TAYANCH IBORALAR:
1. Adabiyot - ijtimoiy ong shakli. 2. Adabiyot va fan. 3. San’at va fan.
4. Adabiyotning xususiyatlari. 5. Adabiyot - insonshunoslik.
Dars maqsadi: adabiyot va san’atning ijtimoiy ong shakllaridan farqi, badiiy adabiyotning so‘z san’ati ekanligi.
Adabiyot esa hayotning taraqqiyot tendensiyalarini kengroq tasvirlaydi. Adabiyot taraqqiyotida yozuvning kelib chiqishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Adabiyotda kishilarning hayoti, kurashi, konfliktlar, kechinmalar bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib turadi. Kitobxon o‘z tajribasiga, fikr boyligiga qarab asardagi manzaralarni tasavvur qiladi. Biroq adabiyotda obrazlar san’atdagiday aniq ko‘rsatilmaydi. Adabiyot va san’atning predmeti insondir, obrazlilik esa xususiyatidir. Qadimgi hind san’atida o‘simliklar va hayvonlar ilohiylashtirilib, asosiy predmet qilib olingan. Inson esa tabiat va hayvonlarga nisbatan ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lgan. Qadimgi Misr san’atida insonnamo mahluqlar (sfinks) obrazi paydo bo‘lib, ularda inson qiyofasi namoyon bo‘ldi. Qadimgi YUnon san’atida odam qiyofasini olgan xudo va ma’buda(kentavr)lar obrazi tasvirlandi. Aslida ana shu ma’budalarning o‘zi ham ideal inson timsoli edi. Insonning san’atga kirib kelishi san’atda katta kashfiyot bo‘ldi.
Demak, badiiy adabiyot markazida inson, uning hayoti, ishlari, o‘y-hayollari, kurashi, tabiat va jamiyatga munosabati turadi. SHuning uchun ham M.Gorkiy adabiyotni «insonshunoslik» deb atagan.
Ijtimoiy va tabiiy fanlar ham insonni o‘rganadi. Biroq adabiyot fandan farqli ravishda, insonni bir butunlikda, atrof-muhit bilan bog‘liqlikda o‘rganadi. Bundan tashqari, adabiyotda tasvirlangan inson estetik qimmatga ham egadir. San’at inson go‘zalligini ifodalab qolmay, uning salbiy jihatlarini ham ko‘rsatadi.
Badiiy adabiyot insonni so‘z vositasida tasvirlaydi. Badiiy so‘z rassom bo‘yog‘i singari ko‘rib, his qiladigan obraz yaratmaydi. So‘z san’ati bizning tasavvurimiz uchun obraz yaratadi. Biroq so‘z san’ati tasavvurimiz uchun obraz yaratadi. SHunday qilib, adabiyot so‘z vositasida insonning ichki va tashqi qiyofasini ko‘rsata oladi.
Demak, inson adabiyotning predmetidan ko‘ra ko‘proq uning maqsadidir. Adabiyot hayotni obrazli aks ettirish shaklidir. Uning asosida obraz yotadi. Obraz esa adabiyotning xususiyatidir.
Adabiyot o‘zining uch xususiyati bilan ijtimoiy ongning boshqa shakllaridan, fandan farqlanadi. Bu xususiyatlar to‘g‘risida V.Belinskiy ham batafsil gapirib o‘tgandi.
Birinchidan, adabiyot o m m a v i y d i r, u jamiyat fikriga suyanadi. Adabiyot ozchilik bilimdonlar doirasidan emas, butun ommaning, eng kamida xalqning ma’rifatli sinflaridan madad oladi. Adabiyot butun jamiyat mulkidir. Adabiyot jamiyatning barcha tabaqalariga mo‘ljallangan bo‘ladi, hamma tomonidan o‘qiladi. Eng nodir shoh asarlar milliy chegaralardan ham chiqib ketib, butun insoniyatning mulki bo‘lib qoladi. Masalan, CH.Aytmatov ijodi buning yorqin dalilidir.
Ikkinchidan, adabiyot ma’lum shaxslar, t a l a n t l a r (iste’dodlar) tomonidan yaratiladi. V.Belinskiy ta’rifi bilan aytganda, adabiyotning yaratuvchisi xalq emas, balki ayrim shaxslar bo‘lib, ular o‘zlarining aqliy faoliyatlari bilan xalq ruhining turli tomonlarini aks ettiradilar. Adabiyotda yaratuvchi shaxsning uslubi, ruhiyati o‘z izini qoldiradi. Ijodkorlar o‘z davrida katta iz qoldiradi, adabiyotning butun davrlari ana shu yakka ijodkorlar nomi bilan bog‘liqdir.
Uchinchidan, adabiyotning yana bir xususiyasti - b a d i i y l i g i d i r. “Adabiyot to‘g‘risida gapirar ekanmiz, -deydi V.Belinskiy, - biz dastavval go‘zal adabiyotni, badiiy asarlar doirasini ko‘zda tutamiz.
Olim ham, san’atkor ham bir narsa haqida gapirib, bir xil xulosaga kelishi mumkin. CHunki tarixchi-olim tarixni tushuntiradi, undagi hodisalararo bog‘liqlikni izohlaydi. Tarixchi-yozuvchi esa o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandek tasvirlaydi va kitobxonni o‘sha jonli voqealarning guvohiga aylantiradi. Fan haqiqatlari ozchilikkagina tushunarli bo‘ladi, alohida tayyorgarlik talab qiladi. Badiiy adabiyot esa o‘zining ommaviyligi bilan farq qiladi. San’atda fikr hissiyot vositasida ifoda etiladi. Biroq san’atning qimmatini hissiyot bilangina cheklab qo‘shib bo‘lmaydi. San’at bilish vositasi hamdir. SHu jihatdan ham u fanga yaqin turadi. Emotsionallik fanda ham bo‘ladi. Tadqiqot va kashfiyot jarayonida olimni ham hissiyot qurshab oladi, unda qilayotgan ishdan quvonish, lazzatlanish hissi uyg‘onadi. Fandagi emotsionallik ilmiy ijodning asosini tashkil qilmaydi.
San’t va fan insonning borliqqa ongli munosabatining ikki bosqichi emas, ikki shaklidir. Ularning har ikkisi ham logik tafakkur qonuniyatlariga asoslanadi. V.Belinskiy fikricha, fan isbotlaydi, san’at esa ko‘rsatadi. Aslida san’at ham mantiqiy isbotlaydi. Fan bilan san’atning farqi shundaki, ulardan biri borliqni ratsional shaklda, ikkinchisi hissiy-emotsional tarzda ifoda etadi; biri tafakkurga, ikkinchisi tuyg‘usiga ta’sir qiladi.
Ilmiy va badiiy bilish bir-biridan farq qiladigan ikki xil bilish emas. Badiiy bilish ham ilmiy bilish jarayonining barcha bosqichlarini qamrab oladi. Masala san’at ham fan singari bilish vositasimi yoki yo‘qmi, degan tarzda qo‘yilmasligi kerak, balki san’atning xususiyatimi yoki yo‘qmi, degan tarzda qo‘yilishi kerak. Hayotni bilishda san’at fanning tayyor xulosalariga suyanishi ham mumkin, san’atkor voqelikni o‘zi kashf qilishi ham mumkin. Masalan, «Me’mor»da Mirmuhsin Lutfiyni xurufiylikka aloqador etib tasvirlaydi. Lutfiy hayoti to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q darajada. Lutfiydek odam podshoni madh qilishi esa aqlga sig‘maydi. Uning xurufiylarga xayrixohligi esa aqlga sig‘adi. Shuning uchun ham romanda Lutfiy Hirotdan bosh olib chiqib ketgan qilib ko‘rsatiladi. Romanni o‘qigan olim E.Rustamov Mirmuhsinning oldiga borib, Lutfiy haqidagi romanda foydalanilgan yangi ma’lumotlarni berishni iltimos qiladi. Aslida yozuvchi hech qanday yangi ma’lumot topgani yo‘q. Voqealar mantiqi bu o‘rinda xuddi olim singari, yozuvchini ham ana shunday mantiqiy xulosaga olib kelganki, bu haqiqatga zid emas.
Xullas, san’at ham, fan ham faktlarni o‘rganib, umumlashtiradi. Biroq ularning natijasi bir-biridan farq qiladi: san’at haqiqatga yaqin bo‘lgan badiiy obraz yaratadi, fan haqqoniy ilmiy nazariya yaratadi. Ilmiy ijod natijasida yangi qonuniyatlar yaratilib, ijtimoiy munosabatlar, san’at, texnika o‘zgaradi. San’at esa insonni dunyoni o‘zgartirish uchun ijodiy mehnatga chorlaydi.
Kishilarni axloqiy va estetik tabiyalashda adabiyot va san’at muhim funksiya bajaradi. CHunki adabiyot va san’at faqat ko‘ngil ochish vositasigina emas, insonni shakllantiruvchi, tarbiyalovchi, uni hayotga faol aralashishga undovchi, kurashga da’vat etuvchi kuchdir. San’at inson psixologiyasiga ham ta’sir qiladi, uning xarakterini shakllantiradi.
Ijtimoiy ong shakllari bo‘lmish siyosat, huquq, ahloq, din, falsafa, fan, ijtimoiy psixologiya kabi qator sohalarda ham jamiyat va inson masalasi, borliqni o‘rganish va unga munosabat yetakchi o‘rin tutsa-da, san’atning bir turi bo‘lgan so‘z san’ati - adabiyotda bu masala bilvosita (obrazlilik asosida)hal qilinishi bilan ahamiyatlidir. SHuningdek, uning inson ongiga, psixologiyasiga obrazlilik asosida katta ta’sir o‘tkazishi beqiyos ta’sir ko‘lamini anglatadi. Adabiyotning ijtiomiy funksiyasi barkamol avlodni tarbiyalashda, adolatli, huquqiy davlatni qurish va takomillashtirishda ko‘rinadi.
Adabiyot, san’at insonni boyitadi, kuzatuvchi qiladi, uni hayotning muhim masalalari xususida o‘ylashga majbur etadi. San’at go‘zallik ta’sirida kishining ma’aviy dunyosi, e’tiqodlari mustahkamlanadi. Go‘zal obraz kishi qalbidan o‘rin olib, uni hayotning ma’nosini chaqishga o‘rgatadi, faoliyat va kurashga chorlaydi. Shu bilan birga, adabiyot va san’at inson tasavvurlari, fikrlash qobiliyatini ham o‘stiradi. Inson tasavvurlari, fantaziyasining o‘sishi faqat san’atni tushunish qobiliyatini rivojlantirib qolmasdan, uning texnika va boshqa sohalardagi faoliyati va mehnat qobiliyatini ham rivojlantiradi. Har bir buyuk asar, har bir buyuk san’atkor insonni yangi pog‘onaga ko‘taradi. SHuning uchun ham Dobrolyubov SHekspir to‘g‘risida gapirib, «u insoniyatni ma’naviy yuksaltirdi», degan edi.
M a ‘ r i f i y ahhamiyati. Badiiy adabiyot katta ma’rifiy qimmatga egadir. U kishilarga bilim beradi. San’at vositasida olamni bilib bo‘ladi. San’at ham narsalarning mohiyatini ochadi. Badiiy adabiyot ob’ektiv haqiqatini qanchalik chuqur aks ettirsa, uning qimmati shuncha yuqori bo‘ladi. San’atning xayotni bilishdagi ahamiyati juda katta. N.Chernishevskiy adabiyotni «hayot darsligi» deb atagan edi.
Badiiy adabiyot - tuganmas bilim manbaidir. Ayniqsa, qadimgi davrlar adabiyoti tarix fani boy material manbaidir. Masalan, “Rigveda”da (e.a. X asr xind eposi) oila va nikoh masalalari. Gomer va Gesiod dostonlari. «Alpomish»”da urug‘chilik munosabatlarining yemirilishi ifodasi. «Qutlug‘ qon»” romanida kapitalistik munosabatlarning aks etishi.
Boshqa xalqlar adabiyoti namunalarini o‘qish kishilarni ularning hayoti, turmush tarzi, madaniyati va tarixi bilan tanishtiradi, baynalmilal tarbiyada muhim rol o‘ynaydi. M.Avezovning «Abay»” romanini o‘qigan kitobxon qardosh qozoq xalqining og‘ir qismati, fojiali o‘tmishi bilan tanishadi.
T a r b i y a v i y ahamiyati. Adabiyot odamlarni tarbiyalaydi, ularga taqlid namunalari beradi. Ba’zi qahramonlar kishilarni qanday yashash va kurashishga o‘rgatsa, boshqalari qanday yashamaslik, kimlarga o‘xshamaslikka o‘rgatadi.
Adabiy qahramonlari - kishilarning doimiy yo‘ldoshi bo‘lib qoladi. Saida va Luqmonchalar kundalik hayotimizda bizga o‘rnak, hamdard va hamnafas bo‘lib qolgan qahramonlardir. Ayrim adabiy qahramonlar butun bir davr, butun bir avlod kishilarini o‘z ortidan ergashtiradi. San’ati takrorlanmas, o‘ziga xos shakllarda jamiyat keltirib chiqargan olijanob axloqiy va psixologik fazilatlarni tasdiqlaydi. Ayniqsa, yosh bolalarni tarbiyalashda badiiy adabiyot qudratli vositadir. U bolani obrazning poetik olamiga olib kiradi. Bola o‘sgan sari adabiyot uni insoniy munosabatlar va kechinmalar dunyosiga tobora ko‘proq olib kiradi, uni hayotiy kurashga tayyorlaydi. Masalan, D.Defoning «Robinzon Kruzo»” romanida insonning qudrati va matonati, mehnat jarayonlari ulug‘lanadi. M.Tvenning «Gekkelpberri Finning boshidan kechirganlari»” romanida turli irq kishilarining tengligi va do‘stligi, ezgulikka intilishi ko‘rsatiladi. Maktablarda bolalarga adabiyot tarixini, alohida asarlarni o‘rgatish, ularga badiiy asarlarni o‘qitish, ijro ettirish yo‘li bilan, avvalo, bolalarga bilim berilsa, ikkinchidan, ular ma’naviy-axloqiy va estetik tarbiya qilinadi. Biroq o‘quvchilarning sistemali kitob o‘qishlariga erishish bilangina badiiy adabiyotning izchil tarbiyaviy rolini ta’minlash mumkin.
E s t e t i k ahamiyati. Adabiyot va san’at asarlarining ahamiyati odamlarga taqlid namunalari berish bilangina cheklanmaydi. CHunonchi, Kumush va Saidalarga taqlid qilish, ergashish, N.Shomurodov va Yo‘ldosh Komilovlarga havas qilish mumkin, lekin Shekspir tragediyasidagi Otelloga, CH.Aytmatovning «Oq kema»” qissasidagi personajlarga ergashib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham san’at, avvalo, insonning tuyg‘usiga ta’sir qilib, uni fikrlashga, o‘ylashga majbur etadi, uni soflaydi, butun vujudini junbushga keltirib, g‘uborlardan tozalaydi, unga nimalarni yoqlab, nimalarga qarshi kurashish kerakligini ko‘rsatadi. B.Brextning «Kuraj ona va uning bolalari»” dramasi kishini o‘z ijtimoiy ahvoli hamda burchi to‘g‘risida o‘ylashga majbur qiladi. Demak, san’at asari kishilarning ongigagina emas, dastavval, ularning tuyg‘ulariga ta’sir qiladi. Bunda adabiyotning emotsional-estetik tomoni katta rol o‘ynaydi. Biz adabiy asarlarni o‘qiganimizda, fikrimiz intensiv qo‘zg‘oladi, tuyg‘u va irodamiz, ongimiz tezlik bilan ishlay boshlaydi.
Adabiyot ulkan emotsional kuchga ega ekanligi bilan ham muhim sotsial funksiya bajaradi. Professor S.Mirvaliev ta’kidlaganidek, «Adabiyot ma’naviyatning boshqa omillariga qaraganda ham vositali ifodasi, ham ko‘rgazmali ta’sir kuchi bilan ustuvordir». SHuning uchun ham eng nodir san’at namunalari asrlar bo‘yi kishilarni hayratga solib, ularni to‘lqinlantirib keladi. Badiiy adabiyot kishining tuyg‘usini, ulardagi go‘zallik hissini mukammallashtiradi. Badiiy adabiyot insonning ma’naviy va jismoniy go‘zalligini, insoniy munosabatlarning go‘zalligini sezishga yordam beradi. Badiiy asar o‘zining mahorat kuchi bilan ham insonga ta’sir ko‘rsatadi. Biroq mahorat deganda san’at asarining shakligina emas, g‘oyaviy yo‘nalishi ham ko‘zda tutiladi. Kishiga estetik lazzat beruvchi va san’atkor mahoratini ko‘rsatuvchi bosh omil - asarning haqqoniyligidir.
Haqiqiy xalqchil realistik asarlar insonda hayot zavqini oshiradi, unda go‘zallikni tushunish fazilatini shakllantiradi, hayotga ijodiy munosabatda bo‘lishga o‘rgatadi.
Emotsionallik fanda ham bo‘ladi. Ilmiy tadqiqot va kashfiyot jarayoni olimni ham emotsional hissiyotlar qamrab olib, unda o‘zi qilayotgan ishdan zavqlanish hissi paydo bo‘ladi. Fizik olim E.Faynberg ilmiy ijodni “emotsiya va ehtiroslar, to‘lg‘oq va quvonchlar” sifatida xarakterlaydi. Bu jihatdan fan ham san’atdan farq qilmaydi. Lekin emotsionallik ilmiy ijodning asosini tashkil qilmaydi.
San’atda emotsionallik katta rol o‘ynaydi. Biroq buning o‘zi yetarli emas. San’atda emotsional ta’sirchanlik bo‘lishidan tashqari, tuyg‘ularning haqqoniyligi va samimiyligi ham juda muhimdir.
Badiiy adabiyot insonni xalqning ruhiy olami bilangina emas, uning tili xazinasi bilan ham oshno qiladi, ona tilining go‘zalligi, estetik mohiyatiga chuqurroq kirib borishga imkon yaratadi. SHu yo‘l bilan badiiy adabiyot kitobxonning nutq va til madaniyatini o‘stiradi, uning har tomonlama kamol topishiga imkon beradi.
E s t e t i k d i d. San’at va adabiyotni idrok etishda estetik tuyg‘u muhim ahamiyatga egadir. Estetik tuyg‘u faqat insongagina xosdir. Estetik tuyg‘u insonga borliqni butun boyligi, rang va ohanglari, shakl va tarovati bilan ko‘rish, his qilish imkonini beradi. Ijtimoiy mehnat insonni jismoniy va aqliy jihatdan takomillashtiribgina qolmasdan, uning estetik tuyg‘usini ham rivojlantiradi. SHu narsa insonning go‘zallik yaratishiga imkon beradi. Odamlarning didi turlicha bo‘ladi. Lekin go‘zallikni yomon deb, badbinlikni yoqtirish didning turlichaligi natijasi bo‘lolmaydi. Didda kishining umumiy saviyasi, qobiliyati va qarashlari aks etadi. YAxshi did chinakam go‘zallikdan zavqlana bilishdir. YOmon did esa ko‘pincha ma’lumotning etishmasligi oqibatidir. Lekin sizga yoqmagan hamma narsa didsizlik, badbinlik namunasi bo‘lavermaydi. YUrish-turishda, kiyim-kechakda, odob-ahloqda ba’zi narsalar garchi biz ko‘nikkanday bo‘lavermasa-da, ularda kelajak tendensiyalari aks etishi mumkin.
San’atdan lazzatlanish uchun maxsus tayyorgarlik kerakmi? Axir san’at hammaga tushunarli, ommabop bo‘lishi kerakku? Biroq har qanday san’at ham barchaga tushunarli bo‘laverishi shart emas, bu mumkin ham emas. San’at ommaga tushunarli bo‘lishi kerak, deb uni juda ham jo‘nlashtirib yuborish yaramaydi. Har qanday san’at asarini tushuna oladigan bo‘lish uchun kishi o‘zida san’atni tushunish qobiliyatini tarbiyalab borishi kerak. Buning uchun esa san’at bilan muttasil shug‘ullanish zarur. San’atdan ma’naviy ozuqa olish, undan lazzatlanish uchun kishi o‘zining umumiy madaniyatini doimo oshirib borishi, qobiliyati va iste’dodini o‘stirishi lozim. Badiiy asarni chuqur tushunish uchun kitobxon asar mazmuni va shakli, unda ko‘tarilgan muammolar ustida ham bosh qotiriib ko‘rishi kerak. SHu jihatdan, P.Qodirovning «Erk», O.YOqubovning «Ko‘hna dunyo»” asarlarini o‘qir ekanmiz, bu asarlarni tushunish, ulardan ta’sirlanishning o‘zi hali yetarli emas. Buning uchun ularning naqadar hayotiyligini his qilish, ularda qo‘yilgan muammolarni chuqur idrok etish ham zarurdir. SHusiz bu asarlardan olgan taassurotlarimiz to‘la bo‘lmaydi. Kitobxon qanchalik sezgir va ta’sirchan bo‘lsa, obrazning unga ta’siri ham shuncha kuchli bo‘ladi. Kitobxon obraz mohiyatiga qanchalik chuqur kirib borsa, badiiy adabiyotning ta’siri va tarbiyaviy ahamiyati shunchalik kuchli bo‘ladi.
Badiiy asar kishining didini o‘stiribgina qolmasdan, uning saviyasini ham ko‘rsatadi. Asarga baho berar ekanmiz, o‘zimizga ham baho beramiz, o‘zimizning madaniy darajamizni ham ko‘rsatib qo‘yamiz, Odamning did qanchalik o‘tmas bo‘lsa, unga san’at asarining ta’sir kuchi ham shunchalik oz bo‘ladi. CHunki musiqani tushunish qobiliyati rivojlanmagan odam uchun musiqa ham yo‘q hisobdir.
Adabiyot va axloq. San’at jamiyat kishilarining axloqini tasvirlash bilan bir axloq shaklini tasdiqlab, boshqasini inkor etadi. San’atkor bevosita axloqiy masalalar to‘g‘risida so‘z yuritmagan chog‘da ham o‘ziga xos vositalar bilan biror axloqiy masalani hal etadi. Lekin badiiy adabiyotni axloq bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Badiiy adabiyot o‘zining axloq o‘rgatuvchilik funksiyasini pand-nasihat yo‘li bilan amalga oshirmaydi. U yoki bu axloq tabiiy ravishda obrazning mohiyatiga singib ketgan bo‘ladi. O‘gitbozlik boshlangan joyda san’atning o‘zi tamom bo‘ladi. Ba’zan badiiy asarlarda ifoda etilgan narsalar to‘g‘ri bo‘lsa ham, ularning talqini noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Bu muallifning estetik hamda axloqiy ideallari, dunyoqarashiga bog‘liqdir. Bunga Navoiy va L.Tolstoy ijodlaridan misol keltirish mumkin. San’atkor o‘z asarida to‘g‘ri axloqiy tamoyilni ifoda etsa-da, biroq muayyan obyektiv va subyektiv sabablar ta’sirida undan noto‘g‘ri xulosalar keltirib chiqargan bo‘lsa, bunday sharoitda kitobxon asarga o‘sha adashuvni keltirib chiqargan sabablarni hisobga olgan holda konkret-tarixiy yondashib, undan to‘g‘ri xulosalar keltirib chiqarib olishi kerak bo‘ladi. Bu asarni chuqurroq tushunishga imkon beradi. Ayrim hollarda kitobxonlar axloqsizlikni tasvirlading, deb san’atkorni ayblaydilar. V.SHukshin asarlari qahramonlarining axloqsizligi uchun tanqid qilganlarida, yozuvchi o‘z muxoliflariga haqqoniylik badiiy adabiyot axloqiy sog‘lomligining eng oliy mezonidir,- deb javob bergan edi. Zotan, san’atda axloqsizlikni tasvirlash axloqsizlik emas, aksincha, hayotning o‘zida ana shunday axloqsizliklar bo‘la turib, ulardan ko‘z yumish axloqsizlikdir. SHunday qilib, san’at muayyan hayotiy qarashni tasdiqlashdir. Bu tasdiqlangan qarash esa san’atkorning estetik idealiga bog‘liq. Hayot haqiqatini buzish, undan yuz o‘girish axloqsizlikni targ‘ib qilishga olib keladi. San’at hayot haqiqatini buzsa, u o‘z axloqiy qimmatini yo‘qotadi. Italiyalik kinorejissyor F.Fellini: «Men shunday film yaratayki, u kishilarga jasorat ato qilsin. Faqat haqiqatning ko‘ziga tik qaray olgan taqdirdagina bunga erishish mumkin, xolos», - degan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |