TA’LIM JARAYONIDA KO’RGAZMALI VOSITALARIDAN FOYDALANISH METODIKASI
Tayanch so’z va iboralar: Ko’rgazmalilik tamoyili, ta’lim vositalari turlari, yassi tasviriy ko’rsatma, hajmiy tasviriy ko’rsatma, maket, model, grafik organayzerlar, haqiqiy namunalar, o’quv xona doskasiga chiziladigan rasm, o’qitishning axborot texnik vositalari, o’quv videofilmi, o’quv videofilmini namoyish qilish metodikasi.
Ko’rgazmalilik-didaktik tamoyillari asosida.
Ta’lim sifati va samaradorligini ta’minlashda ko‘rgazmali metodlar ham alohida ahamiyatga ega.
Ko‘rgazmali metodlardan foydalanish zaruriyati ko‘rsatmalilik tamoyiliga amal qilish maqsadga muvofiq ekanligida ko‘rinadi. Inson miyasining 30 foiz hajmini ko‘rishni, faqat 3 foizigina eshitishni ta’minlovchi neyronlar tashkil etadi. Pedagogik-psixologik yo‘nalishda olib borilgan tadqiqotlar natijalaridan ma’lum bo‘ladiki, shaxs tomonidan o‘zlashtirilayotgan bilimlarning 85 foizi ko‘rish retseptorlari yordamida o‘zlashtiriladi. Demak, o‘zbek xalqi tomonidan ko‘p bora qo‘llaniladigan “YUz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi” maqoli ilmiy asosga ega ekan.
Namoyish metodi o‘rganilayotgan ob’ekt harakat dinamikasini ochib berishda qo‘l keladi va ayni chog‘da predmetning tashqi ko‘rinishi va ichki tuzilishi haqida to‘laqonli ma’lumot berishda keng qo‘llaniladi. Tabiiy ob’ektlarni namoyish qilishda odatda uning tashqi ko‘rinishi (shakli, hajmi, miqdori, rangi, qismlari, ularning o‘zaro munosabatlari)ga e’tibor qaratiladi, so‘ngra ichki tuzilishi yoki alohida xususiyatlarini o‘rganishga o‘tiladi. Ko‘rsatish ko‘p holatlarda o‘rganilayotgan ob’ektlarning sub’ekti yoki chizmasi yordamida kuzatiladi. Tajribalar namoyishi esa o‘quv xonasi doskasiga chizish yoki o‘qituvchining maxsus jihozlar yordamida ko‘rsatib berishi hisobiga amalga oshadi, bunda ushbu tajriba asosida yotuvchi tamoyillarni tushunish osonlashadi.
Predmetlar, hodisa yoki jarayonlarni tabiiy holatda namoyish qilish yanada ko‘proq didaktik samara beradi, biroq, bunday namoyishni amalga oshirish har
doim ham mumkin bo‘lavermaydi. SHu bois o‘qituvchilar tabiiy predmetlarni namoyish qilishda sun’iy muhitga murojaat qilishadi (masalan, dastgohlar bilan ishlab chiqarish korxonalarida tanishish) yoki sun’iy ravishda yaratilgan ob’ektlar (maket, model, mulyaj, skelet va boshqalar)dan foydalaniladi.
Bu metod yordamida o‘qituvchi ta’lim oluvchilarni mustaqil ravishda ob’ektlarni o‘rganish, zaruriy o‘lchov ishlarini olib borish, aloqadorlikni o‘rnatish, shuningdek, hodisalarning mohiyatini anglab etishga bir so‘z bilan aytganda faol bilish jarayoniga yo‘naltirishi lozim. Namoyish samarasi ko‘p jihatdan o‘qituvchini ko‘rgazmali materialni ta’lim oluvchining tayyorgarlik darajasiga mos holda to‘g‘ri tanlanishi hamda mumkin qadar ularning diqqatini namoyish etilayotgan predmetning muhim jihatlariga yo‘naltirishiga bog‘liqdir.
Tasvir (illyustratsiya) metodi namoyish metodiga chambarchas bog‘liq bo‘lsada, didaktikada alohida o‘rganiladi. Illyustratsiya narsa, hodisalar va jarayonlarni ularning ramziy ko‘rinishlari – chizma, port, rasm, fotosurat, yassi modellar va boshqalar yordamida ko‘rsatishni taqozo etadi.
Namoyish va tasvir metodlari o‘zaro bog‘liqlikda bir-birini to‘ldirgan holda qo‘llaniladi. Agar hodisa va jarayonni ta’lim oluvchi yaxlit holda qabul qilishi zarur bo‘lsa namoyishdan foydalanish, agar hodisa mohiyati hamda uning unsurlari o‘rtasidagi bog‘lanishlarni anglash talab etilsa illyustratsiyaga murojaat qilinadi.
Tasvirning samarasi ko‘pincha o‘qituvchi tomonidan ko‘rsatuv texnologiyasi qay darajada o‘zlashtirilganligiga bog‘liq bo‘ladi. Ko‘rsatmalardan foydalanishning bilish jarayonidagi didaktik ahamiyati o‘rganilayotgan ob’ekt mohiyatini to‘laqonli yorita olishi bilan belgilanadi. Aslida illyustratsiyalar oldindan tayyorlanib, dars jarayonida zarur o‘rinlarda kerakli hajmda ko‘rsatiladi, aks holda ular sonining oshib ketishi ta’lim oluvchilarni hodisa mohiyatini anglashda chalg‘itadi. Ayrim hollarda tarqatma materiallar (fotosurat, jadval, tabiiy ob’ektlar va boshqalar) yoki texnik vositalar xizmatidan foydalanishga to‘g‘ri keladi.
Ko‘rgazmali metodlardan foydalanishda samaradorlikka erishish uchun quyidagi shartlarga amal qilish maqsadga muvofiqdir:
ko‘rgazmalilikning ta’lim oluvchilar yoshi va rivojlanish darajasiga mos kelishi;
namoyish etilayotgan ob’ektlar barcha ta’lim oluvchilarga yaxshi ko‘rinib turishi;
namoyishda uning boshlang‘ich bosqichi va asosiy jarayon (holat)larning ajralib turishi;
tajribalar namoyishi maket, jihoz, qurollar yoki tajriba sxemasini chizib ko‘rsatish asosida tashkil etilishi;
namoyish va illyustratsiya o‘quv materialining mazmuni bilan uyg‘un bo‘la olishi lozim.
Didaktikada ko’rsatmalilik tamoyili konkret bilan abstraktning birligi to’g’risidagi qoidasi asosida ko’rib chiqiladi. Narsa yoki hodisaning aslini yoki tasvirini idrok etish inson uchun atrofdagi borliqni, biror haqiqatni bilishning dastlabki va eng oddiy akti hisoblanadi hamda o’rganilayotgan narsalar, jarayonlar, hodisalar to’g’risida aniq tasavvurlar va abstrakt tushunchalar hosil qilish uchun asos vazifasini o’taydi.
O’qitishning ko’rsatmaliligiga sabab bu insonning fikrlash xususiyatidir. Bu xususiyat asosan konkretdan abstraktga tomon rivojlanadi. Tushunchalar va abstrakt qonun-qoidalar konkret kuzatishlar natijalariga asoslansa hamda ular bilan mustahkamlansa, ancha oson va tez shaklanadi. Kishilarda tafakkurning rivojlanishi ularning yoshiga, hayot va ish tajribasiga va boshqalarga bog’liq. Ammo bizning tafakkurimiz rivojlanishning qaysi bosqichida bo’lmasin hamda biz qanchalik murakkab masalalarni o’rganmaylik, konkret faktlar va obrazlardan ajralib qolmasligimiz kerak.
Ko’rsatmalilik tamoyili o’qituvchining xilma-xil o’quv qo’llanmalari va o’qitishning audiovizual (eshitish-ko’rish) axborot-texnika vositalaridan foydalanishida, ularning pedagogika jihatidan ma’qul tarzda yasalishida aks etadi.
Ko’rsatmali qo’llanmalar-talabalarni o’rganiladigan ob’ektlar, hodisalar, jarayonlar to’g’risida yaqqol (asosan ko’rish) tasavvurlar hosil qilish metodida o’qitish maqsadida ishlatiladigan vositalar, o’zlashtiriladigan bilimlar xarakteriga,
talabalarda mavjud bo’lgan tasavvur, tushuncha, hayot va ish tajribasiga, darsning konkret vazifalariga qarab ko’rsatma qo’llanmalar o’qitishda har xil rolni bajaradi. Ular bilimlar manbai sifatida, shuningdek, o’qituvchi so’zlab berish, tushuntirish, suhbat vaqtida foydalanadigan rasm sifatida xizmat qilishi mumkin. Ko’pincha, bu ikkala vazifa kompleks tarzda kelishi mumkin.
Ko’rsatma qo’llanmalar va ulardan foydalanish haqidagi umumiy masalalar pedagogik adabiyotda ancha batafsil yoritilgan, shuning uchun bu vositalarning maxsus va umumkasbiy fanlarni o’rganishda foydalanilishini batafsilroq ko’rib chiqamiz.
Maxsus va umumkasbiy fanlarini o’qitishda ko’rsatmalilikdan foydalanish, gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar, matematik va tabiiy-ilmiy fanlar blokidagi fanlarini o’qitishdagiga nisbatan muayyan xususiyatlarga ega. Bu xususiyatlar yuqoridagi ikki o’quv bloki fanlari mazmunining o’ziga xos xususiyatlari va ularni o’rganish metodikasi bilan bog’liq. Agar gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar, matematik va tabiiy-ilmiy fanlar blokidagi fanlarini o’rganishda ko’rsatma qo’llanma tamoyilini, asosiy g’oyani yaxshiroq o’zlashtirishga yordam bersa, maxsus fanlarini o’rganishda esa ob’ektning tuzilishi, texnologik ish jarayoni, mexanizm yoki tarkibiy qismlarning o’zaro ta’siri birinchi o’rinda turadi. Maxsus fanlarni o’rganishda mashina, dastgoh, mexanizm va tarkibiy qismlarning aslini o’rganish, shuningdek, ularni qismlarga ajratish hamda yig’ish uchun talabalarga imkoniyat tug’dirish muhim o’rin tutadi.
Ko’rsatmali qo’llanmalardan quyidagi hollarda foydalaniladi:
o’rganiladigan ob’ektniig asli juda katta yoki juda kichik bo’lganda (domna va marten pechlari, soat mexanizmi va shu kabilar);
ob’ekt yoki hodisalarning aslini ko’rish mumkin bo’lmaganda (elektr toki, molekulalarning tuzilishi, kristall panjaralar va shu kabilar);
o’rganaladigan ob’ekt yoki hodisalarning aslini bevosiga kuzatish - mumkin bo’lganda (dvigatelning ichki tuzilishi, kimyoviy apparatlarda, pechlarda va shu kabilarda sodir bo’ladigan jarayonlar);
tushunchani grafik tarzda tasvirlash talab etilganda (dvigatel, tsiklogramma va shu kabilarning xarakteristikasi);
murakkab ob’ektlarni oddiylashtirish yoki ishlash prinsipini ko’rsatish zarur bo’lganda (qurilma sxemalari, dastgohlarning kinematik sxemalari, prinsipial elektr sxemalar va shu kabilar);
Harakatlanishning eng xarakterli momentida mexanizm yoki mashina detallarining joylashuvini qayd qilish va ko’rsatish talab etilganda (ichki yonuv dvigateli krivoship-shatunli va taqsimlash mexanizmlarining chekka nuqtalari, egovlashda harakatning o’ziga xos har xil nuqtalarida qo’llar, oyoqlar hamda gavdaning vaziyati va shu kabilar).
Do'stlaringiz bilan baham: |