O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
Farg’ona politexnika instituti
“IQTISODIYOT” KAFEDRASI
“INDUSTRIAL VA INNOVATSION IQTISODIYOT” fanidan
kurs ishini bajarish bo’yicha
U S L U B I Y KO’R S A T M A
( “Iqtisodiyot” yo’nalishining 3-kurs kunduzgi va sirtqi bo’lim talabalari uchun)
Farg’ona – 2020
Oliy ta’limning bakalavr 5230100 ”Iqtisodiyot” yo’nalishi talabalari uchun “Industrial va innovatsion iqtisodiyot” fanidan kurs ishini bajarish uchun uslubiy ko’rsatma “Iqtisodiyot” kafedrasining uslubiy seminarida ko’rib chiqilgan. 2020 yil “___”_____________ № sonli bayon.
“Ishlab chiqarishda boshqaruv” fakultetining uslubiy kengashi yig’ilishida muhokama qilingan va ma’qullangan. 2020 yil “____”___________ bayon №___
Taqrizchilar:
I.N.Ismanov, FarPI, “BX va A” kafedrasi mudiri, professor,i.f.d.
M.M.Abduraxmonova, FardU, ”Ijtimoiy ish” kafedrasi mudiri, dotsent
Tuzuvchilar:
G.M.Davlyatova, FarPI, “Iqtisodiyot” kafedrasi dotsenti, i.f.n.
M.X.Axunova, FarPI., “Iqtisodiyot” kafedrasi katta o’qituvchisi
KIRISH
Sanoat – moddiy ishlab chiqarishning eng yirik yetakchi tarmog’i bo’lib, unda mehnat qurollari (vositalari), mehnat buyumlari va xalq iste’mol tovarlarining ko’pchilik qismi yaratiladi. Unda mashina va mexanizmlarning barcha turlari, bino va inshootlarning konstruktiv elementlari ishlab chiqariladi, yer osti boyliklarini qazib olish amalga oshiriladi, mineral, o’simlik va hayvon xomashyosiga ishlov beriladi.
Sanoat mamlakatning barcha tarmoqlarini ishlab chiqarish vositalari, mehnat qurollari bilan ta’minlaydi. Milliy iqtisodiyot, fan, ta’lim, madaniyat, sog’liqni saqlash, sport, turizm va boshqa sohalar rivoji sanoatning taraqqiyot darajasiga bog’liq bo’ladi.
Ishlab chiqarish kuchlari va munosabatlari taraqqiyotida sanoatning tarixiy roli beqiyosdir. SHu sababli uning rivoji va samaradorligi qanchalik yuqori bo’lsa, davlatning mavqei shunchalik kuchli bo’ladi va aholi turmush darajasi yanada yaxshilanib boradi.
Sanoat rivojlanishida namoyon bo’ladigan iqtisodiy qonunlarni bilish va ularning amal qilinishiga ongli munosabatda bo’lishda, mamlakatni demokratlashtirish hamda iqtisodiyotni bozor tamoyillari asosida isloh qilish jarayonlarining mohiyatini tushunishda talabalarni zarur bo’lgan bilimlar bilan qurollantirishda “Industrial va innovatsion iqtisodiyot ” fanining o’rni beqiyosdir. Ayniqsa,bu fandan rejalashtirilgan kurs ishini bajarish davomida talabalar sanoat tuzilmasini belgilovchi omillardan samarali foydalanish,sanoatni rivojlantirish, sanoatda innovatsiyalardan foydalanishga qaratilgan xulosa va takliflarini berish bilan sanoatga taalluqli iqtisodiy masalalar bo’yicha to’g’ri yechimni shakllantirish ko’nikmalariga ega bo’ladilar.
Kurs ishini bajarish bo’yicha uslubiy ko’rsatma ham sanoat iqtisodiyotiga tegishli dolzarb masalalarga nazariy va amaliy jihatdan yondashish asosida talabalarda ijodiy fikrlashni shakllantirishga mo’ljallangan. Ishlab chiqilgan ishlanmada kurs ishining mazmuniga qo’yiladigan talablar,uning tarkibi va rasmiylashtirish talablari berilgan bo’lib,bu jihatlar uning sifatli bajarilishini ta’minlaydi. SHuningdek,ishlanmada kurs ishining mavzulari,reja tuzish bo’yicha namunalar,adabiyotlar bilan ishlash bo’yicha yo’riqlar, himoya qilish tartibi,ishni baholash mezonlari ham yoritilgan.
Mazkur ishlanma 5230100 -Iqtisodiyot ta’lim yo’nalishining Malaka talablariga muvofiq holda ishlab chiqilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |