Tayyorgarlik davri. Tayyorgarlik davrining maqsadi shug’ullanuvchilarni asosiy davrda bajarish zarur bo’lgan yuklamalarni bajarishga tayyorlash hisoblanadi.
Tayyorgarlik davrida quyidagi vazifalar yechiladi:
1) Umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlikni egallash va yaxshilash.
2) Eshkak eshish sportida yuqori natijalarga erishish uchun zarur bo’lgan jismoniy sifatlarni (kuch, tezlik va chidamlilik) rivojlantirish.
3) Eshkak eshish texnikasini egallash va uni takomillashtirish.
4) Axloqiy va irodaviy sifatlarni tarbiyalash.
5) Sport trenirovkasi nazariyasi va uslubiyati, o’z-o’zini nazorat qilish va gigiena sohasidagi nazariy bilimlarni oshirish.
Tayyorgarlik davrining o’ziga xos xususiyati sportchilarda jismoniy va harakat sifatlarini kompleks rivojlantirishga imkon beruvchi trenirovka vosita va uslublaridan har tomonlama foydalanish hisoblanadi.
Tayyorgarlik davri ikkita – umumiy tayyorgarlik va maxsus tayyorgarlik bosqichlariga bo’linadi.
Eshkak eshish sportining mavsumiylik va mamlakatlarning iqlim sharoitlarini hisobga olib davr va uning bosqichlarini yagona muddatlarini belgilash mantiqiy emas. Shartli ravishda tayyorgarlik davrining davomiyligini 4 oydan 6 oygacha deb hisoblash mumkin.
Umumiy tayyorgarlik bosqichi eshkak eshuvchilarning funksional imkoniyatlarini kengaytirishga yo’nalganligi bilan xarakterlanadi. Trenirovka shunday tuziladiki, sportchilarning har tomonlama rivojlanishi, umumiy ish qobiliyatning oshishi va eshkak eshuvchilar organizmining funksional imkoniyatlarini kengaytirish uchun optimal sharoitlar yaratiladi. Bir vaqtning o’zida kelgusida eshkak eshish texnikasini takomillashtirish maqsadida harakat, bilim va ko’nikmalar doirasi kengayishi uchun zamin yaratadi.
Hafta davomida trenirovka mashg’ulotlari soni shug’ullanuvchilar malakasiga bog’liq holda uchtadan beshtagacha bo’lishi mumkin. Har bir mashg’ulot belgilangan umumiy yo’nalishdagi bir nechta maxsus vazifalarni yechishi lozim. Tayyorgarlik davrida trenirovkaning aylanma uslubidan foydalanib aralash trenirovka keng qo’llaniladi.
Trenirovka mashg’ulotlaridagi ish jadalligi nisbatan past, lekinqo’llanilayotgan yuklama hajmi yuqori bo’ladi. Maxsus tayyorgarlik qishki eshkak eshish basseynida yoki eshkak eshish trenajerida o’tkaziladi. Maxsus tayyorgarlik bosqichida trenirovkaning xarakteri o’zgaradi. Eshkak eshuvchilarni tayyorlash nisbatan maxsus yo’nalganlikda aks etadi. Bu orqali umumiy jismoniy tayyorgarlik nafaqat tayyorlanganlikni saqlash, balki maxsus tayyorlanganlikni ham oshiradi. Imkon darajasida sportning qishki turlari, ayniqsa chang’i sportidan keng foydalaniladi. Haftada mashg’ulotlar soni 3-4 ta, talabalar uchun esa ta`til davrida 5-6 tagacha rejalashtiriladi.
Trenirovka mashg’ulotlari ochiq suv havzasida suvda mashg’ulotlar boshlanishi bilan aralash xarakterni egallaydi. Bunday mashg’ulotlarda eshkak eshish texnikasini qayta tiklash va uni takomillashtirish bo’yicha egallangan tayyorgarlikni saqlash uchun umumiy jismoniy tayyorgarlik bo’yicha mashg’ulotlar qayiqda mashg’ulotlar o’tkazilgandan so’ng qo’shimcha yuklama sifatida o’tkaziladi. Bunday qayiqda eshkak eshish bilan quruqlikda umumiy jismoniy tayyorgarlikni birgalikda olib borilgan aralash mashg’ulotlar katta samara beradi. Qo’shimcha yuklama sifatida o’rtacha va yuqori shiddatda (1,5-5 km) yugurish, 30-40 daqiqa har xil qarshilik bilan mashqlar (shtanga, gantel va shu kabilar), 30-40 daqiqa sport o’yinlaridan foydalaniladi.
Umuman, umumiy tayyorgarlik hajmi kamayadi, mos ravishda maxsus tayyorgarlik hajmi oshadi, taxminan, 1:2 yoki 2:3 nisbatta bo’lishi mumkin.
Bu bosqichda maxsus chidamlilik ustida ishlash alohida ahamiyat kasb etadi. Bu vazifa bir mashg’ulotda katta hajmli ishni 15-30 km masofani o’rtacha shiddatda eshkak eshish vositasida yechiladi. Bunday mashg’ulotlarning davomiyligi 2-4 soat bo’ladi.
Tayyorgarlik davri davomida trenirovka yuklamalari muntazam oshib boradi. Yuklamaning tarkibiy qismi – hajmi va jadalligi har xil o’zgaradi. Yuklama hajmi tayyorgarlik davrining o’rtasigacha keskin oshadi, keyinchalik muntazam pasayadi. Yuklama jadalligi musobaqa davriga yaqinlashgan sari muntazam oshib boradi. Eshkak eshuvchining tayyorgarlik davrida musobaqalarga qatnashishi - maxsus tayyorgarlikni talab qilmaydigan maqsadga yo’naltirilgan trenirovkaning tarkibiy qismidir.