O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI NAMANGAN MUHANDISLIK TEXNOLOGIYA INSTITUTI
MUSTAQIL ISH
Mavzu: Kelajakdagi Ekologik Muammolar
Guruh:14 Du-20
Bajardi:Juraev Sultonbek
REJA:
1. Bir havodan nafas olish mas`uliyati.
2. Aholining ekologik madaniyat koʻrsatgich darajasini oshirish.
3.Hamkorlikdagi harakat zarurati.
4. Ekotizimdagi muammolar va ularni keltirib chiqaradigan zararlari.
1.Bir havodan nafas olish mas`uliyati
Bugungi kunda barchani tashvishga solayotgan transchegaraviy ekologik muammolarni bartaraf etish, xalqaro hamjamiyatning bu boradagi sa`y-harakatlarini kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz Islom Karimovning «O'zbekiston XXI asr bo'sag'asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» nomli asarida ta`kidlanganidek, «Xalqaro hamjamiyat insonning nafaqat yashash huquqi, balki to'laqonli va sog'lom turmush kechirishi uchun zarur mo'`tadil atrof-muhit sharoitlariga ham bo'lgan huquqlarining muqaddas va daxlsizligini allaqachonlar e`tirof etgan. Ekologik xavfsizlik kishilik jamiyatining buguni va ertasi uchun dolzarbligi, juda zarurligi bois eng muhim muammolar jumlasiga kiradi...». Xalqaro huquqiy tajriba, zamonaviy fan, texnika va texnologiyalar asosida ekologik xavfsizlikning mukammal tizimini shakllantirish O'zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda ekologik xavfsizlik sohasidagi siyosat O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari, O'zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik konsepsiyasi, shuningdek, atrofmuhit va barqaror rivojlanish bo'yicha Rio-de-Janeyro va Yoxannesburg deklaratsiyalarining tamoyillari asosida xalqaro konvensiyalar va shartnomalardan hamda yetakchi davlatlarning qonunchilik sohasidagi tajribalaridan kelib chiqadigan davlat majburiyatlarini hisobga olgan holda olib boriladi. Milliy siyosat va xalqaro hamkorlikning asosiy yo'nalishlari mamlakatning ekologik salohiyatini saqlashga va mustahkamlashga asoslangan. Shu maqsadda O'zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasida faol hamkorlikni yo'lga qo'yib, atrof-muhit va barqaror rivojlanish bo'yicha o'nlab xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qildi. Xalqaro, mintaqaviy muammolarni hal etish uchun Barqaror rivojlanish konsepsiyasi va Milliy strategiyasi, «XXI asr kun tartibi», atrof-muhit, aholi salomatligi muhofazasi, biologik xilma-xillikni saqlash, cho'llanishga qarshi kurash, ozon qatlamini yemiruvchi moddalardan foydalanishni to'xtatish, chiqindilarni boshqarish bo'yicha Milliy harakat rejalari, issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish Milliy strategiyasi va boshqalar qabul qilindi.
2.Aholining ekologik madaniyat koʻrsatgich darajasini oshirish.
Oʻzbekistonda har bir kishi 1 sutkada 2-3 litr chuchuk suv ichadi. Gidrosferaning faqatgina 2,5 foizini chuchuk suv tashkil qilishi haqida bilasizmi? Yoki qishloq xoʻjaligining ayrim sohalaridagi suv sarfini qiyosiy hisoblab koʻrsak, 1 tonna bugʻdoy yetishtirish uchun 1,5 tonna, 1 tonna sholi uchun - 4-5 ming tonna, 1 tonna paxta yetishtirish uchun 10 ming tonna suv sarflanishi haqida nima deya olasiz? Oʻz ekologik madaniyatingiz qay darajada deb hisoblaysiz?
Ekologik madaniyatni oshirish haqida soʻz borganda, taʼkidlash joizki, ekologik madaniyat bir nechta faktorlar natijasi oʻlaroq shakllanadi yoxud yuzaga keladi: jumladan, tabiatga muhabbat, tabiat haqidagi bilim va tasavvurlar, koʻnikmalar, ekologik tarbiya, qadriyat va anʼanalar ekologik madaniyat shakllanishiga sabab boʻladi. Ayniqsa, bugungi global ekologik muammolar insoniyatni bir boʻgʻma ilondek qamrab olgan paytda ekologik ong va ekologik madaniyatni shakllantirish va ularda atrof-muhitga nisbatan ratsional yondashuv koʻnikmasini hosil qilish masalasi ulkan ahamiyat kasb eta boshladi deb hisoblash oʻrinlidir.
Ekologik madaniyatni shakllantirishda, ekologik ong va dunyoqarashni shakllantirish va rivojlantirishda muhim oʻrin tutadigan maktab tarbiyasiga, oʻrta va oliy taʼlim muassasalariga eʼtibor qaratilishi lozim. Ekologik bilimlar tashviqoti, aholini ekologik tarbiyalash va ularni oʻqitish boʻyicha ishlar avj oldirilganligiga qaramay, Respublikamiz oliy va oʻrta maxsus bilim yurtlarida atrof muhit muhofazasi, yaʼni ekologiya sohasida boshqa sohalar kabi Davlat noziri singari mutaxassislarni tayyorlash hozirgi kunga qadar yoʻlga qoʻyilmagan. Ushbu soha uchun bu kabi mutaxassislarni tayyorlash hozirgi kun talabidir. Bundan tashqari, insoniyat tarbiyasi uchun uning mahallasi ham alohida oʻrin egallaydi. Mahallalar ham ushbu ishlarga jonbozlik koʻrsatishi lozim, deb oʻylayman.
Xulosa qiladigan boʻlsak, taʼkidlash joizki, butun dunyoda ekologik barqarorlikka erishish, yer yuzining hozirgi holatini tubdan oʻzgartirish uchun xalqaro hamkorlik, ekologik qonun talablarini buzganlik uchun javobgarlikning qatʼiy boʻlishi, aholining yuqori darajadagi ekologik ong va madaniyatini oshirishning oʻzigina kifoya qilib qolmasdan, balki barchamizni masʼuliyat hissi bilan yashashga undashga ham chaqiradi. Tabiat inʼom etgan tuhfalarni buzadigan xalq oʻz ildiziga bolta uradi deb Franklin Delano Ruzvelt tomonidan bildirilgan fikrlar barchamizni ogohlikka chorlab qolishi shubhasizdir. Zero, tabiatni muhofaza qilish bu nafaqat Vatan oldidagi farzandlik burchimizdir, balki insoniyatning kelajak avlod uchun qoldirishi mumkin boʻlgan yagona va bebaho xazinasidir.1
3.Hamkorlikdagi harakat zarurati.
Atmosfera havosini transchegaraviy muhofaza qilish umumjahon ekologik muammolardan sanalib, 1979 yilda qabul qilingan BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining (YeIK) Atmosfera havosining uzoq masofalarida transchegaraviy ifloslanishi to'g'risidagi konvensiyasi atmosfera havosini ifloslantirishga qarshi kurashishda hamkorlikdagi harakatlar uchun asos yaratdi. Konvensiya atmosfera havosini ifloslantirish, uning mintaqaviy darajadagi oqibatlarini o'rganish va monitoringi hamda chiqindilarni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqish sohasida sa`y-harakatlarni birlashtirishni ta`minlovchi asosiy xalqaro kelishuvlardan biri hisoblanadi. 1984 yildan boshlab to hozirgi davrga qadar oltingugurt (oltingugurt dioksidi), azot oksidlari, uchuvchan organik birikmalar, og'ir metallar va barqaror organik ifloslantiruvchi chiqindilar hamda transchegaraviy oqimlarning qisqartirilishiga qaratilgan sakkizta protokol qabul qilingan. Atmosfera havosining transchegaraviy ifloslanishining oldini olish bugungi kunning ham dolzarb vazifalaridan biri sanaladi. O'zbekistonning havo ifloslanishiga qarshi kurash va havoning sifatini nazorat qilish sohasidagi o'z strategiyasi bor. Davlatimiz 1992 yil 8 fevralda MDH davlat boshliqlari imzolagan bitimga muvofiq tuzilgan MDH mamalakatlari Davlatlararo ekologiya kengashining to'laqonli a`zosidir. O'zbekiston hukumati tomonidan ekologik muammolarni bartaraf etish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo, O'zbekiston tomonidan ko'rilayotgan chora-tadbirlar bilangina umummintaqaviy ekologik muammolarni to'la yechib bo'lmaydi. Buning uchun Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi birdek harakat qilmog'i talab etiladi. Kezi kelganda ta`kidlash lozimki, 36 yildan buyon qo'shni Tojikistondagi «Tojikiston alyuminiy kompaniyasi» davlat unitar korxonasining atmosfera havosiga zararli tashlanmalarining bevosita ta`sir doirasida Surxondaryo viloyatidagi bir milliondan ortiq aholi yashaydigan Sariosiyo, Uzun, Denov, Oltinsoy, Sho'rchi, Qumqo'rg'on tumanlari hududi aholisi endokrin va suyak-bo'g'in tizimi, nafas olish yo'llari, tug'ma nogironlik, flyuoroz va onkologik kasalliklardan borgan sari ko'proq aziyat chekmoqdalar. Chunki, bu tumanlarning aholisi sutkaning 18-19 soati davomida ekologik nuqtai nazardan zaharli – zavod mo'rilaridan tashlanayotgan, tarkibida inson salomatligi uchun xavfli bo'lgan ftorli vodorod va boshqa qo'shilmalar mavjud havodan nafas olishga majbur bo'lmoqdalar.2
4.Ekotizimdagi muammolar va ularni keltirib chiqaradigan zararlari.
Alyuminiy olish jarayonida ftorli vodoroddan tashqari katta miqdordagi uglerod va oltingugurt oksidlari kabi zaharli gazlar ajralib chiqib, insonda yiringli bronxit, o'pka shamollashi, bosh aylanishi, migren, qon bosimining oshishi kabi kasalliklarni keltirib chiqarmoqda. Bunday zaxarli tashlanmalar, ayniqsa, bo'lajak onalar salomatligiga juda salbiy ta`sir ko'rsatmoqda. Oqibatda, ularning tug'ish davrida ekologik muammolar tufayli yuzaga kelgan turli darajadagi asoratlar sababli chaqaloqlar jarohatlangan miya, miya sholi kasalligi, turli xil bel-miya churrasi, yuqori va pastki jag'dagi nuqsonlar hamda boshqa jarohatli xastaliklar bilan dunyoga kelmoqda. Ushbu hududda yashovchi 6 yoshdagi bolalarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish natijalari hududdagi maktabgacha yoshdagi bolalarning 36,5 foizi jismoniy va aqliy rivojlanishdan orqada qolayotganini ko'rsatmoqda. Ftorli vodorod va boshqa zaharli moddalar qishloq xo'jalik mahsulotlari tarkibida ham ko'plab uchrayotgani nihoyatda achinarlidir. Jumladan, bunday zaharli moddalar 1 kilogramm bug'doyda 13,2, no'xatda 57,4, kartoshkada 52,6, sabzida 55,7, sutda 37,2, olmada 57,3 milligrammni tashkil etayotir. Bu belgilangan me`yoriy miqdordan 3-5 marta ortiqdir. Surxon vohasida mazasi tilda qoladigan, shirinligi bilan mashhur, hovuchga sig'maydigan ekologik toza anorlar, shaftoli va o'riklar yetishtirilgan. Bugun esa ekologik ta`sir tufayli ularni yetishtirishning imkoni bo'lmayotir. Bog'lar yo'qotilmoqda. Borlarining ham mevasini iste`mol qilish xavfli. Qoramol va ushoq mollarning tishi to'kilib, ularning suti tarkibi o'zgarayapti. Surxondaryo viloyati iqlimi o'ta issiq bo'lib, ba`zan harorat 40-45 darajagacha ko'tariladi. Ma`lum bo'lishicha, ftor bunday haroratda juda faollashadi. U o'simlik va suvda to'planib, chorva mollarining suyagini yemiradi. Tadqiqotlar birinchi darajali flyuoroz bilan 36 foiz, ikkinchi darajalisi bilan 40 foiz, uchinchi darajalisi bilan esa 35 foiz chorva mollari kasallanganini tasdiqladi. Ilgari Sariosiyo tumanida yiliga 400 tonnagacha ipak yetishtirilar edi. Ekotizimning buzilgani oqibatida tumanda ushbu serdaromad soha bilan shug'ullanish imkoni bo'lmay qoldi. Chunki tut barglari ipak qurti uchun haqiqiy zahri qotilga aylandi. Vaholangki, atmosfera havosining transchegaraviy ifloslanishi oldini olish borasida 1994 yil 17 noyabrda Toshkent shahrida «O'zbekiston Respublikasi hukumati va Tojikiston Respublikasi hukumati o'rtasida Tojikiston alyuminiy zavodining salbiy ta`siri mintaqasidagi ekologik holatni yaxshilashda hamkorlik qilish to'g'risida»gi kelishuv imzolangan. Mazkur Kelishuvni rivojlantirish maqsadida 1994-1998 yillar davrida uni amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo'lib, o'zaro harakatlar tartibini ishlab chiqish va ularni muvofiqlashtirish hamda kelishuv ijrosini nazorat qilish bo'yicha ishchi guruhlari tuzildi. O'zbekiston Respublikasining sohaga mas`ul xodimlari 1995 yilning iyun oyida Tojikiston alyuminiy zavodini ko'zdan kechirib chiqib, korxona rahbariyatiga ftorli vodorod moddasining atmosfera havosiga betartib va ko'p miqdorda tashlanishiga olib keluvchi alyuminiy ishlab chiqarish texnologiyasidagi bir qator qoidabuzarliklarni aniqlab ko'rsatib berishdi. 1995-1996 yillarda O'zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o'rtasidagi mazkur hujjat ijrosini nazorat qiluvchi hukumatlararo organning ikkita yig'ilishi o'tkazildi. Kelishuvga binoan ishlarni amalga oshirish uchun tomonlarning ekolog-olim va mutaxassislaridan iborat guruhlar tuzildi. Ular tomonidan to'rtta ilmiytadqiqot dasturlari ishlab chiqildi. Ammo Tojikiston hukumatining sustkashligi oqibatida dastur amalga oshirilmay qolib ketdi. Xo'sh, Tojikiston hukumatining 1979 yilda qabul qilingan BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining (YeIK) Atmosfera havosining uzoq masofalarida transchegaraviy ifloslanishi to'g'risidagi konvensiyasi talablariga zid ravishdagi xatti-harakatlarini qanday baholash mumkin? Yoxud 1992 yil 8 fevralda MDH davlat rahbarlari imzolagan bitimga muvofiq tuzilgan MDH mamalakatlari Davlatlararo ekologiya kengashining nizom va dasturlariga amal qilmaslik, o'z manfaatlarini o'ylab, o'zining hamda qo'shni davlat aholisi sog'ligi va salomatligini hamda o'simlik va hayvonot dunyosini zaharlayotganini qanday izohlash mumkin? 2010 yil 4 oktyabr kuni Vengriyaning Ayka shahridagi alyuminiy zavodi uchun xomashyo tayyorlab beruvchi korxonada kuchli portlash yuz berishi oqibatida zaharli chiqindi, «qizil shlam-quyqa» saqlanadigan rezervuar yorilib ketishi natijasida bir million kubometrga yaqin toksin moddalar tevarak-atrofga yoyildi. Bu esa inson salomatligiga, atrof tabiiy muhitga salbiy ta`sir ko'rsatishi bilan birga transchegaraviy daryolardan biri bo'lgan Dunay daryosi suvlarining ifloslanishiga olib keldi. Mazkur holatdan Tojikiston hukumati ham tegishli xulosa chiqarib olsa o'zi uchun foydadan xoli bo'lmas edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |