O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI – DEMOKRATIK YANGILANISHLARNING HUQUQIY KAFOLATI
Yusupov Ravshanjon Akram o’g’li -
Namangan muhandislik texnologiya
instituti magistranti
Shukurova Mahliyo Boqiyevna -
Qarshi davlat universiteti “Psixologiya”
yo’nalishi 4-bosqich talabasi
Mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuqlarimiz, Konstitutsiyamizning hayotbaxsh qudrati, xalqchilligi va salohiyati natijasi ekanligiga hech qanday shubha yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi o‘z istiqloliga erishgach, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega demokratik huquqiy davlat qurish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishni hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi etib belgiladi.
1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ushbu muhim vazifalarni hayotga tatbiq etishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Unda inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi belgilangan. Bugungi kunga qadar Konstitutsiyaga kiritilgan qo’shimcha va o’zgartirishlar mamlakatimizni yangi bosqichga ko’tarish, jadal rivojlantirish, inson qadrini yanada yuksaltirish, davlat boshqaruvida xalq vakillarining ishtiroki va vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi - ulkan tarixiy ahamiyatga ega noyob hujjat bo‘lib, unning g‘oya va normalarida xalqimizning ko‘p asrlik tajriba va ma'naviy qadriyatlari, boy tarixiy-huquqiy merosi aks ettirilgani uning hayotiyligining kafolatidir.
Asosiy Qonunimiz ko‘plab demokratik davlatlarda konstitutsiyaviy qurilish sohasidagi ilg‘or tajribaning eng yaxshi jihatlarini, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining umumetirof etilgan normalari hamda mazkur sohadagi boshqa xalqaro hujjatlarga asoslangan inson huquq va manfaatlari, erkinligini ta'minlash va himoya qilish mexanizmini o‘zida mujassamlashtirgan.
Mamlakatimizda Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi, komil insonni tarbiyalash, ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni ta'minlash borasida qanday ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsak, bu Konstitutsiyamiz tufaylidir, albatta. Chunki unda huquqlar kafolatlangan, g‘oyalar, prinsiplar mujassam bo‘lgan. Konstitutsiyamizning har bir moddasida milliy mafkuramiz asosiy g‘oyalarining ma'no-mazmuni mujassamdir. Quyida misol keltiramiz:
Yurt tinchligiga, 52-modda. O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish - O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar.
Vatan ravnaqiga, 12-modda. O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi.
Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas.
Xalq farovonligiga, 14-modda. Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
36-modda. Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli. Bankka qo‘yilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.
Komil insonga, 41-modda. Har kim bilim olish huquqiga ega.
Bepul umumiy ta'lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir.
42-modda. Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat Yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.
Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi.
Mamlakatimizda tinchlik, barqarorlik, millatlararo va dinlararo totuvlikni saqlash hamda mustahkamlash istiqlol yillarida erishgan eng muhim yutug‘imiz bo‘lib, bu konstitutsiyamizning 4, 8, 31, 61 moddalarida O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan g‘oyalar mustahkamlanganligi natijasidir.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha jabhalarida ulkan yutuqlarga erishganini qayd etish mumkin. Mamlakatimizda barqaror va jadal rivojlanib borayotgan siyosiy tizim, professional asosda faoliyat ko‘rsatayotgan ikki palatali parlament tashkil etildi. Qabul qilinayotgan qonunlar sifati va asosliligi yaxshilandi. Fuqarolar, siyosiy partiyalar va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarining mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy rivojlantirishga doir muhim vazifalarni bajarishda erkin va faol ishtirok etishi uchun zarur tashkiliy-huquqiy, moddiy-texnik sharoitlar yaratildi. Ushbu ijobiy demokratik jarayon tobora jadallashmoqda.
Asosiy qonunimiz mazmun-mohiyatini keng aholi qatlami, yoshlar o’rtasida targ’ibotini kuchaytirish lozim. Xususan, yoshlarni mana shu yurtda fuqaro ekanliklarini yoshligidan his etishi uchun Qomusni onggiga singdirib borish, buning uchun bolalar uchun animatsion materiallar, darslik ko’rinishidagi o’quv materiallari, bolani mantiqiy fikrlashga va Konstitutsiyani anglab yetishga yordam beradigan turfa rangdagi chizma materiallar orqali yetkazish ularning Konstitutsiyani anglash, burch, huquq va majburiyat tushunchalarini anglashlarida dastak bo’lib hizmat qiladi. Yoshlarimizni bolaligidan Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga yuksak hurmat ruhida tarbiyalash bugungi kun oldida turgan eng muhim va ahamiyatli masala hisoblanadi. Sababi, fuqarolik jamiyatini qurishga sog’lom fikrli va qonunlarni hurmat qiladigan faol jamiyat bilangina erisha olinadi. Buning uchun bugundan qonunlarni chuqur anglay oladigan, o’z huquq va majburiyatlarini tushungan yoshlarni tarbiyalash dolzarb masala ekanligini unutmaslik lozim.
Adabiyotlar ro’yxati:
Shavkat Mirziyoyev. “Erkin va farovon, demokratik Oʻzbekiston davlatinibirgalikda barpo etamiz” risolasi Toshkent “Oʻzbekiston” 2016-yil.
Shavkat Mirziyoyev. “Buyuk kelajagimizni mard va jasur xalqimiz bilan birga quramiz” Toshkent- Oʻzbekiston. 2017-yil.
Do'stlaringiz bilan baham: |