Atirgul ra’noguldoshlar (atirgullilar) turkumining xushmanzara o‘simlik sifatida ekiladigan bir qancha turiga xalq tomonidan qo‘yilgan umumiy nom hisoblanadi. Bu turkumning yovvoyi holda o‘sadigan turlari xalqda ra’no, na’matak, gulzavr va itburun nomlari bilan ma’lum. SHulardan ra’no va atirgul so‘zlari oila nomiga asos qilib olingan. Atirgulning yer yuzida 10 mingga yaqin navlari bor bo‘lib, O‘zbekistonning barcha iqlim sharoitlarida 6 ta remontant, choy-duragay, pero‘nsion, poliant, floribund va chirmashuvchi kabi turlari bor. Atirgulga mansub 340 dan ortiq navlari sug‘oriladigan mintaqamizda ekib kelinmokda. Bu navlar
gulining katta-kichikligi, rangi, hidi, poyada o‘rnashishi, gullash davri, poyaning tikka yoki ilashib o‘sishi kabi xususiyatlari bilan farq qiladi, fasl bo‘yi uzluksiz yoki takroriy gullab turadigan va poyasi ilashib o‘sadigan xillari ko‘proq ekilib kelinmokda. Atirgulning bizning sharoitimizda asosan payvand qilish yo‘li bilan ko‘paytirishda kerakli atirgul navining bitta yoki bir nechta kurtagi avgust oyining oxirlarida payvandtakka (na’matakka) ulanadi. Kelasi yil erta bahorda payvandtak unga ulangan kurtak yuqorisidan kesib tashlanadi va payvandni bog‘lagan chipta bo‘shatiladi. Mavsum davomida bachki shoxchalar 4—5 marta yulib tashlanadi. Payvandli gul 15—20 sm o‘sgandan keyin uning bo‘yiga cho‘zilishiga va muddatidan oldin gullashiga yo‘l qo‘yilmaydi. Buning uchun payvandi gulning uchi kesilib, vaqti-vaqti bilan yon shoxlari kisqartirib turilads. Oktabr oyining oxiri noyabr oyining boshlarida bu payvandlar to‘la shakllangan ko‘chatga aylanadi. Atirgulning ko‘chatlarini unumdor va suv bilan ta’minlangan yerlarga kuzda va bahorda o‘tqaziladi. Bu yerlar oldindan gektar hisobiga 30—50 tonnadan chirigan go‘ng solib 30—35 sm chuqurlikda haydaladi. Begona o‘tlardan tozalanib tekislab qo‘yilgan bo‘ladi. Ko‘chatlar 70 x 70 sm oraliqda o‘tqaziladi. Ko‘chat o‘tqaziladigan chuqurning kengligi 30—40 sm, chuqurligi 40—50 sm dan qilinadi. Vegetatsiya davomida atirgul ekilgan maydon 20 martacha sug‘oriladi va 6 martagacha oralari chopiladi. Atirgulning (gulzor) yaxshi o‘sishi va rivojlanishi uchun mavsum davomida ikki marta (1 m2 yerga 30 g dan ammoniy nitrat, 20 g dan fosfor va 15 g dan kaliy o‘g‘iti bilan) oziqlantiriladi. Atirgulni vegetatsiya davomida zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ayniqsa un shudringga qarshi oltingugurt kukuni bilan 3 marta dorilash kerak bo‘ladi. Begona o‘tlardan xoli tutiladi. Atirgulning bazi xillarining gulbarglaridan efir moyidan tashqari gulqand va murabbolar tayyorlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |