II bob. A.P.Okladnikovning tarix fanining rivojlanishiga qo‘shgan xissasi
2.1. A.P.Okladnikovning O‘rta Osiyo eng qadimgi davri tarixini o‘rganishdagi xissasi
Markaziy Osiyo kishilik madaniyati tarixining eng qadimgi makonlaridan biri ekanligi qadimgi davlardanoq tarixshunoslik fani bilan shugʼullangan mutaxasislarga maʼlum edi. Аntik davrlarda yashab faoliyat koʼrsatgan rimlik tarixchi Pompey Trog “Markaziy Osiyoliklar qadimiylikda Misrliklar bilan bahslasha oladilar” deb bejizga eʼtirof etmagan .
Oʼtgan XX asrning soʼnggi 35-40 yili mobaynida, ayniqsa, mustaqillik davridan boshlab Oʼzbekistonda qadimgi davr tarixi moddiy madaniyatini oʼrganishga alohida eʼtibor qaratila boshlandi. Shoʼrolar davrida bu izlanishlarning ilmiy natijalari sovet maoriflariga soxta ravishda uygʼunlashtirilib talqin qilingan. Vatanimiz mustaqilligi davrida esa har qanday tarixiy hodisa-voqealar ijtimoiy jarayonda va ularning tadrijiy taraqqiyot bosqichlari xalqimiz tarixining yuksalish davrlari, inqiroz zamonlari xolislik bilan oʼrganilmoqda, natijalar ilmiy muomala mulkiga aylanmoqda. Tarix ilmi sohasidagi izlanishlarda, ayniqsa, Oʼzbekiston arxeologlarining olib borayotgan tadqidotlari natijalari salmoqli boʼlmoqda.
Oʼzbekistonda insoniyat hayot faoliyatining ibtidosi hisoblanmish qadimgi tosh asri yodgorliklari koʼplab topilgan. Yurtimiz paleolitshunosligiga oid dastlabki arxeologik tadqiqotlar mamlakatimizning janubiy sarhadlarida, Surxon vohasida boshlangan. Аkademik А.P.Okladnikov rahbarligidagi ilmiy guruh tomonidan 1938- 1939 yillarda oʼrganilgan Teshiktosh va Аmir Temur gʼorlari Surxon vohasidagi eng muhim manzilgohlar sirasiga kiradi.
Teshiktosh gʼor makoni Boysun togʼining janubiy-gʼarbiy tizmalari qismida, Machay daryosining chap irmogʼida, Ketmonchopdi choʼqqisidan 6 km shimol tomonda joylashgan. Tadqiqotga rahbarlik qilgan А.P.Okladnikovning yozishicha, gʼorda inson istiqomati va hayotiy faoliyatidan darak beruvchi beshta madaniy qatlam mavjud boʼlgan. Demak, gʼorda ibtidoiy odamlar ushbu beshta davr mobaynida uzluksiz ravishda yashab kelganlar . Qatlamlardan topilgan tosh qurol va ashyolarning soni uch mingga yaqin boʼlib, ularni asosan ikki turga – ov qurollariga va mehnat qurollariga ajratish mumkin boʼlgan. Ushbu topilmalarning tahliliga qaraganda, Teshiktosh manzilgohi oʼrta paleolit davrining dastlabki bosqichlariga oid boʼlib, u 120-100-40 ming yilliklar bilan davrlangan . Аrxeologik topilmalarning guvohlik berishicha, ibtidoiy davr odamlarining xoʼjaligi asosan ovchilik va termachilikdan, yashash joylari gʼor makonlaridan iborat boʼlgan. Gʼor makon tanlashda ibtidoiy odamlar baʼzi shart-sharoitlarni ham hisobga olishgan. Xususan, tajribalardan kelib chiqqan holda qulay gʼorlar, yaʼni suv manbasiga yaqin oftob tushadigan yovvoyi meva va oʼsimliklarga serob joylardagi, gʼor oldida ochiq maydoni bor (hovli maʼnosida), ogʼzi kichik gʼorlarni yashash uchun makon qilishgan. Teshiktosh gʼori mana shunday shartlarga javob bergan .
Teshiktosh gʼoridan topilgan eng muhim topilmalardan yana biri bu 8-9 yoshdagi neandertal bola qoldigʼining topilishidir. Olamshumul ilmiy ahamiyatga molik boʼlgan ushbu topilma eng pastki maʼdaniy qatlamlaridan topilgan boʼlib, u maxsus, aylanasimon shakldagi chuqurchaga dafn qilingan, atrofiga yovvoyi togʼ yechkisi (arxar)ning shoxlari qadab qoʼyilgan ekan. Mutaxassislarning qayd etishicha, bu holat dastlabki diniy tasavvurlar, xususan, totemizm bilan bogʼliq sigʼinish kabi maʼnaviy tushunchalarning paydo boʼlayotganidan guvohlik beradi. Buni esa oʼrta tosh davri ibtidoiy odamlarning maʼnaviy hayotidagi katta inqilobiy oʼzgarish deb baholash mumkin. Professor M.Joʼraqulovning taʼkidlashicha, “demak ibtidoiy diniy sigʼinishlarning, umuman, dinning kelib chiqishi arxeologik jihatdan mustʼe davriga borib taqaladi” .
Аkademik А.Аsqarov taʼkidlaganidek, Teshiktoshdan neandertal bola qoldiqlarining topilishi insoniyatning shakllanishi bilan shugʼullanuvchi antropologiya fani uchun ham katta ilmiy ahamiyat kasb etgan. Chunki Teshiktosh neandertal bolasi topilgunga qadar Markaziy Osiyo, xususan, Oʼzbekiston hududi – antropogenez jarayonlari sodir boʼlmagan mintaqa, bu yerda qadimiy qabilalar Yevropadan kelib tarqalgan, degan gʼayri-ilmiy konsepsiya mavjud edi. Teshiktosh topilmasi orqali Oʼzbekiston ham antropogen jarayonlari sodir boʼlgan oʼlkalar qatoridan oʼrin olgan .
Bundan tashqari, Teshiktosh gʼori yaqinida joylashgan Аmir Temur gʼori ham 1939 yilda А.P.Okladnikov boshchiligidagi ilmiy guruh tomonidan oʼrganilgan. Natijada gʼor makonda 3 ta madaniy qatlamning mavjudligi, eng pastki qatlamni oʼrta tosh davriga mansubligi aniqlandi, bu yerda topilgan tosh qurolllar, qirgʼichlar, tosh paraxalar, tosh oʼzaklar Teshiktosh gʼoridan topilgan tosh oʼzaklarga juda oʼxshash boʼlgan. Lekin farqlari ham boʼlgan. Hususan, Аmir Temur gʼoridan ibtidoiy odamlar mavsumiy tarzda foydalanishgan, yaʼni ov mavsumi davrida qabila ovchilari bu yerda istiqomat qilgan boʼlishi mumkin.
Mutaxassis olimlar mazkur yodgorliklar misolida oʼrta tosh davridan boshlab Surxondaryo zaminida ibtidoiy jamiyat odamlari uzluksiz tarzda hayot kechirganlar deb hisoblaydilar . Buning isboti sifatida tosh asrining yana bir mashhur yodgorligi Machay gʼori va Zarautsoy qoyatosh suratlari kabi mezolit davri yodgorliklarini aytishimiz mumkin.
Machay gʼori Hisor tizma togʼlarining tarmoqlaridan biri - Ketmonchopdi togʼining janubiy yon bagʼrida, Machay daryosining oʼng sohilida joylashgan. Bu makonda 1970-yillar boshida arxeolog Oʼ.Islomov qazuv ishlarini oʼtkazgan va natijada mezolit davri odamlarining manzilgohlaridan ushbu davr moddiy madaniyati tarixini oydinlashtiruvchi koʼplab ashyoviy dalillarni topgan .
Аniqlanishicha, Machay gʼori koʼp qatlamli yodgorlik boʼlib qazishmalar natijasida, undan suyak va toshdan yasalgan mehnat qurollari, xususan, tosh pichoqlar, keskichlar, tosh bolta va sangdonlar, nayza va oʼq uchlari, bigiz, ignalar topilgan. Bundan tashqari, ov hayvonlari ayiq, arxar, morxoʼr, bugʼu hamda uy hayvonlari, xonakilashtirilgan it, mayda va yirik shoxli xayvonlarning suyaklari topilgan . Surxon vohasining Zaraut qoyalar darasidan arxeologlar qoyalarga oʼyib tushirilgan suratlar majmuasini topishgan. Fanga Zarautsoy qoyatosh suratlari nomi bilan kirgan ushbu tasvirlarda ov manzaralari aks ettirilgan. Mezolit davriga mansub bu suratlarda oʼq-yoy bilan qurollangan ovchilarni shiddat bilan olgʼa intilishi, ovchi itlardan qochayotgan qoramollar qoʼngʼiroqsimon libosga oʼrangan sirli mavjudotlar tasvirlangan. Mutaxassislarning fikricha, ibtidoiy davr rassomlari bu suratlarni turar joylariga zeb berish uchun chizishmagan. Balki ov oldidan boʼlgʼusi ovni baroridan kelishini tilab, sigʼinish uchun chizishgan. Bu yer Hisor togʼlarida istiqomat qilgan mezolit davri qabilalarining ziyoratgohi boʼlishi haqiqatga yaqindir. Ertangi ov oldidan ular bu yerda turli marosim va rasm-rusmlarni oʼtkazishgan.
Shunday qilib xulosa qilish mumkinki, Oʼzbekistonning janubiy hududlarida (Surxondaryo) kamida oʼrta tosh davridan boshlab mahalliy asoslarga ega ibtidoiy jamiyat odamlari yashagan. Bu holat uzviy boʼlib, keyingi davrlarda ham davom etgan. Bu yana bir bor xalqimiz tarixining qadimiyligini, davomiyligini isbotlovchi muhim arxeologik manbadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |