Ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlarni olish tartibi
28. Ruxsatnoma tabiatdan foydalanuvchining arizasi asosida quyidagilar ko‘rsatilgan holda beriladi:
yuridik shaxsning nomi, uning rekvizitlari, STIR, rahbarning familiyasi va ismi;
jismoniy shaxsning ma’lumotlari — familiyasi, ismi, otasining ismi, STIR, yashash manzili (telefon raqami) va pasport nusxasini ilova qilgan holda;
eksport, reeksport, importning maqsadlari (tijorat, ilmiy izlanishlar, muzey va hayvonot bog‘lari o‘rtasida almashinuv, ov o‘ljalari, sovg‘a va hokazo);
hayvon yoki o‘simlik turi, uning o‘zbek, lotin va rus tillaridagi to‘liq nomi;
namunalar ta’rifi (tirik hayvonlar, ularning terilari, tulumlar, hayvon tanasi, suyaklari, shoxlari, tishlari, qoni, uvuldirig‘i, shuningdek mahsulotlar va hokazo; tirik hayvonlar uchun — jinsi va yoshi, belgilarining mavjudligi; o‘simliklar uchun — o‘simlikning qaysi qismlari ekanligi) va miqdori;
namunaning kelib chiqishi (tabiatdan olingan, sun’iy sharoitlarda-plantatsiya, oranjereya, pitomniklarda va hokazolarda yetishtirilgan yoki katta qilingan, boshqa mamlakatdan import qilingan, musodara qilingan, sotib olingan, sovg‘a sifatida yoki meros tariqasida olingan va boshqalar);
namunalarni olib kirish yoki chetga olib chiqish mo‘ljallanayotgan muddat, hayvonlar va o‘simliklar namunalarini tashish uchun transport vositalari;
eksport qiluvchi (reeksport qiluvchi) va import qiluvchining yuridik manzili (jismoniy shaxslar uchun — uy manzili va pasport ma’lumotlari) o‘zbek, rus va ingliz tillarida.
Arizaga hayvonlar va o‘simliklar hamda ularning qismlari, hayot faoliyati mahsulotlari, zoologiya va botanika kolleksiyalarini yetkazib berishga shartnoma (kontrakt), shuningdek arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi lozim. Agar shartnoma (kontrakt) bo‘yicha chetga olib chiqish bir necha bor amalga oshirilsa, u bir marotaba taqdim etiladi.
29. Ruxsatnoma olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar tabiatdan foydalanuvchi tomonidan SITES Ma’muriy organiga bevosita, pochta aloqa vositalari orqali yoki elektron shaklda ularning qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma bilan topshiriladi. Elektron shaklda topshirilgan hujjatlar tabiatdan foydalanuvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
30. Ruxsatnoma olish uchun SITES Ma’muriy organiga topshirilgan hujjatlar ro‘yxat bo‘yicha yoki ariza nusxasiga muvofiq qabul qilinadi, ular ko‘rsatilgan organ tomonidan hujjatlar qabul qilinganligi to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda tabiatdan foydalanuvchiga darhol qaytarib beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |