Quyosh tizimi va uning g‘oyatda ajablanarli yo‘ldoshlari
Koinot tasavvurlarimiz chegaralariga sig‘mas darajada ulkan. Uning ibtidosi qayerda-yu, intihosi qayerda? Uning sayyoralarining va yulduzlarining ulug‘vorligi nechog‘lik? Rivojlanish evolyutsiyasining dastlabki davrlaridan, to bugungi kungacha bashariyat ushbu savollarga javob izlaydi. Bu boradagi izlanishlar, tadqiqotlar kundan-kunga hayratomuz va favqulodda kutilmagan ma’lumotlarni taqdim qilmoqda. Koinot o‘zida ulkan miqdordagi sirlarni bizdan yashirib kelayapti. Har kuni qanchalab savollarga ko‘pdan-ko‘p javoblar topilmoqda, biroq shu bilan birgalikda yanada ko‘proq savollar to‘plami hosil bo‘layapti. Oldimizda koinotning quyosh tizimi deb ataluvchi mittigina burchagida ham, hali juda ko‘plab sirlarni ochishimiz vazifasi turibdi.
Mening nazarimda koinot haqidagi bizning bilganlarimiz hali endigina kurtak ochib kelmoqda va shuning uchun ham bu sohadagi har bir yangi kashfiyot bizni hayron qoldirmoqda.
Koinotdagi ko‘plab obyektlar shunchalik ulkanki, ularning haqiqiy o‘lchamlarini ko‘rsatish nihoyatda qiyin.
Keling dastlab ona sayyoramizni Quyosh bilan taqqoslashdan boshlaymiz. Hosil bo‘lganiga 4,5 milliard yil bo‘lgan Quyosh, butun quyosh tizimi massasining 99,86 foizini tashkil etadi, ya’ni uning og‘irligi 1 989 100 000 000 000 000 000 000 000 000 kg. Qolgan barcha sayyoralar, yo‘ldoshlar, asteroidlar va boshqa materiyalar 0,2 foizga joylashadi, bundan shunday xulosa chiqadiki, bizning Yerimiz, boshqa sayyoralar va yo‘ldoshlar, Quyoshga nisbatan mayda qum zarralari kabidir.
Quyoshning diametri bo‘ylab 109 ta Yer sayyoralarini joylashtirish mumkin, Quyoshning hajmini to‘ldirish uchun esa 1 300 000 ta Yer kerak bo‘lgan bo‘lar edi.
Quyoshning bir sekundda chiqargan energiyasi, insoniyatning butun tarixi davomida ishlab chiqargan energiyasidan anchagina ko‘p. U har sekundda yo‘qotayotgan energiyasi milliard birliklarga teng, ammo shunday bo‘lsada u yana 5 milliard yil yashashi mumkin.
Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, Quyosh bu — bizning Somon yo‘li deb ataluvchi gallaktikamizdagi yuz milliardlab yulduzlarning bittasi.
Neptun sayyorasining yo‘ldoshi Nereida 1949 yilda Jerard Koyper tomonidan kashf qilingan. U o‘lchamlari bo‘yicha Neptunning uchinchi yo‘ldoshi va Quyosh tizimidagi barcha yo‘ldoshlar ichida eng ekssentrik (umumiy markazga ega bo‘lmagan) orbitaga ega. Shuning uchun ham sayyora va uning yo‘ldoshi orasidagi masofaning o‘zgarish miqyosi juda ulkan. Yo‘ldosh Neptunga eng yaqin kelganda, ular orasidagi masofa 1,4 million kilometr bo‘lsa uzoqlashgan masofasi esa 9,6 million kilometrni tashkil etadi. Neptun atrofida bir marta to‘liq aylanib chiqishi uchun Nereidaga 360 yer kunlari kerak bo‘ladi.
Saturnning yo‘ldoshi Mimas 1789 yilda Uilyam Gershel tomonidan kashf qilingan. Ushbu obyektning diametri 400 kilometr atrofida. Mimasning diqqatga sazovor tomoni shundaki, unda o‘lchamlari juda ulkan bo‘lgan Gershel krateri joylashgan, uning diametri 130 kilometr va chuqurligi 10 kilometr.
Saturnning yo‘ldoshi Yapet 1671 yilda Jovanni Kassini tomonidan topilgan. Yapet Quyosh tizimi yo‘ldoshlari ichida eng g‘aroyibi deb topilgan. Yapetning diametri o‘rtacha 1460 kilometrni tashkil qiladi. Uning o‘ziga xos tomoni shundaki, u turli ranglardagi hududlarga ega bo‘lib, ular yorug‘likni turlicha qaytaradi. Yo‘ldoshning birinchi yarmi ko‘mir kabi qop-qora bo‘lsa, qolgan yarmi oqish va yorug‘. Shuning uchun ham biz uni sayyoradan bir tomoni bo‘ylab ko‘ringandagina kuzatishimiz mumkin. Yapetda uning ekvatori bo‘ylab cho‘zilgan tog‘ tizmasi mavjud va uning balandligi 10 kilometrgacha yetadi. Olimlar, ushbu tog‘larning paydo bo‘lishi haqida ikki xil farazni ilgari surishdi. Birinchi taxmin bo‘yicha ushbu tizma, yo‘ldosh shakllanishining dastlabki, ya’ni Yapet hozirgidan tezroq aylangan paytlarida hosil bo‘lgan. Boshqa olimlar, ushbu tog‘li zanjir Yapetning o‘ziga tegishli bo‘lgan boshqa yo‘ldosh materialidan hosil bo‘lgan, Yapetga qulagan va uning bo‘laklari ekvator bo‘ylab sochilib ketgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |