Anoreksigen vositalar
Bu guruh vositalari(an – bartaraf etish, orexis - ishtaha) asosan alimentar semizlikda qo‘llaniladi. Semizlik ko‘pgina xastaliklar – patologiyalarni kechishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki unda modda almashinuvi va yurak tomir sistemasi buziladi. Semizlikni bartaraf etishning eng samarador usuli bu ovqat iste’mol qilishni cheklashdir. Lekin buni amalga oshirishga ochlik hissi to‘g‘onoq bo‘ladi. Ana o‘sha og‘ir kechuvchi ochlik hissini bartaraf etish uchun anoreksigen vositalar qo‘llaniladi.
Fenamin – markaziy va periferik adrenomimetik xossasiga ega bo‘lganligidan, to‘qlik markazini qo‘zg‘atib ochlik hissini susaytiradi. Lekin fenamin kuchli psixostimulyator bo‘lganligi sababli uyqusizlik, bezovtalanish, taxikardiya va qon bosimini oshiradi. Bu bilan bir qatorda unga tobelik rivojlanadi, chunki eyforiya chaqiradi. Shu sababdan bu dorini anoreksigen vosita sifatida qo‘llash mumkin emas. Lekin fenaminning unumlari sintezlangan bo‘lib, ular ko‘proq tanlab anoreksigen ta’sir ko‘rsatadilar.
Fepranon – fenaminga nisbatan MNSga kuchsizroq ta’sir ko‘rsatadi (qo‘zg‘atadi). Periferik adrenergik strukturalarga kamroq ta’sir etadi.
Qo‘llanilishi: alimentar semirish, adepozogenital distrofiya, gipoterioz va boshqa turdagi semizliklarda. Fepranon bilan davolash quvvati past bo‘lgan parxez va ochlik kunlarini o‘tkazish bilan birgalikda olib boriladi. Bemorlar fepranonni yaxshi qabul qiladilar. Davolash 1,5-2 oy davom etadi.
Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar: yuqori darajadagi xafaqon xastaligi (GB), kuchli darajada miya va koronar qon aylanishining buzilishi, miokard infarkti, tireotoksikoz, glaukoma, gipofiz va buyrak usti bezining xavfli o‘smalari, qandli diabet, psixozlar, tutqanoq xastaligi, uyquning buzilishlari. Fepranonni MAO ingibitrollari nialamid bilan birga qo‘llash mumkin emas.
Dezopimon – fepranonga o‘xshash. Anoreksigen ta’siri MNS ni kuchli qo‘zg‘atmay yuzaga chiqadi, qon bosimini kuchsiz darajada oshiradi.
Ko‘rsatmalar: fepranonnikiga o‘xshaydi.
Mazindol – fenamin kabi MNSni qo‘zg‘atadi. Undan 5-10 marta kuchli.
Ta’sir mexanizmi: adrenalin va noradrenalinni presinaptik membranadan ajralishini oshiradi, ularni qayta neyronal shimilishini kamaytiradi. MITdan triglitseridlarni so‘rilishini kamaytiradi, ularni sintezini susaytiradi, xolesterin miqdorini qonda kamaytiradi, o‘rtacha antidepressiv ta’sirga ega. Kam quvvat parxezga rioya qilishni osonlashtiradi.
Noxush ta’siri: uyquni buzilishi, og‘iz qurishi, ko‘ngil aynash, qabziyat, allergik reaksiyalar, asabiylashish.
Fenfluramin – MNSga sedativ ta’sir ko‘rsatishi bilan ajralib turadi. Qon bosimini o‘zgartirmaydi.
Ta’sir mexanizmi: bosh miyada serotonin miqdorini kamaytiradi, chunki uni ajralishini oshiradi, qayta neyronal so‘rilishni kamaytiradi va almashinuvini kuchaytiradi. Bundan tashqari fenfluramin dofamin retseptorlarini susaytiradi. Dori vosita periferik to‘qimalarda glyukozani o‘zlashtirishini oshiradi, triglitseridlarni MITdan so‘rilishini va ularni sintezini pasaytiradi. Lipolizni kuchaytiradi.
Noxush ta’siri: doriga tobelik, uyquchanlik, depressiya, MITning yallig‘lanishi. Katta dozalarda kayf beradi. Ba’zan doriga qaramlik rivojlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |