3-bob. Budjet tasnifi 18-modda. Budjet tasnifi tushunchasi Budjet tasnifi budjet tizimi budjetlarining daromadlari va xarajatlari, shuningdek Davlat budjeti taqchilligini qoplash manbalarini guruhlashdan iborat bo‘lib, budjet tizimi budjetlarini shakllantirish, tuzish va ijro etishni tizimlashtirish uchun foydalaniladi.
Budjet tasnifi xalqaro tasnif tizimlariga muvofiq ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
19-modda. Budjet tasnifining tarkibi Budjet tasnifi:
budjet tizimi budjetlari daromadlarining tasnifini;
budjet tizimi budjetlari xarajatlarining tasnifini;
Davlat budjeti taqchilligini qoplash manbalari tasnifini o‘z ichiga oladi.
20-modda. Budjet tasnifining asosiy prinsiplari Budjet tasnifining asosiy prinsiplari to‘liqlik, yagonalik va o‘zaro muvofiqlikdan iboratdir.
Budjet tasnifining to‘liqlik prinsipi budjet jarayonining barcha ishtirokchilari qamrab olinishini nazarda tutadi.
Budjet tasnifining yagonalik prinsipi budjet jarayonining barcha ishtirokchilari tomonidan yagona budjet tasnifi qo‘llanilishini anglatadi.
Budjet tasnifining o‘zaro muvofiqligi prinsipi budjet tasnifining kodlari bir vaqtning o‘zida budjet jarayonining turli xil operatsiyalarini hisobga olish uchun qo‘llanilmasligini anglatadi.
21-modda. Budjet tizimi budjetlari daromadlarining tasnifi Budjet tizimi budjetlari daromadlarining tasnifi daromadlarni ularning turlari va manbalari bo‘yicha kodlashdan iborat bo‘ladi.
Budjet tizimi budjetlari daromadlarining tasnifi tuzilmasi quyidagilardan iborat:
budjet tizimi budjetlari mablag‘larining manbalari va darajalari tasnifi;
daromadlarning turlari;
tashkiliy tasnif;
hududiy tasnif.
Budjet tizimi budjetlari mablag‘larining manbalari va darajalari tasnifi kelib tushayotgan daromadlarning tegishli mablag‘lar manbalariga va ushbu budjetlar darajalariga mansubligini aniqlash uchun qo‘llaniladi.
Daromadlarning turi bo‘lim, paragraf va daromad tipidan iboratdir.
Daromadlar bo‘limi daromadlarni ularni olish manbalari bo‘yicha kodlashdan iborat bo‘ladi.
Daromadlar paragrafi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni, shuningdek soliq bo‘lmagan to‘lovlarni ularni undirish bazasi bo‘yicha kodlashdan iborat bo‘ladi.
Daromad tipi budjet tizimi budjetlari daromadining aniq turidan iborat bo‘ladi.
Tashkiliy tasnif kelib tushayotgan daromadlarning ana shu daromadlarni ma’muriy jihatdan idora qiluvchi tegishli organga mansubligini identifikatsiyalash maqsadida qo‘llaniladi.
Hududiy tasnif kelib tushayotgan daromadlarning ushbu daromadlar shakllantirilayotgan yoxud o‘tkazib berilayotgan tegishli ma’muriy-hududiy birlikka mansubligini identifikatsiyalash maqsadida qo‘llaniladi.