II-bob O’zbekistonda soliq tizimi va soliq mohiyat.
Soliqlarning mohiyati, uning о‘lchamlari va byudjet daromadlarini shakllantirishdagi о‘rni
Soliqlarning eng oddiy ta’rifi mana bunday. Soliqlar aholidan, korxonalar va xo‘jalik yurituvchi boshqa subyektlardan davlat (markaziy va mahalliy hokimiyat organlari) tomonidan undirnib olinadigan majburiy to‘lovlardir. Soliq o‘z mohiyatiga ko‘ra ijtimoiy mahsulotning (yalpi ichki mahsulotning YaIM) bir qismi bo‘lib, soliq to‘lovchi bundan biron-bir foyda ko‘rish-ko‘rmasligidan qat’iy nazar, o‘z mablag‘laridan davlat hisobiga majburiy ajratmalar ko‘rinishida aks etadi.
Soliqlarning mohiyatini tushunishga yordam beruvchi uchta tavsifni keltirib o‘taylik
1. Soliq to‘lovchi pulning u yoki bu summasini davlatga to‘lar ekan, buning evaziga bevosita biron-bir tovar yoxud xizmat olmaydi. Alohida olingan soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan soliq miqdori bilan u iste’mol qiladigan ijtimoiy ne’matlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud bo‘lmaydi. Xuddi ana shu xususiyatiga ko‘ra soliq bahodan (tovar yoki xizmatlarni ixtiyoriy iste’mol qilganligi uchun to‘lanadigan haq sifatida) ruxsatnoma (litsenziya)lar va vositachilik yig‘imlaridan farq qiladi, chunki bular majburiy yoki ixtiyoriy to‘lovlar hisoblansa-da, biroq hamma vaqt hukumat tomonidan ko‘rsatilgan xizmatdan muayyan foyda (naf) ko‘rilishi bilan bog‘liqdir.
Davlatga to‘lanadigan soliqlar bilan uning evaziga olinadigan iqtisodiy va ijtimoiy ne’matlar o‘rtasida bevosita, har bir kishining ko‘zi ilg‘aydigan bog‘liqlikning yo‘qligi soliq to‘lovchilar soliqqa tortishni yuk sifatida baholashlari uchun caba6 bo‘ladi, vaholanki, ular soliqlar hisobidan qilinadigan davlat xarajatlarining yo‘nalishini ma’qo‘llashlari ham mumkin.
Alohida olingan soliq to‘lovchi odatda jamiyat va o‘zining ko‘rgan foydasi yoki manfaatini to‘lagan soliqlari bilan solishtirib o‘tirmaydi. Bu shunga olib keladiki, oqibatda fuqarolarning bir qismi soliqlar to‘lashdan bo‘yin tovlashga, o‘z daromadlarini yashirishga urinadi. Davlat o‘z fuqarolaridan yig‘ib olgan soliqlarni samarali va oshkora tarzda ishlatsa hamda fuqarolarning aksariyat qismi davlatning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa dasturlarini o‘z mablag‘lari hisobidan pul bilan ta’minlashga rozi bo‘lgandagina yuksak soliq ahloqi tamoyillari tantana qiladi.
2. Soliqlar majburiy to‘lovlar hisoblanadi. Soliqlarning to‘la va o‘z vaqtida to‘lanishi uchun javobgarlik soliq to‘lovchilar zimmasiga yuklangan bo‘lsa-da, ular ixtiyoriy emas, majburiy ravishda to‘laydilar, davlat soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlarni qattiq jazolaydi.
3. Davlat foydasiga soliq to‘lash orqali daromadning avvaldan belgilab qo‘yilgan, eng muhimi, qonuniy tartibda ko‘zda tutilgan qismi undirib olinadi.
Ko‘pgina davlatlarning, jumladan, O‘zbekistonning ham qonunlarida soliqlarni belgilash va ularning hajmlarini aniqlashga faqat oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat yoki uning tomonidan vakolat berilgan organlar haqlidirlar, deb mustahkamlab qo‘yilgan. o‘zining xohish-istagiga qarab yangi soliqlar belgilash yoki ularning hajmlarini aniqlashga xech kimning haqqi yo‘q. To‘lovlarning qonuniy, ochiq-oydin xususiyatga ega bo‘lishi soliqlarning bosh tavsifidir.
Soliqlarning asosiy funksiyasi, fiskal (lotincha fiscus so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, g‘azna degan ma’noni anglatadi) xususiyatga ega ekanligidir. Bu o‘rinda mazkur funksiyaning mohiyati shundan iboratki, soliqlar yordamida davlatning moliya resurslari hosil qilinadi hamda davlat faoliyat ko‘rsatishi uchun moddiy sharoit yaratiladi, hozirgi vaziyatda esa butun bozor xo‘jaligi tizimi ishlab turishi uchun moddiy imkoniyat vujudga keltiriladi. Soliqlar orqali korxonalar va fuqarolar daromadining bir bo‘lagini davlat apparatini, mamlakat mudofasini, noishlab chiqarish sohasini, umuman o‘z daromadlari manbaiga ega bo‘lmagan qismini (madaniyat muassasalari, jumladan, kutubxonalar, arxivlar va boshqalar) yoki lozim darajada rivojlanishni ta’minlash uchun o‘zining mablag‘i yetishmaydigan tarmoqlarni (fundamental fan, teatrlar, muzeylar, ko‘plab o‘quv yurtlari va hokazo) saqlab turish maqsadida undirib olish jarayoni ro‘y beradi.
Fiskal funksiya davlatning iqtisodiyotga aralashuvi uchun obyektiv shart-sharoit vujudga keltiradi.
Budjet daromadlarini ta’minlash soliq tizimi vazifalaridan bittasi, holos. Soliq tizimi ana shu vazifani xal etar ekan, jamg‘arma va ishlab chiqarishning o‘sish jarayonlariga to‘sqinlik qilmasligi, ijtimoiy adolatni buzmasligi, xalq xo‘jaligi tuzilishida buzilishlar va chetga chiqishlar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi, bozor jarayoniga putur yetkazmasligi zarur.
Soliqlarning yana bir muhim funksiyasi iqtisodiy (tartibga soluvchi) vazifani ado etishidir. Davlat soliqlar orqali ishlab chiqarish sharoitlarini, tovarlar va xizmatlarning sotilishini tartibga solib boradi, iqtisodiy faoliyat uchun muayyan "soliq iqlimi" yaratadi. Soliqlar o‘zining iqtisodiy funksiyasi orqali takror ishlab chiqarishga ta’sir ko‘rsatadi, uning o‘sish sur’atlarini rag‘batlantiradi yoki pasaytiradi, mablag‘ to‘planishini tezlashtiradi yoki sekinlashtiradi, aholining to‘lov qobiliyati talabini kengaytiradi yoki kamaytiradi. Sof raqobatli bozor munosabatlari sharoitida ishlab chiqarish amalda soliqlar ta’siridan holi bulur edi. Ishlab chiqarish kuchlarining barq urib rivojlanishi va fan-texnika taraqqiyoti soliqlarning iqtisodiy funksiyasi ahamiyatini yangi bosqichga ko‘tardi. Biroq markazlashgan rejalashtirish tizimida davlat iqtisodiyotni izga solib turish uchun ma’muriy choralar bilan ta’sir ko‘rsatardi, shuning natijasida soliqlarning iqtisodiy dastak sifatidagi ahamiyati qolmadi. Bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi sharoitida aynan soliqlar davlatning iqtisodiyotga ta’sir o‘tkazishida asosiy vositalardan biri bo‘lib qolmoqda. Davlat soliqlarning iqtisodiy funksiyasi orqali xalq xo‘jaligining rivojlanishini rag‘batlantiradi, shuning barobarida uning fiskal funksiyasi uchun bazani kengaytiradi. Oqilona tashkil etilgan davlat soliq siyosati soliqlarning iqtisodiy funksiyasi orqali ishlab chiqarishni rag‘batlantirar, rivojlantirar ekan, fiskal funksiyasini kengaytiradi, bu bilan soliq yukini ko‘paytirmasdan turib, davlatning o‘zi faoliyat ko‘rsatishi va yashashi uchun obyektiv shart-sharoit ta’min etiladi. Soliqlarning izga solib turuvchi sifatidagi funksiyasining ahamiyati bozor sharoitida o‘sib boradi, bu davrda tadbirkorlarni ma’muriy qaram qilish usullari yo‘q bo‘lib ketadi yoki juda oz holda qoladi, korxonalar faoliyatini farmoyishlar, ko‘rsatmalar va buyruqlar yordamida idora qilish huquqiga ega bo‘lgan "yuqori tashkilot" tushunchasining o‘zi asta-sekin yo‘qola boradi. Biroq iqtisodiy faollikni izga solib turish, uning rivojlanishini jamiyat uchun maqbul bo‘lgan yo‘nalishda rag‘batlantirish zarurati saqlanib koladi.
Soliqqa tortish tizimi orqali texnika taraqqiyotini rag‘batlantirish usullarining ta’siri bir xil emas. Masalan, eskirgan uskunalarni zudlik bilan ro‘yxatdan chiqarish soliqqa tortish bazasini qiskartirish imkoniyatini yaratish hisobiga, avvalo an’anaviy mablag‘ talab qiladigan tarmoqlarda kuch-g‘ayratlarni faollashtirishga yordam beradi, sanoat va butun xalq xo‘jaligi tarmoqlarini ma’lum konservatsiyaga olib keladi. Buning aksicha, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga bevosita ketgan xarajatlarni chegirib tashlash va imtiyozlar berish ilm-fan yutuqlarida barakali foydalanadigan eng ilg‘or tarmoqlarning rivojpanishiga yo‘l ochadi.
Jahon tajribasi ko‘rsatishicha, mayda tavakkalchi firmalar ishlab chiqarish texnikasi sohasidagi ilg‘or g‘oyalar va yangiliklarni joriy etishni tezlashtiruvchilik vazifasini o‘taydi. Hozirgi zamonning rivojlangan mamlakatlari soliq tizimi turli imtiyozlar - soliqqa tortish bazasidan ilmiy tadqiqotlar va konstruktorlik izlanishlariga ketgan xarajatlarni chegirib tashlash, mablag‘ning ko‘payishidan daromadlarni soliqqa tortish paytida imtiyozlar berish, shu yo‘l bilan uzoq muddatli qimmatli qog‘ozlarni joylashgirish orqali mablag‘lvrni jalb qilishga imkoniyat tug‘dirish, nihoyat, korporatsiyalarning daromadlarini soliqqa tortishda ilg‘or usullarni qo‘llanish vositasi bilan ilm-fan yutuqlaridan foydalanuvchi kichik firmalar faoliyatini rag‘batlantiradi.
Soliq imtiyozlari va chegirishlar orqali fan-texnika taraqqiyotini rag‘batlantirish tizimlari qanchalik murakkab bo‘lmasin, bu tizimlardan birortasi ham mukammal emas, ulardan birortasi ham to‘siqlardan holi bo‘lgan mutloq rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsata olmaydi.
Soliqqa tortish tizimi murakkabligining o‘ziyoq suiste’molliklarga, soliqlardan bo‘yin tovlashga yo‘l ochadi, shuning uchun ham hozirgi zamon rivojlangan mamlakatlarining soliq siyosatida ikkita muqobil yo‘nalish to‘qnashayapti. Birinchisi, soliqlarni tabaqalashtirish, ko‘pdan-ko‘p imtiyozlar va umumiy soliq stavkalari ancha yuqori bo‘lganda soliqqa tortiladigan daromaddan chegirishni joriy etish.
Ikkinchisi, imtiyozlar, chegirmalar, undirishlardan asta-sekin voz kechish. Bu yo‘nalish soliq bazasini kengaytiradi hamda soliqqa tortishda umumiy stavkani pasaytirish imkonini beradi.
Birinchi yo‘nalish takror ishlab chiqarish va fan-texnika taraqqiyoti jarayoniga aniq maqsadni ko‘zlab ta’sir etishdan kelib chiqadi. Ikkinchi yo‘nalish esa, iqtisodiyotning barcha sohalarida erkin tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun mumkin qadar qulay sharoit yaratishga intiladi.
Shunday qilib, davlat soliqlar, imtiyozlar, jazo choralari (sanksiyalar) yordamida texnika taraqqiyotini, ish o‘rinlari sonining ko‘payishini, ishlab chiqarishni kengaytirishga kapital mablag‘ sarflashni va hokazolarni rag‘batlantiradi. Soliqlar vositasida texnika taraqqiyotini rag‘batlantirish avvalo shunda namoyon bo‘ladiki, bunda daromadning texnikaviy qayta qurollanish, rekonstruksiya, tovarlar, oziq-ovqat va bir qator boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish uchun uskunalar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan qismi soliqdan ozod qilinadi.
Soliqqa tortish unumli faoliyatni rag‘batlantirish, unumsiz faoliyatni to‘xtatish uchun daromadlar manbaiga ta’sir o‘tkazish yo‘li bilan korxonalarning iqtisodiy faoliyati samaradorligini oshirishi mumkin. Masalan, mamlakat sanoatini chet ellik raqobatchilardan himoya qilish uchun import tovarlarga soliq joriy etish usulidan foydalaniladi, bu bilan xorijga ko‘p mablag‘ chiqib ketishining oldi olinadi, mamlakat ichkarisidagi ishlab chiqarish rag‘batlantiriladi. Ayni paytda eksport tovarlar soliqdan ozod qilinishi chetga mahsulot chiqarish imkoniyatlari kengayishi uchun qo‘shimcha mablag‘lardan foydalanishga sharoit yaratib beradi.
Ijtimoiy xarajatlarni (atrof-muhitni ifloslantirish, aholi sog‘ligiga havf tug‘dirish va hokazo) ko‘paytirayotgan firmalarning mahsulotlariga qo‘shimcha soliqlarning joriy etilishi tez-tez ularning faoliyati to‘xtab qolishiga olib keladi, tabiatni muhofaza qilish va mehnat sharoitini yaxshilash choralarini ko‘rish zaruratini tug‘diradi.
Soliqlar ishlab chiqarishning muayyan tarmoqlarini himoya qilish uchun undiriladigan paytlar ham bo‘ladi (masalan, import gazlamaga soliq solinishi uni xaridor olishi mumkin bo‘lgan narxdan qimmatlashtirib yuboradi).
Jamiyat nuqtai nazaridan maqsadga muvofiq bo‘lmagan faoliyatni cheklash uchun ham soliqlardan foydalaniladi. Masalan, spirtli ichimliklar va sigaretalarga soliqlar faqat budjetni to‘ldirish uchun emas, balki bunday mahsulotlarni iste’mol qilishni cheklash uchun solinadi.
Keltirilgan misollar xo‘jalik faolligining, bir turini rag‘batlantirish va ikkinchi turini cheklash, chet ellik ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatchilik darajasini boshqarish va hokazolar yo‘lidan foydalanib, soliqlar yordamida qanday qilib aholi, korxona va tashkilotlarning iqtisodiy faoliyatini izga solib turish mumkinligini ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |