Manfaatlarni muvozanatga keltirishda davlatning roli.
Mazkur qonunlar davlat tomonidan jamoaviy-korporativ manfaatlarni oddiy iste’molchilar va jamiyat manfaalari bilan muvozanatga keltirish, uyg’unlashtirish yuzasidan yuritilayotgan iqtisodiy siyosatning ajralmas qismidir. Davlat monopolchilikka qarshi kurashish qatorida soliq va byujdet siyosati, aholining kamta’minlangan va muhtoj qismini muhofaza qilish, ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish orqali shaxs, mehnat jamoasi va jamiyat manfaatlarini muvozanatga keltiradi. Nafaqat aholining muhtoj qatlamlari ijtimoiy muhofaza qilinadi, shuningdek xo’jalik faoliyatining ijtimoiy ahamiyati yuqori bo’lgan korxonalarni preferensiyalar va imtiyozlar berish orqali va qonunda ko’zda tutilgan boshqa usullar yordamida qo’llab-quvvatlaydi, rag’batlantiradi.
Demokratik davlat mulkning barcha shakllari tenghuquqligini qonunda mustahkamlabgina qolmay, amalda ta’minlaydi. SHaxsiy, xususiy, jamoaviy, aksiyadorlik, aralash mulklar, davlat mulki (munitsipial, respublika, ba’zi davlatlarda federal shakllari bor) ortida turli darajadagi sotsiumning manfaatlari turibdi. Ularni o’zaro muvofiqlashtirish, uyg’unlashtirish jamiyat barqaror rivojlanishining asosiy omilidir. Davlat hokimiyatining mustaqil tarmog’i - sudlar xo’jalik sub’ektlari o’rtasidagi nizolarni, o’zaro da’volarni ko’rib chiqib, hal qiladi. Xo’jalik, arbitraj sudi qarori turli yuridik shaxslar, jamoalar manfaatlarini davlat tomonidan muvozanatga keltirishdir. Agar da’vogar soliq organlari, mahalliy hokimiyat va ijroiya hokimiyatining boshqa idoralari bo’lsa, unda sud qarori korporativ va davlat manfaatlarini muvozanatga keltirishga misol bo’ladi. Fuqarolik ishlari bo’yicha sudning korxona va unda ishlovchi shaxs o’rtasidagi da’volarni ko’rib chiqib, qabul qilgan qarori shaxs va jamoa manfaatlarini muvofiqlashtirishga misoldir. Bunday misollarni yana ko’plab keltirish mumkin.
Jamiyat a’zolari ijtimoiy muhofazadan, ijtimoiy dasturlar mazmunidan, tadbirkorlar va korxona ishchi-xodimlari davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan, yordamlardan qanchalik yaxshi xabardor bo’lsalar, shunchalik davlat siyosatini qo’llab-quvvatlaydilar, jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorlik mustahkam bo’ladi. SHu sababdan ta’lim-tarbiya va ma’naviy-ma’rifiy ishlarda ushbu masalalar turli darajada – mahallalarda, mehnat jamoalarida targ’ib etilib, OAVlarida yoritib borilishi kerak.
Odamlar mehnat qiluvchi va iste’molchi sifatida o’z haq-huquqlarini va davlatning ijtimoiy – iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish vazifasi va huquqlarini yaxshi bilishlari kerak. Bu shaxs, mehnat jamoasi, jamiyat manfaatlarini uyg’unlashtirishning huquqiy-intelektual asosi bo’ladi.
Jamiyat rivojlanishi jarayonida unda fikrlar, qarashlar rang-baranglashib, insonning erkinlik darajasi ortib boradi. Lekin bu jarayon hech qachon silliq kechmaydi, ziddiyatlarga, kurashlarga boy bo’ladi. Ayrim davrlarda ba’zi davlatlarda ortga ketish, har xil diktaturalarning o’rnatilishi, inqirozlar va urushlar tufayli inson huquqlari, manfaatlari buzilishi, demokratiya cheklanishi kuzatiladi. Bunday hollarda davlat, aniqrog’i hukmronlik qilayotgan siyosiy rejim manfaatlari shaxs va jamiyat manfaatlarini o’ziga buysundiradi. Faqat rejimga yaqin kishilar, kompaniyalar manfaatlari zarar ko’rmaydi. Ammo hozirgi zamon o’rta asrlar emas. Repressiv, totalitar rejimlar juda uzoq umr ko’rolmaydi. Ertami-kechmi diktaturalar, erkinlikni bo’g’adigan siyosiy rejimlar qulaydi, demokratiyaga, fikrlar, qarashlar xilma xilligiga, haqiqiy ko’ppartiyaviylikka yo’l ochiladi. Fikrlar qarashlar xilma-xilligini tan olish, davlatning o’z konstitutsiyasi va qonunlarida mustahkamlab qo’yishi manfaatlarni uyg’unlashtirishning ma’naviy-huquqiy asoslaridan biridir.
Manfaatlarni muvozanatga keltirish va uyg’unlashtirishni tarbiyalashning ma’naviy asoslari haqida gap ketganda, aholini, yoshlarni milliy g’oyaga sodiqlik ruhida tarbiyalash juda katta ahamiyatga egaligini alohida ta’kidlash lozim. Milliy g’oyaning har bir asosiy tushuncha va tamoyili alohida va hammasi birgalikda nafaqat shaxs, mehnat jamoasi, davlat va jamiyat manfaatlarini, shuningdek mamlakatda yashovchi turli millat va elatlarning hamda diniy konfessiyalar manfaatlarini uyg’unlashtirishda katta rol o’ynaydi. SHu sababdan milliy g’oya asosiy tushunchalari va tamoyillarini aholi va yoshlarga o’rgatayotganda, ularning turli manfaatlarini uyg’unlashtirish ahamiyatini ta’kidlashni yodda tutish lozim. Milliy o’zlikni anglash darajasini yangi sifat pog’onasiga ko’tarish kerak. Uni tor etnik o’zlikni anglashdan O’zbekistonning ko’pmillatli yagona xalqi sifatidagi o’zligini anglash darajasiga ko’tarish haqida qayg’urish, bunga ta’lim-tarbiyani ongli ravishda yo’naltirish zarur.
Demokratiya manfaatlar o’rtasidagi ziddiyatlarni bekor qilmaydi, faqat ularning oqilona, qonuniy, ko’pchilikka ma’qul yechimini topish mexanizmini yaratadi. Ana shunday mexanizmlar tizimiga davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati o’rnatish, erkin mustaqil OAV orqali davlat idoralari va alohida amaldorlar, kompaniyalar, xoldinglar, banklar, korchalonlar faoliyatiga baho berish, kamchiliklarni tanqid qilish, zarur hollarda parlament yoki mustaqil kommissiyalar tekshiruvini talab qilish davlat organlari rahbarlarining, deputatlarining, saylovchilar oldida hisobotini uyushtirish va sh.k. lar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |