Siyosiy tarbiya – jamiyat a’zolarida siyosiy ongni shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan nazariy va amaliyo faoliyat bo’lib, uning yordamida siyosiy jarayonlar va siyosiy munosabatlarda bo’ladigan voqea-hodisalar, o’zgarishlarning mohiyati va mazmuni jamiyat a’zolari tomonidan u yoki bu darajada anglab yetiladi va ularda siyosatga ongli munosabatda bo’lish qolibiyatlari shakllantiriladi.
Jamiyat o’z a’zolarini siyosiy jihatdan tarbiyalash bilan birga ular oldiga yuksak majburiyatlar ham qo’yadi. Bu mas’uliyat jamiyatning har bir a’zosi tomonidan chuqur his etilmog’i kerak. Xususan, rahbarlik lavozimidagi kishilar uchun siyosiy tarbiyaning ahamiyatini his etish nihoyatda zarurdir. O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, «Rahbarlik lavozimiga ko’tarilgan kishilarning eng buyuk, eng muqaddas vazifasi – uni tarbiya qilgan, bilim bergan, yuksak martabaga olib chiqqan xalqiga sidqidildan xizmat qilish»dir30.
Siyosiy tarbiyaning usullari quyidagilardan iborat:
1) ishontirish; 2) jamiyat a’zolariga siyosiy ta’sir etish; 3) namuna bo’lish usullari va h.k.
Siyosiy tarbiyaning vositalari: radio, televidenie, bosma nashrlar, siyosiy adabiyotlar, muzeylar, siyosiy mavzularga doir badiiy va hujjatli filpmlardir.
3. Madaniy siyosat va uning rivojlanish xususiyatlari. Siyosiy madaniyatning mohiyati, tuzilishi, darajalari va turlari Siyosat ijtimoiy hodisa sifatida jamiyatning madaniy hayotida muhim o’rin egallaydi. Uning ta’sirida jamiyatning madaniy hayotda ro’y beradigan xilma-xil muammolar hal qilinadi va muhim o’zgarishlar qanday natijalarga olib kelishidan qat’iy nazar, u madaniy siyosatning jamiyat ma’naviy hayotida namoyon bo’lishini aks ettiradi.
Madaniy siyosat – jamiyat sub’ektlarining ma’naviy hayot sohasidagi nazariy va amaliy faoliyati, ular harakatining natijalari va oqibatlaridan iborat ob’ektiv jarayondir.
Madaniy sohadagi siyosatni ishlab chiqish ob’ektiv zaruriyat hisoblanadi. Madaniy siyosat siyosatning boshqa turlari, ko’rinishlari va shakllari singari o’zining aniq mazmuni, mohiyati va xususiyatlariga ega. Madaniy siyosatning mazmunida bo’ladigan har qanday o’zgarish uning mohiyati va xususiyatlarida aks etadi.
Madaniy siyosat mazmunan keng qamrovli bo’lib, u bir tomondan, jamiyatning madaniy hayotiga daxldor bo’lgan masalalarni siyosiy jihatdan hal qilish bilan bog’liq muammolarni, ikkinchi tomondan, siyosat sub’ektlarining madaniy sohadagi o’rni va roliga doir masalalarni o’zida ifoda qiladi. Bu masalalar o’zaro bog’liq holda madaniy siyosatning nazariy va amaliy asoslarini tashkil etadi.
Madaniyatning ichki va tashqi siyosatda ifodalanishi, siyosat sub’ektlarining madaniy sohadagi vazifalarini hal qilishdagi faoliyati, siyosiy boshqarish va rahbarlikning madaniy sohaga amal qilishi, madaniyatning xalqaro siyosiy munosabatlar va jahon siyosatining tarkibiy qismi sifatida namoyon bo’ladi. Xalqaro siyosiy tashkilotlarning madaniy sohada olib boradigan faoliyatiga doir va boshqa shularga o’xshash siyosiy faoliyat va siyosiy munosabatlar bilan bog’liq xilma-xil masalalar madaniy siyosatning mazmunini tashkil etadi.
Madaniy siyosatning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’ladi. Siyosatning ijtimoiy hayot sohalariga ta’siri bir xilda bo’lmagani kabi madaniy sohaga qiladigan ta’sirida ham o’ziga xoslik mavjud bo’ladi. Bunday o’ziga xoslik madaniyatning jamiyat hayotida alohida xususiyatga ega ekanligidan kelib chiqadi.
Madaniy siyosatning alohida xususiyatlari, bir tomondan, jamiyatning madaniy jihatdan rivojlanganlik darajasiga, ikkinchi tomondan, siyosat sub’ektlarining milliy madaniyatga bo’lgan munosabatlari bilan belgilanadi. Madaniy jihatdan rivojlanish darajasi qoloq bo’lgan mamlakatlarda esa, madaniy siyosatning amalga oshirilishi ancha qiyin kechadi.
Madaniy siyosatning mohiyati, uning qanday maqsadlarga yo’naltirilganligi bilan belgilanadi. Unda jamiyat a’zolarining irodasi va mamlakatning madaniy istiqboli yetakchi o’rinni egalaydi.
O’tmishda ayrim davrlarda madaniy sohada olib borilgan siyosatda noxush va ziddiyatli vaziyatlar ham bo’lgan, hatto ba’zi davrlarda madaniyat butunlay tanazzulga yuz tutgan, noshud hukmdorlar va davlat boshliqlari mamlakatni madaniy jihatdan rivojlantirishga e’tiborsizlik bilan qaragan va ayrim hollarda bunga to’sqinlik ham qilishgan.
Jamiyatning madaniy sohasi ijtimoiy hayotning alohida sohasi bo’lganligi uchun ham uni rivojlantirish madaniy siyosatning yo’nalishlari orqali amalga oshiriladi. Siyosat sub’ektlarining madaniy sohadagi faoliyati jamiyat madaniy hayotining barcha sohalariga yo’naltiriladi. Bu faoliyatning madaniy sohadagi ifodasi madaniy siyosatning yo’nalishlarida aniq namoyon bo’ladi.
Madaniy siyosatning yo’nalishlari dunyoning barcha mamlakatlari uchun umumiy hodisa hisoblansa-da, ularning amaliy ifodasi har bir mamlakatning shart-sharoitlariga bog’liq bo’ladi. Masalan, milliy-ma’naviy qadriyatlarni tiklash hamma mamlakatlarda ham madaniy siyosatning asosiy yo’nalishi hisoblanmaydi. Madaniy siyosatning bunday yo’nalishi orqali amalga oshirilishi mustamlakachilikdan ozod bo’lgan mamlakatlarda yoki milliy ma’naviy qadriyatlari toptalgan ko’p millatli mamlakatlarda ro’y beradi.
O’zbekiston o’zining milliy mustaqilligiga erishgan kundan boshlab, madaniy siyosatning asosiy yo’nalishi ma’naviy sohada yo’l qo’yilgan ana shu xato siyosatga barham berishga va uning o’rniga o’zbek xalqining milliy- ma’naviy qadriyatlarini tiklashga alohida e’tibor qaratildi. Umuman, madaniy siyosatning muhim yo’nalishlari quyidagilardir:
1. Ta’lim tizimini rivojlantirish va takomillashtirish (Biz bu haqda keyingi mavzularda fikr yuritamiz).
2. Fanni rivojlantirish va uning jamiyat hayotidagi rolini oshirish.
3. Adabiyot va san’atning xalqchilligini oshirish, uning tarbiyaviy ta’sirini kuchaytirish.
4. Bosma nashrlar hamda ommaviy axborot vositalarining ishini rivoj-lantirish va takomillashtirish va boshqalar.
1994 yil 23 aprelda Prezidentning Respublika «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazini tashkil etish to’g’risida», keyinchalik 1996 yil 9 sentyabrda «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazi faoliyatini yanada takmomillashtirish va samaradorligini oshirish to’g’risida»gi Farmonlari qabul qilindi. Bu farmonning birinchi bandida ma’naviy-ma’rifiy islohotlar davlat siyosatining asosiy ustuvor yo’nalishlaridan biri qilib belgilab berildi.
Siyosiy madaniyat ijtimoiy voqelik sifatida sinflar va davlatlarning paydo bo’lishi bilan yuzaga kelgan. SHu bilan birga siyosiy hayot madaniyati sinflarning yuzaga kelishidan avval qadimgi SHarqda, antik Gretsiya va Rimda shakllangan.
Siyosiy madaniyat odamlarning xulq-atvoriga va turli tashkilotlarning faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi, ularning ichki va tashqi hodisalarni idrok etish, siyosiy tizim va tartibotlarga, hukmron guruh va alohida siyosiy rahbarlar faoliyatiga, shaxsning jamiyat siyosiy hayotida tutgan o’rniga baho berishda mezon hisoblanadi. U siyosiy yo’lni ishlab chiqish, aniq siyosiy boshqaruv qarorlarini qabul qilish va ro’yobga chiqarish uchun keng istiqbol yo’llarini ochadi.
Siyosiy madaniyat muammosi majmui o’ta murakkab va ko’p qirralidir. Siyosiy madaniyat masalasida adabiyotlarda turlicha fikrlar mavjud. Siyosiy madaniyat ma’naviy madaniyatlar singari o’ziga xos mustaqil madaniyat turidir.
Yuqorida bayon qilingan fikrlardan kelib chiqqan holda, siyosiy madaniyatga shunday ta’rif berish mumkin: Siyosiy madaniyat mavjud ijtimoiy birlikka xos bo’lgan siyosiy ong va xulq-atvor majmuidir. Ammo bunday ta’rif siyosiy madaniyatning mazmunini to’la ochib bera olmaydi. Buning uchun siyosiy madaniyatning asosiy tarkibiy qismlariga e’tiborni qaratish lozim bo’ladi.