Nazorat savollari Suv slalomida eshkak eshish texnikasini o’rgatish qaysi elementlardan boshlanadi?
Suv slalomida eshkak eshishda asosiy va dastlabki holatni egallash qanday o’rgatiladi?
Suv slalomida eshkak eshishda muvozanat saqlash va baydarkani boshqarish qanday o’rgatiladi?
Suv slalomida eshkak eshishda eshish elementlar qanday o’rgatiladi?
Suv slalomida eshkak eshish texnikasini quruqlikda o’rgatish haqida nimalarni bilasiz?
Suv slalomida eshkak eshish texnikasida yuzaga keladigan xatolardan qaysilarini bilasiz?
16-mavzu. Eshkak eshish sportida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish haqida umumiy tushuncha Eshkak eshish sportida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish haqida umumiy tushuncha. Har qanday muayyan tadqiqot bir qator bosqichlar ko’rinishida berilishi mumkin. Bosqichlarning bog’liqligi, ularning shartli ketma-ketligi tadqiqotni tashkil qilish sxemasida aks ettirilishi mumkin.
Sxema quyidagi ko’rinishda bo’ladi:
Adabiyotlar va amaliyotni tahlil qilish → mavzu tanlash → vazifalarni aniqlash → farazni ishlab chiqish → tadqiqot rejasi → sinaluvchilarni tanlash → tadqiqot uslublarini tanlash → yordamchilarni tayyorlash → hujjatlarni tayyorlab qo’yish → sharoitlarni yaratish → materialni tanlash → materiallarni ishlab chiqish → natijalarni rasmiylashtirish → amaliyotga tadbiq qilish.
Har bir bosqich o’zining, nisbatan mustaqil vazifalariga ega. Ular doim ketma-ketlikda, ba`zida bir vaqtning o’zida hal qilinadi.
Tadqiqot uslublarining umumiy tavsifi. Sportdagi dolzarb muammolarni muaffaqiyatli hal etish ko’p jihatdan zamonaviy tadqiqot uslublaridan to’g’ri foydalanishga bog’liq. Bunday uslublar ichida pedagogik uslublar muhim o’rin egallaydi, shuningdek tibbiy-biologik, psixologik, ijtimoiy va boshqa tadqiqot uslublari keng qo’llaniladi.
Trenirovka uslubiyatini takomillashtirishda murabbiylar va ilmiy xodimlarning yutuqlari ko’p jihatdan sportchilarning yirik xalqaro musobaqalarda muvafaqqiyatli qatnashishiga yordam berdi. Bunda sportchilarning musobaqalarga tayyorgarligi va qatnashishi davrida amalga oshirilgan komplaks tadqiqotlar jarayonida olingan qimmatbaho ilmiy ma’lumotlar katta ahamiyat kasb etdi.
Sportning dolzarb muammolarini o’rganishda quyidagi tadqiqotlar qo’llaniladi: nazariy, amaliy, (pedagogik tajribani yo’lga qo’yish, hodisalarni trenirovka yoki musobaqa faoliyatining tabiiy sharoitlarida o’rganishni o’z ichiga oladi) va labaratoriya tajribalari. Ulardan kompleks holda foydalanish ko’pgina tadqiqotlar uchun xosdir. Bunda ulardan biri yetakchi o’rinni egallaydi. Tadqiqot dasturiga qaysi uslublarni kiritish maqsadga muvofiq ekanligini aniqlashda quyidagi shartlarga rioya etish lozim: tadqiq qilinayotgan hodisa tabiatini chuqur va har tomonlama o’rganish; tadqiqot maqsadi, vazifalari, farazini aniq ifodalash; tadqiqotchining ushbu sohasidagi bilim darajasining yetarli bo’lishi; tadqiqot xodimlarining texnik jihozlanganligi; tadqiqot guruhining moddiy imkoniyatlari; tadqiqot vazifalarini muvaffaqiyatli hal etish uchun ahamiyatga ega bo’lgan boshqa shartlar.
Tadqiqot uslublarini egallash va sportda ulardan oqilona foydalanish o’quv-trenirovka jarayonini boshqarishga to’g’ri yondashish imkonini beradi. Ilmiy tadqiqotlar natijalari sport kurashida taraqqiyot asosi hisoblanadi.