1.Mintaqalarni tartibga solishning maqsadi va vositalari.
O’tgan asrning 70-yillarigacha «iqtisodiy rivojlanish» deyilganda mamlakatning ishlab chiqarishni aholi o’sish sur’atlaridan yuqoriroq sur’atlarda oshirish qobiliyati tushunilar, rivojlanish jarayonining miqdoriy o’lchovi sifatida «iqtisodiy rivojlanish darajasi» tushunchasi xizmat qilar, u mamlakat milliy daromadini uning aholisi soniga bo’lish orqali aniqlanar edi.
Ko’rinib turibdiki, iqtisodiy o’sish sur’atlari iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishning asosi hisoblanadi. Demak, milliy daromadining o’sish sur’atlari qanchalik yuqori bo’lsa, aholisining o’sish sur’atlariga nisabatan tezroq ortgan mamlakatda iqtisodiy rivojlanish darajasi shunchalik osha boradi.
Tahlillar ko’rsatadiki, rivojlanayotgan mamlakatlarning ko’pchiligi yuqori o’sish sur’atlariga erishgan bo’lsa-da, bu boradagi ko’rsatkichlarni uzoq vaqt saqlab qola olishmagan. Chunki ularda iqtisodiy o’sish ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga olib kelmagan.
Shuning uchun ham o’tgan asrning 70-yillariga kelib, «iqtisodiy rivojlanish» tushunchasi sifat jihatidan boyitilib, milliy iqtisodiyot tuzilmasi, qazib oluvchi va qayta ishlovshi tarmoqlar nisbati, eksport tarkibi, mamlakat aholisining ma’lumot darajasi, ehtiyojlari tarkibi va boshqalar bilan ifodalana boshladi. Keyinchalik esa iqtisodiy tadqiqotlar chuqurlashuvi bilan rivojlanishga ijtimoiy va siyosiy omillar sezilarli ravishda ta’sir ko’rsatuvchi ko’p qirrali jarayon sifatida qaraldi.
«Iqtisodiy rivojlanish» tushunchasi o’tgan asrning oxirgi choragida mazmunan chuqurlashdi. Bunga fan-texnika inqilobi va uning ta’sirida ishchi kuchi sifatiga qo’yiladigan talablar oshishi sabab bo’ladi. «Inson kapitali» qo’yilmalari samarali iqtisodiy o’sishni ta’minlovchi ob’ektiv zarurat sifatida tan olindi.
Jahon bankining ma’ruzasida (1991y.) iqtisodiy rivojlanishga inson taraqqiyotiga qaratilgan jarayon sifatida qaraldi. Unda ta’kidlanishicha, «taraqqiyotning maqsadi – hayot sifatini yaxshilash hisoblanadi. Hayot sifatining yaxshilanishi, xususan, kambag’al mamlakatlarda, eng avvalo, daromadlar ko’payishi va faqat bugina emas, balki, yaxshiroq ta’lim olish, ovqatlanish va sog’liqni saqlash imkoniyatlari tengligini, shaxsiy erkinlikni kengaytirish va boy madaniy hayotni ko’zda tutadi».
Yuqoridagi ta’rifda shu narsaga e’tibor berish kerakki, hayot sifatining yaxshilanishi birinchi navbatda barcha aholi daromadlarining o’sishiga – mamlakatda aholi jon boshiga to’g’ri keladigan o’rtacha pul daromadlarining o’sishiga bog’liq qilib qo’yiladi.
Endi esa «iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish» tushunchasini ko’rib chiqaylik. Ushbu tushunchaning muayyan ta’riflari mavjud. Masalan, V.I. Kuchkin tahriri ostidagi chiqqan darslikda ifodalanishicha, «iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish – vakolatli davlat organlari, tashkilotlari tomonidan ma’lum bir ijtimoiy-iqtisodiy vazifalar, maqsadlarga erishishga qaratilgan qonunchilik va nazorat xarakteridagi chora-tadbirlar tizimini qo’llash hisoblanadi».
A.S. Bulatov tahriri ostidagi darslikda esa ushbu tushuncha quyidagicha ta’riflangan: «iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish – bu, davlatning, jamiyatning xo’jalik hayotiga va u bilan bog’liq bo’lgan ijtimoiy jarayonlarga ta’sir etish jarayoni bo’lib, uning natijasida ma’lum bir doktrinaga asoslangan davlatning iqtisodiy va ijtimoiy siyosati amalga oshiriladi».
Biz ikkinchi ta’rifni ma’qul ko’ramiz, chunki u respublikamiz sharoitiga mos.
Endi esa, «hududlarning iqtisodiy rivojlanishini davlat tomonidan tartibga solish» tushunchasiga ta’rif berib ko’raylik va uning o’zi nimani anglatishini aniqlaylik. Ta’rif berishdan oldin ushbu tushunchaning zarurati nimada ekanligini ko’rib chiqamiz.
Jahon tajribasi ko’rsatmoqdaki, iqtisodiyotni davlat tomonidan samarali boshqarishga mahalliy xususiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar mahalliy hokimiyat organlari va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari tomonidan hal etilgandagina erishiladi. Bunda respublika hokimiyat organlari e’tibori umummilliy xususiyatdagi qarorlarni qabul qilish, iqtisodiyot rivojlanishining istiqbolli yo’nalishlarini aniqlash va shu asosida faoliyat ko’rsatish, qonunni himoya qilish va himoyalash kabi ishlarga qaratilgan bo’ladi.
Shunday qilib, hududlarning iqtisodiy rivojlanishini tartibga solish zarurati ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni (bandlik, ijtimoiy himoya, kichik va o’rta biznesni rivojlantirish va boshqalar) o’zlariga biriktirilgan daromadlar manbalari hisobiga hal etishda ko’proq erkinlik va vakolatlar berilganda yuzaga keladi.
Demak, hududlarning iqtisodiy rivojlanishini davlat tomonidan tartibga solish-respublika xokimiyat organlari tomonidan hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga hamda bu rivojlanish bilan bog’liq ijtimoiy jarayonlarga ta’sir etish vositasi bo’lib, uning natijasida hududiy siyosat ro’yobga chiqadi.
«Hududiy siyosat» atamasi keng tarqalgan bo’lsa-da hali uning yagona ta’rifi mavjud emas. Bu o’rinda undan «hududlarning iqtisodiy rivojlanishini davlat tomonidan tartibga solish» atamasiga sinonim sifatida foydalanamiz, chunki xuddi Shunday mazmun G’arb adabiyotlarida «hududiy siyosat» atamasiga beriladi.
Turli mualliflar «hududiy siyosat»ga turlicha ta’rif berishadi. M.V.Stepanov tahriri ostidagi o’quv qo’llanmada aytilishicha, «hududiy siyosat – davlat iqtisodiy siyosatining muhim tarkibiy qismi. U o’z ishiga ham markaziy (respublika), ham mahalliy hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladigan hamda ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish jarayonlarini tartibga solishga qaratilgan turli hil qonunchilik, ma’muriy va iqtisodiy tadbirlar majmuasini oladi». «Biznesning katta izohli lug’ati»da (Solins) esa, «hududiy siyosat – bu, mamlakatning turli xil jo’g’rofiy rayonlari o’rtasida sanoat faoliyatining, bandlik va farovonlikning muvozanatlashgan taqsimotini o’rnatish bilan shug’ullanuvchi siyosat» deyilgan.
Xullas, «Hududiy siyosat»ning ta’riflari ko’p. Ularni umumlashtirgan holda aytish mumkinki, hududiy siyosat markaziy (respublika) hokimiyat organlarining hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga har tomonlama ta’sir ko’rsatish maqsadidagi xatti-harakatidir. Hududiy siyosatning bosh maqsadi – ijtimoiy ziddiyatlar yuzaga kelishiga zamin yaratuvchi, mamlakat yoki uning hududlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga to’sqinlik qiluvchi tengsizliklarni mumkin qadar kamaytirishdan iborat.
Davlat hududiy siyosatining asosiy maqsadlariga quyidagilar kiradi:
mamlakatda hududiy siyosatning iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy va tashkiliy asoslarini yaratish;
hududlarning iqtisodiy imkoniyatlaridan qa’tiy nazar, yagona minimal ijtimoiy standartlarni va teng ijtimoiy himoyani ta’minlash, fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini kafolatlash;
hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni tenglashtirish;
atrof-muhit ifloslanishini to’xtatish hamda uning ifloslanishi oqibatlarini yo’qotish, hududlarni kompleks ekologik himoya qilish;
o’ta muhim strategik ahamiyatga ega hududlarni ustuvor rivojlantirish;
hududlarning tabiiy - iqlim xususiyatlaridan to’liq foydalanish;
o’zini-o’zi boshqarish kafolatlanishini ta’minlash.
Yuqoridagi maqsadlardan kelib chiqqan holda hududiy siyosatning vazifalari quyidagilardan iborat:
-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga, mintaqalarda ko’p ukladli iqtisodiyotni, shu jumladan, kichik tadbirkorlikni shakllantirishga, tovar, mehnat va kapitalning umumdavlat va hududiy bozorlari hamda institutsional va bozor infratuzilmasi shakllanishiga ko’maklashish;
-hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayonidaga juda ham katta farqlarni kamaytirish, ularda aholi farovonligini oshirishning o’z iqtisodiy bazalarini mustahkamlovchi sharoitlarni bosqichma - bosqich yaratish;
-hududlar iqtisodiy tuzilmasining iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan o’zini oqlaydigan darajasiga erishish, bozor sharoitida ularning raqobatbardoshligini oshirish;
-hududlararo infratuzilmaviy tizimlarni (transport, aloqa axborot va boshqalar) rivojlantirish;
-ekologik va favqulodda holatlarga uchragan, ishsizlik darajasi yuqori bo’lgan, demografik va migratsion muammolar mavjud hududlarga davlat tomonidan yordam ko’rsatish.
Endi esa hududiy siyosat vositalarini ko’rib chiqamiz. Siyosatni amalga oshirish vositalari sifatida mikro va makro darajada qo’llaniladigan turli xil bevosita va bilvosita, ma’muriy-huquqiy va iqtisodiy regulyatorlar (instrumentlar) xizmat qiladi. Hududiy siyosatni amalga oshirish vositalari quyidagi shakllarda bo’lishi mumkin:
1.Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni prognoz qilish.
2.Hududlar iqtisodiyoti va ijtimoiy soha ob’ektlarini rivojlantirishda davlatning to’g’ridan - to’g’ri ishtiroki.
3.Davlat buyurtmalarini joylashtirish.
4.Mahalliy xokimiyat imkoniyatlari chegaralangan faoliyat sohalarida xudularga tashkiliy, huquqiy va axborot ko’magini ko’rsatish.
5.Iqtisodiy mexanizm va regulyatorlarni qo’llash.
6.Erkin iqtisodiy hududlarni tashkil qilish.
Prognoz qilish – hududiy taraqqiyot strategiyasini ilmiy asoslash va hududiy siyosatni ishlab chiqishning muhim tarkibiy qismi, prognozlarni ishlab chiqishdan asosiy maqsad – yuz berayotgan va kutilayotgan jarayonlarning rivojlanishini, hududiy siyosat va uni amalga oshirish vositalarining variantlari, u yoki bu boshqaruv qarorlarining oqibatlarini baholash.
Mintaqaviy siyosatni amalga oshirish shakllaridan biri davlatning mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha maqsadli dasturlari hisoblanadi. Ularga hozir ham, kelajakda ham alohida e’tibor berish kerak.
Hududiy iqtisodiyoti va ijtimoiy soha ob’ektlarini rivojlantirishda davlatning to’g’ridan-to’g’ri ishtiroki manzilli tartibga solish yo’llaridan biri sifatida namoyon bo’ladi. Bunga misol tariqasida mamlakatda investitsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni keltirish mumkin.
Hududiy rivojlanishni davlat tomonidan tartibga solishning asosiy iqtisodiy mexanizimi byudjet tizimi hisoblanadi. Byudjetlar qonuniy aktlar asosida qabul qilinadi va ishlatiladi.
Hududiy rivojlanishning makroiqtisodiy regulyatorlari davlatning soliq, kredit, investitsion, narx, ijtimoiy va boshqa siyosatning hududlar bo’yicha differentsiatsiyalashgan parametrlari sifatida namoyon bo’ladi.
Shunday qilib, hududlarning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishini davlat tomonidan tartibga solish davlat iqtisodiy siyosatining muhim tarkibiy qismidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |