Muomalaga layoqatsizlik mezonlari
Ruhiy kasalligi yoki aqli ojizligi oqibatida o‘z harakatlarining
ahamiyatini tushunishga yoki ularni boshqarishga qodir bo‘lmagan
shaxsni sud muomala layoqatiga ega emas deb topishi mumkin. Shu
sababli unga vasiylik belgilanadi. Muomala layoqatiga ega
bo‘lmagan ruhiy bemor yoki aqli ojiz shaxs nomidan uning vasiyi
bitim tuzadi. Ruhiy kasalligi oqibatida muomala layoqatiga ega emas
deb topilgan shaxs tuzalgan taqdirda, sud uni muomala layoqatiga
ega deb topadi va unga nisbatan belgilangan vasiylikni bekor qiladi.
Muomala layoqatiga ega bo‘lmaslik, xuddi aqli norasolik kabi,
faqat tibbiy va yuridik mezonlar mavjud bo‘lganida aniqlanadi.
Jinoyat protsessida yuridik mezon tibbiy mezonni to‘ldirgani va
tartibga solgani kabi, fuqarolik protsessida ruhiy kasallik yoki aqli
zaiflikning mavjudligi o‘z-o‘zicha muomala layoqatiga ega
bo‘lmaganlik haqida so‘z yuritish uchun asos bermaydi. Ruhiy
kasallik yoki aqli zaiflik oqibatida o‘z ishlarini aql bilan olib borishga
qodir bo‘lmagan shaxslargina muomala layoqatiga ega emas deb
topiladi. Muomala layoqatiga ega bo‘lish, V.P. Serbskiyning iborasi
bilan aytganda, ma’lum ruhiy holatni aks ettirish uchun ishlab
chiqilgan yuridik iboradan boshqa narsa emas. O‘zi sodir etayotgan
qilmishning ahamiyatini tushunmaydigan shaxsgina muomala
layoqatiga ega bo‘lmasligi mumkin. O‘z harakatlarini tushunadigan
va boshqara oladigan shaxs, hatto og‘ir va davolab bo‘lmas ruhiy
kasallikka chalingan taqdirda ham muomala layoqatiga ega bo‘ladi.
Inson o‘zining ruhiy holatiga ko‘ra atrofidagi va o‘zi tushib
qolgan turmushdagi vaziyatni to‘g‘ri tushuna olmagan, bunda to‘g‘ri
qarorlar qabul qilish hamda ushbu aniq vaziyat uchun oqilona va
adekvat harakatlar qilishga qodir bo‘lmagan taqdirdagina muomala
layoqatiga ega emaslik haqida so‘z yuritish mumkin.
Aqli norasolik va muomala layoqatiga ega bo‘lmaslik ko‘p
hollarda birga kelishi mumkin. Biroq bu tushunchalar o‘rtasida katta
farq ham mavjud. Aqli norasolik muayyan, aniq, ijtimoiy xavfli
qilmishga taalluqli va huquqbuzarlik sodir etish vaqtidagi ruhiy holat
32
bilan bog‘liq bo‘lsa, muomala layoqatiga ega bo‘lmaslik haqidagi
masala alohida sodir etilgan yuridik harakat, masalan, vasiyatnomani
imzolashga ham, shaxsning o‘z ishlarini kelajakda ko‘p yoki kam
davom etuvchi vaqt mobaynida aql bilan olib bora olishiga ham
taalluqli bo‘lishi mumkin.
Ekspertiza vaqtida bemor qachondan boshlab muomala layoqa-
tiga ega bo‘lmay qolganini aniqlash muhim. Agar, masalan, muomala
layoqatiga ega bo‘lmaslik qandaydir hujjatni imzolagandan keyin
boshlangan bo‘lsa, bunday hujjat yuridik kuchini yo‘qotmaydi. Bitim
tuzgan shaxs o‘z harakatlarining ma’nosini tushuna olmaydigan
holatda tuzilganligi aniqlanganida esa, bunday bitim haqiqiy emas
deb topilishi mumkin.
Muomala layoqati subyektning muayyan ruhiy holatiga asoslan-
gan yuridik tushuncha hisoblanadi. Fuqaroni ruhiy kasallik yoki aqli
ojizlik oqibatida muomala layoqatiga ega emas deb topish faqat
sudning vakolatiga kiradi. Ruhiy kasallik yoki aqli zaiflikdan dalolat
beruvchi yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lganida bu masalani hal
qilishdan oldin sud ishni ko‘rib chiqish uchun tayyorlash tartibida,
shaxsning ruhiy holatini aniqlash uchun sud-psixiatriya ekspertizasi
tayinlaydi. Agar shaxs muomala layoqatiga ega emas deb topilsa,
unga vasiylik tayinlash masalasi yuzaga keladi. Vasiy o‘z vasiyli-
gidagi shaxsning sog‘lig‘i haqida g‘amxo‘rlik qilishi va uni davolash
uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi, psixonevrologik dispen-
serlarga bemorning ahvoli yomonlashgani haqida xabar berishi lozim.
Odatda, vasiylik bemorning yashash joyida yoki mulki mavjud
bo‘lgan joyda belgilanadi. Vasiy va vasiylikdagi shaxs turli
shaharlarda yashashlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Vasiylik sud ruhiy
bemorni muomala layoqatiga ega emas deb topish haqida qaror
chiqarganidan keyin belgilanadi. Bunday qaror qabul qilingunicha,
vasiylik organi vasiylikni ta’sis etishga vakolatli bo‘lmaydilar,
buning ustiga, muomala layoqatiga ega emas deb topilgan shaxsning
o‘zi bunday qarorni qayta ko‘rib chiqishni talab qila olmaydi.
Vasiylik va homiylik funksiyalarini amalga oshirish voyaga
yetmagan shaxslarga nisbatan – xalq ta’limi bo‘limlariga; sud
muomala layoqatiga ega emas yoki muomala layoqati cheklangan
deb topgan shaxslarga nisbatan – sog‘liqni saqlash bo‘limlariga;
33
muomala layoqatiga ega, ammo sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra vosiy-
likka muhtoj shaxslarga nisbatan – ijtimoiy ta’minot bo‘limlariga
yuklatiladi. Hozirgi vaqtda (tuman va shahar) hokimliklari qoshida
vasiylik va homiylik ishlari bo‘yicha maxsus hay’atlar tashkil
etilmoqda. Ruhiy bemorlar va aqli zaiflar, shuningdek spirtli ichimlik
yoki narkotik moddalarni suiiste’mol qilganliklari oqibatida muomala
layoqatiga cheklangan shaxslarga vasiylik va homiylik funksiyalarini
eng to‘liq tarzda qo‘shish maqsadida ushbu hay’atlar odatda hududiy
hokimiyatlar qoshida psixonevrologiya yoki psixiatriya muassasalari
(dispanserlari, kasalxonalari va boshqalar) negizida tashkil etiladi.
Ruhiy illat va asab kasalliklariga chalingan katta yoshdagilar va
bolalarga yordam ko‘rsatishning shakllaridan biri – patronaj. Bemor
mehnat qobiliyatini butunlay yoki ko‘p miqdorda yo‘qotgan va
qarovga muhtoj bo‘lgan, shuningdek bir qadar mehnat qobiliyatini
saqlab qolgan va mustaqil ravishda, o‘zi va atrofdagilar uchun xavf
solmagan holda yashashi mumkin bo‘lgan hollarda davlat unga
patronaj belgilash orqali uni o‘z qaramog‘iga oladi. Patronajdan
ko‘zlangan maqsad ruhiy bemorlarni samaraliroq davolash va mehnat
qobiliyatini tiklashga imkon beruvchi oila yoki ishlab chiqarish
jamoasi sharoitida psixonevrologiya va psixiatriya dispanserlari
orqali to‘liq davolashdir. Mazkur dispanserlar ushbu dispanserlarning
shifokorlari yoki hududiy psixiatr shifokorlar ularni uylarida borib
ko‘rishlari orqali bemorlar va ularning davolanishini doimiy kuzatib
boradilar. Hamshiralar shifokor ko‘rsatmasi bo‘yicha patronajdagi
bemorlarni borib ko‘radilar hamda ularning holati va ularga qarov
sifatini kuzatadilar va nazorat qiladilar.
Tekshirilayotgan shaxsning aqli norasoligini aniqlagan ekspertiza
o‘z xulosasida unga nisbatan atrofdagilar uchun xavflilik darajasiga
qarab tibbiy yo‘sindagi choralarni ko‘rish zarurligini aytadi. Fuqa-
rolik protsessida ruhiy kasallikka chalingan da’vogarlar (javobgar-
lar)ga nisbatan tibbiy yo‘sindagi choralarni ko‘rish nazarda tutilma-
gan. Shu bois ekspert tekshirilayotgan shaxsning jamiyat uchun juda
xavfliligida namoyon bo‘ladigan o‘tkir psixoz holatini aniqlaganida
o‘z xulosasida uni zudlik bilan kasalxonaga joylashtirish zarurligini
ta’kidlashi shart.
34
Do'stlaringiz bilan baham: |