NOTA BENE !
Jazo – jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxsga nisbatan davlat nomidan sud hukmi bilan qo‘llanadigan va mahkumni qonunda nazarda tutilgan muayyan huquq va erkinliklardan mahrum qilish yoki ularni cheklashdan iborat majburlov chorasidir (JK 42-moddasi 1-qismi).
Ya’ni, jazo qonun tomonidan uning jiddiy belgilariga ishora qilish yo‘li bilan belgilanadi; mazkur belgilar yig‘indisining mavjudligi u yoki bu ta’sir ko‘rsatish usulini jinoiy jazo sifatida ko‘rib chiqish uchun imkon beradi. Bunda u yoki bu ta’sir ko‘rsatish usulining jazo sifatida tan olinishi uchun uning istisnosiz barcha belgilarga muvofiq kelishi talab qilinadi, ya’ni ulardan hech bo‘lmasa bittasining mavjud emasligi buning uchun to‘sqinlik qiladi.
Shunday qilib, jazo:
davlat tomonidan joriy etilgan majburlov chorasi bo‘lishi kerak;
u faqat sud tomonidan tayinlanishi shart. Bunda jazoni tayinlash sud tomonidan, albatta, hukm chiqarish yo‘li bilan amalga oshirilishi kerak;
jinoiy jazoning qo‘llanishi uchun xulqning boshqa ko‘rinishi emas, balki jinoyatni sodir etish asos sifatida xizmat qilishi kerak;
jazo faqat jinoyatni sodir etganligi isbotlangan shaxsga nisbatan tayinlanishi (ya’ni, shaxsiy xususiyatdagi chora bo‘lishi) kerak;
jazo mahkum shaxsning muayyan huquqlaridan mahrum etilishi yoki cheklanishi bilan ifodalanishi kerak;
muayyan huquqlardan mahrum etish yoki cheklash hollari faqat jinoyat qonuni tomonidan nazarda tutilishi shart.
Jinoiy jazo birinchi navbatda chora sifatida, ya’ni muayyan miqdor va sifat belgilariga ega bo‘lgan ta’sir etish vositasi deb e’tirof etiladi.
Jazoning chora sifatidagi sifat belgilari ta’rifida ta’sir ko‘rsatish usulining mazmundorlik tomoni, ya’ni uning turi anglanadi (masalan, jarima ko‘rinishidagi jazoning sifat ta’rifi pulni undirishda ifodalanadi). Miqdor jihatidan ta’riflash u yoki bu usulni qo‘llash chegaralarini (masalan, jarimaning miqdoriy ta’rifi sifatida uning miqdori, ozodlikdan mahrum etish holida jazoni o‘tash muddati va sh.k. belgilarni) qamrab oladi. Qonun tomonidan belgilangan jazoning mazkur ta’rif belgilaridan chetga chiqishga hech kim haqli emas. Faqat jazo doirasida chora sifatida sud jinoyat qonuni asosida, jazo muddatlari va tartibini belgilagan holda, miqdoriy, ba’zan esa sifat chegaralarda muayyan aniq bir shaxsga nisbatan jazo chorasi qo‘llanilishini belgilashga haqlidir.
Jazo sifatida faqat majburlov xususiyatdagi choralar, ya’ni har kimning ixtiyoridan qat’i nazar, xususan ushbu choralar qo‘llanilayotgan shaxsning ham, boshqa shaxslarning (masalan, jazoni ijro etish organlarining xizmatchilari bo‘lgan va shuningdek, korxona, muassasa, tashkilotlarning va boshqa mansabdor shaxslarning) ixtiyoridan qat’i nazar ijro etish uchun majburiy bo‘lgan choralar tan olinishi mumkin. Bunda jazolanuvchi shaxsning unga nisbatan qo‘llanilayotgan jazo choralariga subyektiv munosabatda bo‘lishi mazkur choralarning majburlov xususiyatda bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatmasligini inobatga olish lozim. Xususan, mahkum etilgan shaxs jazoni o‘zi ixtiyoriy tarzda (masalan, jarimani ixtiyoriy to‘lash) o‘tashi ham, jazo uning ixtiyoriga qarshi (masalan, uni ozodlikdan mahrum etish va sh.k.) yo‘sinda ijro etilishi ham
mumkin va bu jazoning albatta ijro etilishini, ya’ni uning majburlov xususiyatini bekor qilmaydi.
Jinoiy jazoning majburlov xususiyati uning nafaqat mahkum tomonidan, balki har qaysi boshqa subyektlar, xususan, jazoni ijro etish organlarining xodimlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning ma’muriyatlari tomonidan albatta ijro etilishini talab qiladi. Shu bilan bir vaqtda, shunday xususiylik belgisi asosida ijro etilishi so‘zsiz majburiy bo‘lmaydigan, balki qandaydir subyektiv omillarga bog‘liq bo‘lgan (o‘z aybiga iqror bo‘lishni) boshqa xil ta’sir ko‘rsatish choralari qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi; jumladan, ishontirish, tarbiyaviy choralar va shu kabi usullarni jazo sifatida ko‘rib chiqish mumkin emas.
Ijtimoiy munosabatlarga ta’sir ko‘rsatish usulini jazo sifatida tan olish uchun albatta quyidagi shartga, ya’ni majburlov davlat tomonidan qo‘llanilishiga amal qilish lozim.
Jazoni qo‘llash bu xususiy shaxslarning yoki jamoat tashkilotlarining yoxud ularga teng tarzda turli xil korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqi emas, balki davlatning alohida vakolatidir. Faqat O‘zbekiston Respublikasi nomidan, uning tomonidan vakolat berilgan organlar jinoiy jazoni ijro etish huquqiga egadirlar; bunga muvofiq organlar o‘z nomidan emas, balki JK 42-moddasi 1-qismida bayon etilgan holatlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib chiqqan holda davlat nomidan harakat qiladilar. Majburlov choralari boshqa xizmat tarkiblari, shu jumladan (jinoiy jazoni ijro etish huquqiga ega bo‘lmagan) davlat organlari hamda boshqa xil tuzilmalar tomonidan amalga oshirilgan taqdirda, bunday choralar jinoiy jazo sifatida tan olinishi mumkin emas. Shu bilan bir vaqtda, bularga o‘xshash tuzilmalar rahbarlari qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka, shu jumladan jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak.
Jazoni tayinlash, ya’ni Jinoyat kodeksining Maxsus qismi moddasiga muvofiq sanksiya doirasida jazoning aniq turini va me’yorini tanlash faqat sudning alohida huquqini tashkil etadi. Faqat sud davlat hokimiyatining alohida tarmog‘i sifatida jinoyatni sodir etganlik uchun jazoni tayinlash huquqiga egadir. Davlat hokimiyatining har qanday boshqa organlari, shu
jumladan, ijro etuvchi yoki qonun chiqaruvchi organlar bunday vakolatlarga ega emas (JPK 12-moddasi).
Shu bilan bir vaqtda jazoni tayinlash huquqiga har qanday sud organi emas, balki vakolatli sudlar, ya’ni jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar ega ekanligini ta’kidlash lozim (JPK 28-moddasi).
Jazoni tayinlash sud tomonidan maxsus hujjatni – hukmni, ya’ni jinoyat ishini faqat sud tomonidan ko‘rib chiqish oqibatida qabul qilinadigan alohida qaror turini chiqarish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Hukm jinoyat ishini asl mazmuni bo‘yicha hal qiladi, chunki unda sudlanuvchi shaxsning aybdorligi yoki aybdor emasligi masalasi hal etiladi, jazoning aniq turi va miqdori tayinlanadi, shaxsni aybdor yoki aybdor emas deb tan olinishidan kelib chiqadigan boshqa xil huquqiy oqibatlar belgilanadi. Shu tarzda hukm jinoyat ishlari bo‘yicha sudlovning alohida ko‘rinishi sifatida chiqadi va mazkur tartib qonunda ko‘rsatilgan muayyan talablarga javob berishi shart. Mazkur tartibga amal qilmaslik jinoyat ishining umuman olganda, oqibatda huquqqa xilof tarzda hal qilinishiga va xususan, tayinlangan jazoning huquqqa xilofligiga olib keladi. Bunday taqdirda, tahlil qilinayotgan modda holatlaridan kelib chiqish asosida, tayinlangan jazo umuman jazo sifatida e’tirof etilishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi sudi hukmni e’lon qilish bilan davlat nomidan harakat qiladi (JPK 454-moddasi). Jazo davlat nomidan tayinlanadi – shu vosita orqali sud jinoyatchiga va uning qilmishiga davlat tomonidan berilgan salbiy bahoni ifodalaydi. Shundan kelib chiqqan holda jazo oshkoralik xususiyatiga ega ekanligini ta’kidlash kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |