ADABIY TANQID JANRLARI
Tanqid, adabiy tanqid, tanqidchilik — adabiy faoliyat turi, badiiy asarni, shuningdek, bu asarda aks ettirilgan hayot hodisalarini taqlil va talqin etish. T. koʻpincha adabiyotshunoslikning bir qismi sifatida taʼriflanib keladi. Lekin T. adabiy faoliyatning mustaqil sohasi boʻlib, adabiyotshunoslikdan farqli oʻlaroq, asosan zamonaviy adabiy hayotda sodir boʻlayotgan jarayonlarni kuzatadi, bu jarayondagi yetakchi tamoyillarni aniqlaydi, gaz. va jurnali saxifalarida eʼlon qilingan adabiy asarlarga munosabat bildirib, ularni odatda shu davrning gʻoyaviy va estetik talablari asosida tahlil etadi. T. adabiy meros namunalarining teatr, kino, musiqa va tasviriy sanʼatdagi yangi talqini masalalari bilan ham qiziqib, oʻz eʼtiborini koʻpincha shu asarlarning hozirgi zamon uchun ahamiyatli tomonlariga qaratadi. T.ning asosiy vazifasi yozuvchi yoki adabiy asarni faqat tanqid qilish emas, balki adabiy asar yoki hodisaga haqqrniy baho berish, undagi yutuq va kamchiliklarni xolislik bilan yoritishdir.
T. badiiy ijod bilan qariyb bir vaqtda paydo boʻlgan. Yozuvchilar yangi yozgan asarlarini turli davralarda, yigʻin va saroylarda oʻqib berishgan, davra qatnashchilari esa shu asarlarning yutuq va kamchiliklarini qayd etib, ayni paytda ham oʻquvchi (kitobxon), ham tanqidchi vazifasini bajarib kelishgan. Bu T. tarixining "ogʻzaki davri"dir. T.ning yozma adabiyotdagi ilk namunalarining paydo boʻlishi esa tazkirachilik maktabining shakllanishi bilan bevosita bogʻliq. Davlatshoh Samarqandiyning "Tazkirat ushshuaro" (1487) asari eng qad. tazkiralardan biri boʻlib, unda 9—15-asrlarda Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston va Eronda yashagan mashhur shoirlar haqida maʼlumot bilan birga ular ijodidan namunalar ham berilgan. Tazkirachilikning mumtoz namunalaridan biri — Navoiyning "Majolis unnafois" (1491) asarida esa 15-asrda Xurosonda yashagan jami 450 dan ortiq shoir, yozuvchi va olimlarning bilim darajasi, dunyoqarashi, xulqatvori va boshqa toʻgʻrisida maʼlumot berilgan. Shuningdek, Nisoriy, Vozeh, Fazliy, Tabibiy va boshqalarning tazkiralarida muayyan yozuvchilar va ularning asarlari yuzasidan berilgan maʼlumotlar oʻzbek adabiyotida T.ning paydo boʻlishidagi muhim omillardan boʻlgan.
T. uzoq vaqt mobaynida "amaliy" axamiyat kasb etib, yozuvchini maqtash, koʻkka koʻtarish yoki, aksincha, qoralash, nuqsonlarini fosh etish, uning asarini esa umumiy baholash va kitobxonga tavsiya etish bilangina kifoyalanib keldi. Adabiyotning rivojlanishi, uning oldiga jamiyat tomonidan qoʻyilgan vazifalarning murakkablashishi bilan T. ham adabiy mehnat sohasi sifatida yangi qirralar, sifatlar kasb etdi.
16—18-asrlarda Yevropa xalklari adabiyotida estetik tafakkurning shakllanishi bilan T. adabiy harakatning muhim qismi sifatida ajralib chiqdi. 19-asrda Farnsiyada Sh.O. SentByov boshchiligidagi "biografik tanqid"ning, Rossiyada V.G.Belinskiy, N.A.Dobrolyubov, N.G.Chernishevskiy singari rus tanqidchilari maktabining shakllanishi bilan T. ning adabiy hayotdagi ahamiyati behad oshdi, maqsad va vazifalari esa tubdan oʻzgardi.
Oʻzbek adabiyotida zamonaviy T.ning paydo boʻlishi 20-asrning 10y.lariga toʻgʻri keladi. Choʻlponning "Adabiyot nadur?" ("Sadoi Turkiston", 1914) va "Muhtaram yozuvchilarimizgʻa" ("Sadoi Turkiston", 1915), M.Behbudiyning "Teatr nadur?" ("Oyna", 1914) singari maqolalarining eʼlon qilinishi bilan oʻzbek T.ining tom maʼnodagi tarixi boshlandi. Yozuvchi va tankidchilar shu davrda chop etilgan adabiytanqidiy maqolalarida badiiy adabiyotning yangi tarixiymadaniy davrdagi maqsadi, vazifasi va yoʻnalishini belgilab berishga harakat qildilar.
20y.larning oʻrtalaridan T. sovet mafkurasi taʼsirida adabiy hodisalarga sinfiylik va partiyaviylik nuqtai nazaridan yondasha boshladi. Natijada oʻzbek adabiyotiga katta zarar keltirgan vulgarsotsiologik T. maydonga keldi. Bunday T. vakillari sovet voqeligini qabul qilmagan Choʻlpon singari yozuvchilarga qarshi kurash eʼlon qildilar. Yozuvchi mahorati emas, mavzuning dolzarbligi, gʻoyaviylik badiiy asar qimmatini belgilovchi asosiy mezonga aylandi. 1937—38 yillardagi qatagʻon toʻlqini bir qadar tingan Ikkinchi jahon urushi yillarida Oybekning "Navoiy" romani, Shayxzodaning "Jaloliddin Manguberdi" tragediyasi, Gʻafur Gʻulom singari shoirlarning yangi sheʼriy asarlarining chop etilishi munosabati bilan T. yana jonlanib, adabiy hayotga badiiyestetik talablar asosida yondasha boshladi. Shu tarzda T. oʻz tarixining turli bosqichlarida adabiy hayotga ijobiy taʼsir koʻrsatish, adabiy jarayondagi ijobiy tamoyillarning avj olishiga koʻmaklashish oʻrniga yozuvchining erkin ijod etish huquqini cheklab keldi. Lekin shu bilan birga oʻtgan asrning 10y.larida ham, keyin ham Choʻlpon, Oybek, Abdulla Qahhrr singari yozuvchilar, Izzat Sulton, Matyoqub Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov kabi tanqidchilar T.ning toʻgʻri yoʻldan borishi va adabiyot oldidagi vazifasini qalol oʻtashiga yordam beradigan ibratli ishlarni amalga oshirdilar.
T.ning adabiy portret, adabiytanqidiy maqola, taqriz, bibliografiya, adabiy sharh, esse, baxs, suhbat, ochiq xat, pamflet singari janr koʻrinishlari mavjud. Tanqidchi T.ning bu barcha janrlaridan axloq va odob mezonlaridan chiqmagan holda foydalanishi lozim.
Yaxshi kitob yaxshi odamga o‘xshaydi. Bilasiz, yaxshi odamning ezgu amallari xotiraga muhrlanadi. Yaxshi odamning nomi umuman insoniyatga, G‘arb va Sharqqa birdek daxldor bo‘ladi. Yaxshi odamning kashfiyotlari, ezgu amallari dunyo kezadi. Tarix sahifalaridan o‘rin oladi. Mo‘‘tabar kitoblar ma’naviyat tarixini bezaydi. Tinimsiz o‘qiladi; dunyo tillariga tarjimalar qilinadi. Insonlar qalbiga ezgulik urug‘ini ekadi. Ezgulik urug‘i toza qalb maydonida unib o‘sib gullaydi va meva beradi. Qarashlar kengayadi, poklik, to‘g‘rilik, ma’naviy yuksalish yo‘llari ochiladi. Shu ma’noda na faqat badiiy asarlarimiz, ilmiy, adabiy-tanqidiy asarlarning umri meni ko‘p o‘ylantiradi.
O‘tgan 2012 yilda adabiy tanqid, adabiyotshunoslikka doir katta-kichik yigirmadan ortiq kitoblar nashr etilibdi. Tabiiyki, ularning ilmiy saviyasi ham, mualliflarining darajasi ham bir xil emas. Adabiyotshunoslikda yashaydigan kitoblar osonlik bilan maydonga kelmaydi. Albatta, adabiy jarayonda badiiy asarlar bilan yonma-yon paydo bo‘lib, ularning oradan chiqishi bilan umrini tugatib ketadigan tanqidchilik kitoblari ham bor. Biroq bu yilgi kitoblar ancha mehnat-mashaqqatlar, tinimsiz izlanishlar asosida yozilgani ko‘rinib turibdi. Ayrimlari vaqt sinovidan o‘tgan va qayta mutolaaga munosib kitoblardir. Bir misol, U.Normatovning “Sarguzashtlar sardori“ kitobining bir sahifasida 1968-2012 sanasi qo‘yilibdi. Olimning X.To‘xtaboev to‘g‘risida yozgan mulohazalari, tahlil va talqinlari eskirgan emas; o‘n yillar oldin tanqidchi bilan adib o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatlarni ham xuddi bugungidek o‘qish va undan ma’naviy ozuqa olish mumkin. Olim “Sariq devni minib”, “Sariq devning o‘limi”, “Qasoskorning oltin boshi” asarlari misolida X.To‘xtaboevning sarguzasht romanlari tabiatiga doir: hayot tajribasi, bolalarga xos nigoh, bayon usulidagi sintez, satirik pafos, ko‘ngil dardini to‘kib solish kabi qator individual xususiyatlarni ochib beradi va misollar bilan asoslaydi.
A.Rasulovning “G‘aroyib saltanat” risolasida X.To‘xtaboev, “O‘zlik sari yo‘l” kitobchasida Anvar Obidjon ijodi atroflicha tahlil qilinadi. Olim fosh etish xususiyatiga tayanib, “Sariq devning o‘limi”ni dedektiv roman sifatida taqdim etadi. O‘rni kelganda dunyo bolalar adabiyotining zabardast namoyandalari bilan ob’ekt adiblar ijodi taqqoslanishi ham tabiiy taassurot qoldiradi. Bitta adib ijodiga maxsus bag‘ishlangan kitoblardan yana biri “Yuluzning besh qirrasi” deb nomlanadi. Dotsent A.Alimbekov unda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali hayoti va ijodini tadqiq etadi. Kitob ijodkorning shoir, nosir, publitsist, tarjimon va adabiyotshunos sifatidagi qirralari yuzasidan tasavvur beradi. Bunda muallif adibning kundaliklaridan samarali foydalangani - uning ijod labaratoriyasiga kirib borganini ko‘rsatadi.
O‘tgan yilgi xirmon ichida badiiy ijod egasining adabiy-tanqidiy maqolalari jamlangan ikkita kitob ajralib turadi. Yozuvchi, tarjimon va adabiyotshunos Otauli uzoq yilardan beri yozgan maqolalarini “So‘z san’atidan saboqlar” nomi bilan ikki qismdan tarkib topgan bir kitobga jamlabdi. Bu Otauli adabiy-ilmiy faoliyatining bir qismidir. Turli adabiy avlodlarning turli saviyadagi asarlariga Otaulining jiddiy, xolis, kuyinchaklik bilan bildirgan munosabatlarini ko‘rish mumkin unda. Muhimi – kitobdagi maqola va suhbatlar Otaulining badiiy so‘zga, adabiy hayotga, katta-kichik adiblar ijodiga o‘z munosabati borligini namoyon etadi. Ikkinchisi shoir Vafo Fayzullohning “Chaqmoq yorug‘i” kitobi. Bunda Vafoning adabiy-estetik didini, badiiy asarni tushunish darajasini ko‘rish mumkin. Tarixda ijodkor kuzatishi, ijodkor tanqidi, ijodkorning adabiyotshunos sifatida tahlil va talqinlarga taqdim etishi, albatta, o‘zining juda yaxshi samaralarini berdi. Bu sohada ijodkorlardan ayrimlari akademik darajasiga yetdi. Bu an’ana bugun Otauli, Vafo Fayzulloh va boshqa ko‘pgina shoirlar, nosirlar izlanishlari misolida davom etmoqda. Shu o‘rinda serqirra ijodkor Ulug‘bek Hamdamning “Yangi o‘zbek she’riyati” nomli monografiyasini ham jiddiy tadqiqotlardan biri sifatida ta’kidlashni istar edim. Ulug‘bek – shoir, adib, tarjimon. Eng asosiysi – ilmiy unvonga ega va shu yo‘lda izlanayotgan adabiyotshunos. Uning yangi kitobida XX asr o‘zbek she’riyati tasniflanadi; lirikaning eng muhim ilmiy-nazariy qirralari, g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari ustida fikr yuritiladi. U.Hamdam kitobi maqolalar to‘plami emas, she’riyatimiz tabiatini oydinlashtirib beradigan yaxlit yaxshi bir tadqiqot.
Shu o‘rinda dotsent U.Dolimov yozgan “Milliy uyg‘onish pedagogikasi” kitobini ham eslab o‘tishni istar edim. U.Dolimov tadqiqotlarida milliy nuqtai nazar, millat manfaatini ko‘zlash kuchli. Domlaning yangi kitobidagi ifodalangan fikr va muammolarning o‘zaro bog‘lanishi, o‘rtaga tashlangan muammo yechimi uchun keltirilgan dalillar – bularning barchasi uzoq yillik zahmatli mehnat samarasi. To‘g‘risi, bunday mutaxassis olim bir-ikki yil ichida o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. To‘g‘risi, bunday kitob ham bir-ikki yil ichida maydonga kelmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |