Xizmat bo‘yicha cheklash tarkibi JK 47-moddasining 3-qismida, shuningdek, JIKda ochib berilgan muayyan huquqlar va imtiyozlardan mahrum etishda ifodalanadi. Xususan, ushbu jazo turi qo‘llanilgan holda sudlangan shaxs lavozimida, harbiy yoki maxsus unvonida ko‘tarilishi mumkin emas.
JK 47-moddasining 3-qismi ma’nosidagi lavozim deganda, faqat harbiy lavozimlar, ya’ni harbiy xizmatchilar tomonidan egallanishi lozim bo‘lgan shtat lavozimlari tushuniladi (masalan, ombor mudiri, moddiy-texnik ta’minot boshlig‘i, harbiy tayyorgarlik bo‘yicha rahbar lavozimlari va hokazolar).
Harbiy unvon – bu O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining har bir harbiy xizmatchisiga va zaxiradagi harbiy xizmatga majbur shaxsga uning xizmat mavqei, ish tajribasi, harbiy va umumiy ma’lumoti, Qurolli Kuchlarning turi, qo‘shinlar yoki xizmat turiga mansubligi va shaxsiy ko‘rsatgan xizmatlariga muvofiq holda shaxsan beriladigan unvondir. O‘zbekiston Respublikasida harbiy unvonlar qo‘shin unvonlari va kema unvonlariga bo‘linadi1.
Maxsus unvon – bu O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat Xavfsizlik Xizmatining harbiy-o‘quv yurtlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Davlat Bojxona qo‘mitasi va Davlat Soliq qo‘mitasining o‘rta maxsus, kasbiy ta’limning harbiylashtirilgan ta’lim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari) sifatida xizmat o‘tashda; zobitlik lavozimlarida harbiy xizmat o‘tashda beriladigan unvondir. Bundan tashqari, maxsus unvonlar O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligida, O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining Maxsus avariya-tiklash boshqarmasida, shuningdek, Mudofaa vazirligining harbiy muhandislik-qurilish bo‘linmalarida xizmat o‘tayotgan shaxslarga beriladi.
Xizmat bo‘yicha cheklash sudlangan shaxsning faqat lavozimi yoki unvonida ko‘tarilmasligini talab etadi, lekin ularning pasaytirilishini anglatmaydi. Ayni paytda, harbiy qism ichida boshqa shunga teng bo‘lgan
1 Ҳарбий унвонлар тўғрисида батафсил қаранг: Ўзбекистон Республикасининг 2002 йил 12 декабрдаги «Умумий ҳарбий мажбурият ва ҳарбий хизмат тўғрисида»ги 436–II-сон Қонуни, 9-модда // Ўзбекистон Республикаси Олий Мажлисининг Ахборотномаси, 2002 й., 12-сон, 217-модда.
lavozimga yoki boshqa harbiy qismga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yiladi, lekin bu oxirgi holatda sud bu haqda xabardor etilishi lozim.
Xizmat bo‘yicha cheklash shaklidagi jazoni o‘tash muddati sudlangan shaxsga navbatdagi harbiy yoki maxsus unvonni berish yuzasidan, shuningdek, nafaqaning tayinlanishi yuzasidan xizmat o‘tash muddatiga kiritilmaydi.
Shuni qayd etish lozimki, qonunda ko‘rsatilgan sudlangan shaxsning huquqlari va imtiyozlaridan mahrum etish turlari tugallangan bo‘lib, kengaytirib talqin etilishi mumkin emas. Shu sababdan jazo o‘tash muddati umumiy xizmat o‘tash muddatini to‘xtatmaydi. Shuningdek, xizmat bo‘yicha cheklash asosiy va qo‘shimcha ta’til berilishiga to‘sqinlik qilmaydi, ularning muddatlari xizmat o‘tash va jazo o‘tash muddatiga kiritiladi, shuningdek, harbiy xizmatchiga moddiy yordam berilishi hamda harbiy xizmatchiga va uning oila a’zolariga sanatoriya-kurortda davolanishi uchun va asosiy ta’tilni o‘tkazish joyiga safar xarajatlari yuzasidan moddiy yordam va kompensatsiya berilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Xizmat bo‘yicha cheklashda huquqlar va imtiyozlardan mahrum qilishda sudlangan shaxsning pul ta’minotidan davlat daromadiga ushlab qolish markaziy o‘rin tutadi. Sud hukmi bilan belgilangan ushlab qolish miqdori sudlangan shaxsning lavozimi va unvoniga ko‘ra pul ta’minotidan hisoblanadi (JIK 143-moddasi). Bunda pul ta’minotidan ushlab qolish boshqa to‘lovlardan, shu jumladan aliment sifatida, fuqarolik da’vosini qoplash hisobiga va boshqa majburiyatlar hisobiga undiriladigan to‘lovlardan qat’i nazar amalga oshiriladi.
Jazoning ushbu turini tayinlashda sudlar pul ta’minotidan ushlab qolish miqdoriga alohida e’tibor berishlari lozim, bunda ular uning jazoni individuallashtirishning samarali vositasi ekanligini nazarda tutishi lozim. JK 47-moddasi 1-qismiga muvofiq, pul ta’minotidan ushlab qolishning miqdori sudlangan shaxsning pul ta’minotining foizi nisbatida, o‘n foizdan o‘ttiz foizgacha bo‘lgan miqdorida belgilanadi.
Xizmat bo‘yicha cheklash tarzidagi jazoni tayinlashda pul ta’minotidan ushlab qolishning muayyan miqdorini belgilashda sudlar axloq tuzatish
ishlari shaklidagi jazoni tayinlash paytida ish haqidan ushlab qolish miqdorini tayinlashga oid bo‘lgan qoidalariga tayanishi lozim. Jumladan, sudlar shaxsning moddiy holatini, unda boshqa daromadlar manbalari mavjudligini, sodir etilgan qilmishni va aybdor shaxsiga oid boshqa holatlarni inobatga olishi lozim. Pul ta’minotidan ushlab qolishning muayyan foizini shunday belgilash lozimki, u jazodan qochish vositasiga ham, mahkum shaxsni xonavayron etish vositasiga ham aylanmasligi kerak.
Xizmat bo‘yicha cheklash tarzidagi jazoni tayinlashning majburiy shartlaridan biri uning muddati bo‘lib, u JK 47-moddasi 2-qismida ikki oydan uch yilgacha muddatga belgilangan. Sud hukmida xizmat bo‘yicha cheklashning muddati to‘g‘risida ko‘rsatmaning yo‘qligi jinoyat qonunchiligining hukmni bekor qilishga olib keluvchi buzilishi bo‘ladi. Harbiy xizmat bo‘yicha cheklashning muddati – ikki oydan uch yilgacha – umumiy tartibda, oylar va yillar soniga qarab hisoblanadi. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, xizmat bo‘yicha cheklash tarzidagi jazoni o‘tash muddati sud hukmini ijro etish amalga oshiriladigan harbiy qismning boshlig‘i tomonidan sud hukmini ijro etish to‘g‘risidagi buyruq chiqarilgan kunidan boshlab hisoblanadi. Shu bilan birga, jazoni o‘tash muddatiga sudlangan harbiy xizmatchining boshqa jinoyatni sodir etishi munosabati bilan qamoqda saqlanishi muddati kiritilmaydi (JIK 142-moddasi).
Xizmat bo‘yicha cheklash faqat asosiy jazo turi sifatida yuzaga chiqadi, ya’ni u faqat mazkur davlat majburlov chorasi JK Maxsus qismi tegishli moddasining sanksiyasida bevosita nazarda tutilgan hollarda qo‘llanishi mumkin (masalan, bo‘ysunuvchi shaxs tomonidan boshlig‘ining yoki boshlig‘i tomonidan bo‘ysunuvchi shaxsning haqorat qilinishi, JK 284- moddasiga muvofiq, ikki yilgacha muddatga xizmat bo‘yicha cheklash). Ayni paytda, JK 47-moddasi 2-qismi qoidalariga muvofiq, sud shaxs ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatni sodir etishda yoki ehtiyotsizlik orqasidan og‘ir oqibatlarga olib kelmagan jinoyatni sodir etishda aybdor deb tan olingan holatlarda, ish holatlarini va mahkumning shaxsini hisobga olib, uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etish yoki axloq tuzatish ishlari o‘rniga xuddi shunday muddatga xizmat bo‘yicha cheklashni qo‘llashi mumkin. Bunday holatda sud hukmining ta’riflovchi
qismida sud jazoning ushbu turini tayinlash asoslarini motivlashi hamda sud hukmining yakuniy qismida JK 47-moddasiga havola etishi lozim. Bunda sud tegishli moddaning sanksiyasida xizmat bo‘yicha cheklash tarzidagi jazo ko‘rsatilmaganligi holati bilan bog‘langan bo‘lib qolmaydi.
Xizmat bo‘yicha cheklash faqat harbiy xizmatchilarga tayinlanishini unutmaslik kerak, shuning uchun sudlangan shaxs harbiy xizmatdan ketgan holatida sud xizmat bo‘yicha cheklashning o‘talmagan qismini boshqa davlat majburlov chorasi bilan almashtirish yoki shaxsni jazodan ozod qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishi lozim bo‘ladi (JIK 147- moddasi).
Do'stlaringiz bilan baham: |