Jazoning qo‘llanishi uchun faqat jinoyatning sodir etilishi asos bo‘ladi. Jinoyat belgilariga muvofiq kelmaydigan boshqa xil harakatning amalga oshirilishi ko‘rinishida jinoiy jazoga tortish mumkin emas. Shu sababdan jazo sifatida bir-biriga o‘xshash ma’muriy jazo choralari (masalan, jarima, ma’muriy qamoq, muayyan huquqdan mahrum qilish va boshq.) va ularga teng tarzda intizomiy javobgarlikka tortish choralari ham jazo sifatida tan olinmaydi. Shunday qilib, jinoiy jazo jinoiy harakatning huquqiy oqibatidir.
Jinoiy jazo alohida shaxsiylik xususiyatiga egadir va faqat jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan qo‘llanadi. Shaxs jinoyatni sodir etganligi faqat fosh qilingan va uning aybi isbotlangan taqdirdagina uni jinoyat qonunida tegishli jinoyat uchun nazarda tutilgan muayyan jazoga mahkum etish mumkin bo‘ladi. Mana shunda JK 9- moddasida belgilangan ayb uchun javobgarlik tamoyili o‘z ifodasini topadi. Aybsiz shaxsga jazoni tayinlash mumkin emas va agarda sud muayyan bir shaxsning aybini aniqlay olmasa, bunday shaxsni jazolash mumkin bo‘lmaydi.
Qonunning faqat sud hukmida jinoyat sodir etishda aybdor ekanligi aniqlangan shaxsga nisbatan jazo qo‘llanishi mumkinligi to‘g‘risidagi qoidasi jazoning shaxsiyligi xususiyatidan darak beradi. Boshqacha qilib aytganda, sodir etilgan jinoyat uchun majburlov choralari davlat tomonidan faqat jinoyatchining o‘ziga nisbatan qo‘llanadi. Jazoga xos bo‘lgan mahrum etishlarni va cheklashlarni, hattoki aybdor qandaydir yo‘l bilan munosib jazoni olishdan qochib ketgan taqdirda ham, uning jamoasi, oilasi yoki unga yaqin kishilari zimmasiga yuklatish mumkin emas.
Jazo uchun zarur bo‘lgan shaxsiylik xususiyatining mavjud emasligi, jumladan, mulkni musodara qilishni jazo turlaridan chiqarib tashlashni talab qildi1.
Jazoning mazmuni jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsning huquq va erkinliklaridan mahrum qilish yoki ularni cheklash bilan ifodalanadi. Bunda ko‘rsatilgan majburlov choralarining uslublari o‘rtasidagi farqlar ularning hajmida namoyon bo‘ladi. Xususan, huquqlardan va erkinliklardan mahrum qilgan taqdirda davlat mahkumlarning muayyan bir huquqdan yoki erkinlikdan foydalanishlarini (masalan, muayyan lavozimni egallash huquqini, harakatlanib yurish erkinligini va boshq.) to‘liq hajmda to‘xtatib qo‘yadi. Huquq va erkinliklarni cheklash holida ulardan faqat qisman foydalanish ro‘y beradi (masalan, axloq tuzatish ishlarida ish haqidan o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanish huquqi).
1 Как отмечалось, в результате применения конфискации наказывался не только преступник, но также и члены его семьи, невиновные в содеянном. (См.: Каримов И.А. Справедливость – в приоритете закона: Доклад на VI сессии Олий Мажлиса Республики Узбекистан второго созыва от 29 августа 2001 г. // За безопасность и мир надо бороться. – Том 10. – Т.: «Ўзбекистон», 2002. – С. 26-50).
Muayyan bir ta’sir ko‘rsatish usulining jinoyat qonuni mazmunida jazo sifatida tan olinishi uchun davlat tomonidan qo‘llanadigan ayni majburlov chorasi JKda jazo sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lishi talab etiladi. Qonunga muvofiq, ko‘rsatmasi keltirilmagan jazo turi yo‘q. Shu sababdan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari, tarbiyaviy yo‘sindagi majburlov choralar va boshqa xil ta’sir ko‘rsatish usullari, garchi ular jazo choralariga (masalan, ma’muriy jazo choralari, jinoiy-protsessual majburlov choralari) o‘xshagan bo‘lsa-da, jazo turlari sifatida tan olinishi mumkin emas.
Aniq ta’sir ko‘rsatish chorasining jazo sifatida nazarda tutilganligining belgisi, birinchidan, mazkur jazo chorasi JKda umuman nazarda tutilgan bo‘lishini talab qiladi. Ikkinchidan, shu jazo chorasi sodir etilgan jinoiy harakat uchun javobgarlikni belgilaydigan Kodeks moddasining sanksiyasida nazarda tutilgan bo‘lishini talab qiladi.
Bunda aniq jinoyat turi uchun jazo tayinlashda, sud qonunda nazarda tutilganidan og‘irroq jazo turini tayinlay olmasligini va shu bilan bir vaqtda JK tegishli moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq jazo turini tayinlashi mumkin ekanligini nazarda tutish lozim.
Jazoda huquq va erkinliklardan mahrum qilishning yoki ularni cheklashning hajmi va xususiyati nafaqat Jinoyat kodeksi normalari tomonidan, shuningdek, Jinoyat-ijroiya kodeksi tomonidan ham muvofiqlashtirilayotganligini aytish kerak. Biroq, jazo mazmuni chegaralarini va asosiy belgilarini hamda uning turlarini o‘rnatadigan JKdan farqli o‘laroq, JIK jazo mazmunini faqat to‘ldiradi va jazo choralarini hamda uni ijro etish qoidalarini aniqlaydi.
Jazo mazmunini uning mohiyatidan farqlay olish lozim.
Jinoiy jazoning mazmunini tashkil etadigan muayyan darajadagi huquqiy cheklov (jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsni huquqlardan va erkinliklardan mahrum qilish yoki cheklash) jazoning jazo elementi deb nomlanuvchi qismining mazmunini aks ettiradi. Jazo o‘z mohiyati bo‘yicha, garchi aynan shuning o‘zi uning tub maqsadi bo‘lmasa ham, aslida jazodir, chunki u mohiyatiga ko‘ra, aybdorga azob-uqubatlarni
keltirish xususiyatiga ega. Shuning o‘zi bilan davlat majburlovi choralarida sodir etilgan harakat uchun jazo elementi mujassamlanadi. Shu bilan bir vaqtda jazo jazo qo‘llashning maqsadi emas, balki faqat unga xos bo‘lgan ajralmas qismidir, boshqacha qilib aytganda, huquqlardan va erkinliklardan mahrum qilishlar va cheklashlarning qo‘llanishi, ularning maqsadlaridan qat’i nazar, qonunga xilof ravishda sodir etilgan qilmishning oqibati o‘laroq jazo sifatida namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |