10-bob. Qayta tayyorlash va maxsus o‘quv kurslari tinglovchilarini attestatsiyadan o‘tkazish va baholash 48. Tinglovchilar qayta tayyorlash va maxsus o‘quv kurslari ta’lim dasturlarini o‘zlashtirib bo‘lgandan so‘ng, Markaz tomonidan attestatsiyadan o‘tkaziladi. Attestatsiya yakuniy onlayn test sinovlari va bitiruv malakaviy ish himoyasi va suhbatdan iborat bo‘ladi.
49. Attestatsiya komissiyasi tarkibi kamida 5 kishidan iborat tarkibda Markaz tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi.
50. Attestatsiya komissiyasi tarkibiga Markaz, oliy ta’lim muassasalari, oliy sport mahorati maktablari, federatsiyalar, uyushmalar vakillari jalb qilinishi mumkin.
51. Attestatsiya komissiyasi tarkibining uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
52. Yakuniy onlayn test qayta tayyorlash o‘quv rejasidagi barcha modullar bo‘yicha savollarni qamrab olgan holda tayyorlangan test savollari asosida o‘tkaziladi. Yakuniy onlayn test asosida tinglovchining bilim darajasi 80 daqiqa davomida 80 test savollari asosida 80 ballik baholash tizimi orqali aniqlanadi. Onlayn test natijasi test yakunlanishi bilan darhol ekranda aks ettiriladi. Ushbu test sinovlarini o‘tkazish Markazning serverida joylashtirilgan elektron tizimga filiallar kompyuterlarining ulanishi va test sinovlarini markazlashgan holda videokuzatuvini yozib borish orqali amalga oshiriladi.
53. Yakuniy onlayn test qayta tayyorlash kurslari tinglovchilari uchun belgilangan umumiy 80 balldan kamida 44,8 ball (56 foiz) miqdorida to‘plagan tinglovchi test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi va bitiruv malakaviy ishni himoya kilishga ruxsat beriladi.
Maxsus o‘quv kurslari tinglovchilari bitiruv malakaviy ishni himoya kiladi. Bitiruv malakaviy ishi jami 50 ball bilan baholanadi, umumiy balldan kamida 28 ball (56 foiz) miqdorida to‘plagan tinglovchi bitiruv malaka himoyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi va tinglovchiga yakuniy attestatsiya komissiyasi suhbatiga kirishga ruxsat beriladi.
54. Qayta tayyorlash kurslari tinglovchilari uchun bitiruv malakaviy ishining himoyasi umumiy 20 ball bilan baholanadi.
Maxsus o‘quv kurslari tinglovchilari uchun yakuniy attestatsiya komissiyasi suhbati tasdiqlangan savol-javoblar va tinglovchining sportda erishgan natijalari hamda kasbiy bilimi maksimal 50 ball bilan baholanadi.
Kurs sinovlarida umumiy 100 balldan kamida 56 ball (56 foiz) miqdorida to‘plagan tinglovchi kurslarni va yakuniy attestatsiyasi sinovlarini muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi hamda tinglovchiga mazkur Nizomning 5 va 6-ilovalarda keltirilgan davlat namunasidagi diplom beriladi.
Sport hakamligiga tayyorlash bo‘yicha maxsus o‘quv kursining bitiruv malaka himoyasidan va maxsus o‘quv kurslari tinglovchilari uchun yakuniy attestatsiya komissiyasi suhbatidan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchiga mazkur Nizomga 8-ilovada keltirilgan sport hakamligi haqida davlat namunasidagi guvohnoma beriladi.
Kurs sinovlarida 100 balldan 56 ball (56 foiz) miqdorida kam to‘plagan tinglovchi kurs sinovlaridan o‘tmagan hisoblanadi.