Modellashtirish — real hayotda va jamiyatda yuz berayotgan hodisa va jarayonlarni ixchamlashtirilgan va soddalashtirilgan ko‘rinishini (modelini) sinfxonada yaratish va ularda o‘quvchilarni shaxsan qatnashishi va faoliyati evaziga ta`lim olishini ko‘zda tutuvchi metod.
Hamkorlikda o‘rganish modeli—o‘quvchilarning mustaqil guruhlarda ishlashi evaziga ta`lim olishini ko‘zda tutadigan metod.
O‘rganishning tadqiqot modeli — o‘quvchilarni muayyan muammoni yechishga yo‘naltirilgan, mustaqil tadqiqot olib borishini ko‘zda tutuvchi metod.
Noan`anaviy (ta`lim jarayoni markazida o‘quvchi bo‘lgan) o‘qitish metodlarning afzalliklari:
O‘qitish mazmunini yaxshi o‘zlashtirishga olib kelishi.
O‘z vaqtida aloqalarning ta`minlanishi.
Tushunchalarni amaliyotda qo‘llash uchun sharoitlar yaratilishi.
O‘qitish usullarining turli xil ko‘rinishlari taklif etilishi.
Motivatsiyaning yuqori darajada bo‘lishi.
O‘tilgan materialning yaxshi eslab qolinishi.
Muloqotga kirishish ko‘nikmasining takomillashishi.
O‘z-o‘zini baholashning o‘sishi.
O‘quvchilarning predmetning mazmuniga. O‘qitish jarayoniga bo‘lgan ijobiy munosabati.
Mustaqil fikrlay oladigan o‘quvchining shakllanishiga yordam berishi.
Nafaqat mazmunini o‘zlashtirishga yordam bermay, balki tanqidiy va mantiqiy fikrlashni ham rivojlantirishi.
Muammolar yechish ko‘nikmalarining shakllanishi.
Noan`anaviy o‘qitish metodlari quyidagi kamchiliklarga egadir.
Mashg‘ulotga tayyorgarlik uchun juda ko‘p vaqt talab etilishi.
O‘quvchilarni har doim ham keraklicha nazorat qilish imkoniyatining pastligi.
Juda murakkab mazmundagi material o‘rganilayotganda ham o‘qituvchi rolining past bo‘lishi.
«Kuchsiz» o‘quvchilar bo‘lganligi sababli «kuchli» o‘quvchilarning ham past baho olishi.
O‘qituvchining o‘zi ham yaxshi rivojlangan fikrlash qobiliyatiga va muammolar yechish ko‘nikmalariga ega bo‘lishining talab etilishi.
Shunday qilib, bugungi kunda dars mashg‘ulotlarida ham an`anaviy, ham noan`anaviy o‘qitish modellaridan foydalaniladi. Bunda mavzuning xususiyatiga, o‘zlashtiriladigan materialning mazmuniga va o‘quv maqsadlarining tarkibiga va nazorat tizimining qanday tashkil yetilish jihatlariga e`tibor beriladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, an`anaviy dars shaklini saqlab qolgan holda, unga turli — tuman o‘quvchilar faoliyatini faollashtiradigan metodlar bilan boyitish o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini ko‘tarilishiga olib kelar yekan.
Buning uchun dars jarayoni oqilona tashkil qilinishi, o‘qituvchi tomonidan o‘quvchilarning qiziqishini orttirib, ularning ta`lim jarayonida faolligi muttasil rag‘batlantirilib turilishi, o‘quv materialini kichik — kichik bo‘laklarga bo‘lib, ularning mazmunini ochishda bahs, munozara, aqliy hujum, kichik guruhlarda ishlash, tadqiqot, rolli o‘yinlar metodlarini qo‘llash, rang—barang qiziqtiruvchi misollarning keltirilishi, o‘quvchilarni amaliy mashqlarni mustaqil bajarishga undash, rang — barang baholash usullaridan foydalanish, ta`lim vositalaridan joyida va vaqtida foydalanish talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»da ta`limda yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish haqida ko‘rsatmalar beriladi. Shunga binoan keyingi yillarda yangi pedagogik texnologiyalarga bo‘lgan e`tibor kuchayib, bu haqda ilmiy uslubiy jurnallar, gazetalar ayrim o‘quv qo‘llanmalar sahifalarida mazkur masala bo‘yicha bir qator maqolalar e`lon qilina boshlandi. Shu sababli adabiyotlarda ta`limning bu shakliga e`tibor kuchayib, ilmiy, uslubiy risola va maqolalar chop etilmoqda.
U. Nishonaliyev (2000) “Ta`lim texnologiyasi” ga mansub tushunchalar, Pedagogik texnologiya tamoyillari haqida o‘z mulohazalarini o‘rtoqlashadi. Muallif pedagogik texnologiya tamoyillariga: kafolatlangan yakuniy natija, ta`limning mahsuldorligi, teskari aloqaning mavjudligi, ta`lim maqsadining aniq shakllanganligi kabilarni ko‘rsatadi. N. Sayidahmedov (2000) esa zamonaviylik, ilmiylik, o‘quv jarayonini maqbullashtirish, o‘qituvchi va o‘quvchilarning dasturli faoliyati axborot texnologiyasi va texnik vositalar, o‘quv-tarbiyaviy jarayon natijalarini ob`yektiv nazorat qilish va sifatli baholash kabilar ya`ni pedagogik texnologiyalanish sifati ko‘rsatkichlari ekanligini ko‘rsatadi.
Mazkur masala bo‘yicha yana bir qancha mualliflarning (Zokirov, Dadamirzayev 2000, Farberman 1999) maqola va risola e`lon qilingan.
Rossiyalik mutaxassislar yangi pedagogik texnologiya bo‘yicha o‘quv-tarbiya ishlarini tashkil etish bo‘yicha samarali mehnat qilinmoqdalar. “Biologiya v shkole” jurnali sahifalarida biologiya ta`limida modul tizimdagi foydalanishga qaratilgan turkum maqoalalari berib borilmoqda. (Burseva 1999-2000).
Yangi pedagogik texnologiya masalalari bag‘ishlangan uslubiy qo‘llanmalar (Farberman, 1999) chop etildi. Ilmiy-amaliy konferensiyalar bo‘lib o‘tmoqda.
«Xo‘sh, yangi pedagogik texnologiya nima? Uning an`anaviy ta`lim texnologiyalardan qanday farqlar bor?» degan savol paydo bo‘ladi. Yangi pedagogik texnologiyaga YUNESKO tomonidan quyidagicha:
“Pedagogik texnologiya ta`lim berish va o‘zlashtirish usullarini yaratish, qo‘llash, ularga yagona tizimga keltirish yo‘li bilan inson salohiyati va texnik vositalarini barcha imkoniyatlaridan maqsadga muvofiq ravishda foydalanib, ta`lim berishning eng ma`qul jarayonidir” ta`rif beradi.
Texnologiya yunoncha “texnos” - hunar, “logos” - ta`limot demakdir. Binobarin, texnologik jarayon-insonlarning mehnat qurollari yordamida turli xom ashyolardan mahsulot yaratishdagi faoliyatlari ko‘rinishidir.
Texnologik jarayon-mehnat qurollari bilan mehnat vositalari (xom ashyo) yordamida mahsulot yaratishdir. Ishlab chiqarishdagi barcha texnologik jarayonlar ishchi kuchi, mehnat vositalari va xomashyo bilan turli tovarlar, mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratiladi.
Ta`lim jarayoni ham o‘ziga xos texnologiyalardan foydalanish orqali amalga oshiriladi. Ushbu jarayon pedagogik texnologiya deyilib, undan o‘qituvchi tarbiya vositalari yordamida o‘quvchilarga ta`sir etish va mazkur faoliyat mahsuli sifatida o‘quvchilarga bilim malakalarini o‘rgatishdir.
O‘quv materialini o‘rganishning o‘ziga xos maqsadlari bo‘ladi. Biroq maqsad - bu oldindan anglangan, ammo hali qo‘lga kiritilmagan natijadir. Maqsadni amalga oshirish uchun turlicha ish uslublari, shakllar mavjud.
Keyingi yillarda ta`limda yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish masalalariga jiddiy e`tibor berilib, uning turlicha tashkiliy shakllari, yo‘nalishlari ishlab chiqilmoqda.
Texnologiya tartibga solish kuchiga ega. U erkin ijod qilishga undaydi. Pedagogik texnologiya murakkab jarayon sifatida qator bosqich, bu bosqichlarni o‘rganishga qaratilgan amallardan iborat bo‘ladi.
Pedagogik texnologiya tarkibiga:
1. Ta`lim maqsadlarini ishlab chiqish;
2. Ta`lim maqsadlari taksonomiyasini ishlash;
3. Ta`lim maqsadlarini sinov (test) topshiriqlariga aylantirish;
4. Maqsadga erishish yo‘llarini belgilash;
5. Maqsadga nechog‘lik erishganlikni baholash kabilar kiradi (Farberman 1999).
Yangi pedagogik texnologiyaning tarkibiga kiruvchi yo‘nalishlardan biri-ta`limda modul tizimidan foydalanish hisoblanadi. quyida blok-modul tizimidan foydalanish haqida mulohazalar bayon etiladi.
Ta`limida modul texnologiyadan foydalanish
Modul-o‘lchov ma`nosidagi so‘z bo‘lib, u turli tuzilmalarning muhim bir bo‘lagi ma`nosini beradi. Masalan, binoning poydevori, devori, tomi kabi bo‘laklari yoki modullariga misol bo‘lishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan qaralgan ta`limda modul texnologiyasi o‘quv jarayoni, unda o‘rganiladigan mavzuni alohida-alohida bo‘laklarga ajratib o‘rganishni bildiradi.
Boshqacha qilib aytganda, modul o‘quvchining yangi bilimlarini o‘zlashtirish jarayonidagi harakat dasturi yoki yo‘llanmasi hisoblanadi.
O‘quv materialining modul tizimi bo‘yicha o‘qituvchi va o‘quvchilar faoliyati darsning har bir qismidan nimalardan iborat bo‘lishi kerakligini aniqlashlikni talab etadi.
Modul texnologiyasining yana o‘ziga xos xususiyati, ahamiyati shundaki bu texnologiyadan foydalanishda quyidagilar:
o‘rganiladigan o‘quv materialini o‘quvchilar puxta o‘zlashtirishlariga erishiladi;
o‘qituvchi va o‘quvchilar orasida o‘zaro samimiy aloqa bog‘lanadi;
o‘quvchilar alohida guruhlarda ishlash imkoniyatlarga ega bo‘lishadi;
o‘z o‘rtoqlari bilan bemalol fikr almashishlariga sharoit yaratiladi;
o‘quvchini mustaqil ishlashiga imkon tug‘iladi;
o‘zlashtirish materiallariga ko‘ra o‘quvchilar o‘z bilimlarini tekshirish, baholash imkoniyatlari yaratilishiga erishiladi.
Modul tizimidan foydalanishda o‘quvchilar o‘quv materialini avvalgi o‘rganilgan dars mavzularidagi asosiy tushuncha, qoida va qonunlarni esga tushirish va shu bilimlarga asoslanib, yangi dars mazmunini o‘zlashtirishga erishadi. Bu hol, albatta, o‘quvchilarni oldingi o‘rgangan tushunchalarini yangi o‘rganiladigan tushunchalar bilan boyitish, rivojlantirish imkoniyatini beradi.
Modul texnologiyadan foydalanib o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarning zarur shartlaridan biri mavzuning nega o‘rganilishi, mavzu o‘quvchilarga qachon kerak bo‘lishi haqida fikr almashinuvi hisoblanadi. Bu shartga javob topish uchun o‘quvchilar bilan suhbat qilish asosida baliqlarning tabiatda, insonlar hayotidagi ahamiyati aniqlanib, mavzu haqida xosil qilinadigan bilimlar, malakalar o‘quvchilarga kelgusidagi hayotida zarur bo‘lishi tushuntiriladi.
Modul tizimidagi mashg‘ulotlarni ana`naviy mashg‘ulotlardan farqi shundaki, mazkur tizimda yuqorida aytib o‘tilganidek, mavzuni bir necha mantiqiy bo‘laklarga ajratib, ularni navbati bilan o‘rganishda ko‘rinadi. An`anaviy darslarda ayni mavzuni o‘rganish uchun umumiy holda maqsadlar belgilansa, modul tizimidagi mavzuning ajratilgan har bir bo‘lagining maqsad va vazifalari aniqlangani holda ish ko‘riladi. Masalan, «modulning topshiriqlariga javob topish va ulardan hulosalar chiqarish natijasida siz hasharotlarning ichki tuzilish xususiyatlarini o‘rganib, uni boshqa bo‘g‘imoyoqlilarning ichki tuzilishlariga o‘xshashlik va farqlarini bilib olasiz» kabilar o‘quvchilarni oldiga qo‘yilgan vazifalardan hosil qilinadigan bilim zahiralari ekani ko‘rsatiladi.
Modul tizimining navbatdagi bosqichida o‘quvchilar turli grafik diktantlar kichik-kichik test topshiriqlari, ba`zi savollarga javoblar yozishadi. Yuqoridagi diktant, test yoki savollar odatda o‘quvchilarni avvalgi darslarda o‘zlashtirgan bilimlarini esga tushirishga mo‘ljallanadi. Avvalgi darslarda o‘zlashtirilgan bilim zahiralaridan yangi mavzuni o‘rganishda foydalanish maqsad qilib olinadi. Chunki tushunchalarni rivojlantirish nazariyasi talabalari hamda o‘quvchilarning tirik organizmlarning o‘zaro o‘xshashliklari, farqlari, qarindoshliklar asosida organizmlarning tarixi rivojlanishi haqidagi bilimlarini xosil qilish yuqoridagi tanlangan avvalgi mavzular bilan bog‘lab o‘tilishini taqozo etadi.
O‘quvchilar bu ishlarni bajarib bo‘lganlaridan so‘ng axborot bo‘limi yoki bo‘lagi keladi. Bunda o‘qituvchining qisqacha hikoyasi, ma`ruzasi yoki o‘quvchilarning axborotlari, darslikdagi ayrim materiallarni o‘qish kabilardan foydalaniladi. Shundan so‘ng o‘quv materiallarini o‘rganishga doir o‘quvchilarning darslik ustidagi ishlari, bajaradigan laboratoiya mashg‘ulotlari, o‘quv masalalarini yechish kabi ishlarni bajarishga o‘tiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |