Klinikasi: shikastlanish shokining kechishi ikki bosqichda o‘tadi:
erektil (qo‘zg‘alish) bosqichi shikastlangan zahoti rivojlanadi. Bunda asab tizimining qo‘zg‘alishi tufayli bemorda harakat kuchaygan es-hushi saqlangan, faqat og‘riqdan shikoyat qiladi. Teri shilliq qavatlari oqargan, sovuq ter bilan qoplangan, puls tezlashgan, arterial bosim normada yoki qisman ko‘tarilgan, nafas olishi tezlashgan. Bemor bezovta harakatchan. Agar zararli omillar ta’siri davom etaversa, ikkinchi bosqichga o‘tadi;
torpid (tormozlanish) bu bosqichda asab, yurak, o‘pka, jigar, buyraklar faoliyati pasayib ketadi. Qonda yig‘iladigan zaharli moddalar tomirlar va kapillarlarni falajlaydi. Bemorning ahvoli keskin og‘irlashadi. Es-hushi saqlangan bo‘lsa-da, ruhiyati qorong‘ilashgan (depressiya) teri oqargan, sovuq yopishqoq ter bilan qoplangan. Puls ipsimon tez, arterial bosim tushgan, a’zolarga qon kelishi kamaygan. Kislorod tanqisligi kuchayadi, bu esa, hujayralarning juda tez halok bo‘lishiga olib keladi. Nafas olish pasaygan, tez yurak tonlari bo‘g‘iq. Buyrak funksiyasi buzilib, anuriya rivojlanadi. Shuning uchun ham shok holatida reanimatsiya intensiv davo tadbirlarini barvaqt va zudlik bilan o‘tkazish kerak.
Shokning klinik kechishi torpid bosqichining og‘irligiga ko‘ra uch darajaga bo‘linadi:
Yengil daraja — umumiy ahvoli qoniqarli, es-hushi saqlangan, puls 90—100 marta, arterial bosim 100—90 mm simob ustuniga teng.
2.O‘rtacha og‘irlikdagi daraja — bemorning es-hushi qorong‘i- lashgan, puls bir daqiqada 110—130 marta, nafas olishi tez, 26 marta yuzaki. Teri oqargan, sovuq ter bosgan, reflekslar so‘na boshlagan.
Og‘ir daraja — bemorning ahvoli og‘ir, esi kirarli-chiqarli, atrofga befarq qaraydi. Terisi yopishqoq ter bilan qoplangan, lablar,
129
burun, barmoq uchlari ko‘kimtir tusda. Puls ipsimon bir daqiqada 140—160 marta uradi, arterial bosim 60 mm simob ustuniga tushib ketgan. Nafas yuzaki, tez va siyrak bo‘ladi. Bemor tagini beixtiyor bulg‘ab qo‘yishi mumkin.
Shok holatida bo‘lgan bemorlarga birinchi yordam ko‘rsatish
Shokning yengil darajasida yetarlicha yordam ko‘rsatilmasa, albatta, og‘ir darajaga o‘tishi va shokning qaytmas o‘zgarishlariga olib kelishi mumkin. Shikastlanganda, fojia ro‘y berganda yoki statsionargacha bo‘lgan paytda birinchi yordam ko‘rsatish qanchalik to‘liq bo‘lishi bemor hayoti va uning taqdiriga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etadi.
Davolash: shokni davolash kompleksi uning patogenezini nazarda tutgan holda o‘tkazilishi kerak.
Shokda birinchi yordam ko‘rsatish, uning keltirib chiqargan sabablarini bartaraf etishga qaratilgan:
Nafas yo‘llarini tozalash va o‘tkazuvchanligini tiklash, intubatsiya va o‘pkani sun’iy ventilatsiya qilish.
Tashqi qon oqishni to‘xtatish, jarohatni bog‘lab qo‘yish.
Og‘riqsizlantirish.
Immobilizatsiya.
Venaga qon va plazma o‘rnini bosuvchi suyuqliklar yuborish va gemoglobin miqdorini kuzatib borish.
Bemorni shikastlangan joydan ehtiyotlik bilan olib chiqish va tezlik bilan shifoxonaga yotqizish.
Shikastlanish shokida reanimatsiya tadbirlari hayotiy zarur a’zolar funksiyasi buzilishining oldini olishga qaratiladi. Shokni davolash markaziy asab sistemasining funksiyasini normal- lashtirish, og‘riqqa qarshi kurashish, sirkulatsiyadagi qon hajmini to‘ldirish, tomirlar tonusini ko‘tarish, gaz almashinuvi, buyrak, jigar funksiyalarini va boshqa holatlarni normallashtirish kabi maqsadlarni nazarda tutgan holda bajariladi. Shikastlanganda og‘riq sindromlarini yo‘qotish va pasaytirish kerak. Bu maqsadda novakain eritmasi bilan singan suyaklar infiltratsiyasi, g‘ilofli, qovurg‘alararo anesteziya qilish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, bemorga mavjud og‘riq qoldiruvchi, uxlatuvchi yoki tinchlantiruvchi preparatlardan: analgin, amidopirin, barbamil, diazepam, trioksazin kabilarni berish mumkin.
130
Markaziy asab sistemasi tomonidan ro‘y bergan buzilishlarni yo‘qotishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish va analgetiklar — morfin, omnopon, promedol yuborish va azot (I) oksid bilan narkoz berish yo‘li bilan og‘riqqa qarshi birmuncha samarali kurashish mumkin. Morfin nafas markazini susaytiruvchi ta’sirga ega bo‘lgani uchun uni bo‘shliq shikastlarida va shokning uch bosqichida, terminal bosqichda va terminal holatda ishlatmagan ma’qul. Yo‘qotilgan qon o‘rnini, bosadigan suyuqliklar (poliglukin, gemodez, jelatinol) yuborish, qon, glukoza eritmalari va fiziologik eritma quyish bilan to‘ldiriladi.
Og‘riqsizlantirish uchun azot oksidi bilan yengil narkoz berish ham yaxshi natija beradi. Kalla, ko‘krak shikastlarida blokadalar qilingandan keyin ular 5—6 daqiqa o‘tgach, ta’sir qiladi va 5—6 soatgacha davom etadi. Shundan keyin bemorga transport immobilizatsiyasi qilinadi, ya’ni shikastlangan sohalar Kramer va Diterixs shinalari bilan mahkamlanadi.
Shokda hamma bilishi zarur bo‘lgan (tibbiyot xodimi bo‘lmasa ham) birinchi yordam ko‘rsatish quyidagilardan iborat:
Odamning boshini oyog‘idan sal pastroq qilib yotqizing (rasmga qarang).
Qon oqayotgan bo‘lsa, uni to‘xtating.
Agar kasal sovqotayotgan bo‘lsa, uning ustiga ko‘rpa tashlab qo‘ying.
Agar uning hushi joyida bo‘lsa va icha olsa, unga kichik ho‘plamlarda suv va boshqa suyuqliklar bering. Agar u suvsizlanganga o‘xshasa, ko‘plab suyuqlik va suvni tiklovchi ichimliklar ichiring.
Agar birorta shikastlangan joyi bo‘lsa, uni davolash chorasini ko‘ring.
Bemorning ruhiyatini ko‘taring va xotirjam qiling.
Agar kasal hushsiz bo‘lsa:
Uning boshini sal yonboshlatib, pastroq qilib bir tomonga egiltirib yotqizing. Agar u bo‘g‘ilayotgandek bo‘lsa, tilini barmog‘ingiz bilan oldinga torting.
Agar qayt qilgan bo‘lsa, shu zahoti og‘zini tozalab qo‘ying. U qayt qilsa o‘pkasiga ketmaydigan qilib boshini pastroq orqaga egiltirib va yonboshlatib yotqizib qo‘ying.
U hushiga kelgunga qadar og‘ziga hech narsa bermang.
131
Yon atrofingizdagi biror kishi yoki o‘zingiz 0,9 % li NaCl eritmasi, 5 % li glukoza eritmasini tezda vena ichiga yuboring.
Tezda tibbiy yordamga murojaat qiling.
Shokni davolashdan, uning oldini olish osonligini unutmaslik kerak. Shunga ko‘ra, shikastlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish uchun shok profilaktikasining quyidagi besh tamoyilini bajarish kerak bo‘ladi:
Og‘riqni kamaytirish;
Suyuqliklar yuborish;
Isitish;
Shikastlangan kishiga tinch osoyishta sharoit yaratish;
Uni davolash muassasasiga avaylab transportirovka qilish zarur.
NAZORAT SAVOLLARI
Shok qanday holat?
Shokning qanday turlari bor?
Shokning sabablari, belgilari, asoratlarini bayon eting.
Shikastlanish shoki va kuyish shokining o‘xshashligi va asosiy farqi nimada?
Umumiy shok holatida qanday fazalar va bosqichlar farqlanadi?
Shok holatida bo‘lgan bemorlarga birinchi yordam ko‘rsatishda nimaga e’tibor beriladi?
Shok holatida bo‘lgan shikastlanganlarni transportirovka qilishning o‘ziga xos xususiyatlari nimada?
Do'stlaringiz bilan baham: |