REJA :
1. So‘z-gaplar haqida ma'lumot
2. So‘z-gaplarning ma'noviy xususiyatlari
3. So‘z-gaplarning to‘liqsiz gaplardan farqi
4. To‘liq vato‘liqsizgaplar.
Mavzu yuzasidan tayanch so‘z va iboralar: So‘z-gaplar, to‘liq gap, to‘liqsiz gap, vokativ gap.
So‘z-gaplar turli mazmunni ifoda qiladi:
1. Tasdiq yoki inkor mazmunini ifodalaydi. Bu vazifada ha, durust, shukur, shunday, to‘g‘ri, yaxshi, mayli, rost, xo‘p, yo‘q, aslo, hech-da kabi so‘zlar keladi. Masalan:
- Olib chiqaymi?
- Mayli. (O.)
- To‘g‘ri, juda to‘g‘ri! – boshini bir necha marta qimirlatib gapirdi bemor. (O.)
2. So‘roq mazmunini ifodalaydi. Bu vazifada so‘roq ohangiga ega bo‘lgan rostdanmi, nahotki, rostmi, shundaymi, bo‘libdimi, rosti bilan-a kabi so‘zlar keladi. Masalan:
- Rostmi? – yoqasini ushladi chol. (O.)
- Nahotki! Unday bo‘lsa, uni darhol qaydash kerak. (U.)
3. Rasm, urf-odat va tabrikni ifodalaydi. Bunday vazifada salom, xayr, marhamat, balli, barakalla, ofarin, tasanno, rahmat, tashakkur, qulluq, qoyil kabi so‘zlar keladi. Masalan: E gul qizim, shundamisan? Barakalla, oppoq qizim. (O.)
4. His-hayajonni ifodalaydi. Bu vazifada his-hayajon undovlari keladi. Masalan: - Uh... badanim yonib boradi. (O.) “Voy!” – deb o‘zimni yerga tashladim. (O.)
5. Buyruqni ifodalaydi. Bunday vazifada, asosan, buyruq, xitob ifoda qiluvchi so‘zlar keladi. Masalan: “Jim!” – mushtini ko‘tardi Yormat. (O.)
6. Undalma shaklida bo‘lib, chaqirish, achinish, ta'na, gina, g‘azab kabi ma'nolarni ifodalaydi. Bunday gaplar vokativ gaplar deb ham yuritiladi. Masalan: - san-sanga nima? Ablah!.. (O.) “Gulnor!” deb qichqirdi. (O.)
So‘z-gaplar quyidagi xususiyatlari bilan bir bosh bo‘lakli gaplardan farqlanadi:
1. Bir bosh bo‘lakli gaplarning ko‘pchiligi uchun fikriy to‘liqlik, semantik mustaqillik xos. So‘z-gaplar uchun bunday bunday xususiyat xos emas. Ularning mazmuni matn va vaziyat bilan bog‘liq bo‘ladi.
2. Bir bosh bo‘lakli gaplarning bosh bo‘lagi mustaqil so‘zlar bilan ifodalanadi. So‘z-gaplarning ko‘pchiligi mustaqil bo‘lmagan so‘z turkumlari (yuklama, modal so‘zlar, undovlar) bilan ifodalanadi.
3. Bir bosh bo‘lakli gaplar ikkinchi darajali bo‘laklar bilan kengayib kela oladi. So‘z-gaplar esa bunday xususiyatga ega emas.
4. Bir bosh bo‘lakli gaplarning ko‘pchiligi xabar ohangi bilan aytiladi. Bunday gaplarda ohang etakchi rol o‘ynamaydi. So‘z-gaplarda esa ohang yetakchi ahamiyatga ega.
5. Bir bosh bo‘lakli gaplar qo‘shma gaplar komponenti bo‘lib kela oladi. So‘z-gaplar esa holatini o‘zgartirmay, qo‘shma gap komponenti bo‘lib kela olmaydi.
6. Bir bosh bo‘lakli gaplar, asosan, monologik nutq uchun xarakterli bo‘lib, so‘z-gaplar esa dialogik nutq uchun xosdir.
7. To‘liqsiz gaplarga o‘xshab ketish bir bosh bo‘lakli gaplarga nisbatan so‘z-gaplarda kuchli bo‘ladi.
Gaplar, zarur bo‘laklarining to‘la ifodalanishi yoki tushirilishiga qarab, ikkiga bo‘linadi: to‘liq gap va to‘liqsiz gap.
To‘liq gapda aytilayotgan fikrni ifoda qilish uchun zarur bo‘lgan bo‘laklarning barchasi mavjud bo‘ladi. To‘liqsiz gaplarda esa aytilayotgan fikrni ifodalash uchun zarur bo‘lgan gap bo‘laklarining bir qismi qatnashmaydi. Lekin bu bo‘lak matn mazmunidan, oldingi gapdan yoki nutq so‘zlanib turgan sharoitdan bilinib turadi. Masalan:
- Gapiring, nega jim bo‘lib qoldingiz? – dedi Bo‘ston.
- Xayol olib qochdi.
- Qayoqqa?
- Ajoyib shinam bog‘ga. (S.N.)
To‘liqsiz gap jonli so‘zlashuvda, dialog shaklidagi nutqda ko‘p uchraydi. Dialoglarda savol-javoblarning tuzilishi o‘ziga xos xususiyatlarga egadir. Har bir savol yoki javobda dialog mavzusiga yangilik qo‘shuvchi gap bo‘laklari ishlatiladi. Bir so‘zlovchi gapidagi bo‘laklar ikkinchi so‘zlovchi aytgan gapda tushiriladi.
To‘liqsiz gaplarda biror bo‘lakning ifodalanmay qolganligi bunday gap umumiy matndan, nutqdan, vaziyatdan ajratib olinganda yanada yaqqol ko‘rinadi. Masalan:
- To‘y juda qiziqarli o‘tdi.
- Sababi?
- Chunki ajoyib hofiz kelgan ekan.
Bunda ikkinchi gapni nutqdan ajratib olinsa, fikr to‘liq anglashilmaydi.
To‘liqsiz gaplarda quyidagi gap bo‘laklari tushirilishi mumkin:
Kesim va kesimga oid so‘zlar tushiriladi:
- Kim gapiradi?
- Men.
- Gapirishga sizga kim huquq berdi?
Insof, diyonat, vijdon amri.
2. Ega tushiriladi:
- O‘g‘lingiz nima qilyapti?
- O‘qiyapti.
3. Ega va kesim tushiriladi:
- Sidiqjon nima haqida so‘zladi?
- Maktab tajriba yer uchastkasi haqida.
4. Ikkinchi darajali bo‘laklar tushiriladi:
- Ertaga bog‘ga olma uzgani kimlar boradi?
- Biz boramiz.
To‘liqsiz gaplar xalq maqollarida ham ko‘p uchraydi. Masalan: Olamni quyosh yoritadi, insonni ilm. Maqtanganning uyini ko‘r, kerilganning to‘yini. Aqlli qiz o‘choqqa qarar, aqlsiz qiz qozonga.
Do'stlaringiz bilan baham: |