Silga qarshi II guruh vositalari (Sintetik vositalar) Etambutol (diambutol, miambutol) yuqori darajada silga qarshi faollikka ega. Eksperimental tadqiqotlar natijasiga ko‘ra enteral qo‘llaganda etambutolning faolligi izoniazidnikiga teng. Boshqa mikroorganizmlarga ta'sir etmaydi. Etambutolning ta'sir mexanizmi hujayra qobig‘inining sintezini susaytirish bilan bog‘liq deb hisoblashadi. Mikobakteriyalarning etambutolga chidamliligi nisbatan sekin rivojlanadi.
MITdan dori vosita to‘liq bo‘lmasada (tahminan ¾ qismi) bakteriostatik ta'sir etish uchun yetarli miqdorda so‘riladi.
Asosan buyrak orqali 1 sutka davomida ajraladi. Peshobda o‘zgarmagan etambutol va uning metabolitlari aniqlanadi. Ularning kamroq qismi ichak orqali ajraladi.
Etambutolni silning har-xil shakllarida, odatda boshqa dori vositalar bilan birgalikda (masalan, rifampitsin + etambutol + izoniazid; rifampitsin+etambutol; izoniazid+etambutol) qo‘llaniladi.
Etambutolning noxush ta'sirlari sifatida ko‘rishning buzilishi eng xos hisoblanadi (Shu jumladan, rang ajratish, ayniqsa, yashil va qizil ranglarni). Agar ko‘z nervining yallig‘lanishi boshlansa bu asorat og‘ir kechadi. Ko‘rishning buzilishlari odatda etambutol bilan davolash boshlangandan 2-6 oydan keyin yuzaga chiqadi va dori vositaning dozasiga bog‘liq. O‘z vaqtida dori vositani qabul qilish to‘xtatilsa ko‘rish asta-sekin tiklanadi. Etambutol bilan davolashda ana Shunday asorat yuzaga chiqish ehtimoli mavjudligidan ko‘zning funksiyasini muntazam nazorat qilib turish lozim. Etambutol ta'sirida allergik reaksiyalar kamdan-kam bo‘ladi.
Etionamid (tionid, trekator)ning ta'sir spektri sil mikobakteriyasi va moxov qo‘zg‘atuvchisi bilan cheklangan. Unga sil mikobakteriyasi tez ko‘nikish (chidamlilik) orttirganligidan uni har doim boshqa dori vositalar bilan qo‘shib ishlatiladi.
MIT dan yaxshi so‘riladi. Etionamid GEB dan yaxshi o‘tadi. Jigarda tez parchalanib faolsizlanadi va peshob tarkibida asosan metabolitlar tarzida ajraladi. Dori vosita ichishga va rektal kiritishga tavsiya etiladi. Tomirga kiritish uchun etionamid gidroxloridini qo‘llashadi.
Etionamid tez-tez noxush ta'sirotlar rivojlantiradi. Mahalliy ta'sirlantiruvchi xossasi unda juda kuchli. Shu sababli ichilganda, tahminan 50% bemorlarda, dispepsiya (ba'zan og‘ir kechadi) rivojlanadi. Ularni kamaytirish uchun nikotinamid beriladi. Shu bilan bir qatorda allergik reaksiyalar ham uchraydi. Ba'zida gepatit, ortostatik kollaps, periferik va markaziy nerv sistemasida buzilishlar va boshqa noxush ta'sirotlar rivojlanadi.
Pirazinamid(treventiks) etionamidga o‘xshash dori vosita. U kam zaharroq ekanligi xaqida ma'lumotlar mavjud. Pirazinamid tuberkulostatik (sil qo‘zg‘aiuvchini rivojlanishini to‘xtatish) faolligi bo‘yicha PASKdan ustun bo‘lsa ham, izoniazid, rifampitsin va streptomitsindan kuchsizroq. Boshqa mikroorganizmlarga ta'sir etmaydi. Faqat pirazinamidni o‘zini qo‘llaganda sil mikobakteriyalarining unga chidamliligi tez rivojlanadi.
MITdan yaxshi so‘riladi. Gematoensefalik barerdan o‘tadi. Pirazinamidning asosiy mqdori va uning metabolitlari buyrak orqali ajraladi. Boshqa dori vositalar bilan birgalikda qo‘llaniladi. Pirazinamidni kuniga 3-4 martadan enteral qo‘llashga (ichishga) beriladi. Noxush ta'sirotlardan eng jiddiysi gepatotoksikligidir. Shu sababli pirazinamidni qo‘llaganda jigar funksiyasini muntazam nazorat qilish darkor. Jigar funksiyasining buzilishi dori vositani qo‘llashni to‘xtatishga asos bo‘ladi. Ko‘pgina bemorlarda dispeptik o‘zgarishlar ham kuzatiladi. Pirazinamid ta'sirida organizmda peshob kislotasini to‘planib qolishi podagra xastaligi xurujlarini rivojlanishiga olib keladi. Allergik reaksiyalar rvojlanishi mumkin (istmalash, dermatitlar, eozinofiliya va boshqalar)