Fransiya milliy tasniflash tizimi
Jahonda mehmonxonalarni Fransiya milliy tasniflash tizimida darajalash keng tarqalgan. Bu tizim turistik mehmonxonalarni 6 toifaga ajratadi. Shulardan besh toifa mehmonxonalarga ma’lum miqdorda yulduzlar berishni nazarda tutadi (1 yulduzli, 2 yulduzli, 3 yulduzli, 4 yulduzli yoki 5 yulduzli mehmonxonalar). Bir toifa – yulduzsiz. Bunday tizim mehmonxona xizmatlari bozorini ancha to‘liq qamrab olish imkonini beradi. Minimal talab-mezonlarga javob bermaydigan mehmonxona toifa olishga da’vogar bo‘la olmaydi. Bunday talab-mezonlar quyidagi guruhlarga birlashtirilgan:
A – xonalar miqdori;
B – umumiy binolar va xonalar;
C – mehmonxonaning jihozlanishi;
D – yashash joyining shinamligi;
E – xizmat ko‘rsatish;
F – nogironlar hamda harakatlanishi cheklangan shaxslarga yaratilgan qulayliklar.
Hind tasniflash tizimi
Rivojlanayotgan mamlakatlarda mehmonxonalarni tasniflashning hind tizimi ayniqsa keng tarqalgan. Bu tizim ham mehmonxonalarni besh toifaga: «bir yulduzli», «ikki yulduzli», «uch yulduzli», «to‘rt yulduzli», «besh yulduzli» toifalarga ajratishni nazarda tutadi. Bu toifalarni maxsus komissiya ballar bo‘yicha baholash asosida belgilaydi. Misol. «1 yulduz» toifasi: bu toifaga mansub mehmonxona Yaxshi hududda, mehmonxona uchun yaroqli binoda joylashgan bo‘lishi kerak (maksimal baho 15 ball); mijozlar bilan aloqa qiluvchi xodimlar ingliz tilini ish uchun zarur hajmda bilishi kerak (maksimal baho 5 ball) va h.k. «2 yulduz» toifasini olish uchun 150 ball, «3 yulduz» uchun – 210 ball, «4 yulduz» uchun – 250 ball, «5 yulduz» uchun – 290 ball to‘plash kerak.
Germaniya tasniflash tizimlari
Germaniya tasniflash tizimiga ko‘ra, mehmonxona korxonalari besh toifaga ajratiladi. Bu tizimni YYevropa tizimi bilan uyg‘unlashtirish maqsadida bu yerda har bir toifa ma’lum yulduzlar miqdoriga mos kelishi nazarda tutiladi:
turistik toifa – 1 yulduz;
standart toifa – 2 yulduz;
komfortli toifa – 3 yulduz;
birinchi toifa – 4 yulduz;
lyuks – 5 yulduz.
Boshqa tasniflash tizimlari ham o‘zining «yulduzlar» tizimiga muvofiqligini belgilashga harakat qiladi. Masalan, Gresiyada A toifa mehmonxonalari to‘rt yulduzli darajaga, V toifa mehmonxonalari uch yulduzli darajaga, S toifa mehmonxonalari ikki yulduzli darajaga, D toifa mehmonxonalari bir yulduzli darajaga mos keladi. Italiyada birinchi toifa mehmonxonalar shartli ravishda to‘rt yulduzli darajaga, ikkinchi toifa mehmonxonalar uch yulduzli darajaga, uchinchi toifa mehmonxonalar ikki yulduzli darajaga mos keladi.
Germaniya tasniflash tizimining o‘ziga xos jihati shundan iboratki, unda pansionlar, karvonsaroylar, «garni» otellar singari mehmonxona korxonalari uchun ham toifalar nazarda tutilgan. Bunday turdagi mehmonxona korxonalariga tegishli toifalarni belgilashda «restoran», «ovqatlanish servisi» kabi majburiy talablar nazarda tutilmaydi, qo‘shimcha talablarning zarur miqdori esa ancha kam:
birinchi toifa uchun – 90;
komfortli toifa uchun – 50;
standart toifa uchun – 15.
Bundan tashqari, mazkur korxonalarga ko‘pi bilan birinchi toifa (4 yulduz) berilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |