O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY
UNIVERSITETI
_____________________________________________ FAKULTETI
____________________________________________ YO’NALISHI
_________________________________________________FANIDAN
MUSTAQIL ISH
Mavzu: Ilk o’rta asrlar davrida Choch va Iloq shaharlarining shakllanishi.
Bajardi: ____________________
Qabul qildi: _________________
Toshkent – 2020
Mavzu: Ilk o’rta asrlar davrida Choch va Iloq shaharlarining shakllanishi.
Reja:
Qadimgi Choch – Iloq tarixidan
Choch va Iloq shaharlarining ijtimoiy-siyosiy ahvoli
Iloq tarixiy viloyat
Ilk o‘rta asrlardagi Choch taraqqiyotiga So‘g‘dning ta’siri
Choch va Iloq shaharlarida hunarmandchilikning rivojlanishi
Foydalanilgan adabiyotlar
Qadimgi Choch – Iloq tarixidan
Qadimgi Turonning ikkinchi yirik suv manbai hisoblangan Sirdaryoning o‘rta havzasida shakllangan Choch – qadimda O‘rta Osiyoning shimoli-sharqiy hududlaridagi yirik mulklardan biri bo‘lgan. Chirchiq va Ohangaron vohasidagi unumdor yerlarni o‘z ichiga olgan Toshkent vohasi uning markazi edi. Bu voha uch tomondan, shimoli-g‘arb, sharq va janub tomondan G‘arbiy Tyanshan, Chotqol va Qurama tog‘lari bilan o‘ralgan. Chochning tog‘lari turli qimmatbaho ma’danlarga boy bo‘lishi bilan birga chorvachilikning rivoji uchun ham qulay edi.
Geografik jihatdan Choch Markaziy Osiyo xalqlarining savdo-iqtisodiy va madaniy-etnik chorrahasidagi qulay joyda joylashgan bo‘lib, bu hudud ziroatkor ellatlar va ko‘chmanchi qabilalar yashaydigan dashtlari yaqinidagi faol aloqalar zonasi edi. Ikkinchi tomondan, Chotqol, Qurama va Qoramozor tog‘laridan qazib olinadigan ma’danlarning, avvalo, qimmatbaho toshlarning ko‘pligi ham vohaga xos xususiyat edi. Chunonchi, oltin, kumush va feruza Chochning Sharq va Yevropa mamlakatlariga chiqazadigan asosiy xom ashyosi hisoblangan.
Choch-Iloq vohasining qadimgi tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu yerda dastlabki ziroatkorlar taxminan bundan uch ming yil ilgari paydo bo‘ladi. Mil. avv. IX-VII asrlarda hozirgi Tuyabo‘g‘iz suv ombori o‘rnida ilk dehqonlarning manzilgohlari mavjud edi. Ularning moddiy madaniyati Burgulik (Burkanlik) soy bo‘yidan ilk marotaba aniqlanib, shu nom ostidagi madaniyat sifatida fanga kiritilgan.
Ilk yozma manbalar Sirdaryo-Yaksart havzasini dehqonchilik aholisi va ko‘chmanchilar o‘rtasidagi chegara sifatida izohlaydi. Strabonning ma’lumot berishicha, Yaksart sug‘diylar va ko‘chmanchilarni ajratib turadi. Dionisiy Periget esa Sug‘diyona ortida Yaksart oqimi bo‘ylab saklar joylashganligi haqida yozadi.
Mil. avv. I mingyillik Toshkent vohasidagi ko‘chmanchi aholi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lsak-da, Ohangaron va Chirchiq vohalarida Burgulik madaniyati misolida o‘troqlashgan chorvadorlar maskanlari kuzatiladi. Bu madaniyatga oid turarjoylar yerto‘la va yarim yerto‘lalardan iborat bo‘lsa, moddiy madaniyat buyumlari qo‘lda ishlangan sopol idishlar, bronza mehnat qurollari, jangovar qurollar va taqinchoqlardan iborat. Ularning moddiy madaniyati g‘arbda Sirdaryoning chap qirg‘og‘i, sharqda Yettisuv, Oltoy va Sibirgacha bo‘lgan hududlardagi madaniyat bilan o‘xshashlik topadi.
Burgulik madaniyatining so‘nggi bosqichida Toshkent vohasining janubi-g‘arbidagi yarim yerto‘lalar o‘rnida mustahkam qal’a va qal’a devorlariga ega bo‘lgan shahar qad ko‘taradi. Ushbu ko‘hna shaharning devorlari va minoralari kvadrat shaklidagi g‘ishtlar va paxsalardan bunyod etiladi. Ko‘hna shaharning rejaviy tuzilishi, mudofaa inshootlari uslublari va bu qatlamdan topilgan sopol buyumlar qadimgi dehqonchilik madaniyatining G‘arb antik me’morchilik an’analarini eslatadi. Bundan xulosa chiqargan Yu.F. Buryakov, ushbu ko‘hna shaharni manbalarda eslatilgan va mil. avv. IV-III asrlar qal’asi Yaksart orti Antioxiyasi bilan bog‘laydi.
Yuqorida eslatganimizdek, antik davr mualliflari Yaksart-Sirdaryoni sug‘diylar va saklar o‘rtasidagi chegara sifatida tasvirlab, o‘troq sug‘diylardan farq qilgan holda, saklarning ko‘chmanchi turmush tarzida hayot kechirganligini ta’kidlaydilar. Arxeologik ma’lumotlar natijalariga ko‘ra, ko‘chmanchi saklar o‘troqlashib, Burgulik madaniyatiga asos soladilar. Ammo, mil. avv. III asrga kelib, bu madaniyat qishloqlari bo‘shab qoladi. Chunki aynan mana shu davrda Yevroosiyo dashtlaridagi xalqlarning katta ko‘chishlari (migratsiya) bo‘lib o‘tadi va bu migratsiya jarayonlari O‘rta Osiyo hududlariga yangi qabilalarning kirib kelishiga sabab bo‘ladi.
Yozma manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, Sirdaryo-Yaksartning yuqori oqimi bo‘ylab Toshkent vohasiga qadimgi dunyoning kuchli uyushmalaridan biri bo‘lgan dahlar konfederatsiyasiga kiruvchi qabilalar guruhi kirib keladi. Bu konfederatsiyaga kiruvchi ayrim qabilalar Sirdaryoning quyi oqimlarida, Qadimgi Xorazm sivilizatsiyasi ta’sirida bo‘lmagani bois, mil. avv. IV-II asrlardayoq ular shahar madaniyatidan xabardor edilar. Tadqiqotchilarning fikricha, Toshkent vohasiga kirib kelgan ko‘chmanchilar to‘lqini Burgulik madaniyati qishloqlariga chek qo‘yadi. Shu bilan birgalikda, bu hududlarda ko‘p sonli aholining o‘z madaniyati, dehqon-chorvachilik ko‘rinishidagi an’analari asosidagi o‘troqlashuv jarayonlari bo‘lib o‘tadi.
Bu vohaga ilk shaharsozlikni Sirdaryo-Yaksartning quyi oqimlaridan chiqqan, o‘zlari bilan xom g‘isht va paxsa qurilishi an’analariga ega aholi olib keldi. Nisbatan qadimgi shaharlardan biri Sirdaryo-Yaksartdan 80 km uzoqlikda, uning o‘ng qirg‘og‘ida bunyod etilgan Qanqa shahridir. Ayrim tadqiqotchilar bu ko‘hna shaharni Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida deb hisoblaydilar. Hozirgi Toshkent shahri hududlarida ham mil. avv. II asrga kelib, shahar – manzilgohiga asos solinadi. Toshkent hududidagi halqa devorlar bilan o‘rab olingan Shoshtepa aynan mil. avv. II asrga oiddir.
Xitoy manbalaridan “Katta Xan sulolasi tarixi” ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent vohasi Yuni yoki Yuynichen nomi ostida tilga olinadi. Yosha (Yaksart) daryosi bo‘yidagi bu mulk yarim ko‘chmanchi Qang‘ ittifoqining beshta kichik mulki tarkibida bo‘lgan. Qang‘ tarkibida Yuni ko‘plab mustahkamlangan qishloqlari va shaharlari bo‘lgan urbanizatsiyalashgan mulklardan biri hisoblangan.
Toshkent vohasining Qang‘ tarkibida bo‘lishi ichki iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga turtki bo‘lgan bo‘lsa, uning karvon savdo yo‘llari tutashgan joyda joylashganligi urbanizatsiya jarayonlarining rivoji uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu yo‘l Xitoy va Sharqiy Turkistondan O‘rta Osiyo vohalari orqali Yaqin Sharq, Kavkaz, Janubiy va Sharqiy Yevropaga olib borgan. Ilk bosqichlarda asosiy trassalar O‘rta Osiyoning janubiy hududlarida shakllangan bo‘lsa-da, ayni vaqtda, o‘sha ilk shakllangan davrdan boshlaboq, savdo yo‘lining tarmoqlaridan biri Sirdaryo orqali o‘tgan. Bu yo‘llar madaniyatlar almashinuvi va iqtisodiy aloqalarda katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu holatni Toshkent vohasidagi urbanizatsiya jarayonlarida ham kuzatishimiz mumkin.
Urbanizatsiyaning ilk bosqichlarida Yuni mulkining nisbatan yirik ilk shaharlari Qanqa, Shohruhiya kabilar bunyod etiladi. Yuni mulkining poytaxti Yuynichen shahrini ayrim tadqiqotchilar hozirgi Toshkent o‘rnida joylashtirsalar, ayrimlari YoshaYaksart vohasidagi Qanqa o‘rnida deb biladilar. Fikrimizcha, ikkinchi taxmin to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Chunki yozma manbalar ham bu davrga oid shu hududlardagi yagona shahar markazi haqida ma’lumotlar beradi. Aynan mil. avv. I asrdan boshlab, bu ko‘hna shahar kengayib boradi va Qovunchi madaniyati davriga kelib, maydoni 150 gektarga yetadi. Qanqa Baqtriya va Sug‘dning shaharlari kabi chunonchi, quyi va o‘rta Sirdaryo havzasidagi eng yirik shaharlardan biri edi.
Ayrim tadqiqotchilar Qanhani Qang‘ hukmdorlarining qishki qarorgohi bo‘lgan deb hisoblaydilar. Xan sulolasi Xitoy solnomalari ma’lumot berishicha, “Qang‘ hukmdori Qanqaga tez-tez tashrif buyurishdan mamnun bo‘lgan”.
Sosoniylar davri manbalarida Toshkent vohasi Choch (Chochiston) nomi bilan tilga olinadi. Bu voha ko‘p qirrali iqtisodiyot va urbanizatsiya jarayonlarining rivoji uchun qulay hudud hisoblangan. Shu bilan birga muhim savdo-iqtisodiy aloqalar va etnik ko‘chishlar chorrahasida joylashgan. Mintaqa tog‘lari turli foydali qazilmalar va ma’danlarga, avvalo, oltin va kumush hamda foydali minerallarga nihoyatda boy edi.
Arxeolog M.I. Filanovich yozma va moddiy ma’lumotlarni qiyosiy o‘rganishi asosida mil. avv. I asr oxirlarida Toshkent o‘rnida shahar mavjud bo‘lganligi haqida xulosa chiqaradi. Uning fikricha, bu davrda shahar Mingo‘rik hududlaridan chiqib, ancha kengayadi. Poytaxt ko‘chishining asosiy sabablaridan biri – Buyuk ipak yo‘li asosiy tarmoqlaridan biri yo‘nalishining shimol tomonga o‘zgarishi hisoblanadi. Xitoy manbalarida hozirgi Toshkent o‘rnidagi shahar Shi nomi bilan tilga olinadi. Manbalardan ma’lumki, bu mulk kelib chiqishi mahalliy qabilalardan bo‘lgan zodagonlar tomonidan boshqarilgan.
Shi dastavval Qang‘ tarkibiga kirgan bo‘lib, III-VI asrning boshlarida bu davlat kichik mulklarga bo‘linib ketgach, Shi-Choch uncha katta bo‘lmagan mustaqil davlatga aylanadi. Ammo, oradan ko‘p o‘tmasdan O‘rta Osiyo hududlarida ulkan davlatga asos solgan eftalitlar tomonidan bosib olinadi.
Choch vohasining qadimgi ajralmas qismi va mulki Ohangaron vodiysidagi Iloq edi. Mustaqil siyosiy uyushma sifatida Iloq ilk o‘rta asrlar, ya’ni VII asrga oid manbalarda eslatiladi. 630 yilda Choch orqali o‘tgan Xitoy missioner-buddaviysi SyuanTSzyanning ma’lumot berishicha, Iloqda “o‘z harbiy guruhlariga ega bo‘lgan zodagonlar vakillari ko‘p, ular o‘zaro urushlar olib boradilar va asosan Turk xoqoniga bo‘ysunadilar”. Aftidan, aynan mana shu davrdan boshlab, Iloqdagi “hukmron dehqon”larning salohiyati iqtisodiy hayotda, birinchi galda, oltin va kumush konlariga safarbar etiladi. Ilk o‘rta asrlar Ohangaron vodiysida tog‘-kon ishlarining jadal rivojlanishi shaharsozlik madaniyatiga ham ta’sir etdi.
Ta’kidlash lozimki, ma’danlar qazib olishning keng ko‘lamda bo‘lishi Arab xalifaligi uchun ham muhim edi. Chunki arablar Movarounnahrni fath qilgach, VIII asrdayoq mulklardan markaziy hokimiyat foydasiga maxsus soliqlar joriy etilgan. Qizig‘i shundaki, ushbu mulklar orasida Choch-Iloq va uning kumush konlari alohida soliq to‘lovchi mulk sifatida ajratilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Choch mulki 180 ming dirham soliq to‘lagan bo‘lsa, uning konlari uch marta ortiqcha, 607 ming dirhamgacha soliq to‘lagan.
Asosiy konlar Ohangaron daryosi havzasida joylashgan bo‘lib, ulardagi qazilmalar Iloq tog‘-kon hunarmandchiligining asosini tashkil etgan.
IX-X asrlarga oid arab geograflarining asarlarida Iloqning Chochdan mustaqil siyosiy viloyat bo‘lganligi nisbatan aniqroq kuzatiladi. Ammo, har ikkala viloyat ushbu manbalarda birgalikda, yagona tarixiy-madaniy va siyosiy uyushma sifatida eslatiladi. Bular orasida X asrning birinchi yarmida yashab o‘tgan yirik arab geograflaridan biri Istaxriyning ma’lumotlari ayniqsa, diqqatga sazovordir. Uning ta’kidlashicha, Movarounnahrda Choch va Iloq viloyatlari mavjud bo‘lib, har ikkala viloyatning hududi 2-3 kunlik yo‘l va “butun Movarounnahrda aholi soniga ko‘ra bu viloyatlarga teng keladigan viloyat yo‘q”. Istaxriy asarining arab tilidagi matnida berilishicha, “bu viloyatlarda qishloqlar, o‘zlashtirilgan yerlar va jome’ masjidlari (arablarda machitlar shaharlarning asosiy belgilari hisoblangan – M.M.) juda ko‘p va ular tekislikda joylashmagan, yaylovlari va chorvalari ham juda ko‘p. Chochda (arabchada – Shosh) va Iloqda darvozalari, devorlari rabotlari va qal’alari bo‘lgan shaharlar ko‘p, kanallar shaharlar ichidan oqib o‘tadi”.
Istaxriy o‘z asarida har ikkala viloyatning umumiy chegaralarini berib, barcha shaharlarni sanab o‘tadi va Turkistonda Shoshdan katta viloyat yo‘qligini ta’kidlaydi. Uning yozishicha, “Shosh va Iloq qo‘shilgan bo‘lib, ular o‘rtasida hech qanday bo‘linish yo‘q. Qurilishlar, bog‘lar, bo‘stonlar Iloqdan to Choch vohasigacha (fors matnida) uzluksiz cho‘zilib boradi. Iloqda oltin va kumush konlari joylashgan”.
Oradan yarim asr o‘tgach, bu mintaqani yaxshi bilgan yana bir arab geografi Abulqosim ibn Havqal Istaxriy ma’lumotlarini deyarli to‘liq takrorlaydi.
Choch va Iloq haqida gapirar ekan Ibn Havqal bu viloyatlarda boy shaharlar ko‘pligini ta’kidlaydi. Choch-Iloqning shahar madaniyati rivoji asosan, tog‘-kon metallurgiyasi ishlab chiqarishi bilan bog‘lanadi. Vohadagi shaharlarning nisbatan to‘liq ro‘yxati va ularning tasnifi, shahar madaniyatining gullab-yashnashi X asr geograflari tomonidan (10 dan 17 tagacha shahar markazlari) eslatiladi.
Tadqiqotchilar tomonidan ayrim shahar markazlari Tunket, Abrlig‘, Namudlig‘, Kuxisim kabilarni o‘rganish bo‘yicha maxsus tadqiqotlar o‘tkazilgan.
Ayrim shaharlar tadqiqotchi mintaqadagi kon markazlari haqida olingan yangi ma’lumotlar natijasida Iloq shaharsozligini yangi asoslarda o‘rganish va uni Choch – Iloq urbanizatsiyasi rivojlanishidagi o‘rnini belgilash imkonini berdi.
Yuqoridagilardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, vohada ilk shaharsozlik Sirdaryoning madaniy zonasida shakllanadi: Bu siyosiy-iqtisodiy hamda etnomadaniy aloqalarda katta ahamiyat kasb etadi. Chirchiq va Ohangaronning o‘rta oqimlarida Choch va Iloqning asosi bo‘lgan shaharsozlik madaniyati jadal rivojlanishida tog‘ sohasi bilan bog‘liq hunarmandchilik va vohadagi ziroatchilik muhim o‘rin tutgan.
Iloq tarixiy viloyat.
Iloq tarixiy viloyat. Toshkent viloyatining jan. qismida. Ohangaron daryosi (13-asr boshlariga qadar I. deb atalgan) havzasida boʻlgan. Qad. dehqonchilik va konchilik mintaqalaridan. Mil. 5-asrdan mustaqil davlat sifatida maʼlum. I. hukmdorlari "Iloq deh-qonlari" unvoni bilan yuritilib, katta iktisodiy va siyosiy mavqega ega boʻlgan. 6—7-asrlarda ZZ/oshga qoʻshilgan. 9—10-asrlarda 17 shahar boʻlgan. Aholisi dehq-onchilik, chorvachilik, keng koʻlamda maʼdan qazish va hunarmandchilik bilan shugʻullangan. I. aholisi jangovarligi va erksevarligi bilan mashhur boʻlgan. I.da davlat zarbxonasi boʻlgan. 10-asr oxirlarida I. Qoraxoniylar davlati tarkibiga kirgan. Moʻgʻullar istilosidan soʻng I. yerlari jaloyirlar kabilasi tasarrufiga oʻtgan. I. nomi 14-asr dan manbalarda uchramaydi. Poytaxti Tunkat sh. boʻlgan.
Iloq zarbxonasi – Iloqda tanga pul zarb qilish uchun Tunkat shahrida qurilgan korxona (8-asr). Iloq konlaridan oltin va kumushning ko‘p qazib chiqarilishi tanga zarb qilinadigan maxsus korxona tashkil qilish zaruratini tug‘dirgan. Iloqda 8–9-asrlarda «Ma’dan ush-Shosh» zarbxonasida ko‘plab kumush dirhamlar zarb etilgan. Tangalarda sof kumushning ko‘pligi sababli Iloq tangalari 9-asrda boshqa mamlakatlarga ham tarqalgan. Arxeologik qazishlarda shimolda Shvetsiya va Norvegiyadan tortib janubda Armanistongacha bo‘lgan hududda Iloq tangalari xazinalari topilgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, 10-asrda Movarounnahrda davlat zarbxonalari faqat Samarqandda va Iloqning poytaxti Tunkatdagina bo‘lgan. Iloq zarbxonasida pullar mahalliy muomalalar uchun misdan, umumdavlat xazinasi uchun qimmatbaho metallardan zarb qilingan. Iloq zarbxonasida chiqarilgan oxirgi tangalar 11-asrning 2-yarmiga oid.
Shosh yoki Choch viloyati ko‘rilayotgan davrda (IX-XIII-asrlar) charm va charmdan qilingan buyumlar ishlab chiqarishi bilan mashhur bo‘lgan. Buni avvalo, uning ko‘chmanchi qabilalar bilan qo‘shni bo‘lganligi taqazo etgan. Shosh chetga ot terisidan ishlangan baland egarlar, o‘qdonlar, chodirlar va chorvador turklar keltiradigan ishlanmagan charmlarni ko‘plab miqdorda chiqargan. Ayniqsa, manbalarda Shoshda tayyorlanadigan kamonlar – “Kamoni Shoshiy” tashqi mamlakatlarda juda mashhur bo‘lgan. Bundan tashqari, Shosh viloyatidan chet mamlakatlarga va qo‘shni viloyatlarga jundan to‘qilgan choponlar, joynamozlar, yelkapo‘shlar, g‘alla, temir ignalar, turklarga yuboriladigan qog‘ozlar va temir qaychilar chiqarilgan.
Arab geograflari Iloq viloyatini Shosh viloyatiga qarashli, ba’zan esa o‘ziga mustaqil deb bilganlar va uni Shosh bilan Farg‘ona o‘rtasida joylashganligini yozadilar. Iloq viloyatiga Ohangaron daryosi vodiysining deyarli barchasi va Chirchiq daryosi chap qirg‘og‘ining bir qismi kirgan. Iloq dehqoni X asrda somoniylar davlatidagi eng quvvatli zodagonlardan biri hisoblangan. X asrda Iloq okrugining kumush, qo‘rg‘oshin konlari Afg‘onistonning mashhur Panjxir konlaridan qolishmas edi, desa bo‘ladi. Bundan tashqari bu yerda tog‘larda gilvata, o‘tga chidamli oq loy (kaolin), achchiqtosh, feruza, ofit (serpantin), ametist kabi qazilma boyliklari ham bo‘lgan.
Toshkent viloyatining Qoramozor mavzesida qadimgi Iloq konlarining qoldiqlari saqlangan. Bu yerdagi Ko‘xi Sim koni o‘sha paytda juda mashhur bo‘lgan. Arxeolog M.Ye.Massonning aytishicha, bu konning qoldiqlarini Konimansur koni yaqinidagi Dalon qishlog‘i o‘rnidan topgan. Kumush-qo‘rg‘oshin rudalari juda ko‘p chiqarilganligi uchun Iloqda Movarounnahrning uchinchi pul zarb qilinadigan zarbxonasi ochilgan edi (biri Samarqandda, ikkinchisi Buxoroda bo‘lgan). “Shosh koni” so‘zlari (Iloq zarbxonasi shunday atalgan) bitilgan eng qadimgi tangalar abbosiylar halifasi Xorun ar-Rashid (786-809 yillar), o‘sha paytdagi Xuroson noibi Ma’mun ibn Xorun ar-Rashid zamonlariga mansubdir. Xorun ar-Rashid nomidan zarb qilingan dirhamlardan birida “Shosh konida 189 hijriy yilda (805 yil) zarb qilindi”, boshqa birida esa – 190 (805-806) yilda, degan so‘zlar bor.
Iloqdagi kumush-qo‘rg‘oshin konlari naqadar katta xo‘jalik ahamiyatiga ega bo‘lganini tushunish uchun o‘sha vaqtlarda kumushni juda ko‘p ishlatgan Sharqiy Yevropada bironta ham kumush-qo‘rg‘oshin koni bo‘lmaganini eslab o‘tish yetarlidir. Sharqiy Yevropada asosan O‘rta Osiyodan, ya’ni somoniylar davlatining turli viloyat va tumanlaridan olib borilgan kumush ishlatilgan, bu kumushning deyarli hammasi juda mashhur bo‘lgan, u somoniylar dirhami shaklida tanga holida yuborilgan.
Koʻhisim (fors. — kumush togʻi) — Iloq davlati hududidagi kumush koni (6—11-asrlar). Ohangaron daryosining oʻng qirgʻogʻida, Lashkarak va Loyak soylari boʻyida, Koʻhisim shahri harobasi yaqinida. 20-asrning 20-yillarida geologlar S. F. Mashkovsev va A. P. Kirikov va 60-yillarda arxeolog Yu. F. Buryakovu yerda tadqiqotlar olib borgan. Arab geograflari — Istaxriy, Ibn Havqal, Qudama va boshqalarning yozishicha, K. oʻrta asrlar sharqida eng yirik kumush konlaridan biri boʻlgan. U yerdan eng koʻp kumush qazib olingan davr 7—9-asrlarga toʻgʻri keladi. "Shosh koni" degan tamgʻa bosilgan tangalar (8-asr) zarbxonasi aynan shu yerda joylashganligi aniqlangan. K.dan kon qazuvchi qullar turar joylari va kon qazishda ishlatiladigan asboblar qoldiqlari topilgan.
Ilk o‘rta asrlardagi Choch taraqqiyotiga So‘g‘dning ta’siri
Tarixiy Choch O‘rta Osiyodagi yirik dehqonchilik vohasi (Chirchiq va Ohangaron daryolari havzasi) va ko‘chmanchi chorvadorlarning hududlari kesishgan o‘ziga xos madaniyatga ega mintaqa hisoblanadi.
Choch haqidagi ilk yozma ma’lumotlar Qang‘ davlati va undan mustaqil davlatlar ajralib chiqishi davriga to‘g‘ri keladi. Choch (c’c) atamasi dastlab II – III asr birinchi yarmiga oid Chimkent yaqinidagi Kultepa shahri xarobasidan topilgan pishgan g‘ishtga so‘g‘diy yozuvda va 262 yilga oid Sosoniy podshosi Shopur I ning «Kabayi Zardusht» bitigida uchraydi. Unda Choch mulki So‘g‘d va Chochiston tog‘lari qadarligi ta’kidlanadi. Uraldagi Kechevo qishlog‘idan topilgan III-IV asrlarga oid idishda ham so‘g‘diy yozuvda “Choch xalqiga tegishli….buyumlardan” deb bitilgan. Yodgorlik esa Chochdan bo‘lgan xioniy hukmdoriga taalluqlidir. Sosoniy hukmdori Xurmuzd IV boshqaruvining 6-yili (584-585 yillar)ga oid kumush drahmalarida, VI-VIII asrlarga mansub Turk xoqonligi davri voha hukmdorlarining turk-so‘g‘d namunasidagi tangalarida hamda Qanha shahri xarobasidan topilgan sopol idishdagi turk runiy bitigida ham Choch atamasi uchraydi.
Choch ilk o‘rta asrlar Xitoy manbalaridan 550-570 yillarda Vey Shou (506-572) tomonidan yozilgan “Vey shu” solnomasining 102-bobida Chjeshe (Chiachiat) davlati sifatida tilga olinadi. Bu ma’lumot VII asrga oid “Bey shi” solnomasida ham takrorlanadi. Ularda keltirilishicha, 437 yilda mustaqil Chochdan Xitoyga elchilar borgan. Boshqa Xitoy manbasi “Tundyane”da Choch davlatining Suy sulolasi (581-618) bilan diplomatik aloqasi tilga olinadi. Qolaversa, So‘g‘d kabi Choch hukmdorlari ham kelib chiqishi yuechjilarga borib taqaluvchi chjaoular xonadoniga mansub bo‘lishgan.
Buyuk ipak yo‘lida Sharqni So‘g‘d bilan bog‘lashda Chochning o‘rni ahamiyatli edi. So‘g‘diylarning Chochga kirib kelish jarayonini miloddan avvalgi VI asrlardan boshlangan va milodiy IX asrgacha to‘rt bosqichda davom etgan: 1) mil. avv. VI asrgacha, ya’ni ilk savdo yo‘llari orqali; 2) mil. avv. IV asrdan mil. III asrgacha, asosan siyosiy va iqtisodiy aloqalar kuchayishi orqali; 3) III-VIII asrlarda yaqin siyosiy va etno-madaniy mushtaraklik orqali; 4) VIII-IX asrlar arab fathi va keyingi tarixiy jarayonlar orqali. Ayni shu davrlardagi so‘g‘diylarning shimoli-sharq yo‘nalishidagi harakatlari davomiy bo‘lib, bu harakat Usrushona, Choch, Yettisuv, Qashg‘ar, Xo‘tan kabi yo‘nalishlarda kechgan. Chochda esa so‘g‘diylar o‘zlari uchun qulay bo‘lgan tog‘li va tog‘oldi hududlariga joylashganlar. Natijada yangi manzilgohlar paydo bo‘lgan. Vohaning tub aholisi saklar ham mil. avv. 1 ming yillik 2-yarmidan o‘troqlashisha borganlar. So‘g‘diylar xalqaro savdo–jarayonlariga chochliklarni ham tortadi. Dungxuangning Sungxua qishlog‘ida yashagan o‘rtosiyolik muhojirlar qatorida choch – “shi”liklar Shi Shulo‘dan, Shi Mopo‘lar nomlarini xitoy tarixchisi Li Minvey «Suytan sichau chjilu» asarining 217-betida keltiradi. IX asrga oid Sharqiy Turkistondan topilgan so‘g‘diy tildagi «Xalqlar ro‘yxati» (“Nafnamak”) asarida ham so‘g‘diylar, buxoroliklar qatori chochliklar ham tilga olinadi. Bu esa so‘g‘diylar va chochliklarning Ipak yo‘lidagi uzoq yillik hamkorlikdagi faoliyatidan darak beradi.
Asrlar davomida vohadagi turkiy qavmlar so‘g‘diy madaniyatning ko‘p qirralarini o‘zlashtirib bordilar. Bu Chochda shaharsozlik, hunarmanchilik va yozuv madaniyati an’analarida aks etdi. Ular urbanistik jarayonlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Tog‘oldi hamda Parak (Chirchiq) va Iloq (Ohangaron) bo‘ylarida Farnkent, Zarkent, Nukent, Nomdanak, Nevich, Novdak, Binokat, Chinonchket, Xarashkent, Tunkent, To‘qkent kabi so‘g‘diy va Alxanjas, Abrlig‘, Arbilax, Namudlig‘, Gannaj, Yalapan, Itlig‘, Olmaliq kabi turkiy shahar va qishloqlar qad rostladi. Hududdagi mahalliy me’morchilik an’analari so‘g‘diy me’moriy yechimlar bilan boyidi. Choch so‘g‘diy va turkiy madaniyatlarning o‘ziga xos sinkretik mintaqasiga aylandi.
Chochdagi turkiylar o‘z dinlari tangrichilik va shamanizmdan tashqari so‘g‘diylarning zardushtiylik dinini ham qabul qilib, diniy bag‘rikenglik namunasini ko‘rsatdilar. Bu haqda Xitoy manbalari xabar beradi. Ularda yozilishicha, Shi viloyatida bir bino bo‘lib, uning ichida do‘nglik bor. Har yili ko‘mish marosimi o‘tkaziladi: «Bu do‘nglikka oltin idishda hukmdor ota-onalari (balki qarindosh -urug‘larini ham – A.O.) kuydirilgan suyaklarining kuli qo‘yiladi, so‘ngra (hozir bo‘lganlar) taxt atrofida aylanishib, ifforli gullar va turli mevalarni sochishadi. Hukmdor esa o‘z a’yonlari bilan qurbonlik qilingan go‘shtni dasturxonga qo‘yadi». Bu ma’lumotlar chochliklar ham so‘g‘diylar kabi zardushtiylik diniga e’tiqod qilib, uning odatlarini turli ko‘rinishlarda amalga oshirganliklaridan guvohlik beradi. Zardushtiylik miloddan avvalgi 1-mingyillik ikkinchi yarmidan so‘g‘diylar tomonidan Chochga kirib kelgan va vohasi keng tarqalgan. Buni ushbu hududdan topilgan ostadon namunalari ham tasdiqlaydi. 1871 yilda ilk ostadon namunasi Toshkentdan, so‘nggisi esa 2001 yil To‘ytepa hududidan topilgan. Chochda, hatto, xristianlik jamoalari ham bo‘lgan. Diniy ibodatxonalar bilan bog‘liq Chirchiq vohasidagi Dinbag‘inket (Dinfag‘inkent), Farnket, Xvarashkent kabi shaharlar mavjudligi bunga misol bo‘ladi.
So‘g‘d va Choch hududlari ilk o‘rta asrlarda, jumladan eftalitlar davri (IV-V asrlar)dan bir-biriga yaqin etnoslar shakllangan. Turk xoqonligi (VI-VII asrlar) davrida bu o‘lkalarda turkiy tilli qabilalar va so‘g‘diylar yashagan. Faqat So‘g‘dga nisbatan Chochda Farg‘ona va Yettisuv kabi turkiylar salmog‘i ko‘proq bo‘lgan. Shundan bo‘lsa kerak, arablar G‘arbiy Turk xoqonligidagi barcha aholini, xatto so‘g‘diylarni ham “turk”lar deb bilganlar.
Mintaqalarda sug‘orma dehqonchilik, chorvachilik va tog‘oldi hududi xo‘jaligi deyarli bir davrda, bir xil darajada rivojlangan. Shu bois ham chetga mahsulot chiqarish va chetdan mahsulot keltirish mintaqa iqtisodiy taraqqiyotini shakllantirgan. Eftaliy davrida Choch va Iloq shaharlari strategik shaharlar bo‘lib, davlat miqyosida metall xom ashyosidan qurol-aslahalar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Bu davrida Chochda ham tovon evaziga keltirilgan sosoniylarning kumush tangalari asosiy muomala vositasi bo‘lganligi kuzatiladi.
555 yilda Istemi yabg‘u qo‘shinlari Sirdaryo bo‘ylariga yetib keldi. Sosoniy shohi Xusrav I va Istemi yabg‘u o‘rtasida shartnoma imzolandi. Ammo, eftalitlar qarshiligi Istemi rejalariga putur yetkazdi. Istemi yabg‘u avval eftalitlarni daf etib, so‘ng avarlarga qarshi yurishga qaror qilgan. U Choch va So‘g‘dni egallab, Zarafshon bo‘yiga qadar yetib borgan. 567 yildagi Buxoro yaqinidagi hal qiluvchi jangda eftaliylar batamom tor-mor keltirildi. Choch dastlab Turk xoqonligi, 603 yildan G‘arbiy Turk yabg‘u hoqonligi tarkibida bo‘ldi va mahalliy hukmdorlar tomonidan boshqarildi. N.Ya. Bichurin ma’lumotiga ko‘ra, Chochni o‘sha davrda Dele Tyanchji (Fuji) boshqargan va u mustaqil ravishda Xitoy bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Choch hukmdorlari o‘z poytaxtini turklarga yaqin bo‘lgan shimoli-sharqiy hududga ko‘chirishadi. 618 yilda hokimiyatga kelgan G‘arbiy Turk yabg‘u xoqoni To‘nyabg‘u o‘ziga tobe mulklarda siyosiy, harbiy va ma’muriy islohotlar o‘tkazgan va soliqlar ustidan nazorat qiluvchi noiblar – tudunlarni tayinladi. Eltarish xoqon esa o‘z navbatida G‘arbiy Turk xoqonligini o‘n aymoqqa bo‘ldi. Oqibatda Choch ikki qismga ajraladi. Dehqon va hunarmand shimoli Choch tudunlar tomonidan, ma’danga boy janubi Iloq esa «dehqon» hukmdorlar tomonidan boshqarilgan bo‘ldi.
Sharqiy va G‘arbiy Turk xoqonliklari o‘rtasidagi kurash natijasida VII asrning 40-50-yillariga kelib, Choch ma’lum siyosiy mustaqillikka erishdi. So‘g‘d boshchiligidagi O‘rta Osiyo mulklari ittifoqi shakllana boshladi. Bundan maqsad Ipak yo‘lining Samarqand, Choch, Farg‘ona yo‘nalishini nazorat qilish edi. Bu yo‘nalish Yettisuv va Sharqiy Turkistonni bog‘lagan. Shu yo‘nalishda savdo qiluvchi mahalliy savdogarlar esa xoqonlik xazinasiga katta daromad keltirganlar.
So‘g‘d va Choch o‘rtasidagi aloqalar Chochda dehqonchilik va hunarmanchilikni yanada rivojlantirdi. Chochning mintaqadagi nufuzi ortdi. O‘lkaning sifatli mahsulotlari ichki va tashqi bozorlarda shuhrat qozondi. Yozma manbalarga ko‘ra bu davrda vohada 255 atrofida manzilgohlar, 30 dan ziyod qal’a va shaharlar qad rostlagan. Choch va Iloq o‘zaro ekinzor va bog‘lar bilan tutashgan vohaga aylandi.
So‘g‘d mulki ixshidlari O‘rta Osiyo mulklari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatib, elchilar almashishgan. Afrosiyob devoriy tasvirlaridagi yozuvda Samarqandga So‘g‘d ixshidi Varxuman huzuriga kelgan Xitoy va Chog‘aniyon elchilari qatorida chochlik elchi ham zikr etilgan. So‘g‘d va Choch o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar arab fathi davrida yanada faollashdi. 712 yilda Qutaybaning So‘g‘dga yurishi, ixshid Go‘rakning madad so‘rab Choch, Farg‘ona va Sharqiy Turk xoqonligiga murojaat qilishiga sabab bo‘ldi. Samarqandni qo‘lga kiritgan Qutayba 712-715 yillarda Chochga ham yurish qildi. Panch viloyati hokimi Devashtich Chochga elchi yuboradi. So‘g‘d yozma yodgorliklaridan Mug‘ tog‘i arxividagi A-14 hujjatida xuddi shu voqyea aks etgan. Unda Choch hukmdori (chachanik xvabu) ga va tuduniga, Farg‘ona tutug‘i orqali Farg‘ona podshosiga va Sharqiy Turk xoqoniga maktub topshirilgani haqida ma’lumotlar bor.
Madaniyat sohasida ham So‘g‘d va Choch o‘rtasida mushtaraklik mavjud edi. So‘g‘d yozuvi va tili butun mintaqada bo‘lgani kabi Chochda ham amalda bo‘lgan. Choch podsholari va hukmdorlari so‘g‘d yozuvida o‘z tangalarini zarb ettirganlar. Biroq, “Choch” deb yozilgan Qanha bitigi va hozirgi Bekobod hududidan topilgan turk-runiy yozma yodgorliklari bu hududda so‘g‘diy yozuvi barobarida turk-runiy yozuvi ham amal qilganligini ko‘rsatadi. Choch ahli Muqaddasiy yozishicha, so‘g‘diydan tashqari o‘zlarining xaytal (eftal) mahalliy tillarida gaplashganlar. Bu til so‘g‘diylashgan turkiy til bo‘lishi ehtimol.
Toshkent shahri nomining kelib chiqishi
O’zbekiston poytaxti Toshkent 2200 yildan ortiq tarixga ega. Shahar sifatida Toshkent haqidagi birinchi maʼlumotlar eramizdan avvalgi II asrdagi qadimgi-sharqiy manbalarda uchraydi; Xitoy manbalarida Yuni deb atalgan; Fors shohi Shоpur I eramizdan avvalgi 262-yildagi „Zardusht Kaʼbasi" qaydnomalarida Toshkent vohasi Choch deb nomlangan.
Toshkent arablar tasarrufiga oʻtgach, arab alifbosida „ch" harfining yoʻqligi bois arabiy asarlarda „Shosh" deb yuritilgan. Ilk oʻrta asrlarda u „Choch", „Shosh", „Shoshkent", „Madinat ash Shosh", „Binkat" va „Tarkan" deb nomlangan.
Shahar „Toshkent" nomi bilan dastavval XI asrning mashhur allomalari — Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Qoshgʻariyning asarlarida tilga olinadi. Beruniy „Hindiston" asarida Toshkent nomining kelib chiqishi toʻgʻrisida soʻz yuritib, „Tosh" soʻzi asli turkcha boʻlib, Shosh koʻrinishini olgan. „Toshkand — toshli qishloq demakdir", deb izohlaydi.
Mahmud Qoshgʻariyning maʼlumoti boʻyicha, Toshkent XI-XII asrlarda „Tarkan" deb ham yuritilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur „Boburnoma"da Toshkent nomi ustida toʻxtalib, asarlarda Toshkent nomini Shosh, baʼzan Choch yozadilar” deb qayd etadi. Biroq XVI asr oxiri va XVII asr boshlarida Toshkent toponimi shuhrat topib, uning qadimgi Choch, Shosh va Binkat nomlari asta-sekin muomaladan tushib qoldi.
Xulosa qilib aytganda, yagona makon va Vatanda yashagan o‘rtaosiyoliklar asrlar davomida hamjihat bo‘lib, o‘zbek xalqi va uning davlatchiligi poydevoriga asos solganlar. Ilk o‘rta asrlardagi So‘g‘d va Choch munosabatlari bunga misoldir.
Foydalanilgan adabiyotlar
Филанович М.И. Ташкент: зарождение и развитие города и городской культуры. Ташкент, 1983.
Страбон. География в 17 книгах // Пер. и коммент. Г.А. Стратановского. М., 1964. XI. 8.8.
Древние авторы о Средней Азии (VI в. до н.э. – VI в. н.э.). Ташкент, 1940. С. 23.
Дуке Х. Туябугузские поселения Бургулюкской культуры. Ташкент, 1982.
Буряков Ю.Ф. Генезис и этапы развития городской культуры Ташкентского оазиса. Ташкент, 1982. С.103-106.
Мукминова Р.Г., Филанович М.И. Ташкент на перекрестке истории. Ташкент: Фан, 2001. С.13.
Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. Т. 2. М.-Л., 1950. С.184.
Массон М.Е. Прошлое Ташкента. Ташкент, 1954. С. 107; Филанович М.И. Зарождение и развитие города и городской культуры Ташкента. Ташкент, 1983. С. 35, 174-176.
Буряков Ю.Ф. Чач в свете новых письменных и археологических источников // Қадимги Ўрта Осиё тарихидан лавҳалар. Тошкент, 2008. 104-бет.
Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрания сведений о народах…. Т. 2. С. 184.
Буряков Ю.Ф., Касымов М.Р., Ростовцев О.Р. Археологические памятники Ташкентского оазиса. Ташкент: Фан, 1992. С. 49.
Давидович Е.А. О загадочных дирхамах Мусейяби и Титрифи. Из истории монетного дела в Средней Азии IX-X вв. // Труды XXV Международного конгресса востоковедов. М.: Наука, 1960. С.90.
Истахри. Китаб масалик ал-мамалик. Материалы по истории кыргызов и Кыргызстана. Бишкек, 2002. С. 24, 33-35.
Бетгер Е.К. Извлечение из книги «Пути и страны» Абул-Касыма ибн Хаукаля // Труды САГУ. Вып. Ташкент, 1957. С.22-24.
Буряков Ю.Ф. К исторической топографии средневекового Илака // СА. 1972. № 2. С. 51-62.
Do'stlaringiz bilan baham: |