Litosfera va yer yuzasi relyefi.
1. Yerning ustki qattiq qatlamiga litosfera deb aytiladi. Litosferaning qalinligi yer sharining hamma qismida bir xil emas. Tog‘li rayonlarda litosfera ancha qalin bo‘lsa, okeanlar ostida aksincha, yupqa bo‘ladi. Litosfera asosan bazalt va granitdan tashkil topgan. Yer shari vujudga kelgan 4,5 mlrd. yillik taraqqiyoti tarixi jarayonida uning ba’zi yerlari cho‘kkan, ba’zi yerlari ko‘tarilib qolgan. Usha cho‘kkan joylari suv bilan to‘lib okeanlar hosil qilgan.
Yer shari yuzasining umumiy maydoni 510 mln km2 bo‘lib, shundan 361 mln km2 ni okeanlar, 149 mln km2 ni esa quruqlik egallagan.
Yer sharida suv va quruqliklarning taqsimlanishi va joylashishi uning hamma qismida ham bir xil emas. Masalan, shimoliy yarim sharida quruqlik janubiy yarim sharidagiga nisbatan ko‘proq. Shimoliy yarim sharda quruqlik 39 %, suvlik 61 % ni tashkil etsa, janubiy yarim sharda esa quruqlik 19 % ni, suvlik esa 81 % ni tashkil etadi. Yer sharidagi quruqlik maydonini 100 % desak, shuning 67,5 % i shimoliy, 32,5 % i esa janubiy yarim sharda joylashgandir.
Yer yuzasida suv va quruqliklarning bunday taqsimlanishi tasodifiy bo‘lmay, balki Yerdagi ichki va tashqi kuchlarning o‘zaro ta’siri natijasidir. Sayyoramizning okeanlardan iborat bo‘lgan yaxlit suv yuzasiga dunyo okeani deyiladi. Dunyo okeani materiklar orqali bo‘laklarga bo‘lingan bo‘lib, ular okeanlar deb yuritiladi. Yer yuzasida 4 ta okean bo‘lib, Tinch (190 mln km2), Atlantika okeani (93 mln km2), Hind okeani (75 mln km2), Shimoliy Muz okeani (13 mln km2)ni tashkil etadi.
Yer sharida oltita materik: Yevrosiyo (54 mln km2), Afrika (30,3 mln km2), Shimoliy Amerika (24 mln km2), Janubiy Amerika (18 mln km2), Antarktida (14 mln km2), hamda Avstraliya (7,6 mln km2) va oltita qit’a — Osiyo, Amerika, Afrika, Antarktika, Yevropa, Avstraliya bor.
2. Yer shari qattiq, suyuq va gazsimon moddalardan iborat bo‘lib, ular solishtirma og‘irligiga qarab turlicha joylashgan. Solishtirma og‘irligi kattaroq bo‘lgan moddalar yerning yadro qismida, aksincha yengilroqlari esa yer yuziga yaqin joylashgan.
Yer sharining ichki qismidagi moddalarning joylashishiga va ularning fizik, ximiyaviy xossalariga ko‘ra yer po‘sti, mantiya va yerning yadrosi deb uch qismga ajratiladi.
Yer po‘sti (litosfera) silikatli yengil jinslardan hamda yoriqlar orqali Yerning markaziy qismidan ko‘tarilib chiqqan temirga boy jinslardan iboratdir. Yer po‘stining 2/3 qismi dengiz va okeanlar ostida joylashgan bo‘lib, uning qalinligi okeanlar tubida 6-15 km ni, tog‘li rayonlarda esa 40-80 km ni tashkil etadi.
Yer po‘stining quyi chegarasida yuqori harorat va kuchli bosim ta’sirida jinslar plastik holatda bo‘ladi. Bunday plastik jinslar Yer qimirlash natijasida ro‘y beradigan to‘lqinlarni tez o‘tkazadi. Uni birinchi bo‘lib, 1909 yili Yugoslaviyalik olim S. Moxorovich aniqlagan. Shu sababli o‘sha Yer po‘stining quyi chegarasini Moxorovich yoki qisqacha Moxo chegarasi deb ataladi.
Yerning «Moxo» chegarasidan pastda bo‘lgan qismi mantiya deb ataladi va u 2900 km chuqurlikkacha davom etadi. Mantiya ximiyaviy tarkibiga, seysmik to‘lqinlarning tarqalish tezligiga va haroratiga ko‘ra 3 zona (qavat) ga: yuqori, o‘rta va quyi zonalarga bo‘linadi.
Yuqori zona 400 km chuqurlikkacha davom etadi va magniy, temirga boy bo‘lgan silikatli jinslardan iborat, harorati 1000 — 1500 °S dir.
O‘rta zona 900 km chuqurlikkacha davom etib, harorati 2800° ga yetadi.
Nihoyat, quyi zona 2900 km chuqurlikgacha davom etadi, harorati 3600 ° gacha boradi.
Yer yadrosi yerning 2900 km dan to markazgacha bo‘lgan qismini o‘z ichiga oladi, harorati 4000-5000° S, bosimi 3,5 mln atmosferagacha yetadi. Yer yadrosi 5100 km dan chuqurlikda ichki yadroga bo‘linadi.
3. Yer sharidagi tog‘ tizmalari hosil bo‘lishi jihatidan burmali, burmali-palaxsali va palaxsa tog‘larga bo‘linadi.
Biror tekis yerdan oquvchi daryoning tik qirg‘og‘ini kuzatsangiz undan jinslarning (yotqiziqlarning) gorizontal holda yotganligini, tog‘ yonbag‘irlarida esa aksincha, jins qatlamlarining bukilganligini, egilganligini ya’ni burmalanganligini ko‘rasiz. Qatlamlarning bunday burmalar hosil qilishiga asosiy sabab Yerning ichki qismidan ta’sir etuvchi g‘oyat katta kuchga ega bo‘lgan g‘oyat katta bosim bilan ta’sir etishidir. Yon tomondan yoki Yerning ichki qismidan ta’sir etuvchi g‘oyat katta kuchga ega bo‘lgan bosim gorizontal holatda yotgan jinslarni egib burmalaydi va balandga ko‘tarib yuboradi, natijada burmali tog‘lar vujudga keladi. Bunga Alp, Himolay, Pomir, Kavkaz, And kabi tog‘lar misol bo‘ladi.
Burmalanish natijasida vujudga kelgan tog‘lar bir-necha million yillar ichida tashqi kuchlar ta’sirida asta-sekin pasayadi, ba’zan tekislikka aylanib ketadi. Lekin so‘nggi tog‘ paydo bo‘lish jarayonida o‘sha pasayib qolgan tog‘lar yana qayta ko‘tariladi, ko‘p yerlarida yoriqlar vujudga kelib, ba’zi yerlari ko‘tarilib qoladi. Bunday yo‘l bilan ko‘tarilgan tog‘larni burmali-palaxsa tog‘lar deb ataladi. Masalan, Sayan, Oltoy, Tyan-shan, Skandinaviya tog‘ tizmalari.
Yer qobig‘ining cho‘kindi yoki otqindi tog‘ jinslari qotib qolgan qattiq joylarida Yerning ichki kuchlari ta’sirida palaxsa tog‘lar vujudga keladi. Bunga Sharqiy Sibir, Afrikaning sharqiyG qismidagi tog‘lar misol bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |