Elektr energiyasi iste’molchilarining tarif guruhlari
Barcha elektr energiyasi iste’molchilari to‘rt tarif guruhiga bo‘linadi (I, II, III va IV).
I tarif guruhiga ulangan quvvati 750 kVA va undan ortiq bo‘lgan, elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif bo‘yicha hisob-kitob qilinadigan iste’molchilar kiradi. Budjet tashkilotlari, suv ta’minoti tashkilotlari, fermer xo‘jaliklari va suv iste’molchilari uyushmalarining nasos stansiyalari, shuningdek davlat budjetidan moliyalashtiriladigan nasos stansiyalari bundan mustasno.
II tarif guruhiga quyidagilar kiradi:
elektr energiyasi uchun bir stavkali tarif bo‘yicha hisob-kitob qiladigan iste’molchilar, maishiy iste’molchilardan tashqari;
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibiga kiradigan, hududiy elektr ta’minoti korxonalari, shu jumladan hududiy elektr tarmoqlari korxonalaridan elektr quvvati oladigan korxona va tashkilotlarning, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarning ushbu korxonalar hududidan tashqarida alohida joylashgan obyektlarining xo‘jalik ehtiyojlari.
Bunda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibiga kiradigan hamda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan xo‘jalik ehtiyojlari uchun o‘ziga tegishli tarmoqlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha foydalanilgan elektr energiyasi amaldagi tannarx bo‘yicha hisob-kitob qilinadi.
III tarif guruhiga maishiy iste’molchilar kiradi. Ushbu tarif guruhi bo‘yicha aholi tomonidan turmush ehtiyojlari uchun uy-joylarda, xonadonlarda, yotoqxonalarda, yordamchi xo‘jaliklarda, shaxsiy foydalaniladigan tomorqa bog‘ obyektlarida, shu jumladan bog‘ shirkatlari va dala hovlilar sug‘orish nasoslari, shaxsiy avtomashinalar uchun garajlarda sarflanadigan elektr energiyasi haqi tok qabul qilgichlarning quvvati hamda hisobga olish asboblarining o‘rnatilgan joyidan qat’iy nazar, to‘lanadi.
Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan maishiy iste’molchilar tomonidan foydalaniladigan elektr energiyasi haqi ushbu tarif guruhiga kiradigan amaldagi tarifning 50 foizi miqdorida to‘lanadi.
Bunda ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uy-joylar va yotoqxonalarda yashaydigan elektr energiyasi iste’molchilari mazkur bandda tutilgan tarif bo‘yicha haq to‘laydi. Ushbu uylar va yotoqxonalarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha texnik shartlarda avval boshidan mazkur elektr plitalarining quvvati hisobga olingan, elektr qurilmalarni (transformatorlar, kuch kabellari, taqsimlash shitlari, kommutatsiya apparatlari, elektr uzatkichlar va boshqalarni) loyihalashtirish va montaj qilish ularning texnik shartlarda ko‘rsatilgan quvvat hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
Budjet tashkilotlaridan tashqari elektr energiyasidan binolarni elektr bilan isitish, issiq suv ta’minoti va ovqat tayyorlash maqsadida foydalanadigan I va II tarif guruhlari iste’molchilari tomonidan sarflanadigan elektr energiyasi hajmining haqi IV tarif guruhi bo‘yicha to‘lanadi.
Elektr energiyasidan aholiga elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida foydalanuvchi idoraviy va munitsipial uy-joy fondi, yuridik shaxslar yotoqxonalari, diniy tashkilotlar va oilaviy korxonalar, shuningdek, elektr energiyasidan aholi ehtiyojlari uchun foydalanadigan lokal qozonxonalarga maishiy iste’molchilarga belgilangan tarif qo‘llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |