Pushti katarantus yorug‘sevar, unumdor yerlarga va mineral o‘g‘itlarga talabchan o‘simlik hisoblanadi.
O‘zbekistonning sug‘oriladigan tiniq va o‘tloqi tuproqlarda ekib o‘stirish tavsiya qilinadi. O‘simlik ko‘p yillik bo‘lganligi uchun uni urug‘ini kuzda hamda bahorda ekish mumkin. Urug‘larini issiq xonalarda ekib ko‘chat tayyorlab ham ekiladi.
Pushti katarantus o‘simligini haydab ekiladigan ekinlardan bo‘shagan va begona o‘tlardan tozalangan yerlarga ekish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
O‘simlik ekiladigan yerlarni kuzda tayyorlanadi va haydash oldidan tuproq unumdorligini bir xil holatda saqlab turish maqsadida o‘simlikni o‘sish davrida yaxshi rivojlanishi uchun gektar hisobiga 15—20 tonna mahalliy o‘g‘it va fosfor o‘g‘itini yillik normasini 70% ini berib, 25—27 sm chuqurlikda sifatli qilib haydab qo‘yiladi.
Erta bahorda begona o‘tlarning ildizlaridan tozalanib, ikki marta borona va mola bostirib yer tekislanadi.
Urug‘ni aprel oyining boshlarida tuproq harorati 18—20°S bo‘lganda qator oralari 50—60 sm dan qilib sabzavot ekadigan uskunalarda tuproq yuzasiga 0,5—1 sm chuqurlikda ekiladi va gektar hisobiga saralangan urug‘dan 4—5 kg sarflanadi. Urug‘ tuproq yuzasiga bir tekis tushishi uchun chirigan go‘ng, qum va boshqa mahsulotlar bilan aralashtirib ekishni tavsiya qilamiz.
Urug‘larni sug‘orish maqsadida ekish agregatlariga okuchniklar tirkab egatlar olinadi. Ekilgan urug‘lar tuproq ostida qolib ketmasligi uchun egatlar mayda olinadi. Urug‘lar unib chiqqunga qadar jildiratib turiladi. Maysalar 20—25 kundan keyin paydo bo‘ladi. Bu subtropik o‘simlik bo‘lganligi sababli tuproq harorati 20—25°S dan yuqori bo‘lishiga harakat qilish lozim. Maysalar unib chiqishi uchun tuproq yuzasi nam holda saqlanadi.
O‘simlikda 3—4 ta chin barg hosil bo‘lganda har 15—20 sm oraliqdagi har bir uyaga 1—2 tadan o‘simlik qoldirib yagana o‘tkaziladi. O‘simliklarning ildiz tizimiga zarar yetkazmasdan ehtiyotkorlik bilan qator oralariga ishlov berish tavsiya qilinadi. Tuproqning namligi va o‘simlikning rivojlanish holatiga qarab sug‘orishni tabaqalab o‘tkazish lozim. Vegetatsiya davomida katarantus o‘simligini 10—12 marta sug‘oriladi.
O‘simlikning xomashyosi barg va novdalarning bargli tana qismlari va 2 mm gacha qalinlikdagi poyalari bo‘lganligi uchun va ulardan yuqori hosil yetishtirish maqsadida birinchi oziqlantirishni shonalash fazasida gektar hisobiga 50 kg azot, 20 kg kaliy o‘g‘iti berish bilan amalga oshiriladi. Ikkinchi oziqlantirish xomashyosi o‘rilgandan keyin har bir gektar yerga 50 kg azot, 30 kg fosfor va 30 kg kaliy beriladi. Oziqlantirish sug‘orishdan oldin amalga oshiriladi.
Umuman mavsum davomida pushti katarantus ekilgan yerlarga 100 kg azot, 80 kg fosfor va 50 kg kaliy o‘g‘iti bilan oziqlantirilsa, yuqori hosil olishga muvofiq bo‘ladi.
Pushti bo‘rigul 9—10 juft barglar hosil qilsa (60—65 kun) shonalash boshlaydi, 70—75 kunda gullaydi. YOn novdalari 80- kuni o‘sib chiqadi, 125 kundan keyin mevalari to‘liq pishib yetiladi.
O‘simlikning yer ustki qismi avgust oyining o‘rtalarida meva pisha boshlagan davrda o‘rib olinadi. O‘rib olingan mahsulot shiyponlarga tashib keltirib „Volgar“ uskunasida 3 sm gacha maydalanadi, keyin yopib quritiladi.
Qurigan xomashyo maydalangan barglardan, meva bo‘laklari, maydalangan poya, to‘pgul va shonalardan iborat bo‘ladi. Xomashyoning rangi to‘q yashil bo‘lib (qurigan gullari borligi tufayli) och qo‘ng‘ir ranglilari ham uchraydi.