Urxun-enisey yozuvi Urxun-enisey yozuvi turkiy xalqlarning eng qadimgi harf-tovush yozuvidir. Bu yozuv «Enisey-urxun yozuvi», «Sibirь yozuvi», «Turkiy runik yozuv», kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Runik deb atalishiga sabab bu yozuvning tashqi koʼrinish jihatidan german runik yozuvlariga oʼxshash ekanligidir.
Urxun-enisey yozuvining kelib chiqishi haqida mutaxassislar oʼrtasida tan olingan yagona fikr yoʼq. Bu haqdagi nisbatan keng tarqalgan qarashga koʼra, ayni sugʼd va pahlaviy yozuvlari orqali oromiy yozuviga borib taqaladi. Sugʼd yozuvining turkiy tillarning fonetik va morfologik xususiyatlariga moslashtirilishi jarayonida u sezilarli, keskin oʼzgarishga uchragan. Urxun-enisey yozuvining paydo boʼlish joyi va vaqti ham hozirgacha uzil-kesil hal qilinmagan. Mutaxassislar ayni yozuvning 3 koʼrinishiga asoslanib, u oʼz taraqqiyoti davoimda 3 bosqichni bosib oʼtgan, deb hisoblaydilar: 1) arxaik bosqich (Ettisuv yodgorliklari, VI-VII asrlarda, Yenisey yodgorliklari VII-IX a.lar.); 2) klassik bosqich (ik- kinchi hoqonlik yodgorliklari, VIII asrning 1-yarmi); 3) soʼnggi bosqich (Uygʼur hoqonligi davri yodgorliklari, VIII asrning ikkinchi yarmi – IX asr, Sharqiy Turkiston yodgorliklari, IX asr) bu yozuv paydo boʼlish oʼrni va vaqti bilan bogʼliq boʼlgan ayrim grafik xususiyatlari tufayli urxun, turfon, Yenisey variantlariga ega. Bularning eng qadimiysi urxun variantidir. Ular umumiy yozuv shakliga koʼra bir-birlaridan keskin farq qilmaydi. Ular oʼrtasidagi farq harf variantlarining koʼp-ozligi jihatidan, xolos. Urxun-enisey yozuvi harflarining variantlarini hisobga olmaganda, asosan, 35 ta harfdan iborat. 8 ta unli ifodasi uchun 4 ta ( Yenisey variantlarida 5 ta) harf ishlatilgan. Аyrim harflar bir tovushni emas, balki birdan ortiq tovushlar majmuini ifodalagan. Undoshlar qattiq va yumshoq variantlarga ega boʼlgan, shuning uchun yumshoq undosh uchun alohida harf, qattiq undosh uchun alohida harf mavjud boʼlgan.
Urxun-enisey yozuvida tinish belgilari boʼlmagan. Soʼzlar, baʼzan birikmalar bir-biridan ikki nuqta (:) bilan ajratib koʼrsatilgan, bu ikki nuqta shartli ravishda ayirgich deb yuritiladi. Bu harf oʼzidan keyingi harfga qoʼshilmagan, ulanmagan holda alohida-alohida yozilgan. Urxun-enisey yozuvi gorizontal holatda oʼngdan chapga qarab va vertikal holatda yuqoridan pastga qarab yozilganda, harflar chap yonga yotqizilgan holatda boʼlgan va satrlar oʼngdan chapga qarab joylashib borgan.
Turkiy xalqlarning koʼpchiligi keyinroq arab alifbosiga oʼtgan, ammo urxun-enisey alifbosi oʼsha davrdagi turkiy tillar uchun juda ham qulay boʼlgan, u har qanday turkiy til ifodasi uchun beqiyos darajada moslashgan edi, ayniqsa, tildagi singarmonizm qonuniyatlarini toʼliq aks ettira olgan. Bu maʼnoda urxun-enisey yozuvi uning oʼrniga kelgan uygʼur va arab yozuvlariga qaraganda gʼoyat mukammal va qulay alifbo boʼlgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |