Afg‘on rubobi ham o‘zining qadimiyligi bilan diqqatga sazovordir. Tojik xalqlarida, shu jumladan Buxoro, Samarqandda ham bu cholg‘u keng rivojlangan. An’anaviy af’gon rubobiga o‘xshagan cholg‘ular Hindiston hududida keng tarqalgan. Ular orasida sarangi, sarod, Kashmir rababi cholg‘ularini aytib o‘tishimiz mumkin. Sarangi cholg‘usining o‘ndan ziyod turlari mavjud1. Sarangi ko‘rinishi, tuzilishi, ko‘p torli ekanligi (35 tadan 39 tagacha, kichik sarangilarda esa 24 tagacha torlar bo‘ladi), yordamchi resonator torlar kosaxonada joylashgan quloqlarga ulanishi nuqtai nazardan afg‘on rubobiga o‘xshaydi. Biroq uning tizza ustiga tik qo‘yib kamon yordamida chalinishi esa uning g‘ijjak cholg‘usi “qarindoshi” ekanligidan dalolat beradi. Sarod va Kashmir rababi esa afg‘on rubobi singari yonlama ushlanib, mizrob bilan chalinadi. Sarangining torlari, sarodda ko‘pincha 20-25 ta tor (4-5 tasi asosiy torlar) mavjud. Internet ma’lumotlariga asoslanib shuni aytish mumkin-ki, sarod cholg‘usi afg‘on rubobi cholg‘usining qarindoshi (ajdodi bo‘lishi ham mumkin)dir1.
Ukrain xalq musiqasida keng tarqalgan torban cholg‘usi ham o‘zining tuzilishi, kosaxonasi qismida qo‘shimcha quloqlari va ularga tortilgan qo‘shimcha torlari borligi bilan afg‘on rubobiga o‘xshaydi. Bu cholg‘u ham lad pardalarisiz bo‘lib, 30-40 tagacha metal torlardan iborat. Afg‘on rubobining kosaxonasi 8 soniga o‘xshagan bo‘lsa, torband noksimon ko‘rinishni kasb etadi. Dastasi kichik ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismi parda joyi, ikkinchisi esa quloq joylashgan qismidir.
Ukrain xalq cholg‘ularidan yana biri bu – kobza bo‘lib, u ham afg‘on rubobi oilasiga mansub degan fikrdamiz. Bu cholg‘u ham torbanga o‘xshagan, asosiy to‘rtta juft torlarga yonigan qo‘shimcha 8-10 ta tor qo‘shilgan. Afg‘on rubobi va torbandan farqli o‘laroq bu cholg‘uning kosaxonasida qo‘shimcha quloqlari yo‘q. qo‘shimcha torlar kosaxona yon tomonida qoqilgan “mix”larga ulangan. Kobza ko‘rinishi jihatdan udga (lyutnaga) o‘xshaydi.
Markaziy Osiyoda sato, yoki setor cholg‘usi ham keng tarqalgan. Bu cholg‘uning avlodlaridan biri yapon Syamisen cholg‘usidir. Bu cholg‘u ham sato singari uch tordan iborat. Unda ham kichik kosaxona va uzunchoq dastasi mavjud. Syamisen torlari satodan farqli o‘laroq barmoqlar yordamida chertiladi.
Syamisen Yaponiyada XV-XVI asrlarda paydo bo‘lgan. uning kelib chiqishi xitoy sansyan cholg‘usi bilan bog‘liq. Sansyan cholg‘usi esa o‘z navbatida Markaziy Osiyo cholg‘ulari asosida yaratilgan2.
Markaziy Osiyo hududida ilk namunalari topilgan cholg‘ulardan yana biri bu arfadir. Arfaning paydo bo‘lish tarixini kamon va yoy bilan bog‘lashadi. Kamondan yoy otilganda yoy kamonning toriga tegib ajib, kuychan bir ovoz chiqaradi. Keyinchalik kamon ipidan signal sifatida foydalanishgan. Arfaning birinchi kashfiyorchisi kamonga 3-4 ta ipni tortgan odamdir. U kamonga tortgan iplarning uzunligi har xil bo‘lgan va har xil balandlikdagi ovozlarni chiqargan. Shu tariqa ilk arfa paydo bo‘lgan1.
Ma’lumki arfa cholg‘usi tarixiy rivojlanish jarayonida har xil shakl va ko‘rinishlarga ega bo‘lgan. Qolaversa, turli davlatlarda arfasimon cholg‘ular mavjud bo‘lgan. Ko‘pgina qadimiy manbalarda arfa cholg‘usi lira, kifara, chang nomlari bilan atalgan. Ularning shakli, hajmi, torlarining soni, ijro etayotganda ushlab turish holati har xil bo‘lgan.
Jahon tarixiga oid adabiyorlarda arfa cholg‘usining vatani Misr ekanligi ta’kidlanadi. Markaziy Osiyo hududida olib borilgan arxeologik qazilmalar paytida topilgan tarixiy ashyolar esa, bu mintaqada ham qadimgi davrlardan arfa cholg‘usi mavjud bo‘lganligini isbotladi. Bunga Afrosiyob xarobalarida topilgan musiqa cholg‘ulari tasvirini, Xorazm madaniyatiga oid yodgorliklarni misol keltirishimiz mumkin. Qo‘y qirilgan qal’a va Tuproq qal’ada topilgan terrakotalardagi arfa, kifara va boshqa musiqa cholg‘ularining tasviri eramizdan oldingi IV-III asrlarga oid ma’lumotlarni beradi. Old Osiyoda olib borilgan qazilmalar natijasida eramizdan oldingi 3 ming yillikka oid tarixiy ashyolar, xususan, Ur sulolasining birinchi vakili, Shumer malikasi xilxonasidan 11 torli nafis bezakli arfa topilgan. Bunday bebaho tarixiy topilma arfa cholg‘usining tarqalish hududini yanada kengaytirdi. Bu manba cholg‘uning kelib chiqishi nafaqat Misrga, balki Old Osiyoga ham tegishli bo‘lishi mumkinligini bildiradi. A.Lutfullayev o‘zining ilmiy (qarashlarida) izlanishlarida arfa cholg‘usining 5 xili, ya’ni, 3 ta burchakli va 2 ta yoysimon arfalar tasvirlari Markaziy Osiyo xalqlariga tegishli ekanligi mutaxassislar tomonidan isbotlanganligini aytib o‘tadi. T.Vizgoning ta’kidlashicha, burchakli arfa yoysimon arfadan keyin paydo bo‘lgan va u Misrga Osiyodan keltirilgan. Shuning uchun ham uni “Osiyo arfasi” deb atashgan.
Arfa cholg‘usi takomillashuvi natijasida chang, qonun cholg‘ularining yaratilganligi bizga ma’lum. Bu turdagi cholg‘ularni biz rus, belorus, ukrain xalqlari, Hindiston, Xitoy, Yaponiya va boshqa davlatlar musiqa madaniyatida ham ko‘ramiz. Slovyan xalqlarida gusli, simbala cholg‘ulari mashhur, Eron, Hindiston, Armanistonda changsimon santur, Hindistonda qonunsimon svarmandal, Xitoyda changsimon yansin, qonunsimon chugjen cholg‘ulari xalq orasida ommalashgan.
Xitoy Yasini chang cholg‘usining o‘zginasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu cholg‘uning shkli, ko‘rinishi, torlarining soni – barcha-barchasi changdan olingan.
Slovyanlarning simbala cholg‘usi markaziy Osiyoning urma torli cholg‘usi changning prototipini tashkil etadi. Changga o‘xshab tsimbala ham tayoqchalar yordamida chalinadi. Ularning tuzilishi, tovush chiqarish xususiyatlari, torlarining joylashuvi bir-biriga juda o‘xshaydi. Farqli tomoni – chang korpusiga oyoqlar o‘rnatilgan bo‘lib, ijrochi cholg‘uni oldiga qo‘yib chaladi, tsimbalani cholg‘uchi oldiga qo‘yib ham, oyog‘i ustiga qo‘yib ham, ipi bilan bo‘yinga ilib ham chalishi mumkin.
Hindiston Santuri ham qonun cholg‘usiga har tomonlama o‘xshaydi. Unda 100 ta tor bo‘lib, 25 ta xarrak ustidan o‘tkazilgan. Santur ham tayoqchalar yordamida torlari urib chalinadi.
Qonunsimon cholg‘ular yevropada sitra nomi bilan mashhur. Sitra Avstriya va Germaniyada XVIII asrda tarqalgan. U yassi, noaniq shaklga ega bo‘lgan korpus, grif ustiga tortilgan 30 dan 45 tagacha (asosiy ijro etiladiganlari 4-5 ta) similar va pardalardan iborat. Cholg‘uga kuy o‘ng qo‘l bosh barmog‘iga taqilgan noxun bilan ijro etiladi. Boshqa barmoqlarda chertib chalinadigan tovushlar akkord, yoki jo‘rovoz vazifasini bajaradi.
Slovyan xalqlarida qonun xususiyatlarini o‘zida mujassamlagan gusli cholg‘usi keng tarqalgan. Gusli ham trapetsiya shakliga ega bo‘lib, korpusi ustiga simlar tortilgan vat emir qoziqchalarga ulangan. Gusli torlari barmoqlar bilan chertib chalinadi. Slovyan xalqlari guslisi fin kantelesi, latish kuklesi, litva kanklesi bilan bir qator o‘xshash jihatlarga ega. Torlarning yelpig‘ichsimon joylashuvi, mix qoziqchalar qaroti va torlar ostida joylashgan rezonatorlar bu va boshqa arfasimon cholg‘ularni o‘zaro birlashtiradi.
Kareliya xalqi va finlarda Kantele cholg‘usi mavjud. Bu cholg‘u ham Markaziy Osiyodagi qonun cholg‘usiga juda o‘xshaydi. U yoysimon shaklga ega bo‘lib, taxta ustiga 34 tagacha misli simlar tortilgan. U archa, qoraqarag‘ay, olcha, qayin daraxtlaridan yasaladi.
Koreys xalqida Kayagim cholg‘usi mavjud bo‘lib, u ham qonun cholg‘usi oilasiga mansub. Uning yaratilish tarixi XVI-asrga borib taqaladi. U tekis rezonatorli uzunchoq tuzilishdagi, bir tomonida ikkita teshigi bor qutidan iborat. Cholg‘u torlarining soni har xil bo‘lishi mumkin. 12 torli Kayagim ko‘proq tarqalgan. Hab bir tor ostida o‘ziga mos harakatlanuvchi xarraklar qo‘yilib, ular cholg‘uni sozlashga xizmat qiladi. Cholg‘u o‘tirgan holatda torlarni chertib chalinadi.
Kayagimga o‘xshagan cholg‘ular Yaponiyada, Xitoyda, Vetnamda ham uchraydi. Yaponlarda koto, xitoylarda sisyansin, vetnamlarda danchan cholg‘ulari mavjud.
Koto pavloni yog‘ochidan yasaladi. Uning o‘rtacha qalinligi 180 sm.ni, eni 24 sm.ni tashkil etadi. Cholg‘uning pastki yassi dekasida ikkita cho‘zinchoq, biroz buklangan resonator teshiklari mavjud. Yaxlit yog‘ochdan yasaluvchi ustki dekasi esa qubbali shakl ko‘rinishiga ega. Uning bundayko‘rinishdagi tuzilishidan cholg‘uning musiqiy akustikasi shakllanadi.
Kotoning bir nechita turlari mavjud bo‘lib, ular 13, 17, 80 tagacha ipak yoki sintetik torlarga ega bo‘ladi. Ularning har biri ostida harakatlanuvchi xarraklar o‘rnatilib, xarraklar cholg‘uni sozlashga xizmat qiladi. Koto qonunga o‘xshab barmoqlarga taqiladigan, fil suyagidan yasalgan noxunlar bilan chertib chalinadi.
Xitoy sisyansin cholg‘usi ham kotoga o‘xshab ketadi. Boshqa qonunsimon cholg‘ulardan farqli o‘laroq sisyansin qalinligi har xil bo‘lgan 7 ta ipak tordan iborat. Bu cholg‘u ham uzunchoq figurali shaklga ega, uzunligi 100-120 sm, eni 20 sm. Deka qismida 13 ta pardasi mavjud. Uni ijro etish texnikasi – bir qo‘l bilan torlar ushlab turiladi, ikkinchi qo‘l bilan barmoqlar yordamida chertiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |