Mavzu:Xonliklar davrida ijtimoiy-madaniy faoliyat ravnaqi
(Xiva xonligida davrida madaniyatimiz taraqqiyoti).
Reja:
Xiva xonligining tashkil topishi
Xiva xonligining ijtimoiy-madaniy hayoti
Xiva xonligi Amudaryoning quyi oqimidagi, qadimgi Xorazm vohasida XVI asr boshlarida shakllangan davlat bo‘lib, XVII asr boshlaridan mustaqil davlat sifatida boshqarilgan. 1763 yildan o‘zbeklarning qo‘ng‘irot urug‘i vakillari inoqlar Xivada hokimiyatni qo‘lga olishadi. 1873 yilda ruslar istilosidan keyin Rossiyaga qaram davlatga aylandi. 1920 yilda bolsheviklar tomonidan davlat sifatida butunlay tugatildi.
Xiva xonligi tarixiga oid manbalar ichida mahalliy mualliflar tomonidan yozilgan asarlar muhim o‘rin tutadi. Ular ichida Xiva xoni Abulg‘ozi tomonidan «Shajarai turk» va «Shajarai taroqima» asarlari, saroy tarixchisi Munis (1778-1829) tomonidan davom ettirilgan «Firdavs ul-iqlob» (Iqlobnoma) asari, Bayoniyning (1859-1923) «Shajarai Xorazmshohiy» asari va boshqa bir qancha asarlari ta'kidlab o‘tish lozim.
Xiva xonligida Xiva, Ko‘hna Urganch, Yangi Urganch, Vazir kabi o‘nlab shaharlar mavjud bo‘lgan. Ulardan eng qadimiysi Xiva shahri bo‘lib, 1997-yilda uning 2500 yilligi nishonlandi. Bu haqda Yunesko 1995-yilda qaror qabul qilgan edi. Bu qaror-Xiva shahrining jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan alohida o‘rnining e'tirofi bo‘ldi. Bugungi avlod o‘z ota bobolarining madaniy meroslari bilan haqli ravishda faxrlana oladi.
Xiva shahri milloddan avvalgi X asrda yuzaga kelganidan buyon uning tarixi butun Xorazm tarixi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib keldi. Xivaning mashhurligi u bunyod etilgan davrlaridanoq Sharq bilan G‘arbni bog‘lovchi savdo yo‘li yotganligi bilan izohlanadi.
Xiva shahri XVII asr boshlaridan 1920-yil fevralgacha Xiva xonligining poytaxti bo‘lgan Xonlikning yana bir shahri-Ko‘hna Urganch (Gurganch) shahridir. Qadimda bu shahar joylashgan hudud hozirgi Turkmaniston (Toshhovuz viloyati) tarkibidadir. Ko‘hna Urganchga asos solinganligiga 2000 yildan oshdi. Shahar muhim savdo karvoni yo‘llari kesishgan yerda joylashganligi uchun ham tez rivojlangan.
Ko‘hna Urganch X-XII asrlarda Xorazm davlatining poytaxti edi. Bu shahar arab geograflari asarida Jurjoniya nomi bilan qayd etilgan. X asrning ikkinchi yarmida poytaxt Gurganchda mustaqil amirlik tuzilgan. 995-yilda Gurganch amiri Ma'mun ibn Muhammad poytaxti Kot shahri bo‘lgan xorazmshohlarni tor-mor etib, o‘zini Xorazmshoh deb e'lon qilgan. Shu tariqa Gurganch Xorazm davlatining yagona poytaxtiga aylangan.
XI-XII asrlarda bu shaharda madaniyat, ilm-fan rivojlandi. Shahar mustahkam qal'a-devor bilan o‘rab olindi. 1646-yilda Abulg‘ozixon hozirgi Urganch shahriga asos soldi. Bunga yuqorida qayd etilgan Amudaryoning o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib Orol dengizi tomon oqa boshlagani, buning oqibatida Gurganchning (Ko‘hna Urganch) suvsiz qolganligi sabab bo‘lgan edi. Shundan keyin qadimgi Gurganchning nomi Ko‘hna Urganch bo‘lib qoldi. Vazir Xorazmning shahar-qal'alaridan biri bo‘lgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, shayboniylardan bo‘lgan Mustafoxon tomonidan XV asr o‘rtalarida asos solingan. XVI asrda shayboniylarning urushlari shaharni vayron bo‘lishiga olib kelgan. 1558-yilda Xivaga kelgan Antoniy Jenkinson bu haqda bunday deb yozgan edi: „ Vazir shahri keyingi 7 yil mobaynida uruslilar oqibatida to‘rt marta vayron bo‘ldi. Shuning uchun ham bu yerda savdogarlar juda kam, borlari ham nochor". 1593-1598-yillarda esa Abdullaxon II harbiy yurishlari chog‘ida ham shahar yana vayron etildi.
Abulg‘ozixon Yangi Urganchga asos solgach, Vazirning qolgan aholisini ham shu yerga ko‘chirgan. Shu tariqa shahar o‘z ahamiyatini butunlay yo‘qotgan. Xiva xonligi tarixiy manbalarida hunarmandchilikning 27 sohasi qayd etilgan
Amalda esa, ular bundanda ko‘p bo‘lgan, Hunarmand malakali usta bo‘lishi uchun ko‘p yil mashaqqatli mehnat qilgan. Odatda, usta o‘z kasbini to‘ng‘ich o‘g‘liga o‘rgatgan. Ayrim hollarda, ishda qo‘shimcha ishning mehnati talab qilinsa, chetdan ham shogirdlar qabul qilingan. Shogirdga kasb o‘rgatish shartlari va muddatlari yozma shartnomada rasmiylashtirilgan. Shogird hunarmand ustadan oq fotiha olib, o‘ning alohida ustaxonasini ochishdan avval hunarmand ustalar oldida o‘z mahoratini namoyish etishi kerak bo‘lgan. Sinovdan o‘tgan shogird shu tariqa ustaxona ochishga ruhsat olardi. Hunarmandlar o‘z uyushmalariga ega edilar. Bu uyushmalar hunarmandlarning faoliyatini tartibga solib turardi. Shu yo‘l bilan ularning manfaatini himoya ham qilardi. Uyushma boshlig‘i xonning xazina siyosatini o‘tkazuvchi shaxs ham hisoblanardi. Xiva ustalarining juda oz qismi xususiy ustaxona-do‘koniga ega edi. Hunarmand o‘z uyida ham do‘kon ochishi mumkin edi. Ko‘pchilik hunarmandlar xonga va boshqa boylarga tegishli do‘konlarni ijaraga olib mehnat qilishardi. Ayrim hunarmandlar buyurtma asosida ham ishlardi. Xonlik aholisi asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangan. Dehqonchilik va u bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi bo‘lgan chorvachilik qishloq xo‘jaligining ikki asosiy sohasi edi. Dehqonchilikda g‘alla, paxta va poliz mahsulotlari yetishtirish yetakchi o‘rin egallagan. Ekinzorlarning yarmidan ortig‘ida g‘alla yetishtirilgan. G‘allachilikda kuzgi bug‘doy ekish yetakchi o‘rin egallagan. Dehqonlarning don ekinlaridan mo‘l hosil olishlariga hatto chet elliklarning ham tan berganligiga tarix guvoh. Chunonchi, Xivaga kelgan yevropalik sayyohlardan biri aytgan quyidagilar manbalarda saqlanib qolgan:„ Men Germaniyaning o‘zida dalada ishlovchilarning Xivadagidek mirishkorligini ko‘rmaganman. Don ekinlari ichida juxori ekish bug‘doydan keyin ikkinchi o‘rinda turgan. Sholi esa asosan suv ko‘p hududlarda yetishtirilgan. Ekinzorlarning 1/5 qismida paxta yetishtirilgan. Xonlik iqtisodiyotida pillachilik ham muayyan ahamiyatga ega bo‘lgan. Poliz mahsulotlari ichida Xorazm qovunining dovrug‘i keng yoyilgan edi. Bundan tashqari, xonlikda bog‘dorchilik ham dehqonchilikning rivojlangan sohalaridan biri bo‘lgan. Xonlikning ichki va tashqi savdosidan davlat xazinasiga durustgina daromad tushgan. Ichki savdo-sotiqda, Xivaning usti yopiq bozori alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Bozor yo‘lining ikki tarafiga ustaxona-do‘konlar qurilgan. Bozordagi savdo o‘rinlaridan foydalanganlik uchun tagjoy deb ataluvchi alohida soliq olingan. Xonlikdan, asosan, qorako‘l teri, gilam, hunarmandchilik mahsulotlari Eron, Hindiston, Xitoy va Turkiya kabi davlatlarga eksport qilingan.
XVII asr oxirlaridan boshlab, Rossiya bilan ham savdo-sotiq birmuncha yo‘lga qo‘yila boshlandi. Xiva elchilari asosan gazlama va to‘qilgan buyumlar olib borishgan. Chunonchi, Xiva elchisi 1620-yilda Qozon shahrida 670 kiyimlik mato sotganligi manbalarda qayd etilgan. Rossiyaga gilam, qoqi meva, qorako‘l teri, o‘simliklardan tayyorlangan bo‘yoqlar ham olib borilgan. Rossiyaning Xiva xonligiga yuborgan elchilariga Xiva mahsulotlarini harid qilish topshirig‘i ham berilgan. Xiva savdogarlari Rossiyaning Nijniy Novgorod yarmarkasida faol qatnasha boshlaganlar.
Abulg‘ozixon fan va madaniyat tarixiga ikki muhim asari (Shajarayi turk va Shajarayi tarokima) bilan o‘chmas nom qoldirdi.„Shajarayi turk" asarining 9-bobi bevosita Xorazmning 1512—1663-yillardagi ijtimoiy-siyosiy tarixiga bag‘ishlangan. Unda aniq tarixiy voqyealardan tashqari, turkiy xalqlar an'analari, Xiva va Buxoro munosabatlari jarayoni yoritilgan. Pul muomalasi haqida ma'lumotlar berilgan. Abulg‘ozixonning yana bir katta xizmati shundan iboratki, u o‘z asarlarini oddiy kitobxon uchun turkiy tilda yozgan. Shuning uchun ham ayrim olimlar uning asarlarini yangi o‘zbek tili yozma yodgorligi deb hisoblashadi.
Vengriyaning mashhur sharqshunosi A. Vamberi Abulg‘oziyning Shajarayi turki uchun butun dunyo undan minnatdor deb yozgan edi. Bu asar bir necha asrlardan beri ko‘plab tillarga tarjima qilib kelinmoqda. Abulg‘ozixonning topshirig‘i bilan „Dasturul amal" asari ham yozilgan. Afsuski, bu asar muallifi hamon aniqlangan emas. Ushbu asarda Sohibqiron Amir Temurdan tortib Zahiriddin Muhammad Boburga qadar temuriylar shajarasi qisqacha sharhlangan. Har bir hukmdorga qo‘lyozmaning bir bo‘limi bag‘ishlangan.
XVII asrda Xiva xonlari saroy kutubxonalarida xattotlik, husnixat maktab shakllandi. Mashhur xattot Hamadoniy 1556-yilda Eshmuhammadxonga Shohnomani miniaturalar uchun ochiq joy qoldirib ko‘chirib berdi. XVII-XVIII asrlarda Xivada Muhammad Yusuf Rojiy, Bobojon Sanoiy, Muhammad Rizo Oxund kabi qator usta xattotlar yashab, mehnat qilganlar. Ular she'riy asarlar, tarjima va tarixiy kitoblarni ko‘chirganlar. Har bir kitobni bezashda bir necha soha ustalari ishtirok etganlar. Bular-qog‘oz qirquvchi, kotib-xattot, muzahhib, lavvoh, lavha chizuvchilar, miniaturachi rassom va sahhoflar edilar. Xiva qo‘lyozmalarida Buxoro qo‘lyozmasidan farqli o‘laroq, mundarija manzarali qilib bezatilmagan.
XVIII asr oxiriga kelib Xiva xonligida shaharlar hayotida umumiy manzarasi uzoq davorug‘i etgan tushkunlik holati barham topdi. XVIII asrning ikkinchi yarmi-XIX asr boshlarida katta ko‘lamdagi sug‘orish inshootlarining tiklanishi hamda yangilarining bunyod etilishi ishlab chiqaruvchi kuchlarning o‘sishiga asos bo‘ldi. Bu hodisa, o‘ navbatida, shaharlarda hunarmandchilik, ichki va tashqi savdoning o‘sishiga sabab bo‘ldi.
Biroq bu o‘sishni yevropa davlatlari iqtisodiyoti taraqqiyoti bilan aslo tenglashtirib bo‘lmas edi. Bu davr G‘arbiy yevropa davlatlari hayotida tub sifat o‘zgarishlar davom etayotgan davr edi. Chunonchi, Buyuk Britaniyada boshlangan sanoat to‘ntarishi yevropaning boshqa ilg‘or davlatlariga ham yoyilgan, XIX asr o‘rtalariga kelganda esa u nihoyasiga yetayotgan edi. Binobarin, yevropa davlatlarida kapitalistik munosabatlar gurkirab rivojlanayotgan edi.
O‘rta Osiyo xonliklarida, jumladan, Xiva xonligi jamiyati hayotida hamon o‘rta asr yer egaligi munosabatlari hukmron edi. XVIII asr oxirida Muhammad Amin hukmronligi davridan boshlab birmuncha siyosiy barqarorlik o‘rnatildi. Bu omil Xiva shahrining holatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi. Chunonchi, 1782-yilga kelib Xiva shahrida qayta tiklash ishlari tugallandi. Qayta tiklash ishlaridan tashqari yangi me'moriy obidalar ham qurildi. Masalan, 1765-yilda Sherg‘ozixon va Muhammad Amin madrasalari bunyod etildi.
XIX asr boshlarida Xiva xonligi poytaxti yirik qurilish maydoniga aylandi. Xon farmoyishi bilan karvonsaroy, usti yopiq bozor va ular oralig‘ida 1834-yilda Olloqulixon madrasasi qurilishi tugallandi. 1842-yilda Muhammad Yoqub mehtar rahbarligida Xiva atrofida 6 km uzunlikdagi mustahkam shahar-qal'a devori va uning darvozasi qurib tugallandi. Natijada, xonning shahar tashqarisidagi 2 saroyi ham shahar ichiga kirdi. O‘sha paytdan boshlab shahar hududining bu qismi Dishan qal'a-Tashqi shahar (qal'a) deb nomlana boshlangan. Xivaning kichik halqali qal'a-devori bilan o‘ralgan qismi Ichan qal'a-Ichki shahar (qal'a) deb atalgan.
Xivada XIX asr birinchi yarmiga kelganda jami 2 xon saroyi, 17 masjid. 22 madrasa mavjud bo‘lgan. Ichan qal'a bobolarimizdan qolgan O‘rta Osiyodagi yirik va noyob me'moriy yodgorlikdir. U ming gumbaz shahri nomi bilan mashhur. Ichan qal'a Xiva shahrining ichki qal'a (Shahriston) qismidir. Ichan qal'a Dishan qal'adan devor bilan Ichan qal'a ajralib turadi. Unga Bog‘cha, Polvon, Tosh va Ota deb nomlangan to‘rtta darvoza orqali kirilgan.
Xorazm o‘lkasi me'morchiligining ajoyib obidalari-madrasa, masjid, saroy va minoralar Ichan qal'ada joylashgan. Mazkur asrlar davomida Ota darvozadan Polvon darvozagacha katta yo‘l o‘tkazildi. Xiva. Ichan qal'a. XVIII asr oxirida Juma masjid qayta qurildi va uning yonida baland minora ham qad ko‘tardi. 1840-1842-yillarda ikki qavatli Qutlug‘ Murod Inoq madrasasiga qaratib tim va toqilar qurildi. Muhammad Rahimxon, Olloqulixon va Muhammad Aminxon hukmronliklari davrida Ichan qal'ada keng ko‘lamli yaratuvchilik ishlari amalga oshirildi. Muhtasham saroy, madrasa, maqbaralar barpo etildi. Ko‘hna arkdagi saroy qurilishi tugallandi. Yangi va katta Toshhovli saroyi qurildi. Polvon darvozaga yaqin qo‘rg‘on devorining bir qismi buzilib, o‘rniga Olloqulixon karvonsaroyi, madrasasi va timi qurildi.
Shuningdek, ajoyib me'morchilik namunasi Pahlavon Mahmud maqbarasi bunyod etildi. Bundan tashqari, Arab Muhammadxon va Musa To‘ra madrasalari ham shu davrda qad ko‘tardi. Muhammad Aminxon esa Ichan qal'aning g‘arbiy qismidagi Ko‘hna ark yoniga Katta minor nomi bilan mashhur bo‘lgan minorani qurdirdi. Ichan qal'ani bunyod etishda Xiva me'morlari O‘rta Osiyoda qadimdan davom etib kelayotgan an'ana-inshootlarni ro‘parama-ro‘para qurish usulidan foydalanishgan. Bu usul „qo‘sh" deb ataladi.
Ichan qal'ani bunyod etishda, bundan tashqari, binolarni alohida ansambl holida qurish an'analariga ham amal qilingan. Masalan, Polvon darvozasi oldidagi bir necha masjid, madrasa, hammom, toqi, karvonsaroy va xon saroyi ana shunday o‘ziga xos ansamblni tashkil etadi. 1990-yilda Ichan qal'a Butunjahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan va muzeyga aylantirilgan.
Dishan-Tashqi qal'a Xiva shahrining Dishan qal'a rabod qismi hisoblanadi. 1842-yilda Xiva xoni Olloqulixon Xiva shahrini tashqi dushmanlar hujumidan saqlash maqsadida shaharni uzunligi 6250 metr, balandligi 7-8 metr, devorining qalinligi esa 5-6 metr bo‘lgan devor bilan o‘ratgan. Ichan qal'ada 4 darvoza bo‘lsa, Dishan qal'a 10 darvozali bo‘lgan. Dishan qal'aning ko‘chalari Ichan qal'aning ko‘chalari davomi tarzida qurilgan. Shaharning tim va savdo rastalari Dishan qal'ada joylashtirilgan.
XVIII-XIX asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyo xonliklari va Buxoro amirligining xalq ta'limi, fan va madaniyati haqida gap borganda shu narsani alohida ta'kidlash kerakki, ijtimoiy-siyosiy hayotning hamma sohalarida va birinchi navbatda madaniyat va mafkurada islom dini g‘oyasi markaziy o‘rinni egallar edi. O‘z boshlang‘ich nuqtasini X-XII asrlardan e'tiboran olgan sofiylik tariqati naqshbandiylik g‘oyasi bilan uygunligi negizida XII asrga kelib eng yuksak cho‘qqiga ko‘tariladi, u to XX asrdagi siyosiy to‘lqin va larzalar davriga qadar jamiyat taraqqiyotining borishida jiddiy rol o‘ynaydi. XVI asrning ikkinchi yarmidan e'tiboran Jo‘ybor shayxlar nomi bilan tarixga kirgan din peshvolari yuqori mavqyeyiga ega bo‘ladilar. Bu davrning nomdor Jo‘ybor shayxlaridan Xo‘ja Muhammad Islom (1493-yil atroflari-1563), Hoji Jaloliddin Kosoniy (1549-yilda vafot etgan), u tarixda Mahdumi A'zam nomi bilan mashhur edi; Xo‘ja Sa'ad (1531-32-1589); Xo‘ja Tojiddin Hasan (1547-1646); Xo‘ja Abdurahim (1575-1628-29) va boshqalar bo‘lib naqshbandiylik tariqatining atoqli namoyandalari bo‘lganlar. Davlatni boshqarish ishlarida ruhoniylar faol qatnashganlar, hukmdorlar din arboblariga katta mansablar va huquqlar berganlar. Buxoro hukmdorlari hatto o‘zlarini «Musulmon amirlari» deb e'lon qilganlar. Mamlakat va davlat ahamiyatiga molik barcha ishlar, o‘zga mamlakatlarga qarshi olib borilgan urushlar ruhoniylarning maslahati va fatvosi bilan e'lon qilingan. Ayni zamonda din ham xonlarni qo‘llab-quwatlagan, Olloh va Qur'on nomidan ularga katta va cheklanmagan huquqlar bergan. Masalan, Amir Nasrullo (1826-1860 )ning Qo‘qon xonligini 1842-yili bosib olishi bunga dalil bo‘la oladi. Yoki amir Shohmurod Olloh irodasini bajo keltirishni qizg‘in namoyish qilgani va davlatda Islomning ravnaq topishiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgani uchun «begunoh amir» nomini olgan. Darvoqye Shohmurod naqshbandiylar darvesh jamoasining a'zosi va o‘sha davrda shu jamoaning boshlig‘i bo‘lgan shayx Safarning muridi bo‘lgan. Ruhoniylarning ta'siri va rahnamoligida o‘z davrining mulkdorlari va xudojo‘y kishilari mablag‘lari hisobiga qabristonlar obod qilinar, u yerlarga boradigan yo‘llar, ko‘priklar ta'mirlanar va qabristonlarga yaqin joylarda masjidlar va madrasalar qurilardi. Naqshbandiylar ta'limotining asoschisi Bahovuddin Naqshbandning Buxorodan 12 kilometrlar chamasi narida joylashgan qabri to oktabr to‘ntarishiga qadar ham musulmon dunyosi xalqlari o‘rtasida mashhur qadamjoy bo‘lgan. Bu yerda har chorshanba kuni Buxoro shahridan va boshqa uzoq-uzoq yurtlardan musulmonlar bozorga va an'anaga aylanib qolgan «gul bayrami»ga to‘planganlar. Qur'oni Karimdan tilovatlar qilib nomozlar o‘qiganlar.
Amirlar bu qadamjoni haftada bir marta albatta ziyorat qilishni odat tusiga kiritganlar, hojilar, jamoa arboblariga sovg‘a-salomlar va tangalar hadya qilganlar.
O‘rta Osiyodagi har uchala xonlikda ham ruhoniylar qozikalon sifatida barcha sud ishlarini o‘z qo‘llari ostida markazlashtirib olganlar. Qozikalonlarni amir va xonlar tayinlar edilar. Ma'rifat, fan va maorifda ham Islom mafkurasi asosiy va yetakchi yo'nalish bo‘lib xizmat qilgan. XVII-XIX asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyodagi har uchala amirlik va xonliklarning madaniy taraqqiyotiga xos bo‘lgan umumiy o‘xshashliklar diqqatga loyiqdir. Bu o‘xshashliklarning sabablari ham bir-biriga juda o‘xshashdirlar. Birinchidan, O‘rta Osiyo hududi davlatlari XV asrlarda madaniy taraqqiyotda dunyoda eng yetakchi o‘rinlarda turgan bo‘lsa, XVII-XVIII asrlardan e'tiboran bu hududda tushkunlik boshlanadi. Ikkinchidan, har uchala davlat birliklari o‘zlari alohida mustaqil faoliyat ko‘rsatsalarda davlat idora ishlari o‘zbek va fors tilida olib bori-lardi. Buxoroda fors, Qo‘qonda fors-o‘zbek, Xivada o‘zbek tili rasman davlat tili bo‘lib hisoblanardi. Turmushda, adabiy ijodda o‘zbek va fors tillari keng qo‘llanilar edi. Uchinchidan, an'anaga ko‘ra fanda, adabiyot va maktabda arab va fors tilining obro‘si saqlanib qolgandi.
Buxoro amirligi, Qo‘qon va Xiva xonliklarida xalq ta'limining tuzilishi va faoliyati deyarli bir xil bo‘lgan. Ularda madrasalar,maktablar va qoriqxonalar mavjud edi. Madrasalar musulmon oliy o‘quv yurtlari hisoblangan. Maktablar masjidlar qoshida va xususiy uylarda tashkil etilgan. Xonlar O‘rtasida xonzoda va zodagonlarning bolalarini o‘qitish uchun maxsus maktab bor edi. Odatda, maktablarda asosan o‘qish va yozish, arifmetika va adabiyot o‘qitilar edi. Qorixonalarda esa asosan ko‘zi ojizlar o‘qib, Qur'on, doston va she'r-u g‘azallar yodlar edilar. Maktablar qizlar uchun alohida, o‘g‘il bolalar uchun alohida bo‘lgan.
Madrasalarda o‘quv dasturi asosan uch bosqichda: boshlang‘ich (adno), O‘rta (avsat) va yuqori (a'lo) bosqichlarda olib borilib, unda uchta til (arab, fors va turkiy) mukammal o‘rgatilgan. Madrasalarda Qur'on ilmi (o‘qish usullari, qiroat, tavsif), fiqh (shariat qonunlari), xandasa, ilmi nujum, axloq, falsafa, mantiq, adabiyot, jo‘g‘rofiya, tarix, tabobat fanlari o‘qitilgan. Talabalar arab va fors tillari orqali Fariduddin Attorning «Mantiq ut-tayr», Hofiz Sheroziy devoni, Mirzo Abdulqodir Bedil devoni, Mir Alisher Navoiyning «Chor devon»i, Fuzuliy g‘azaliyoti hamda sharqda milliy ta'lim sohasida darslik va qo‘llanma sifatida foydalanib kelinayotgan «Maslak ul-muttaqin», «Avvali ilm», «Mu'zi Vazanjoniy», «Avomil», «Harakat», «Qofiya», «Sharqi muloyi Jomiy», «Risolai Shamsiya» kabi risolalar bilan tanishish imkoniga ham ega bo‘lganlar. Bu esa madrasalarda ta'lim jarayonida badiiy adabiyotning mumtoz namunalari keng o‘rin olganligini, dunyoni, tafakkurni shakllantirish borasida badiiy asarlarga alohida ahamiyat berilganligini ko‘rsatadi.
Madrasalarda bilim olish mumkinligi, bu yerda ham diniy, ham dunyoviy fanlar bo‘yicha dunyoga tanilgan mudarrislar, olimlar bor bo‘lganligi uchun ham Turkistonda turli mamlakatlardan ko‘plab talabalar kelib o‘qiganlar.
Xiva xonligida XVII asrda ro‘y bergan madaniy hayotdagi tushkunlik Buxoro xonligidagiga qaraganda kuchliroq bo‘lgan. Bu shunda yaqqol ko‘rinadiki, Xorazmda Abulg‘ozi Bahodirxon xon bo‘lgan davr (1644-1663)da Xorazm tarixini yozib qoldirish masalasi ko‘tarilganda, bu ishni eplay oladigan bir kimsa topilmagan. Bu haqda Abulg‘ozi Bahodirxonning o‘zi quyidagicha hikoya qiladi: «Ammo bizning ota va aqolarimizning beparvoyiligi va Xorazm xalqining beuquvligi, bu ikki sababdin, bizning jamoatimizni Abdullaxonning otalari birlan bizning otalarimizning ayrilgan yeridin to bizga kelguncha tarixlarni bitmay erdilar. Bu tarixni bir kishiga taklif qilali teb fikr qilduk. Hyech munosib kishi topmaduk. Zarur bo‘ldi. Ul sababdin o‘zimiz aytduk. Turkning masali turur: «O‘q-suz o‘z kindigini o‘zi kesar», degan».
XVII asrda yashab ijod qilgan Abulg‘ozi Bahodirxon oliy nasab, toj-taxt sohibi, o‘z sulolasining shon-u shuhrati uchun kurash olib borgan, ayni choqda parchalanib ketayotgan Xiva xonligini kuchli markazlashgan davlatga aylantirish uchun ham qurol bilan. ham qalam bilan kurash olib borib, nisbiy osoyishtalik o‘rnatishga erisha olgan hukmdor ham edi. U qoloqlashib qolgan Xorazmni ham iqtisodiy, ham madaniy jihatdan yuqori ko‘tarishga intildi. Hukmdor sifatida bekliklar o‘rtasidagi ziddiyatlar, o‘zaro qirg‘in urushlarga barham berishga qaratilgan tadbirlar ko‘rgan bo‘lsa, ijodkor sifatida «Shajarai turk», «Shajarai tarokima» va «Manofe'-ul-inson» («Inson uchun foydali tadbirlar») kabi tarixiy-badiiy hamda tabiblikka oid nodir kitoblar yozadi. Abulg‘ozi Bahodirxonning birinchi yodgorliklar asari «Shajarayi tarokima» yarim afsonaviy xususiyatga ega bo‘lsada. u mahalliy xalqlarning kelib chiqishi va ularning qadimiy tarixiga oid ma'lumotlar beradi.
Abulg‘ozi Bahodirxonning ikkinchi qimmatli asari «Shajarai turk» bo‘lib, uni oxiriga qadar yozib tugata olmadi. Bu asarni Abulg‘ozi vafotidan so‘ng o‘g‘li Anushaxonning topshirig‘iga ko‘ra urganchlik mulla va Abulg‘ozining qarindoshi Mahmud Ibn Muhammad Urganjiy yozib poyoniga yetkazadi. Bu taxminan 21 sahifani tashkil etgan qo‘shimcha edi, xolos. «Shajarai turk» asari qisqa muqaddima va to‘qqiz bobdan iborat bo‘lib, Odam Atodan to turklarning qadimgi xonlaridan Mo‘g‘ulxongacha kechgan hodisalar va, shunindek Shaybon avlodidan Xorazm mamlakatida podsholik qilganlar zikrini o‘z ichiga oladi.
Abulg‘ozining «Shajarai turk» asari o‘sha davrning eng noyob asarlar jumlasidandir. Shu bois mojar (Venger) sharqshunosi X.Vamberi: «Jahon uning «Shajarai turk» nomli tarixiy asari uchun undan minnatdordir degan bo‘lsa, taniqli adabiyotshunos Olim Sharofiddinov: «Abulg‘ozi Bahodirxon binni Arabmuhammad o‘zbek xonlari ishida Boburdan keyingi muhim shaxsdir. Uning madaniyat tarixida qilgan ishlari ulug‘ deb yuksak baho bergan. Abulg‘ozi Bahodirxonning «Shajarai turk» va boshqa asarlari nafaqat Sharq tarixchilari, balki butun dunyo ilmiy jamoatchiligining ham diqqat e'tiborini o‘ziga tortgan, juda ko‘plab jahon xalqlarining tillariga tarjima qilingan. Jumladan «Shajarai turk» asari rus tilida 1825, 1854 va 1871-yilda Qozon shahrida, «Shajarai tarokima» asari esa 1898 va 1906-yilda bir necha marotaba nashr etilgan. 1871-1874-yillar orasida P.N. Demezon «Shajarai turk»ni fransuz tiliga ag‘daradi. Bu asar Angliya va Amerika xalqlari orasida ham keng tarqalgan.
Abulg‘ozi Bahodirxon o‘zining «Shajarai turk» asari bilan Xorazm tarixchilik maktabiga asos soladi. Xorazm xalqining buyuk farzandi Abulg‘ozi boshlagan g‘oyatda ulug‘ va mo‘tabar ishni undan keyingi avlodlar. Munis Xorazmiy va Muhammad Rizo Ogahiylar davom ettiradi.
Munis Xorazmiy Shermuhammad Avazboy o‘g‘li (1778-Xiva-1829) o‘zbek shoiri, tarixchi, tarjimon, xattot, ma'rifatparvar inson. Boshlang‘ich ta'limni Kotda olgan, Xiva madrasalarida o‘qigan. 1800-yilda otasi vafot etgach, Xiva xoni Avaz Inoq saroyida farmonnavis kotib lavozimida ishlagan. 1804-yilda Munis o‘zining «Devoni Munis»ini yaratadi. 1806-yilda Xiva xoni Eltuzarxon unga Xiva xonlari tarixini yozishni topshiradi. O‘sha yili xon fojiali halok bo‘ladi. Ammo Munis kitob yozishni davom ettiradi. 1819-yilda u Mirxondning «Ravsat us-safo» («Soflik bog‘i») kitobini tarjima qilishni boshlaydi. Bu kitobning faqat birinchi jildini yozib tamomlashga ulguradi. xolos. Xiva tarixini yozib tugata olmay vafot etadi. Uning «Firdavs ul-iqbol» asarini va «Ravzat us-safo» tarjimasini shogirdi va jiyani Ogahiy oxiriga yetkazadi. Munis Xorazmiyning «Ornalar» («Orna»-anhor, kanal demakdir) asarida sug‘orish inshootlari va yer-suv munosabatlariga doir masalalar aks etgan. Bu risola XVIII asr oxiri va XIX asr boshlaridagi dehqonchilik ijtimoiy munosabatlarni o‘rganishda g‘oyat ahamiyatlidir. Munis Xorazmiyning asosiy adabiy merosi 1815-1820-yillarda tuzilgan «Munis ul-ushshoq» («Oshiqlar do‘sti») devoni g‘azal, ruboiy, qit'a va boshqajanrlardan iborat bo‘lib, 80 000 dan ziyod misrani o‘z ichiga oladi. U bir necha marta nashr qilingan. Munis Xorazmiy she'riyatida xalqchillik, taraqqiyparvarlik g‘oyalari keng o‘rin olgan. U «So‘z» va «Shuaro» kabi she'rlarida ilm-fan, san'at, adabiyotni targ‘ib qiladi, olimlar va san'atkorlarni yuksak qadrlaydi, ularni xo‘rlagan reaksion guruh va to‘ralarni qoralaydi.
Munis Xorazmiyning 1804-yilda bosilgan «Savodi ta'lim» she'riy risolasida savod chiqarishni yengillatish va husnixat san'atini rivojlantirish muammolari ko‘tariladi.
Muhammad Rizo Ogahiy (1809-1874) yetuk shoir, bilimdon tarixchi va mohir tarjimon sifatida fan va tarixda nom qoldiradi. Uning she'riy asarlari «Ta'viz ul-oshiq» («Oshiqlar tumori») devonida to‘plangan. Devon Xivada bir necha marta (1905, 1909) tosh bosma (litografiya) usulida nashr qilinadi. Hajmi 18 ming misradan ortiq bo‘lgan bu devonda she'riy (nazm) janrining deyarlik hamma turi o‘z ifodasini topgan. Ogahiyning she'rlarida xalqparvarlik, ma'rifatparvarlik buyuk va olijanob in-soniy fazilatlar ulug‘lanadi, xon va to‘ralarning adolatsizligi va xalqqa o‘tkazgan jabr-zulmlari, chala mulla ruhoniylarning makr hiylalari ayovsiz tanqid qilinadi. Shu ma'noda shoirning «Qish» radifli g‘azali diqqatga molikdir. Bunda qish fasli tasviri orqali kambag‘al, bechora, kulbasiz va yupun oddiy mehnatkash xalqning ahvoliga achinadi, beva-bechoralarga nisbatan himmatsiz, e'tiborsiz va shafqatsiz bo‘lgan boylar va davlatmandlardan nafratlanadi.
Ne bilursan kechalar faqr ahlidin, hye o‘tkanin,
Bistari zarrin' uza, ey kim qilursan xob qish.
Ey g‘ani boqg‘il alanglar holig‘a, shukr uchun,
Kim kiyarsan tax-batax qoqim ila sinjob qish.
Ogahiy tarixchi olim sifatida ham o‘zidan keyin katta meros qoldirgan. «Ta'viz ul-oshiqin» devoni debochasining oxirida u quyidagi tarixiy kitoblarni yozganligini aytadi: «Riyoz ul davla» (1844), «Zubdat ut tavorix» (1846), «Jome' ul-vaqyeoti Sultoniy»(1857), «Gulshan davlat» (1865), «Iqboli Feruziy» (1872). Bu asarlarida Olloqulixon (1825-1842) dan to Muhammad Rahim II (1865-1872) gacha bo‘lgan tarixiy jarayon o‘z aksini topgan.
Ogahiy mashhur tarjimon ham bo‘lgan. U 16 asarni fors-tojik va bir asarni Usmonli turk tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilib, madaniyatimiz boyligiga ulkan hissa qo‘shadi. Nizomiyning «Haft paykar» («Etti go‘zal») dostoni, shayx Sa'diyning «Guliston» va «Bo‘ston» kitoblari, Jomiyning «Yusuf va Zulayho» dostoni, Xiloliyning «Shoh va gado» dostoni ana shular jumlasidandir. Muhammad Rizo Ogahiy o‘zbek adabiyoti va madaniyati taraqqiyotiga barakali ulush qo‘shgan vatanparvar ulug‘ bir zot sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan siymodir.
Komil Xorazmiy (1825-1899) Xorazm farzandi, ma'rifatpar-var shoir, ajoyibsan'atkor, musiqashunos, mohir hattot, tarjimon va davlat arbobidir. Asli xivalik bo‘lgan Komil kuchli qobiliyatga ega edi, u arab, fors-tojik tillarini puxta bilgan. Hattotlik va musiqa san'atini yaxshi egallagan Komil Xorazmiyni Xiva xonligi saroyiga ishga taklif etganlar. Dastlab u Sayid Muhammadxon, so‘ngra uning o‘g‘li Muhammad Rahimxon II (Feruz) saroyida awaliga hattot, so‘ngra mirzaboshilik vazifalarini bajaradi. Hattotlik san'atini yoshlarga o‘rgatgan Komil Xorazmiy 50 dan ortiq shogirdlarga ustozlik qilgan. Muhammad Panoh, Xudoybergan Muhrkon devon, Muhammad Sharif Tarro devon (atoqli bastakof va musiqachi - Matyusuf Harrotovning otasi), Muhammad Rasul va boshqalar ana shular jumlasidandir. Rossiya Xorazmni zabt etgach Komil Xorazmiy Feruzshoh saroyida devonbegi lavozimiga tayinlanadi.
Komil Xorazmiy bosmaxona tashkil etishning asoschilaridan biridir. Uning sa'y-harakati va tashkilotchiligida 1870-yilda Muhammad Rahimxonning g‘amxo‘rligida Xivada bosmaxona tashkil etilgan. Bu bosmaxonada Navoiyning «Ham sa»si birinchi marta nashr qilingan edi.
Komil Xorazmiy badiiy ijod bobida ham katta qobiliyat egasi bo‘lgan. Uning g‘azallari, muham mas, musaddas, masnaviy, ruboiy, qasida va boshqa janrlarda bitgan asarlari 3680 baytdan iborat bo‘lib, maxsus devon shaklida tuzilgan edi. Lekin bu devondan shoirning «Baxri tavil» asari o‘rin olmay qolgan.
Komil Xorazmiy musiqa ilmining katta bilimdoni va bastakor sifatida Xorazm maqomlariga notalar bitib qog‘ozga tushirgan, sozanda va ijrochi ham edi. U kuy bastalagan Xorazmning «Rost» maqomi, «Murabai Komil», «Peshravi Feruz» va boshqa kuylar hamon musiqa shinavandalarining qalblarini to‘lqinlantiradi. Komil Xorazmiy mohir tarjimon sifatida ham nom qozongan. U Husayn Voiz Koshifiyning «Latoif uz-zaroif» asarini fors-tojik tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Komil Xorazmiy insonlar hayotida o‘zga xalqlarning tili va madaniyatini o‘rganish katta ahamiyatga ega ekanligini alohida qayd etgan. Uning tashkilotchiligida 1884-yilda Xorazmda birinchi rus-tuzem maktabi tashkil etilgan. Komil Xorazmiy ijodiyotini ko‘zdan kechirar ekanmiz, uning asarlarida insonparvarlik, ma'rifatparvarlik ta'lim va tarbiyaning boshqa bir qator g‘oya va masalalari bosh mavzu bo‘lganligini ko‘ramiz. Jumladan, shoir o‘zining «Kamol» g‘azalida ilm-ma'rifatni ulug‘lab, ilmli, ma'rifatli va hunarli kishi hamisha el hurmati va ardog‘ida bo‘lishligini yozadi:
Yemas kishiga bu dunyoda mulk-mol kamol,
Husulu ilmu hunar keldi bezavol, kamol.
Kamol bergusidir so‘zga shuhratu ta'sir,
Bu qushga qilgali parvoz parrubol kamol.
Komil Xorazmiy odamlar orasiga yaxshilik urug‘larini sochadi, mansabga, boylikka berilib kekkaymaslikka chaqiradi, ularni insof-imonli va diyonatli bo‘lishga da'vat etadi. U o‘zining «ey ko‘ngil» g‘azalida dunyo adolatsizligi, nohaqligi va teskari ishlaridan faryod chekadi. Agar dunyo pastkash bo‘lmasa, nega nokasu nodonni ulug‘lab, shod etib, dononi xor-zoru xafa qiladi, deb xulosa chiqaradi shoir.
Ilm-ma'rifat kuychisi bo‘lgan Komil o‘z zamonasida ilm qadriga yetmagan falakni la'natlaydi, u ilm olamida Aflotun bo‘lsada qadrlanmagan ilm-ma'rifat kishisiga alam bilan achinadi:
Chun falak nodon navozu, xasm donodur, ne sud,
Donish iqlimida bohang gar Falotun, ey ko‘ngul.
Xullas, Komil Xorazmiy ijodida bosh mavzu inson va insoniylik, uning qadr-qimmatidir. Shoirning hayot va ijod yo'li yosh avlod kamolotida o‘rnak va namunadir.
Mahtumquli Firog‘iy (1733-1793) Xiva xonligi hududida yashab ijod qilgan qardosh turkman xalqining ulug‘ shoiri va mutafakkiridir. U Turkmanistonning Hojigavshon degan joyida tug‘ilgan. Otasi Davlatmamed Ozodiy o‘z davrining mashhur shoirlaridan bo‘lgan. Otasi ta'sirida ijodiy ong shuuri erta yaproq yozgan Mahtumquli dastlab ovul maktabida, keyinchalik esa Xiva, Buxoro, Andijon madrasalarida ta'lim oladi. Turli fanlar bilan bir qatorda zargarlik hunarini ham puxta egallaydi. Maxtumquli Ozorbayjon, Eron, Afg‘oniston, Hindiston kabi mamlakatlarni kezib chiqadi. O‘rta Osiyo, Eron, Ozor o‘lkalari folklorini, adabiyotini zo‘r ishtiyoq bilan o‘rganadi. Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Firdavsiylar yaratgan badiiy so‘z durdonalaridan bahramand bo‘lgan Mahtumquli kelajak avlodlarga katta adabiy-badiiy meros qoldiradi. Mahtumqulining ijodiy merosi 20 ming misrani tashkil etadi. U sof muhabbatni, mardligu matonatni, ezgulikni, adolat, insof-u diyonatni, imon-u e'tiqodni kuylagan xalqparvar shoirdir.
Shoir o‘sha davr o‘zaro qirg‘inbarot urushlardan faryod qiladi. U xalqlarni birlik, birodarlik, tinchlik, osoyishtalikka, insof-u diyonatga chorlaydi. Buni Mahtumqulining «Tursa kerakdir» she'ridan quyida keltirilgan bir necha satrlarda ochiq-oydin ko‘ramiz:
Qardoshlar, kun-kundan battar bormoqda,
Yil-yildan balolar kelsa kerakdir.
Sharob ichgan, zino qilgan jahonda,
Shunday mashhur boo‘lib tursa kerakdir.
Musulmon qardoshlar, do‘nmang bu yo‘ldan,
Kecharsiz sirotdan-ul nozik qildan,
Dajjol kelar derlar bir necha yildan,
Olamga bir g‘avg‘o solsa kerakdir.
Mahtumquli xalq ruhiyati yog‘rilgan shunday go‘zal ohanglar yaratadiki, bu she'riy ohanglar umumturkiy adabiyotning betakror namunasi sifatida e'zozlanmoqda. «U nimadir», «Boshladi», «Go‘zalsan», «Turkmanning», «Ko‘zim tushdi», «Elingni», «Ayrilma» kabi yuzlab she'rlar shular jumlasidandir.
Xullas, Mahtumquli o‘zining o‘tkir satirik nafasi, xalqchil asarlari, qimmatli nasihatnomalari bilan yillar osha xalqning sevimli shoiri bo‘lib kelmoqda. XIX asr birinchi yarmiga oid Xiva xonligi tarixini yoritib beruvchi asarlarni va manbalarni shu davr Buxoro hamda Qo‘qon xonliklari kabi manbalar darajasida deb bo‘lmaydi. Garchi turli davrdagi oid Xiva xonligi tarixini o‘rganuvchi manbalarni biz avvalgi ma'ruzalarimizda keltirib o‘tgan bo‘lsakda, XIX asr birinchi yarmi Xiva xonligi tarixshunoslik va manbashunoslik maktablari hali ilmiy darajada o‘rganilmaganligini ta'kidlab o‘tish joiz. Shunga qaramay, XIX asr Xiva xonligi tarixiga oib bir qancha manbalarni keltirib o‘tishimiz mumkin. Bunday manbalar qatoriga mahalliy tarixchilar tomonidan yozilgan, Muhammad Yusuf Bayoniy qalamiga mansub «Shajarai Xorazmshohiy» saroy tarixchisi Munis (1778-1829) tomonidan boshlangan va shoir hamda tarixchi Muhammad Rizo Ogahiy tomonidan davom ettirilgan (1809-1874) «Firdavs ul-iqbol» (Iqbolnoma) asarlarini keltirib o‘tishimiz mumkin. Mahalliy tarixchilar bilan birga ayrim rus sayohatchilari va o‘lkani mahsus o‘rgangan rus tadqiqotchilari asarlari. Masalan: Xiva xonligining ko‘rilayotgan davr yuzasidan qimmatli ma'lumotlarni ko‘p jildli. “Turkestankiy sbornik” to‘plamidan ham olishimiz mumkin. Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, Xiva xonligi tarixshunoslik maktabi va mahalliy tarixchilar asarlari o‘rganilishi kerak bo‘lgan dolzarb masalalardan biridir.
XVIII asrning 60 yillaridan boshlab Xiva xonligida yuzaga kelgan siyosiy vaziyat hokimiyatni Xiva qo‘ng‘irotlari tomonidan qo‘lga olinishi uchun yo‘l ochib berdi. Ko‘p sonli qabila va urug‘larning boshliqlari madadiga tayangan Muhammad Amin inoq 1770 yilda turkmanlar qo‘zg‘olonlarini bostirib, xonlikda birmuncha osoyishtalik o‘rnatishga erishdi. Shu davrdan boshlab Xiva xonligida hokimiyat amalda qo‘ng‘irotlar qo‘liga o‘ta boshladi. Rasmiy hokimiyat esa chetdan chaqirilgan qozoq sultonlari qo‘liga topshirib qo‘yilgan va Muhammad Amin ham uning o‘g‘li Avaz ham (1790-1804) inoq unvonida davlatni boshqarib kelgan edilar. Bu mavqye inoqlardan Eltuzargacha davom etdi va Muhammad Amin inoqning nabirasi bo‘lgan Eltuzar 1804 yilda hokimiyatga erishgach, qozoq sultonlaridan bo‘lgan soxta xon Abulg‘ozini taxtdan tushirib, o‘zi rasman xon unvonida Xiva hukmdori bo‘lib qoldi (1804-1806). Shu tariqa 1804 yildan boshlab Xiva xonligi taxti rasman Xiva qo‘ng‘irot qo‘liga o‘tdi.
Eltuzarxon o‘z hukmronligi yillarida Xiva xonligining barcha hududlarini birlashtirishga va siyosiy barqarorlikni mustahkamlashga harakat qildi. Biroq u 1806 yilda Buxoro amirligi qo‘shinlari bilan bo‘lgan janglardan birida halok bo‘ldi. Taxtga Xiva qo‘ng‘irotlarining yirik namoyondalaridan biri bo‘lgan, Eltuzarxonning ukasi Muhammad Rahim I o‘tirdi (1806-1805). Muhammad Rahimxon taxtga chiqishi bilan avvalgi soxta xon Abulg‘ozi mavqyeini tikladi va shu yo‘l bilan o‘z nufuzini oshirishga harakat qildi. Muhammad Rahimxon hukmronlik qilgan davr Xiva xonligida siyosiy keskinliklar bilan davom etdi. U shavqatsiz kurash olib borishi yo‘li bilan Xiva xonligini birlashtirish va xonlik hududlarini kengaytirishga harakat qildi.
Davlat boshqaruvini mustahkamlash borasida ham ma'lum ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, ma'muriy tartibda devon joriy qildi, mamlakat iqtisodiy hayotini yo‘lga qo‘yish maqsadida soliq islohoti o‘tkazdi, muntazam soliqlar yig‘ib olish bilan davlat xazinasini boyitdi, iqtisodiy sohani yanada mustahkamlash maqsadida bojxona va zarbxona tashkil etdi va oltin hamda kumush zarb qildira boshladi.
Markaziy hokimiyatni birmuncha mustahkamlashga erishgan Muhammad Rahimxon asta-sekin mayda bekliklarni ham bo‘ysundirish siyosatini olib bordi. Qattiq kurashlardan so‘ng 1811 yilda Orol bo‘ylarida yashovchi urug‘larni xonlikka bo‘ysundirdi. Qo‘ng‘irot shahri vayron qilindi va XIX asr boshlarida qoraqalpoqlar bo‘ysundirildi.
Muhammad Rahimxon turkmanlarni itoatda tutib turish uchun turli siyosatlarni yuritardi, goh ularni eron bilan urushga jalb qilib kuchsizlantirsa, goh o‘zi harbiy yurishlar qilib ularni asirlarga olardi, gohida esa turli qabilalarga g‘alla va boshqalar sotib olishdi imtiyozlar berardi. Muhammad Rahimxon Sirdaryo bo‘ylarida yashovchi qozoqlarni ham o‘ziga bo‘ysundirishga harakat qildi, biroq ruslar bu vaqtda qozoqlarni o‘z tobeliklarga olgan edilar. Eron va Afg‘aniston bilan munosabatlar bu davrda nisbatan mo‘tadillashdi.
Muhammad Rahimxon hukmronligi yillarida Rossiya imperiyasi Xiva xonligi bilan ayrim munosabatlarni o‘rnatishga harakat qildi. 1819 yilda kapitan Murav'yov boshchiligidagi elchilar Kaspiy dengizi sohillarda qal'a qurish va Xiva karvonlarini Mang‘ishloqqa emas, balki Krasnovodsk portiga yo‘llash masalasida Xiva xonligiga keldi. Biroq Muhammad Rahimxon bunga ko‘nmadi. Hukmronligining oxirgi davrlarida 1822 yilda Muhammad Rahimxon Marvni o‘ziga bo‘ysundirdi.
Muhammad Rahimxon vafotidan so‘ng Xiva xonligi taxtiga uning o‘g‘li Olloqulixon (1825-1842) chiqdi. Olloqulixon hukmronligi davri o‘zaro urushlarga va to‘qnashuvlarga boy va shiddatli bo‘ldi. Xonlikning shimolida yashovchi yarim ko‘chmanchi turkman qabilalaridan taka, sariq, salor va boshqalar kuchayib ketdi. Bu esa xonlikning ichki siyosiy ahvoli keskinlashuviga olib keldi. Bundan tashqari xon deyarli har yili Xurosonga yurishlar uyushtirdi, turli talonchiliklardan tashqari Olloqulixonning o‘zi Xurosonga 5 marta yurish qilgan edi.
Olloqulixondan so‘ng taxtga o‘tirgan Muhammad Aminxon (1845-1855) ham Xuroson va Marvga 10 martadan ko‘p yurish qildi. Saraxsni qamal qilishda qatnashgan xonning o‘zi ham shu jangda halok bo‘lgan edi. Xiva xonligi va Buxoro amirligi o‘rtasida bu davrda ham o‘zaro dushmanlik va raqobat kayfiyati saqlanib qolgan edi.
Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, Muhammad Rahimxon hukmronligi yillarida birmuncha siyosiy va iqtisodiy jihatdan mavqyei mustahkamlangan Xiva xonligi keyingi xonlar hukmronligi davrida ichki hamda tashqi urushlar va kurashlar girdobida qoldi. Bu esa o‘z navbatida chor Rossiyasi bosqini arafasida xonlikning siyosiy va harbiy jihatdan zaiflashuviga olib kelgan edi.
XIX asr birinchi yarmida Xiva xonligi aholisi 800 ming kishidan ortiq bo‘lib, ularning 65 foizini o‘zbeklar va 26 foizini turkmanlar tashkil qilardi. Aholining asosiy qismi o‘troq turmush tarziga ega bo‘lgan. Xonlik ma'muriy jihatdan 15 beklik va 2 noiblikka bo‘lingan edi. Oliy hokimiyat xon tomonidan amalga oshirilgan. Xondan keyin turuvchi harbiy-ma'muriy amaldorlar pog‘onasini inoq, otaliq va biy boshqarar edi. Ular xonlikdagi hokimiyatni amalga oshiruvchi alohida imtiyozlarga ega tabaqalar hisoblangan. Davlat boshqaruviga oid masalalarni hal etish maqsadida. Muhammad Rahimxon I ana shunday nufuzli amaldorlardan iborat devon, ya'ni davlat kengashi tashkil etgan edi. Xonlikdagi alohida imtiyozlarga ega bo‘lgan tabaqalardan yana biri ruhoniylar-din peshvolari, ulamolar edi. Ular tomonidan xonlikdagi barcha diniy ishlar va sud ishlari amlga oshirilgan va ular o‘z navbatida davlatning ichki va tashqi siyosatiga ham ta'sir o‘tkazib turganlar.
Xonlikdagi eng ko‘p sonli va eng kam imtiyozlarga va huquqlarga ega bo‘lgan aholi qatlami boshqa xonliklarda bo‘lganidek, oddiy halq edi. Ular davlatning eng asosiy moddiy boyliklarini yaratuvchilar edi. Xonlikda er egaligi uch shakldan iborat bo‘lgan, erlar ikki qismga, ya'ni sug‘oriladigan (ax'ya) va sug‘orilmaydigan (adra) erlarga bo‘linardi. Bu erlarning ko‘p qismi xon va uning qarindoshlari qo‘lida to‘plangan edi. Bunday erlar ijaraga ishlovchilarni «yarimchilar» deb atashgan, sababi ular olgan hosillarning yarmini er egasiga topshirishlari lozim bo‘lgan. Ariq qazish ishlari shaxslar tomonidan boshlab beriladigan ham bunga dalildir. XIX asr boshlarida Amudaryodan Davzan arig‘i chiqarildi va keyinchalik bu ariq erlarni sug‘orishni kengaytirish maqsadida katta kanalga aylantirildi. Davzan kanalida Parsu, Xo‘jayli va Ko‘xna Urganch erlari sug‘orilgan. 1815 yil qazilgan Qilich Niyozboy kanalidan esa Darelikning o‘ng sohilidagi yerlar sug‘orilgan. Ariqlar va kanallar qazish ishlari XIX asr oxirlarigacha davom etdi. Xonlikning asosiy iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligidan iborat bo‘lgan va aholining asosiy qismi ham qishloq xo‘jaligi bilan band bo‘lgan aholidan undirib olinadigan soliqlar evaziga xonlik xazinasi to‘ldirib turilgan. Xonlikdagi asosiy soliq turi yer solig‘i bo‘lib, “salg‘ut” deb atalgan. Bundan tashqari halq 20 ga yaqin turli xil soliqlar va to‘lovlar to‘langan. Soliqlar bilan bir qatorda halq begar, kazu, ichki va obxura kazu kabi majburiy mehnat va xashar ishlariga ham jalb etib turilgan. Urush payitlarida soliqlar miqdori va majburiy xashar ishlari miqdori oshib turgan. Xiva, Urganch, Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli kabi shaharlar asosiy hunarmandchilik va savdo markazlari hisoblangan. Shuningdek xonlik Eron, Rossiya, Afg‘aniston hamda Buxoro va Qo‘qon xonliklari bilan tashqi savdo munosabatlarini olib borgan.
O‘rta Osiyodagi xonliklarda XVIII-XIX asrlarda xo‘jalik tushkunlikka yuz tutib borayotgan va aholi turmushi tobora tubanlashayotgan bo‘lsada, me'morchilik va san'at taraqqiyotida bir qator ibratli ishlarning amalga oshirilganligiga guvoh bo‘lamiz. Bu davrda qurilgan ulkan va go‘zal me'morchilik yodgorliklari hozirgi kunda ham har qanday kishining diqqat-e'tiborini o‘ziga tortadi. Buxoroda yaxlit yodgorlik tariqasida rejalanib amalga oshirilgan ajoyib me'morchilik ansambli-Registonning kun botishi tomonida 1712-yilda qurilgan Bolohovuz masjidi o‘sha davrning eng yirik inshooti bo‘lgan. Hukmdorning saroylari, masjidlari va tanga chiqarish muassasalari makoni bo‘lgan Ark qurilish majmui ham XVIII-XIX asrlarda barpo etiladi.
XVIII asrning ikkinchi yarmi XIX asrning birinchi yarmida me'morchilik sohasida xorazmlik ustalar yetakchilik qiladilar. O‘sha davr yodgorliklari orasida ajoyib saroy majmualari Xazoraspdagi Rahmonqul inoq saroyi, Ko‘rinishxona, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Bu binolar sirti naqshli sopol plita (koshin) lar bilan bezatilgan. Bu sopollardan to‘q-ko‘k rang ustiga yashil va oq gullarning bir-biriga chirmashtirilgan rasmlari chiroyli qilib berilgan. Xonlikning poytaxti Xiva ayniqsa XVIII-XIX asrlarda gullab-yashnaydi. Shahar ikki qismdan-Ichan (ichkari) qal'a va Dishan (tashqari) qal'adan iborat. Shahar markazida joylashgan Juma masjidi (XVIIIasr)-O‘rta Osiyoning eng go‘zal inshootlaridan hisoblanadi.
Sherg‘ozixon (1718-1720), Qutlug‘ Murod Inoq madrasalari, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Olloqulixon, Muhammad Aminxonning katta madrasalari (XIX asr) va Tosh hovli saroyi (1830—1838-yillar) o‘ziga xos nafis va go‘zaldir. Bu qurilish obidalari O‘rta Osiyo me'morchiligining ajoyib yodgorliklaridir.
O‘sha davrda har uchala xonlikda ham yuqoridagidek inshoot qurilishi va hunarmandchilik san'atining turli yo‘nalishlari rivoj topadi. Bulardan tashqari yog‘och va misga o‘yib nozik naqshlar solish, sopol va chinni, yarog‘-aslahalar yasash va har xil uy-ro‘zg‘or buyumlari, matolar to‘qish keng tarqaladi.
Teatr san'atida masharabozlik, qiziqchilik, dorbozlik, qo‘g‘irchoqbozlik kabi tomosha ko‘rinishlari keng tarqalgandi. Masalan Buxoro amirligining turli shaharlarida XVIII-XIX asrlarda Sayfulla Mashara, Zokir Mashara, Ergash Mashara kabi artistlar «Rais», «Sudxo‘rning o‘limi», «Ko‘histonlik domla», «Murabboshi» singari asarlarni sahnalarda mohirlik bilan ijro etganlar.
XIX asrda qo‘g‘irchoq teatrining Shosolih, G‘ofur, Halfarang (Qo‘qon), Orifjon Qo‘g‘irchoqboz, Azim burun, Doniyor (Toshkent), Shomuhitdin Shoazimov, Tursunboy Abduljabbarov (Marg‘ilon), Siddiq Kalon, Jo‘ra Qayroq, Hamro Qo‘g‘irchoqboz (Samarqand), Zarif Misgar, Sharif Sayyoh, Qori Hoji (Buxoro), Qilich (Shahrisabz) va boshqa shular singari ustalar bo‘lgan.
Xonliklar hududida raqs san'atining Farg‘ona, Buxoro, Xorazm va Tog‘li usullari mavjud bo‘lib, o‘z navbatida ularning har biri o‘ziga xos janr xususiyati va turlariga ega edi. Masalan: Farg‘ona o‘yin san'ati: «Katta o‘yin», «Kema o‘yin», «Xonaki o‘yin», «Yalla», Xorazm o‘yin san'ati: «Maqom o‘yin», «Xonaki o‘yin», «Lazgi», «Yalla», «Zangbozi»larni o‘z ichiga olgan va hokazo. «Tog‘ o‘yin» ko‘proq O‘zbekiston hududidagi janub xalqlari madaniyatiga xos bo‘lib, «Besh qarsak», «Uch qarsak», «Dastbozi» kabi usullardan iborat edi.
Xulosa shuki, XVI-XIX asrlarda Vatanimiz hududidagi xalqlar hududiy tarqoqlik xo‘jalik va iqtisodiy tushkunlik holatida bo‘lsalarda fan, madaniyat taraqqiyotida bir qator ijobiy yutuqlar va salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdilar. Bu bilan ular jahon madaniyati va sivilizatsiyasi taraqqiyotiga munosib ulushlarini qo‘shdilar. Ammo XVII-XIX asrlarda O‘rta Osiyo va undagi davlatlar jahon sivilizatsiyasi jarayonidan tobora chetda qolaverdi, ilg‘or davlatlardan orqada qoldi. Yurtboshimiz Islom Karimov xonliklar davri tarixiga yangicha nazar tashlar ekan, tarixchi mutaxassislarga quyidagi savollar bilan murojaat qiladi: «Nega jahonga Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Amir Temur, Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur kabi buyuk siymolarni bergan bu millat XVII-XIX asrlarga kelib to shu choqqacha erishgan yuksalish darajalaridan tushib ketdi? Nega so‘nggi uch asr mobaynida boshimiz qoloqlikdan chiqmay qoldi? Ajdodlarimizning qattiq qarshiligiga qaramay chor Rossiyasining o‘lkamizni nisbatan oson zabt etishida mana shu qoloqlikning ham o‘rni bo‘lmaganmikin.
Xullas, O‘rta Osiyodagi yuqorida tavsifilangan omillar, bu yerdagi iqtisodiy va harbiy tang holat o‘ziga qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarni o‘z mustamlakasiga aylantirish siyosatini avj oldirayotgan chor Rossiyasi saltanatiga juda ham qo‘l keldi. Mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy qoloqlik, parokandalik, o‘zaro nizo va urushlar pirovard natijada O‘rta Osiyoning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi va mustamlakaga aylantirilishiga olib keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |