvatlash.
6. Oilaning feliotsitologik vazifasi. Azaldan oila baxt qо‘rg‘oni sanaladi. Chunki inson aynan oiladagina о‘zini chinakamiga xavfsiz, baxtli his qiladi. Agarda oilada sog‘lom psixologik muhit shakllangan bо‘lsa, shubhasiz, uning a’zolari о‘zaro hamjihatlilikda baxtli (feliotsitologik) hayot kechirishadi. Ammo ba’zi oilalarda turli sabablarga kо‘ra nosog‘lom muhit yuzaga keladi. Oiladagi nosog‘lom muhim a’zolarning baxtli emasliklaridan dalolatdir. Sog‘lom psixologik muhit mavjud bо‘lgan oilalarda har bir a’zosi yaqinlarining baxtli bо‘lishlariga о‘z hissasini qо‘shishga harakat qiladi. Ular о‘zaro bir-birlarini hurmat qilishadi, mehr-muhabbat kо‘rsatishadi, har qanday vaziyatda ham yordamga tayyor ekanliklarini amalda namoyish etishadi. Oilada har bir a’zoning qiziqishlari, xohish-istaklarini inobatga olish, shaxs sifatidagi huquqlariga hurmat bilan munosabat bildirishlari ularda shaxsan baxtga erishish imkoniyatini oshiradi. Ota-onalar va oiladagi boshqa yoshi kattalar farzandlarga hukmron sifatida munosabat bildirmasdan, aksincha, ularga hamdard bо‘la olishlari lozim.
Har bir shaxs о‘z oilasida baxtli bо‘lishga haqli. Shu sababli oila о‘z a’zolarining baxtli bо‘lishi uchun sharoit yaratib bera olishi zarur.
7. Oilaning regulyativ vazifasi. Har qanday ijtimoiy guruh, uyushma mavjud ekan, uning faoliyati boshqariladi. Oila a’zolari о‘rtasidagi о‘zaro munosabatlarni tartibga solish, ularning faoliyatlari yuzasidan ijtimoiy nazoratni yо‘lga qо‘yish, oilada otaning ustunligini ta’minlash, shuningdek, otaning oilada alohida obrо‘ga ega bо‘lishiga erishish oilaning regulyativ, ya’ni, boshqaruv vazifalari sirasida alohida о‘rin tutadi. Oila faoliyatini boshqarishda uning a’zolari о‘rtasidagi о‘zaro munosabatlarni tartibga solish, ushbu munosabatlarning tartibga solinishida esa mehnat taqsimoti muhim ahamiyatga ega. Bunda, eng avvalo, har bir oila a’zosi zimmasiga ma’lum vazifalarni yuklanishiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Ota-onalar tomonidan oilaning eng kichik yoshli (3-4 yoshli) a’zolari zimmasiga ham ma’lum vazifalarning yuklatilishi qator afzalliklarga ega. Xususan, 1) yoshlikdan mehnat kо‘nikmalari shakllanadi; 2) mas’uliyat hissi tarbiyalanib boradi; 3) asta-sekin bolalar ongida oilada о‘z о‘rniga egaligi tо‘g‘risidagi tushuncha shakllana boradi.
Bolalar oilada о‘zaro hamjihatlikda mehnat qilar ekanlar, о‘zlarining hamda boshqalarning mehnatini qadrlashni о‘rganadilar. Qolaversa, bir-birlarini hurmat qilish, har qanday vaziyatda ham bir-birlarini qо‘llab-quvvatlash, bir-birlariga о‘zro yordam kо‘rsatishga odatlanib boradilar. Oilada mehnat taqsimotining oqilona yо‘lga qо‘yilishi esa ijtimoiy munosabatlarda tartibga erishish, rо‘zg‘orga baraka kirishini ta’minlaydi. Qat’iy tartib о‘rnatilgan oilalarda uning a’zolari о‘rtasida о‘zaro kelishmovchiliklar yuzaga kelmaydi, janjallar sodir bо‘lmaydi.
Oilaning boshqaruv vazifasi sirasiga uning byudjetini yaratish, pul mablag‘laridan tо‘g‘ri, oqilona foydalanish ham alohida о‘rin tutadi. Ota-onalar bolalarga yoshlikdan qilinadigan sarf-xarajatlarning miqdori ishlab topiladigan pul mablag‘lari summasidan oshmasligiga e’tiborli bо‘lish kerakligini, sarf-xarajat qilishdan mavjud pul mablag‘ining umumiy summasini inobatga olgan holda dastlab eng muhim va muhim narsalarni sotib olish zarurligini о‘rgatib borishlari zarur. Oila byudjetining samarali shakllantirilishi va undan oqilona foydalanish ota-onalar tomonidan farzandlarning moddiy qо‘llab-quvvatlanishi uchun imkon beradi.
Boshqaruvni tashkil etishda ota-onalar farzandlari xatti-harakatlarini nazorat qilib borish zimmalaridagi mas’uliyatli yumush ekanligini unutmasliklari lozim. Farzandlarning kun tartibiga ega bо‘lib, unga qat’iy rioya qilishlari ular faoliyati ustidan ijtimoiy nazoratni tashkil etishda yuqori samaradorlikka erishish imkonini beradi.
Oilada otaning ustunligini ta’minlash, uning oilada alohida obrо‘ga ega bо‘lishiga erishish esa oila a’zolari о‘rtasidagi shaxslararo munosabatlarning samarali kechishini, farzandlar tarbiyasining ijtimoiy mazmun kasb etishiga olib keladi. Shu sababli onalar oilada otaning mavqeini yuqori bо‘lishini ta’minlay olishlari zarur. Shundagina farzandlar har bir ishni amalga oshirishda otadan ruxsat va yuzaga kelgan katta-kichik muammolarni hal qilishda maslahat sо‘rash, duo olishga odatlanib boradilar. Otaning mavqei yuqori bо‘lgan oilalarda farzandlar odobli, axloqli bо‘lib voyaga ketishadi.
8. Oilaning relaksatsiya vazifasi. Ishlab chiqarish jarayonining tezlashuvi, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlardagi kuchli raqobat zamonaviy sharoitda shaxslarda turli darajadagi zо‘riqishlarni yuzaga keltirmoqda. Bu esa о‘z-о‘zidan oilaning relaksatsiya imkoniyatiga ega bо‘lishi zarurligini taqozo etadi. Oilaning relaksatsiya vazifasi oila a’zolarining jinsiy, emotsional faoliyatini yо‘lga qо‘yish, ruhiy-jismoniy quvvat va mehnat qobiliyatlarini qayta tiklash5dan iboratdir. Oila har bir shaxsning emotsional jihatdan tо‘laqonli shakllanishi mumkin bо‘lgan eng qulay maskan sanaladi. Oila a’zolarining bir-birlariga bо‘lgan ijobiy munosabatlari, о‘zaro bir-birlarini qо‘llay olishlari ularda ruhiy xotirjamlik, hissiy barqarorlikni yuzaga keltirsa, ota-onaning farzandlar salomatligi tо‘g‘risida qayg‘urishlari, mehnat vositasida chiniqtirib borishlari ularning jismoniy baquvvat bо‘lishlari uchun zarur sharoitni yaratadi. Qolaversa, ma’lum muammolarga duch kelgan farzandlarga sо‘z vositasida dalda berish, oila a’zolarining birgalikdagi dam olishlari jarayonida ota-onaning suv hamda musaffo havo yordamida chiniqishlari uchun sharoit yaratish ularni kuchli ruhiy zо‘riqishdan xalos etadi.
Mehnat qobiliyatini yо‘qotgan oila a’zosi tо‘g‘risida ota-ona va yaqinlarining qayg‘urishlari, unga dalda bera olishlari, moddiy va ma’naviy jihatdan qо‘llab-quvvatlashlari ham uning salomatligini, jismoniy-ruhiy quvvatini qayta tiklash, mehnat jarayoniga qaytarish uchun keng imkoniyatlarni yaratadi. Bu esa о‘z navbatida oilaning reklaksatsiya vazifasi tо‘la-tо‘kis bajarilishini tasdiqlaydi.
Oilaviy munosabatlarning oila vazifalarining bajarilishidagi ahamiyati. Oila hamda jamiyat о‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar ikki tomonlama aloqadorlik xususiyatiga ega. Har bir oila jamiyat talablariga muvofiq faoliyat yuritadi. Jamiyatning rivoji esa, yuqorida aytib о‘tilganidek, oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy taraqqiyotiga bevosita bog‘liqdir. Chunonchi, ijtimoiy borliqning oilalar zimmasiga qо‘yadigan talablari ularning manfaatlariga zid bо‘lmasa, aksincha, oilalar farovonligi, tinchligini ta’minlashga yordam bersa, oilalar tomonidan ushbu talablarning qо‘llab-quvvatlanishi, ularning amaldagi ijrosini ta’minlash kо‘rsatkichi shuncha yuqori bо‘ladi.
Ilmiy-pedagogik, psixologik, fiziologik hamda falsafiy asarlarning tahlili shuni kо‘rsatdiki, oila bola uchun eng asosiy tarbiya muhiti bо‘lib, bu muhitda shaxs kamoloti uchun muhim hisoblangan xulq-atvor, iroda, xarakter va dunyoqarash shakllanadi. Bola oila timsolida jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini kо‘radi, jamiyat talablari mohiyatini ilk bora shu kichik jamoa orasida, oilaviy munosabatlarni tashkil etish jarayonida anglaydi.
Ushbu munosabatlar farzandlarning aqliy, ruhiy kamolotini ta’minlab, ota-onalarda о‘ziga xos faollikni yuzaga keltiradi. Xususan, farzandlarning bevosita ta’siri tufayli ularning qiziqish hamda faoliyatlari doirasi kengayadi, о‘zaro aloqalari mazmunan boyib boradi, real hayot mohiyatini chuqurroq anglash, ya’ni, farzandlar kamoloti, kelajagi timsolida о‘z umri davomiyligini kurish holati rо‘y beradi.
Bola maktabga kelguncha oilada tarbiyalanadi. Oila bolanmg dunyoqarashi, xulqi va didiga ta’sir ko'rsatishi tabiiy xoldir. Ota-onalarning bolalarni tarbiyalashdagi eng birinchi vazifalari bolalarning sog'ligini saqlashdir. Buning uchun bola to'yib ovqatlanishi, gigiyena talablariga rioya etishi lozim bo'ladi. Ota-onalar o'zlanning mehnat faoliyatlari, xulq-atvorlari bilan ham bolaga namuna bo'lishlari shart O'zaro oilaviy jamoada yaxshi iborali so'zlashuvni tashkil etish lozim. Ota-onalar bolalarining maktab-o'quv vazifalarini yaxshi bajarilishini ta’minlash uchun quyidagilarga rioya qilsalar maqsadga muvofiqdir:
- bolalarning darsga kech qolishlariga va sababsiz dars qoldirishlariga yo'l qo'ymaslik;
- bolalarning mashg'uloti uchun uyda unga qulay Sharoit yaratish;
- bolalarning uy vazifalariga halollik bilan qarashga o' rgatish, bolalarning g'ayrat va chidamliligini oshirish;
- bolalarni vijdonli va rostgo'y bo lishga, mustaqil ishlarga o' rgatish.
O’zbek xalqining milliy xususiyatlari : axloqiylik, o'z-o'zini anglash, milliy tuyg'u, milliy madaniyat, milliy kiyinish va yurish-turishda o'z aksini topadiki, o'zbek oilasining tuzilishi va Shaxslararo munosabatini o'rganishda bularni chetlab o’tish mumkin emas. O zbek oilalari tuzilishiga quyidagi sifatlar xos: ko'p bolalilik; oilada otaning bosh tarbiyachi sifatida namoyon bo'lishi; qarindoshchilik, bir necha avlodlarning birgalikda yashashi.
Do'stlaringiz bilan baham: |