Ixtisoslashgan tijorat banklar – iqtisodiyotning turli sohalarida tijorat tamoyillarida kredit-pul operatsiyalarining muayyan turlarini amalga oshiradi.
Xalq banki - mamlakatda omonat ishlarini tashkil etishni, naqd pulsiz hisob-kitob qilishni va aholi uchun kassa vazifasini amalga oshirishni, aholiga shaxsiy ehtiyojlarga kredit berishni va shu kabi operatsiyalarni ta’minlaydi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki eksport-import operatsiyalarini bevosita amalga oshiruvchi korxona va muassasalarga kredit beradi, qo’shma korxonalarga kredit berishda qatnashadi, yig’ma valyuta rejasining ijrosini, valyuta resurslaridan tejab foydalanishini nazorat qiladi, shuningdek tashqi iqtisodiy operatsiyalarga oid hisob-kitoblarni tashkil qiladi va amalga oshirishni ta’minlaydi.
Tijorat banklari tizimida tor ixtisoslashishi bo’yicha investitsion va ipoteka banklarni ajratib ko’rsatish lozim.
Investitsion banklar – maxsus kredit muassasalari bo’lib, obligatsiya hamda qarz majburiyatlari boshqa turlarini chiqarish yo’li bilan uzoq muddatli ssuda kapitalini jalb qiladi va ularni mijozlar (asosan davlat va tadbirkorlar) ga taqdim qiladi.
Investitsion kompaniyalar o’zlarining qimmatli qog’ozlarini chiqarish yo’li bilan huquqiy investorlar pul resurslarini to’playdi va ularni korxona (milliy va chet el)lar aktsiya va obligatsiyalariga joylashtiradi. Bunday kompaniyalar to’liq investorlar manfaatini ifodalaydi va ularning asosiy maqsadi qo’yilgan kapital hisobiga foyda olish hisoblanadi.
Ipoteka banklar – bu ko’chmas mulk (er va inshoot) hisobiga uzoq muddatli ssuda berishga ixtisoslashgan kredit muasasalar. Ipoteka bankning resurslari o’zlarining ipoteka obligatsiyalari hisobiga shakllanadi. Olingan ssudadan uy-joy va boshqa inshootlar qurish, korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish uchun foydalaniladi.
Barcha tijorat banklari zahira (rezerv)larining hajmi va tarkibi bo’yicha Markaziy bank tomonidan o’rnatiladigan ma’lum talablarga javob berishi zarur.
Iqtisodiyotni rivojlantirishda puxta va barqaror bank-moliya tizimi ulkan ahamiyatga ega. Biz aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining bank tizimiga ishonchini kuchaytirmasdan turib, “yashirin iqtisodiyot”dan to’liq xalos bo’la olmaymiz.
2018 yilda bank tizimi faoliyatini rivojlantirish bo’yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishda banklar bilan tadbirkorlik sub’ektlari o’rtasida samarali va o’zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini ta’minlash masalalariga asosiy e’tiborni qaratish zarur.
Valyuta bozorini isloh qilishga qarshi bo’lgan ayrim “ekspertlar”ning ikkilanishi va “maslahat”lariga qaramasdan, biz qisqa muddatda xalqaro standartlar asosida valyutani liberallashtirish jarayonini boshladik. Lekin biz yaxshi tushunamizki, bu ish ushbu sohadagi islohotlarning boshlanishi, xolos.
Valyuta siyosati biznes va iqtisodiyotni rivojlantirish manfaatlariga to’liq xizmat qilishi, investitsiya faoliyatiga ijobiy turtki berishi lozim.
2018 yilda soliq siyosatini amalga oshirishda keskin chora-tadbirlardan voz kechamiz. Chunki islohotlar davrida davlat tizimining uzluksiz faoliyat ko’rsatishi uchun byudjet barqarorligi suv bilan havodek zarur.
O’zbekistonda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish niyatida bo’lgan investorlar uchun mamlakatimizni jozibali qilish maqsadida soliq tizimini takomillashtirish bo’yicha hali ko’p ish qilishimiz kerak.
Barcha biznes toifalari uchun soliq yukini kamaytirish va qulaylashtirish, shu asosda ishlab chiqarishni va soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish zarur.
O’z ehtiyoji uchun ob’ektlar qurayotgan, yangi tashkil etilgan kichik va o’rta tadbirkorlik sub’ektlariga yagona soliq to’lovini ma’lum muddatga kechiktirish huquqini berish darkor. Shuningdek, kichik korxonalar uchun qo’shimcha qiymat solig’i to’lashga o’tishni rag’batlantirish shart.
Shu bilan birga, tez rivojlanayotgan, yiriklashib borayotgan korxonalarni rag’batlantirish siyosatiga o’tish lozim.
Soliq imtiyozlari berishda individual yondashuvlardan voz kechib, ularni faqat iqtisodiyotning ma’lum tarmoqlari uchun qo’llash amaliyotiga o’tishni taklif etaman.
Eng muhimi, investorlar nazari bilan qaraganda, soliq tizimi uzoq muddat davomida aniq va tushunarli bo’lishi kerak. Shuning uchun soliq tizimida puxta o’ylangan, uzoq muddatga mo’ljallangan siyosatni amalga oshirish lozim.
Biz mamlakatimiz byudjet tizimini qayta ko’rib chiqishimiz, byudjet daromadlari va xarajatlari xalqimiz uchun ochiq va oshkora bo’lishini ta’minlashimiz zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |