Savol va topshiriqlar:
1. Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi haqida gapirib bering.
2. O`zbekiston Milliy kutubxonasida qanday bo`limlar mavjud?
77
GRAMMATIKA: FRAZEOLOGIK BIRLIKLARNING TURLARI VA
USLUBIY XUSUSIYATLARI
Reja:
1.
Frazeologiya — iboralarni o`rganuvchi bo`lim.
2.
Idioma haqida tushuncha.
3.
Frazeologik sinonimlar, omonimlar va antonimlar.
Tayanch tushunchalar
: Frazeologizm, idioma, frazeologik sinonimlar,
frazeologik omonimlar, frazeologik antonimlar.
Til fanining iboralarni o`rganadigan bo`limi frazeologiya deyiladi. Tilning tez va
ko`proq o`zgaradigan sohasi uning lug`atidir. Davr o`tishi bilan eskirib qolgan so`zlar
va iboralar umumnutqdan chiqib ketadi, unga yangi so`zlar va iboralar qo`shiladi. Ikki
va undan ortiq mustaqil so`zlar yoki gaplar bir ko`chma manoni ifodalaydi. Shunday
ibora va gaplar barqaror bo`ladi. Ular obrazliligi, jozibadorligi bilan ajralib turadi.
Masalan: yuragi qon bo`ldi, ko`ngliga qil sig`maydi.
Frazeologik ibora va gaplar so`zlarning ko`p manoli (polisemiya) bo`lishiga
asoslanadi, shuningdek, ikki va undan ortiq mazmunni ifodalaydi: o`zini qayerga
qo`yishni bilmadi - sevinchdan hayajonlanmoq, zerikib yoki bekorchilikdan
toqatsizlanmoq va boshqalar. Mazasi qochdi - sog`ligi yomonlashdi,ishi inqirozga
uchradi.
Frazeologiyaning tarkibida idiomalar ham bo`lib, ular ma'lum tilgagina xos
bo`ladi va boshqa tillarga so`zma-so`z tarjima qilib bo`lmaydi: Ammamning buzog`i.
Yuragi shuv etib ketdi. Gapning po`st kallasi. Oyoqni qo`lga olib chopmoq va h.k.
Idiomalarda shakllangan mantiqqa to`g`ri kelmaydigan fikr, voqea, hodisa ifodalanadi.
Tilning lug`atidagi so`zlarning umumiy soni yillar o`tishi bilan kamaymaydi,
balki ko`payib boradi. Frazeologizmlar. Ma'no yaxlitligiga ega bo`lgan va nutqiy
jarayonga qadar ikki va undan ortiq so`zlarning barqaror munosabatidan tashkil topgan,
nutqqa tayyor holda olib kiriluvchi ko`chma ma'nodagi barqaror birikmalarga
frazeologizmlar (iboralar) deyiladi. Ibora tarkibidagi so`zlar ma'no jihatidan
uyg`unlashib, mazmunan yaxlitlikni vujudga keltiradi va ko`pincha mazmunan bir
leksemaga teng keladi. M: qulog`i ding bo`lmoq — hushyor bo`lmoq, qovog`i osilmoq
— xafa bo`lmoq, og`zining tanobi qochmoq — quvonmoq kabi. Frazeologizmlar gap
tarkibida uning bir bo`lagi vazifasida keladi.Gapning boshqa bo`laklari bilan yaxlit, bir
butun holda munosabatga kirishadi. M: Aravani quruq olib qochish evi bilan-da, avval
burningni artsang-chi… Bu gapda aravani quruq olib qochish qismi butunligicha ega
vazifasini bajaradi.
78
Frazeologizmlarga misollar:
hafsalasi pir bo`lmoq — xafa bo`lmoq
ko`zi to`rt bo`lmoq - kutmoq
ko`zi ochilmoq — anglab yetmoq
ko`zi uchib turgani yo`q — muntazir emas
qulog`i tom bitmoq — kar bo`lmoq
aravani quruq olib qochmoq - aldamoq
do`ppisi yarimta - beparvo
boshi yostiqqa yetmoq — kasal bo`lmoq
oyog`ini qo`lga olmoq — shoshmoq
dili siyoh bo`lmoq — xafa bo`lmoq
boshi osmonga yetmoq — xursand bo`lmoq
kovushini to`g`irlamoq — haydamoq
yer tagida ilon qimirlasa biladi — sezgir
ichini mushuk tirnamoq — azoblanmoq
ko`zini bo`yamoq — aldamoq
tepa sochi tik bo`lmoq — g`azablanmoq
tomdan tarasha tushganday — qo`qqisdan
xamirdan qil sug`urganday — oson
tarvuzi qo`ltig`idan tushmoq — bo`shashmoq
ikki oyog`ini tiramoq — injiqlik qilmoq
tutgan yerini kesmoq — o`jar
o`pkasi yo`q — hovliqma
Frazeologizmlarning quyidagi ko`rinishlari ham mavjud:
1. Frazeologik sinonimlar — shakli har xil, ammo ma'nosi bir xil bo`lgan iboralar
orasidagi sinonimlik. M: hafsalasi pir bo`lmoq — tarvuzi qo`ltig`idan tushmoq; og`zi
qulog`ida — boshi osmonda
2. Frazeologik omonimlar — iboralar orasidagi shakldoshlik: qo`l ko`tarmoq
(taslim bo`lmoq) — qo`l ko`tarmoq (urmoq), boshga ko`tarmoq (hurmat qilmoq) —
boshga ko`tarmoq (shovqin qilmoq)
3. Frazeologik antonimlar: qo`li uzun — qo`li kalta, ko`kka ko`tarmoq — yerga
urmoq
Iboralar (turg`un birikmalar) so`z birikmasi (erkin birikmalar) bilan bir xil
shaklda bo`lib qolishi mumkin: Ukamning tutgan kapalagi uchib ketdi. Bu gapni eshitib
do`stimning kapalagi uchib ketdi.
79
Tarvuzi qo`ltig`idan tushdi, qo`l ko`tarmoq ,boshga ko`tarmoq, ikki oyog`ini
tiramoq, og`zi ochilmoq, qulog`iga quymoq kabi iboralar ham erkin birikma sifatida
qo`llanadi, ammo ko`nglidan o`tkazdi, xurrak otdi, dong qotdi, ko`ngli yarim kabi
iboralar faqat ko`chma manoda qo`llanadi. “O`zbek tilining qisqacha frazeologik
lug`ati”, “O`zbek tilining izohli frazeologik lug`ati”ni professor Shavkat Rahmatullayev
ishlab chiqqan.
Do'stlaringiz bilan baham: |