2.1-rasm. Surxondaryo viloyati aholi manzilgohlari kartasi
Umuman olganda, tabiiy sharoit va tabiiy resurslar shaharlar shakllanishi va rivojlanishida eng asosiy omil hisoblanadi, ayniqsa, Surxondaryo viloyati shaharlarining shakllanishida. Viloyat o’zining tabiati bilan boshqa viloyatlardan ajralib turadi. Surxondaryo viloyati relyefi tog’ va tekisliklardan iborat bo‘lib, shimoldan janubga qiyalanib kengayib boradi. Maydonining 70 foizi tog’ va tog’ oldi hududlari hisoblanadi.
Shuning uchun ham viloyat shaharlarining shakllanishini tabiiy jihatdan balandlik mintaqalariga ajratgan holda ko‘rib chiqish maqul hisoblanadi. Bu balandlik mintaqalari quydagilar: 1) Tog’; 2) Tog’ oldi; 3) Tekislik. Viloyatning tog’ zonasiga asosan Tyanshan tog’ining janubiy qismlari Hisor, Bobatog’, Ko’hitangtog’, Boysun va boshqalar kiradi. Bu g’orlar Gersin burmalanish bosqichida shakllangan bo’lib, ularda paleazoy davriga mansub ohaktosh, granit, gips, dolomit, gilli slanetslar tarqalgan. Tog’larning katta qismi karstlanuvchi tog’ jinslaridan tashkil topganligi ularning murakkab morfologik tuzulishiga katta ta’sir ko‘rsatib, turli karst g‘orlarini hosil bo’lishiga olib kelgan.
Respublikaning eng baland nuqtasi Hazrati Sulton (4643 m) cho‘qqisi ham shu hududda – Hisor tog’ida joylashgan. Mazkur hududning relyefi murakkab bo’lganligi uchun shaharlar shakllanmagan. Sababi, tog’ hududida aholi manzilgohlarini, jumladan shaharlarning vujudga kelishida o’ziga hos noqulayliklarga ham ega. Bunga tog’ hududining geomorfologik tuzilishi, kuchli zilzilalarning ro’y berib turishi hamda iqlimning sovuq bo’lishini misol qilish mumkin.
Shaharsozlik nuqtai nazardan tog’li hududning ustunlik tomonlari sifatida esa ko’plab foydali qazilma konlari, toza havosi, rekreatsiya resurslarining mavjudligi va yer usti suvlari bilan yaxshi ta’minlanganligini aytish mumkin. Faqatgina, bitta Boysun shahri bu hududda joylashgan bo’lib, u tipik tog’ shahri hisoblanadi.
Boysun shahri dengiz sathidan 1200 m balandlikda joylashgan. Shahar viloyatdagi eng qadimiy aholi manzilidir. Shahar miloddan avvalgi taxminan 5- ming yillik oxirlarida aholi manzilgohi sifatida shakllana boshlagan. Miloddan oldingi 1- asr – milodiy 1- asrda bu yerda Poikalon deb atalgan qudratli qal’a- shahar mavjud bo’lgan. 10- asrda yashagan tarixiy yozuvchi Istahriyning qayd etishicha, ko’plab bog’- rog’lar bo’lgan bu yer Buxoro va Samarqanddan Chag’oniyonga boradigan yo’l ustida bo’lib, Chag’oniyon shahridan ikki kunlik yo’ldir. U 1975- yilda rasman tashkil topib, shahar maqomini olgan.
Boysun shahri tabiiy sharoiti qulay hududda joylashganligi tufayli, hozirgi kunda ham rekreatsiya- sog’lomlashtirish markazi sifatida rivojlanib kelmoqda. Viloyatning shimoliy- sharqiy, ya’ni Hisor tog’larining janubiy- sharqiy qismlarini o’z ichiga olgan tog’ oldi zonasi o’zining qulay tabiiy sharoiti va yer suv resurslariga ega ekanligi tufayli, bu yerda Sharg’un “resurs” shahri, Denov kabi “qadimiy” shahar shakllangan. Tabiiy komponentlar bilan yaxshi ta’minlanganligi, qulay iqlim sharoiti ham shaharning aynan shu hududda shakllanishiga sabab bo’lgan. Viloyatning deyarli barcha shahar va shaharchalari tekislik qismida, ya’ni Surxon- Sherabod vodiysida joylashgan. Bu hudud yer usti tuzilishi, ba’zi qoldiq tog’lar va platolarni hisobga olmaganda, deyarli tekis bo’lib janubdan shimoli – sharqqa ko’tarilib boradi. Yer osti suvlari sathi, ularning kimyoviy tarkibi, qadimdan foydalaniladigan va yangi o‘zlashtirilgan hududlar doirasida o‘zaro farqlanishlar ko‘zga tashlanadi. Viloyat markazi hisoblangan Termiz shahri, yangi maydonlarni o‘zlashtirish asosida vujudga kelgan Sherabod, Jarqo’rg’on, gidrotexnik inshootlar qurilishi munosabati bilan Qumqo’rg’on shaharlari tarkib topgan. Umuman olganda, tekislik qismida kuchli zilzilalar va sel hodisalarining kamdan – kam kuzatilishi, katta miqdorda mineral hom ashyo zahiralarining aniqlanganligi, yer ustining tekisligi shaharlar shakllanishiga ijobiy ta’sir etsa, ichimlik suv manbalarining yetarli emasligi, iqlimning turli noqulayliklari, jazirama kunlarning ko’pligi bunga aks ta’sir qiladi. Ammo, shahar aholi manzilgohlarining juda ko’plab qismi shu hududda joylashgan bo’lib, ular ikki asosiy gidrologik havzalardan iborat. Birinchi havzaning asosiy daryosi Surxondaryo daryosi bo’lib, uning umumiy uzunligi 196 km, havza maydoni 8230 kv.km, o‘rtacha yillik suv sarfi 12.0 m3/sek. hamda oqim hajmi 3.785 km3 ga teng. Asosiy irmoqlari To‘palang, Sangardak, Qoratog’ daryolari hisoblanib, ular Hisor tog’ tizmasidan suv oladi. Surxondaryo eng sersuv daryo bo’lib, u viloyatni meridional yo’nalishda kesib o’tadi. Huddi shu yo‘nalishda viloyatning asosiy sanoat shaharlari Denov, Sharg’un, Sho’rchi, Boysun, Qumqo’rg’on, Jarqo’rg’on, Termiz va 85 ta shaharcha (75 foizi) joylashgan. Ularda viloyat shahar aholisining 81 foizdan ortiqrog’i jamlangan (2010 y.).
Daryo suvidan samarali foydalanish maqsadida o’tgan asrning oltmishinchi yillarida Janubiy Surxon suv ombori bunyod etilgan va shu omil Qumqo’rg’on shahri shakllanishida yetakchi o’rin egallagan. Mustaqillik yillarida To’palang daryosida shu nomdagi suv ombori barpo etildi va GES qurish ishlari davom ettirilmoqda. Bu esa kelajakda yangi “resurs” shaharchalar vujudga kelishiga imkon yaratadi.
Viloyatning ikkinchi suv havzasi Sheroboddaryo bo‘lib, u uzunligi bo’yicha Surxondaryodan atigi 10 km.ga qisqa, ammo havza maydoni va, ayniqsa oqim hajmiga ko‘ra undan bir necha o’n barobar kichik. Shu tufayli mazkur daryo havzasida faqat bitta Sherobod shahri shakllangan, xolos. Shuningdek, Sherobod, Angor, Muzrabot tumanlarining yangi shaharchalari ham aynan shu havzaga tegishli. Hozirgi vaqtda viloyat aholisining ¼ qismi Sheroboddaryo havzasida istiqomat qiladi. Surxondaryo viloyati shaharlarining shakllanishida tabiiy resurslar omili ham muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, viloyat hududi neft, tabiiy gaz, toshko’mir, polimetall rudalar, turli qurulish materiallari (ohak, granit, gips, shag‘al), mineral buloqlar, dorivor giyohlar, turizim va rekreatsiya resurslariga boydir.
Bu resurslar ta’sirida vujudga kelgan shaharlar “resurs shahar” lar hisoblanadi. Ana shunday resurs shaharlarga misol tariqasida Sharg’un, Jarqo’rg’on shaharlarini keltirish mumkin. Sharg‘un hududida 1941 yilda o’rta va yuqori yura davriga mansub ko’mir yotqiziqlari ichidan Sharg’un ko’mir koni topilgan. Sharg‘un ko’miri yuqori kaloriyali, ammo qatlamlari yupqa bo’lib, o’rtacha qlinligi 2.5 m, ayrim joylarda 12m.gacha yetadi. Bu kon asosida 1963 yil Markaziy Osiyoda birinchi marta ko’mir briket fabrikasi barpo etilgan.
Bu yerda ko’mirning topilishi va o‘zlashtirilishi ta’sirida aholi manzilgohlari paydo bo’la boshlagan.Sharg’un Hisor tog’ yonbag’ridagi hush manzarali joylaridan birida, Sariosiyo tumanida joylashgan. Uning yaqinidan Sharg’un daryosi oqib o’tgan.
2.1-jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |