Xo‘jalik-protsessual huquqi iqtisodiyot sohasida korxona, muassasa, tashkilotlar va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini xo‘jalik sudlarida ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. Ushbu huquq tarmog‘ining asosiy manbai bo‘lgan Xo‘jalik-protsessual kodeksi 5 bo‘lim, 24 ta bob va 226 moddadan iborat bo‘lib, 1997-yil 30-avgustda qabul qilingan va 1998-yil 1-yanvardan kuchga kirgan.
Jinoyat-protsessual huquqi sohasi respublika hududida jinoyat ishlarini yuritish tartibini, jinoyat protsessi ishtirokchilarining maqomi, vakolatlari, huquqlari hamda protsessual majburiyatlarini o‘rnatadi. Jinoyat-protsessual huquqi tarmog‘i qonuniylik, oshkoralik, odil sudlovni fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshirish, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, aybsizlik prezumpsiyasi, protsessual harakatlar va qarorlar ustidan shikoyat qilish huquqi kabi prinsiplarga asoslanadi. Jinoyat-protsessual huquqining asosiy normativ-huquqiy hujjati bo‘lgan Jinoyat-protsessual kodeksi 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan va 1995-yilning 1- aprelidan kuchga kirgan. Jinoyat-protsessual kodeksi 2 qism, 13 bo‘lim, 65 bob va 609 moddadan iborat.
O‘zbekiston Respublikasida ikki palatali parlament tizimiga o‘tilishi qonun ijodkorligi va qonunchilikni rivojlantirishda, umuman milliyhuquqiy tizimni takomillashtirishda sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab berdi. Ikki palatali parlament faoliyat boshlagandan buyon 312 ta qonun, shundan 110 tasi yangi qonun, 202 tasi harakatdagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimcha kirituvchi qonunlar qabul qilingan. Bular ichida quyidagi e’tiborga molik qonunlarni e’tirof etib o‘tish maqsadga muvofiq: «Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi; «Elektron to‘lovlar to‘g‘risida»gi; «Kredit uyushmalari to‘g‘risida»gi; «Avtomatlashtirilgan bank tizimi axborotini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi; «Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida»gi; «Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi; «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi; «Mikromoliyalashtirish to‘g‘risida»gi; «Firma nomlari to‘g‘risida»gi; «Ipoteka to‘g‘risida»gi; «Hakamlik sudlari to‘g‘risida»gi; «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi; «Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi; «Homiylik to‘g‘risida»gi; «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi; «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi va boshqa qonunlar.
Ikki palatali parlament 2010–2012-yillardagi chaqiriq davrida «Sud ekspertizasi», «Arxiv ishi», «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi», «Rieltorlik faoliyati», «Axborotkutubxona faoliyati», «Raqobat» to‘g‘risida va boshqa qator qonunlarni qabul qildi.
Keltirilgan ro‘yxatdan ko‘rinib turibdiki, qonunlar jamiyat hayotining barcha sohalari hamda masalalariga oiddir. Barcha qonunlarni O‘zbekiston Respublikasi oldida turgan muhim vazifalar, huquqiy islohot konsepsiyasi mazmuniga ko‘ra hamda mamlakat hayotining ijtimoiysiyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy, mafkuraviy va boshqa jabhalariga ko‘ra tasniflash mumkin:
siyosiy sohaga oid, shu jumladan, davlat mustaqilligining huquqiy asoslarini yaratish va rivojlantirish borasidagi qonunlar bo‘lib, ularga «Mustaqillik deklaratsiyasi» (1990-yil 20-iyun), «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi (1991-yil 31-avgust) qonun va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kiradi. Bulardan tashqari siyosiy tizimni, davlat organlari tuzilmasini takomillashtirish, respublika va mahalliy hokimiyat organlari maqomini belgilovchi qonunlar qabul qilindi. Bular: «Prezidentlik saylovi to‘g‘risida»gi (1991-y.); «Oliy Kengash va mahalliy kengashlarga saylovlar haqida»gi (1993 va 1994-y.); «Oliy Majlis to‘g‘risida»gi (1994-y.); «Vazirlar Mahkamasi» to‘g‘risidagi (1993-y.); Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risidagi (1993 va 1995-
y.); «Sudlar to‘g‘risida»gi (1993 va 2000-y.); «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi (1993 va 1999-y.) va boshqa bir qator qonunlardir;
mamlakatda bozor iqtisodiyoti munosabatlarini joriy etishga, yangi iqtisodiy tuzum insfrastrukturasini shakllantirishga qaratilgan qonunlar. Ular jumlasiga mulkchilik munosabatlariga oid, tadbirkorlik, tashqi iqtisodiy faoliyat, xorijiy sarmoyalar va xorijiy sarmoyadorlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi, shuningdek mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, birjalar va birja faoliyati, xo‘jalik shirkatlari, qimmatli qog‘ozlar bozori, monopolistik faoliyatni cheklash, sug‘urta faoliyati, sertifikatlashtirish, bankrotlik to‘g‘risidagi va boshqa qonunlar kiradi;
O‘zbekistonning davlat suverenitetini mustahkamlash, davlat hokimiyati organlarining tarkibiy tuzilishi hamda faoliyatini takomillashtirishga oid qonunlar. Mazkur qonunlar qatoriga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi va Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi, mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi, mudofaa va harbiy xizmat, fuqarolik, hokimiyatning konstitutsiyaviy idoralarini qo‘riqlash to‘g‘risidagi, Konstitutsiyaviy sud, Sudlar va Prokuratura to‘g‘risidagi qonunlar va hokazolar kiradi;
moliya, kredit va yangi soliq tizimini shakllantirishga qaratilgan qonunlar. Bularga yuridik shaxslar va fuqarolardan olinadigan soliqlar, ya’ni tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslardan ularni ro‘yxatga olganlik uchun undiriladigan yig‘imlar va bunday shaxslarni ro‘yxatga olish tartibi, banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi va boshqa qonunlar kiradi;
jamiyat hayotining ijtimoiy masalalarini tartibga soluvchi, shuningdek, madaniy-tarbiyaviy sohaga oid qonunchilik aktlari toifasiga tubandagilarni kiritish mumkin: yoshlarga oid davlat siyosati asoslari, nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport, aholini ish bilan ta’minlash, ta’lim, davlat sanitariya nazorati, sug‘urta, fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish, aloqa to‘g‘risidagi qonunlar va boshq.;
O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyatini vujudga keltirishga, demokratik tashkiliy institutlar hamda fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlovchi qonunlar. Bunday qonunlar guruhi quyidagicha talqin etilishi mumkin: jamoat birlashmalari, nodavlat tashkilotlar, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, jurnalistik faoliyatining kafolatlari, Respublikaning referendumi, kasaba uyushmalari va ularning huquqlari, jamiyatni axborotlashtirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risidagi qonunlar, Mehnat kodeksi, Oila kodeksi va hokazolar;
tabiatni huquqiy muhofaza etish davlatning muhim funksiyalaridan biri bo‘lib, sog‘lom ekologik muhit va musaffo tabiiy sharoit jamiyat hayoti, uning manfaatlariga bevosita daxldor sohadir. Shu bois davlatning mazkur masalalar bo‘yicha qabul qiladigan qonunlari maxsus toifa sifatida turkumlanishi lozim. Ushbu toifa qonunlar quyidagilardan iborat: alohida qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar, tabiatni muhofaza etish, suv va suvdan foydalanish, qimmatli va yo‘qolib borayotgan o‘simlik hamda hayvonlar turlarini muhofaza etishni kuchaytirish hamda ulardan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risidagi, yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonunlar, Yer kodeksi va boshqalar;
mamlakatda mo‘tadil huquq-tartibotni va mustahkam qonuniylik muhitni ta’minlash borasidagi qonunlarga quyidagilar kiradi: transport vositalarini olib qochganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunlar, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Xo‘jalik-protsessual kodeksi va boshqalar;
mafkura va ma’naviy hayot sohasiga taalluqli qonunlar: Davlat mukofotlarini va faxriy unvonlarni ta’sis etish to‘g‘risidagi, bayram kunlari to‘g‘risidagi qonunlar. Albatta, yoshlar, ta’lim, madaniy meroslarni saqlash to‘g‘risidagi va shu kabi boshqa qonunlarni ham ushbu toifaga kiritish mumkin. Zero, ularning ma’naviyatimizga, g‘oyaviy tarbiya hamda mafkuraga, ya’ni dunyoqarashni shakllantirishga bevosita aloqasi bor;
tashqi siyosat va chet davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy aloqalarni amalga oshirish borasidagi qonunlar: davlat boji, O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari boshliqlarini tayinlash hamda chaqirib olish tartibi to‘g‘risidagi qonunlar. Bulardan tashqari, parlament O‘zbekistonning boshqa davlatlar bilan tuzgan shartnomalarini tasdiqlash, shuningdek davlatimizning turli xalqaro tashkilotlariga a’zo bo‘lish, Ahdlashuvlar va Konferensiyalarga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qarorlarni ratifikatsiya qiluvchi qonun hujjatlarini ham nazarda tutish o‘rinli bo‘lar edi.
Qonunchiligimiz rivojlanishidagi muhim tendensiya shundaki, ularning mazmuni va ruhi tobora insonparvarlashib bormoqda, o‘zida milliy xususiyatlarni, xalqning qonuniylik, odil sudlov va adolat to‘g‘risidagi tasavvurlarini ifoda etmoqda. Qonunlar xalqimizning boy tarixi, milliy-madaniy va ma’naviy qadriyatlariga asoslanmoqda.
O‘zbekiston xalqaro davlatlar hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari va prinsiplarining ustunligini tan olgan. Shundan kelib chiqib, respublika qonunchiligining mazmuni xalqaro huquq talablari, prinsiplari va me’yorlariga muvofiqlashmoqda.
Qonunchiligimizning mazmuni yangi mafkura – milliy istiqlol mafkurasiga va milliy axloqiy qoidalarga qat’iy tayanmoqda.
Komil ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatda huquqiy davlatchilik sari borilayotgan, ko‘ppartiyaviylik asosida parlament demokratiyasi qaror topib borayotgan sharoitda qonun chiqarish faoliyati ham, qonunchiligimiz ham ilg‘or demokratik yo‘nalishda boyib, rivojlanib va takomillashib boraveradi.
Qonunchiligimiz qaysi ustuvor yo‘nalishda va qay tarzda rivojlantirilishi lozim, degan savolga eng umumiy tarzda quyidagicha javob berish mumkin. Fikrimizcha,
Do'stlaringiz bilan baham: |