JK 46-moddasi 4-qismi sudlangan shaxsning ularni ijro etishdan bo‘yin tovlagan holda axloq tuzatish ishlarini almashtirishni nazarda tutadi. Xususan, «agar shaxs sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari muddatining jami bo‘lib o‘ndan bir qismidan ko‘prog‘ini o‘tashdan bo‘yin tovlasa, sud axloq tuzatish ishlarining o‘talmagan muddatini xuddi shu muddatga ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan vaqt jazoning o‘talgan muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi». Ya’ni, axloq tuzatish ishlarini faqat bitta jazo turi – ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda shuni hisobga olish lozimki, almashtirish to‘liq amalga oshirilishi lozim, ya’ni ijro etilmagan jazoning faqat bir qismini almashtirish va ayni paytda boshqa qismining ijro etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jarima jazosini ijro etganlik uchun jazoni almashtirish tartibida tayinlangan axloq tuzatish ishlarini o‘tashdan bo‘yin tovlagan holatda jazoni ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum etishga almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonunning axloq tuzatish ishlari muddatining jami bo‘lib o‘ndan bir qismidan ko‘prog‘ini o‘tashdan bo‘yin tovlaganda jazoni almashtirishga yo‘l qo‘yilishi yuzasidan ko‘rsatmasi shuni bildiradiki, sudlangan shaxs jazoni ijro etishdan bo‘yin tovlagan davrni belgilashda sud va jazoni ijro etish organlari uzluksizlik mezoni bilan bog‘langan bo‘lmaydi. Ya’ni, axloq tuzatish ishlaridan bo‘yin tovlash mazkur jazoni o‘tashning butun davri mobaynida vaqt-vaqti bilan amalga oshirilishi mumkin, bu uning ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirilishiga ta’sir etmaydi.
Sudlangan shaxs axloq tuzatish ishlarini o‘tashdan bo‘yin tovlashi masalasini hal etishda u qasddan bo‘lishi, aynan jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlashga qaratilgan bo‘lishi lozimligini hisobga olish kerak. Ayni paytda uning uzrli bo‘lmagan sabablar tufayli yuzaga kelishi ham bo‘yin tovlashning majburiy sharti bo‘ladi. Tashqi tomondan shaxsning axloq tuzatish ishlarini o‘tashdan bo‘yin tovlashi quyidagilar shaklida namoyon bo‘lishi mumkin: hisobga olingan paytidan boshlab yoki avvalgi ishidan ketgan paytidan boshlab belgilangan muddat ichida uzrli sababsiz ishga kirmaslik; yangi yashash joyiga ko‘chib kelganidan keyin belgilangan muddat ichida uzrli sababsiz axloq tuzatish ishlarining qo‘llanishini nazorat qiluvchi idoraga kelmaslik; belgilangan jazo muddati mobaynida muntazam ishga kelmaslik yoki ishga mast holda kelish va hokazolar.
Axloq tuzatish ishlarini ozodlikdan mahrum etishga almashtirish JPK 539-moddasi tartibida sudya tomonidan ichki ishlar organlarining taqdimnomasi bo‘yicha yoki jamoat birlashmasi yoki jamoaning iltimosnomasiga binoan amalga oshiriladi.
Shuni qayd etish lozimki, sudlangan shaxsni ozodlikdan mahrum etish joylariga jazoni keyingi o‘tashi uchun yuborish masalasini hal etishda sud axloq tuzatish ishlarining qo‘llanishini nazorat qiluvchi idora tomonidan ushbu jazoning ijro etilishini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan choralari to‘g‘risida, sudlangan shaxsning qonunchilik talablariga muvofiq jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlash uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilganligi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.
«JPK 541–542-moddalariga muvofiq, axloq tuzatish ishlarining o‘talmagan muddatini ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirish to‘g‘risidagi ishlar sud majlisida, odatda, sudlangan shaxsning ishtirokida ko‘rilishi lozim. Bu masala mahkum yashirinib yurganligi yoki sudga kelishdan bo‘yin tovlaganligi to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar ishda mavjud bo‘lgan holdagina uning ishtirokisiz hal etilishi mumkin»1.
Axloq tuzatish ishlarining o‘talmagan muddatini ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirish sud hukmini ijro etish tartibida amalga oshirilishini inobatga olgan holda, sudlangan shaxs jazoni almashtirishda aynan axloq tuzatish ishlari tarzida jazo tayinlangan shaxs sifatida qaralishi lozim. Bu uning ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirilgan jazoni o‘talishi ushbu shaxs sodir etgan jinoyatining og‘irligidan, shuningdek, jinoyatda retsidiv mavjudligidan qat’i nazar, manzil-koloniyasida amalga oshirilishi lozimligini anglatadi.