Arizani ko‘rib chiqish va ruxsatnomani berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish
31. Ariza hujjatlar qabul qilingan sanadan boshlab 15 ish kunidan oshmagan muddatda ko‘rib chiqiladi.
32. Ariza ko‘rib chiqilganligi va ruxsatnoma berilganligi uchun har safar:
Oldingi tahrirga qarang.
jismoniy shaxslardan — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan bazaviy hisoblash miqdorining 0,1 koeffitsiyenti miqdorida;
(32-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tabiatdan foydalanuvchi — yuridik shaxsdan — bazaviy hisoblash miqdorining 0,2 koeffitsiyenti miqdorida;
(32-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
chet el fuqarolaridan — 50 AQSh dollari miqdorida yig‘im undiriladi.
Ariza ko‘rib chiqilganligi uchun to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
33. Yig‘im summasi SITES Ma’muriy organining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi.
34. SITES Ma’muriy organi tabiatdan foydalanuvchiga ruxsatnoma berish uchun boshqa vakolatli organlardan beriladigan qo‘shimcha hujjatlar olishi talab qilingan hollarda, ruxsatnomani berish soddalashtirilgan tartibda “bir darcha”da amalga oshiriladi, bunda SITESning Ma’muriy organi ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlarni tabiatdan foydalanuvchi ishtirokisiz mustaqil ravishda oladi.
35. Yovvoyi hayvonlar va yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning turlarini aniqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasini olish zarur bo‘lganda SITES Ma’muriy organi Fanlar akademiyasiga xat bilan murojaat etadi, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
hayvon yoki o‘simlik turi;
xulosa olishning maqsadi.
36. Xatni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan ko‘rib chiqish muddati — hujjat olingan kundan boshlab 5 ish kunidan oshmasligi lozim.
37. SITES Ma’muriy organi tabiatdan foydalanuvchi tomonidan muayyan xatti-harakatlarni sodir etish va (yoki) faoliyatni amalga oshirish imkoniyatlarini aniqlash zarur bo‘lganda qaror qabul qilish uchun mustaqil ravishda yoki uchinchi shaxslarni jalb etgan holda tadqiq qilish, tekshirish yoki boshqa texnik baholashni amalga oshirish huquqiga ega. Ushbu holda ko‘rib chiqish muddati 30 kunga qadar uzaytiriladi.
38. SITES Ma’muriy organi tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kunidan kechikmay tabiatdan foydalanuvchilarga ruxsatnomani beradi (yuboradi) yoki ruxsatnoma berish rad etilganligi haqida ularni yozma ravishda xabardor qiladi.
39. Ruxsatnoma berish quyidagi asoslarga ko‘ra rad etilishi mumkin:
ruxsatnoma berish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning tabiatdan foydalanuvchi tomonidan to‘liq taqdim etilmaganligi;
tabiatdan foydalanuvchining ruxsat berish tartib-taomillari talablari va shartlariga nomuvofiqligi;
tabiatdan foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarning mavjudligi;
o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini transportda tashish shartlarini ko‘rib chiqish, o‘rganish, tekshirish va boshqa ilmiy va texnik baholash natijalari bo‘yicha asosli salbiy xulosa berilganligi.
40. Ruxsatnoma berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma tabiatdan foydalanuvchiga rad etish sabablari, aniq qonunchilikning normalari va tabiatdan foydalanuvchi kamchiliklarni bartaraf etib hujjatlarni qaytadan ko‘rib chiqish uchun topshirishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan xolda yozma ravishda xabarnoma jo‘natiladi (topshiriladi).
Tabiatdan foydalanuvchi rad etish sabablarini bartaraf etib, qaytadan ko‘rib chiqish uchun hujjatlarni topshirish muddati ruxsatnoma berish rad etilganligi haqidagi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab 10 ish kunidan kam bo‘lmasligi lozim.
41. Rad javobi berilishiga asos bo‘lgan sabablar belgilangan muddatlarda tabiatdan foydalanuvchi tomonidan bartaraf etilgan taqdirda hujjatlarni qaytadan ko‘rib chiqish, ruxsatnoma berish yoki ruxsatnoma berishni rad etish vakolatli organ tomonidan tabiatdan foydalanuvchining rad etish sabablari bartaraf etilganligi haqidagi arizasi va rad etish sabablari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar olingan kundan boshlab 10 ish kunidan oshmasligi lozim. Ariza qaytadan ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
42. Arizani qaytadan ko‘rib chiqishda vakolatli organ tomonidan ilgari ariza beruvchiga yozma ravishda bayon qilinmagan rad etish sabablari keltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, ilgari ko‘rsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bog‘liq rad etish sabablarini keltirish bundan mustasno.
43. Ruxsatnoma berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddat tamom bo‘lgandan keyin tabiatdan foydalanuvchi tomonidan berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi va vakolatli organ tomonidan umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi.
44. Tabiatdan foydalanuvchi ruxsatnoma berish rad etilganligi hamda vakolatli organ mansabdor shaxsning xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |