UYG‘ON, KO‘NGLIM
Uyg‘on, ko‘nglim, uyg‘on, bir oz yumg‘on ko‘zing ochilsun,
Yerda bo‘lgan shu hollarni ko‘rub yoshing sochilsun…
Yong‘il bir oz yolqunlanib, ey yuragimning o‘ti,
Chiqsun sening yolquningdan alangalar ko‘k sari.
Chiqqach unga ko‘kning yuzi tomug‘ kabi qizartsun,
Guldiratsun ko‘kni hamda yoshinlarni yoshnatsun.
Chulg‘ab olsun ochiq qo‘ymay ko‘kning hamma tegrasin,
Yoqsun qo‘ymay bu kun uning butun borliq narsasin.
Tozalasun shu ochunni bu qayg‘ili kunlardan,
Qutqarilsun butun jonvor shu qorong‘i kechlardan.
Kerak emas bizlar uchun u ko‘rungan havolar,
Ham yerdagi oqib turg‘on buyuk-buyuk daryolar.
Bordir bizda uning o‘rnin qoplayturg‘on «chin havo»,
Bordir bizda suv o‘rnig‘a oqaturg‘on chin daryo.
1922
KYeSILG‘ON UMID
Ko‘b chokdan beri sevgi ko‘kida
Sen bilan yoshab, sen bilan yurdim.
Baxtimning qushi talpinib uchqoch,
Qo‘nar o‘rnini yuksakda ko‘rdim.
Ko‘rgach o‘ylamay, sira to‘xtamay,
Baxtim so‘ngidan o‘kday yugurdim.
Borib yetishgach, ul o‘runga men:
Baxtimning qushin bir guldan topdim.
Gul ochilg‘ondi islarin sochib,
Nozli qiz kabi bag‘rini ochib.
Qush ham sayrardi ko‘b sevinch bilan
Gul butog‘ida o‘tli un chekib.
Gul-da istardi shunday bir zamon,
Oh!.. Baxtsizlik qo‘ymadi omon.
Qushning bag‘rig‘a o‘q kelib tegdi,
Gul butog‘idan tushdi-da o‘ldi.
Ko‘b chokdan beri to‘plangan dardlar
Yurakda qoldi, umid kesildi.
1922
MUJDALAR
Yel kezar, yellar kezar, yellar kezar,
El sezar, ellar sezar, ellar sezar.
Ko‘rkli dengiz suvini har yon urar,
Kayflanar, lazzatlanar, davron surar.
Yel kezar, yellar kezar, yellar kezar,
El kezar, ellar kezar, ellar kezar.
Kuchli tog‘lar yo‘lni bog‘lar, gerdayar,
Yel ularga qo‘lni chog‘lar, erdayar.
Toshqin o‘lmoq, intiqom etmak istagan
Tog‘lar ortiq tortisholmas, jim qolar.
Na’ra tortib yel-da, ketmak istagan
Yoqlariga g‘olibona ot solar…
G‘amli yelda, tutqun elda bandilar
Qop-qorong‘u zindon ichra termilar.
Yel esar, unlar sari yo‘rtar, yelar,
Eltmak istab erkin eldan mujdalar.
To‘xtamas tun-kun yurar, seldek toshar,
Hovriqar, tog‘lar oshar, suvlar oshar!
Yel kezar, yellar kezar, yellar kezar,
El sezar, ellar sezar, ellar sezar.
SAHRODA
Yulduzlar ko‘qda porlar,
Sahro jimgina uxlar.
Tevalar sekin-sekin
Ko‘lkadek olg‘a bosar.
Tarqalar qo‘ng‘iroqdan
Bir tovush umid to‘la.
Aks etib kirib uzoqdan,
Derki: «naridan so‘ra!»
Ko‘b yo‘llar ortda qoldi,
Ketish, surulish yana.
Meni kim yo‘lg‘a soldi?
Intilish bor ko‘ngilda.
Charchamaydi tevalar,
Yo‘qmidir yo‘l so‘ng-boshi.
So‘ylar allanimalar
Yulduzlarning qaroshi.
KYECHQURUN
Quyosh sekin bekindi
Qarshimdog‘i tog‘larda.
Borliqni ko‘zi tindi
Yolg‘iz dam shu chog‘larda.
Qir tumon-la burundi –
Tog‘dan tushdi suruvlar.
O‘ynoq qizdek burulib
Oqardi pastda suvlar.
So‘ngra ko‘kni yoritib
Chiqdi soriq bir chechak.
Oqshom ko‘nglin ovutib,
Allalardi sharsharak.
Do'stlaringiz bilan baham: |