Geografik tarqalishi. YOvvoyi holda nam tropik yerlarda Indoneziyada (Yava orolida), Vetnam, Malayziya, Hindiston va va boshqa davlatlarda o‘sadi. Ajariya respublikasining Qora dengiz bo‘yida joylashgan „Kobuletskiy“ sovxozida o‘stiriladi.
Mahsulot tayyorlash. O‘simlik barglari u qiyg‘os gullab, meva tuga boshlagan davrida yig‘iladi. Buning uchun ikkinchi darajali novdalarni yerdan 10—15 sm balandlikda qirqib, 40—50°S da quritgichlarda quritiladi. So‘ngra qurigan mahsulotni maydalab, yirik poyalardan ajratiladi.
Mahsulotning tashqi ko‘rinishi. Tayyor mahsulot butun va singan barglar hamda bir oz o‘simlikning boshqa qismlari (serbarg poyaning uchi, gullar, pishmagan mevalar va ingichka poyachalar)ni aralashmasidan iborat. Barglar ellipssimon yoki cho‘ziq ellipssimon, asos qismi bir oz toraygan, tekis qirrali, qisqa bandli, uzunligi 12 sm gacha, bir oz uzunasiga burishgan, asosiy tomiri bargning pastki tomonidan bo‘rtib chiqqan bo‘ladi. Poyasi silindrsimon yoki bir oz yassi, yo‘g‘onligi 0,2 sm gacha, bilinar- bilinmas to‘rt qirrali, gullari yirik, chiroyli, oq, pushti yoki qizil, quriganda sariq yoki och ko‘kimtir-qizg‘ish rangli. Mahsulot to‘q yashil, sarg‘ish-yashil yoki qo‘ng‘ir-yashil, urug‘i qora rangli (pishganda) o‘ziga xos yoqimsiz hidli. Mahsulot namligi 14%, umumiy kuli 13%, sarg‘aygan, jigarrang va qoraygan barglar 6%, poyalar 15%, organik aralashmalar 1% va mineral aralashmalar 1% dan yushmasligi hamda mahsulot tarkibidagi vinblastin alkaloidining miqdori 0,02% dan kam bo‘lmasligi kerak.
Kimyoviy tarkibi. Mahsulot tarkibidagi indol unumi bo‘lgan ikki guruhga kiruvchi 80 tagacha alkaloidlar bor: mononerlar (aymalin, serpentin, loxnerin va boshqalar) hamda dimerlar (vinblastin, vinkristin va boshqalar). Monomer alkaloidlari rauvolfiyani alkaloidlari singari organizmga ta’sir ko‘rsatadi. Dimer alkaloidlari alohida diqqatga sazovordir. Ulardan 6 tasi yomon shishlarni — rak kasalligini davolash ta’siriga ega bo‘lib, shulardan ikkitasi — vinblastin va vinkristin tibbiyotda qo‘llanilmokda.
Alkaloidlardan tashqari, mahsulotda yana oksikarbon kislotalar, flavonoidlar, glikozidlar va boshqa moddalar bor.
Ishlatilishi. Katarantus dorivor preparatlari ba’zi rak kasalliklarini (limfogranulematoz, gematosarkoma, miyelomada rozevin- vinblastin hamda neyroblastoma, leykoz, Vilson shishi, melanoma, ko‘krak sut bezi raki va boshqa shishlarda, vinkristin) davolashda qo‘llaniladi. Bu preparatlar tsitotoksik (rak hujayralarini o‘ldirish) ta’siriga ega.
Dorivor preparat. Rozevin sulfat (vinblastin sulfat) (ampulada va shisha idishda quritilgan holda chiqariladi), vinkristin sulfat (shisha idishda quritilgan holda ampuladagi erituvchi bilan birgalikda chiqariladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |