Pichan basillasining rivojlanish sikli. Bu basillaning yosh hujayrasi peritrix-tipda xivchinlanganligi sababli yumalab harakatlanadi. Rivojlanish siklining dastlabki davrlarida hujayra xivchinlarini yo’qotib, harakatdan to’xtaydi va tezlik bilan bo’lina boshlaydi, Hujayralar bunday ko’payish natijasida bir-biriga ulanib, uzun zanjir hvsil qiladi va ularda xivchinlar paydo bo’ladi. Bu hujayralar xivchinlar yordamida biroz vaqt harakatlangandan so’ng yana ayrim hujayralarga bo’linib harakatlanaveradi. Bu bosqich ko’p marta takrorlangandan so’ng hujayra ichida spora hosil bo’ladi. Spora hosil qilgan vegetativ hujayra bir joyda to’xtab qoladi. Uning po’sti eriydi va spora tashqariga chiqib qoladi. Qulay sharoitga duch kelishi bilan sporaning po’sti yoriladi va undan harakatchan pichan basillasi o’sib chiqadi.
Sporadan o’sib chiqqan vegetativ hujayra yuqorida aytilgan bosqichlarni qaytadan o’tib, spora hosil qiladi va shu bilan rivojlanish siklini tugallaydi (4.1-rasm).
4.1 – rasm. Pichan basillasining Basillus subtilis ning rivojlanish bosqichlari: a – harakatchan hujayra;
b – xivchinini yo’qotib bo’linish payti; v – xivchinlarni qaytadan hosil bo’lish stadiyasi;
g – sporalarning hosil bo’lish davri;
d – sporadan o’sib chiqishi
Ipsimon bakteriyalar suv ostidagi narsalarga yopishib olib, hayot kechiradi. Ular shilimshiq qin ichiga joylashib yashaydi va voyaga etganda har qaysi hujayraning bir uchida xivchinlar to’plami paydo bo’ladi. Xivchinli bakteriyalar hujayralar bir qancha vaqt o’tgandan keyin suv ostidagi narsalarga yopishib oladi va xivchinini yo’qotadi. Xivchinini yo’qotgan hujayra tezlik bilan, ko’payib, shilimshiq qinga o’raladi, bu hujayralar voyaga etguncha qin ichi turadi.
Prokariotlarning ko’payish usullari. Tayoqchasimon bakteriyalar bo’linishidan oldin u bo’yiga o’sadi va ikkiga bo’lina boshlaydi. Tayoqcha o’rtadan sal torayadi va ikkiga bo’linadi. Agar hujayra ikkita bir xil bo’laklarga bo’linsa, bunga izomorf bo’linish (izo-teng) deyiladi. Ko’pincha geteromorf (noteng) bo’linish kuzatiladi.
Agar xivchinli hujayra bo’linsa, qiz hujayrada ko’pincha xivchinlar bo’lmaydi ular ona hujayrada qoladi. Keyinchalik qiz hujayradan xivchin o’sadi. Demak, ona hujayra birlamchi hujayra devori, fimbriylar va xivchinlarga ega bo’ladi. Spiroxetalar, rikketsiyalar, ba’zi achitqilar, zambrug’lar, sodda xayvonlar (protistlar) ko’ndalangiga bo’linib ko’payadi. Mikrobakteriyalar «tortilib» («peretyajka» hosil qilib) ko’payadi. Avval hujayra bo’linadigan joyidan torayadi, so’ngra hujayra devori ikki tomonidan hujayraning ichki tomoniga qarab bo’rtadi va oxirida ikkiga bo’linadi. Qiz hujayra o’zi sitoplazmatik membranasi bo’lgani holda, hujayra devorini vaqtincha saqlab qoladi.
Ba’zi bakteriyalarda jinsiy jarayon ham kuzatilib, unga konyugasiya deyiladi.
Shunday qilib, o’sish va ko’payish natijasida mikroorganizmlar koloniyasi hosil bo’ladi. Ularning ko’payishi juda katta tezlikda amalga oshadi. Generasiya (ko’payish) vaqti mikroorganizm turi, yoshi, tashqi muhit (oziqa muhit tarkibiga, haroratiga, pH) ga bog’liq. Generasiya vaqtining eng optimal muddati 20-30 minut bo’lsa, 2 soatda 6 ta generasiya olish mumkin. Odamning shuncha avlodini olish uchun esa 120 yil vaqt lozim bo’ladi. Ammo bakteriyalar uzoq vaqt 20 minutlik generasiya hosil qilish yo’li bilan ko’paya olmaydi. Agar ular bir xil jadallikda ko’payganda edi, bir dona E. so1i 24 soatdan so’ng 272 yoki 1022 avlod qoldirgan bo’lar edi, bu esa 10 minglab tonnani tashkil qiladi. Bakteriyaning o’sishi shu tarzda davom etsa, 24 soatdan so’ng to’plangan massa er shari massasidan birnecha marta og’ir bo’lib chiqar edi. Ammo, amalda shunday bo’lmaydi, chunki oziqa moddalarning etishmasligi va hosil bo’lgan mahsulotlar bakteriyaning ko’payishini cheklaydi. Oziqa muhiti oqib turganda (yangilanib turganda) bakteriyalar har 15-18 minutda bo’linib turadi. Suyuq oziqa muhitda bakteriyalar o’sish tezligining vaqtga qarab o’zgarishini kuzatish mumkin. Oziqa muhitga tushgan mikroorganizmlar avvalo unga moslashadi, so’ng tezlik bilan ko’payadi va maksimumga chiqadi. Oziqa moddalarning kamayishi va hosil bo’lgan mahsulotlarning ko’payishiga qarab, o’sish sekinlashadi va to’xtaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |