Mikroorganizmlarning oziqlanishi va moddalar almashinish jarayoni.
Geterotroflar, avtotroflar.
Barcha mikroorganizmlarning oziqlanish, nafas olish, bo‘linib ko‘payish jarayonini amalga oshirish uchun oziq moddalar zarur. Mikroorganizmlar energiya manbai va oziq modda sifatida turli xil organik moddalar va noorganik birikmalardan foydalaniladi, shuningdek, normal hayot kechirish uchun ularga mikroelementlar va o ‘sish omillari talab qilinadi.
Mikroorganizmlarning oziqlanish jarayonida o ‘ziga xoslik bor.
Birinchidan, oziq moddalar hujayraning butun devori orqali kiradi.
Ikkinchidan, mikrob hujayrasi juda tez boradigan metabolitik reaksiyasiga ega.
Uchinchidan, mikroorganizmlar yashash muhitini o ‘zgartirishga juda tez adaptatsiyalanish (moslanish) xususiyatiga ega.
Har xil sharoitda yashashga ko‘ra, mikroorganizmlarning turli xil oziqlanish turlari tafovut etiladi.
Oziqlanish turi. Oziqlanish turi azot va uglerodni hazm qilishiga qarab aniqlanadi. Vodorod va kislorod organogenlarning manbai bo‘lib suv hisoblanadi. Oziq moddalarni parchalashi uchun mikroorganizmlarga suv juda zarur, chunki ular hujayraga faqat erigan modda bilan kiradi.
Uglerodni qabul qilishga ko‘ra, mikroorganizmlar ikki turga bo‘linadi: avtotroflar va geterotroflar.
Avtotroflar (yunon. autos-o‘zim, trophe-oziqlanaman) — oddiy noorganik birikmalardan murakkab organik birikmalarni sintezlash xususiyatiga ega. Ular uglerod manbai sifatida uglekislota va boshqa noorganik uglerod birikmalaridan foydalanishi mumkin. Avtotroflar tuproq (nitrifikatsiya, serobakteriya va b.) bakteriyalari hisoblanadi.
Geterotroflar (yunon. heteros-boshqa, trophe-oziqlanaman) o‘sib rivojlanish uchun tayyor organik birikmalarga muhtoj. Ular uglerodni uglevodlardan (ko‘pincha glukoza), ko‘p atomli spirtlardan, organik kislotalardan, aminokislotalardan va boshqa organik moddalardan oladi. Geterotroflarga mikroorganizmlarning katta guruhdagi a’zolari kiradi, ular orasida saprofit va parazitlarni uchratishimiz mumkin.
Saprofitlar (yunon. sapros-chirigan, photon-o‘simlik)— o‘lik organizmdan tayyor organik birikmalarni oladi. Ular o‘lik organizm qoldiqlarining chirishida katta rol o‘ynaydi. Masalan, chirituvchi bakteriyalar va boshqalar.
Parazitlar (yunon. parasitos-haromxo‘r, tekinxo‘r) — tirik o‘simlik, hayvon va odam hujayrasidagi organik birikmalar hisobiga yashaydi va bo‘linib ko‘payadi. Bunday mikroorganizmlarga rikketsiyalar, viruslar va ayrim sodda jonivorlar kiradi.
Azotni qabul qilishiga ko‘ra, mikroorganizmlar ikki guruhga bo‘linadi: aminoavtotroflar va aminogeterotroflar. Aminoavtotroflar oqsilni sintezlashida hujayralar havoni azot molekulasi yoki ammoniy birikmalardan — aminokislota, murakkab oqsildan oladi. Ularga barcha patogen mikroorganizmlar va ko‘pgina saprofitlar kiradi.
Energiya manbaiga ko‘ra, mikroorganizmlar quyidagilarga bo‘linadi:
Fototroflar — biosintez reaksiyasi uchun energiyani quyosh nuridan (purpur serobakteriyalar) oladi;
Xemotroflar — energiyani noorganik va organik moddalarni oksidlash hisobiga oladi.
Lekin mikroorganizmlarni oziqlanishiga ko‘ra, chegaralab bo‘lmaydi, chunki shunday turdagi mikroorganizmlar borki, ular geterotrof turidan avtotrof turiga va aksincha o‘zgarishi mumkin. Hozirgi vaqtda mikroorganizmlarning oziqlanishiga ko‘ra, yangi atamalar kiritilgan: geterotroflar, organotroflar, avtotroflar—litotroflar (yunon. litos-tosh) deb ataladi, chunki bunday mikroorganizmlar faqat mineralli muhitda o‘sish qobiliyatiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |