Ko'p allellilik. G. Mendel tadqiqotlaridan keyin ko'p vaqt o'tgach, «dominant gen» va «retsessiv gen» tushunchalari nisbiy ekanligi ma'lum bo'ldi. Biror belgi genining dominant, retsessiv deb atash mumkin bo'lmagan boshqacha «holatlar»i bo'lishi ham mumkin. Gen mutatsiyalari natijasida yuqoridagi holatlarning ikkita emas, uchta yoki undan ortiq allellari paydo bo'lish hodisasi ko'p allellilik deyiladi.
Kodominantlik. Somatik hujayralarda ikkitadan allel genlar bo'ladi: ular ota-onadan o'tgan. Ko'p allellilikda bunday genlar «xillari» bitta populatsiyaga mansub har xil organizmlarda ota-onadan qaysi genlar o'tganligiga qarab turlicha bo'ladi. Masalan, odamda qon guruhi uchta allel (A, B, 0) ga ega bo'lgan gen bilan belgilanadi. Bunda A va B - dominant allellar, 0 esa retsessiv allel. Shunday qilib, odamlarda bu allellarning quyidagi kombinatsiyalari uchraydi: 00 - birinchi, AA va A0 - ikkinchi, BB va B0 - uchinchi, AB - to'rtinchi qon guruhi. Allel genlarning birgalikda biror belgining rivojlanishiga bunday ta'siri kodominantlik deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |