339-mashq. O‘qing. To‘ldiruvchilarni topib, ifodalanishini ayting, birikma holida qo‘llangan to‘ldiruvchilarni o‘zi bog‘lanib kelgan so‘z bilan birga ko‘chiring.
1. Qiz bolaning bunchalik mard bo‘lishini men endi ko‘rishim. (P. Q.) 2. Na Mansurov Zebinisodan gina qildi, na Zebiniso undan. (F. Niyoziy.) 4. To‘g‘onlar, kotlovanlar uchun, suvni tez oqizish zarur bo‘lgan joylar uchun beton kerak. (J.Abd.) 4. Qanday qilib eshiklardan o‘tganini, zinalardan chiqqanini bilmadi. (Sh.) 5. Saltanat shularning barini kattalardan eshitgan edi. (O‘.Usm.) 6. Men buvimlarni tez-tez ko‘rishni, biznikiga kelishlarini, yo ularnikiga borishni yaxshi ko‘rardim. (O‘.Umarbekov.)
340-mashq. O‘qing. Ajratilgan to‘ldiruvchilarni topib, ular qaysi so‘zni izohlayotganini tushuntiring.
1. Mashhur terimchi Xosiyatoyni — gavdasi ham, ko‘zlari ham kichkinagina, lekin zuvalasi pishiq, harakatlari yengil, chaqqon yosh ayolni — hurmat bilan to‘rga o‘tqazishdi. (O.) 2. Bola taqlidchi bo‘ladi, u sizga, o‘z otasiga, taqlid qilishga harakat qiladi. (S. Z.) 3. Biz uchun, suvi kul rang dengiz farzandlari uchun, bu — bir jonli afsona. (Yu. Smuul.) 4. Tursunali akaga, shunday katta olimga, kuyov bo‘lish hazil gap emas! (O‘.U.) 5. Aksari dilgir bo‘lgan chog‘larida u o‘zining eng asl do‘stlari — kitoblariga murojaat qilardi. (L. Bat.)
341-mashq. O‘qing. Aniqlovchilarni topib, so‘rog‘i, ifodalanishi va qaysi so‘z bilan bog‘lanib kelganini ayting.
Alisher rastalardan ildam o‘tib bordi. Bozor chekkasidagi qo‘l yozma kitoblar taxlab qo‘yilgan kichik do‘konchalar uning e'tiborini jalb qildi. Bu sovuq va nim qorong‘i do‘konchalarda inson aqlining xazinalari o‘yma gulli charm muqovalarga o‘ralib taxlanib yotardi. Kitob do‘konlari yoniga muqovasoz ustalarning do‘koni joylashgan. Alisher to‘xtab, mashhur muqovasoz ustaning gul solish oldidan charmni tarang qilib tortib, iylashini uzoq tomosha qildi. Ayniqsa, ana shu rastalarda Alisher o‘zining hirotlik ekanini yaqqol his etdi. Eski qo‘l yozmalarning hidini huzur qilib iskarkan, u ketishga shoshilmasdi. (L. Bat.)
342-mashq. O‘qing, aniqlovchilarni topib, turini, qaysi so‘z turkumi bilan ifodalanganini ayting. Sifatlovchilarni sifatlanmishlar bilan birga ko‘chiring, sifatlovchi tagiga to‘lqinli chnziq chizing.
1. Choy ustida shiringina oilaviy suhbat boshlanib ketdi. (J.Ikromiy.) 2. Yangi klub. Katta zalda o‘tgan kuni bo‘ldi bal. (Q. H.) 3. Ming bir xil davo bor totli qimizda. (Mirm.) 4. Chang-to‘zon bilan qoplangan osmonda mayda-mayda yulduzlar g‘ira-shira miltirardi. (N. Biryukov.) 5. Boychechaklarning xushbo‘y, sezilar-sezilmas hidini nayning yoqimli hidi bilan uchirib keldi. (I. R.) 6. Bir qarashdayoq uning zehnli, udli-shudli ekanligini bilib oldim. (Sh. Siddiqiy.) 7. Uning na mol-davlatga, na shon-shavkatga ishtiyoqi bor. (K. Moiseeva.) 8. Qizning onasi muallima, otasi xizmatchi edi. (I. R.)
343-mashq. Ajratilgan qaratqich aniqlovchisini topib, qaysi so‘zni izohlayotganini ayting; ularni qaralmish bilan birga ko‘chiring.
1. Biz, ana shu sinalgan kuchning vakillari, do‘stligimizning tarixiy izlaridan kelib, uning veteranlari, yangi avlodlari bilan tanishdik. (As.M.) 2. O‘rik gulini eslatuvchi laylak qor girdobidan qutulmoqchi bo‘lgandek yelayotgan suvoriyning — Farg‘ona yigitining — bor diqqati ilon izidek o‘rmalagan yo‘lda. (S. Azimov.) 3. Aftidan, mayorning fyurerga yaqinligi haqidagi ovozalar bu yerdagilarnpng — gospitaldagilarning ham qulog‘iga yetgan ko‘rinardi. (A. Chakovskiy.) 4. Lekin har ikkovi ham bir narsani — Gavharning endigi taqdirini o‘ylar edilar. (O‘.H.)
Do'stlaringiz bilan baham: |