Kanoeda eshkak eshishda muvozanat saqlash va kanoeni boshqarishni o’rgatish. Muvozanat saqlashni o’rgatishni yengillashtirilgan sharoitda – barqarorligi yuqori qayiqlarda, oqim, kuchli shamol va to’lqinlar yo’q joylarda boshlash kerak. Bu maqsadda xalq qayig’i, juftlangan sport kanoelar (katamaranlar) va qo’shimcha balansir yoki muvozanat moslamasi o’rnatilgan kanoelardan foydalaniladi.
Xalq qayiqlarida sportchilar bort bo’ylab joylashadilar. Murabbiy boshqaruvchi o’rniga o’tirib qayiqni boshqaradi va shug’ullanuvchilarga ko’rsatmalar berib boradi. Katamaran yoki xalq qayig’ida shug’ullanuvchilar kanoeni boshqarish texnikasini o’zlashtiradilar.
Muvozanat saqlashni o’rgatish uchun quyidagi mashqlar qo’llaniladi:
Eshkak yuzasi bilan qirg’oqqa tayanib, qayiqni oyoqlar bilan sekin titratiladi.
Eshkak yuzasi bilan suvga tayanib, qayiqni ichki bort tomonga og’dirish va dastlabki holatga qaytish. Mashqni bir necha bor takrorlash.
Qayiqqa joylashib eshkakni ko’tarish va tushirish. Eshkakni suvdan ko’tarib havoda olib o’tishni bajarish va yana suvga tayanishni bajarish.
Kanoeda muvozanat saqlashning asosiy sharti – eshkak eshuvchining qayiqda to’g’ri joylashuvidir. Shuning uchun o’rgatishning dastlabki bosqichida ham takomillashtirish jarayonida ham eshkak eshuvchining qayiqda to’g’ri joylashuviga e`tibor berish kerak. Agar xatolar aniqlansa ularni tezda to’g’irlash zarur.
Kanoeni boshqarishni o’rgatish eshkak bilan boshqarish yordamida qayiqni to’g’ri chiziq bo’ylab kursda ushlashni o’rgatishdan boshlanadi. Bu harakatlarni eshkak eshuvchi kanoe-katamaranda yoki xalq qayig’ida eshkak eshishda egallaydi. Keyingi o’rgatish faqat bittalik kanoeda o’tkaziladi. Olib o’tishni bajarishda diqqatni yakunlovchi vaziyatga – olib o’tish oxiriga ya`ni, to’g’ri boshqarilishga qaratiladi. Olib o’tish kuchi va eshkak eshish tempini sportchi erkin, harakat tempini buzmasdan va qayiqni bortlarga og’dirmasdan to’g’ri chiziq bo’ylab kursni ushlaguncha oshirib boriladi.
Kanoeni kursda ushlashni o’rgatishda mashg’ulot o’tkazish joyini hisobga olish zarur. Kanoeni boshqarishga shamol yo’nalishi va kuchi bevosita ta`sir ko’rsatadi. Ikkitalik kanoeda eshkak eshuvchilar harakatlarining bir-biriga mosligiga katta ahamiyat beriladi. Har ikkala eshkak eshuvchi bir vaqtning o’zida suvni ilish orqali qayiq to’g’ri chiziq bo’ylab kursda ushlanadi.
Kanoeda burilishlarni dastlab tashqi bort tomonga, so’ngra ichki bort tomonga burilishni bajarish o’rgatiladi. Ikkitalik kanoeda dastlab asosdagi eshkak eshuvchi tomonga burilish, keyin tumshuqdagi eshkak eshuvchi tomonga burilish o’rganiladi. Ikkitalik kanoeda burilishlar dastlabki bosqichlarda qayiqni og’dirmasdan bajariladi. So’ngra burilayotgan bortga nisbatan tashqi bort tomonga og’ish bilan bajariladi.