Nomoddiy aktivlarning turkumlanishi, baholanishi va ularning hisobini yuritish
Buxgalteriya hisobida nomoddiy aktivlar xuddi asosiy vositalar kabi ta'rifga ega, ya'ni, ular sub’ektlar tomonidan foydalanish uchun saqlanadi va uzoq muddat foydalanish uchun sotib olinadi.
Nomoddiy aktivlar —moddiy ko‘rinishga ega bo‘lmagan va foydali xizmat muddati bir yildan ortiq bo‘lgan hamda ulardan bank xizmatlarini amalga oshirishda yoki ma'muriy maqsadlar uchun foydalanishga mo‘ljallangan aktivlar hisoblanadi. Ular quyidagicha turkumlanadi: patentlar, mualliflik huquqlari, gudvill, savdo markalari, kompyuter dasturiy ta'minotlari, litsenziya kabilardan iboratdir. Nomoddiy aktivlar bankga quyidagi manbalardan: sotib olish yo‘li bilan; bank ichida yaratilishi yo‘li bilan va tekinga olish yo‘li bilan kirim qilinadi.
Banklarda nomoddiy aktivlarni balansga qabul qilish jarayonida qabul qilish dalolatnomalari tuziladi va ularning haqiqiy qiymati ko‘rsatilib, quyidagi: dastlabki qiymati, tiklash qiymati, eskirish qiymati, balans qiymati bo‘yicha hisobga olinadi. Nomoddiy aktivlar hisobini yuritishning asosiy qoidalari, ularning balans qiymati va shu aktivlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan amortizatsiya usullarini, amortizatsiya hisoblash tartibini, shuningdek, balans qiymatining o‘zgarishini hamda ularni hisobdan chiqarishdan ko‘rilgan moliyaviy natijalar hisobini aniqlashdan iboratdir.
Nomoddiy aktivning o‘zining ta'rifiga javob bersa, bank tomonidan kelajakda iqtisodiy samara olish ehtimoli mavjud bo‘lganda va aktivning qiymatini ishonchli aniqlash mumkin bo‘lsa, ushbu aktiv nomoddiy aktiv sifatida tan olinishi lozim. Bunda nomoddiy aktivlarni barpo etish va sotib olish jarayonida quyidagi tamoyillarni qo‘llash maqsadga muvofiqdir:
sotib olishda - tannarx tamoyilini qo‘llash;
foydalanish davridagi mutanosiblik tamoyilini qo‘llash - bunda qilingan xarajatlar va bu xarajatlar evaziga olingan daromad bir vaqtda aks ettirilishi talab qilinadi;
muomaladan chiqim qilinayotganda daromadni e'tirof etish tamoyilini qo‘llash, ya'ni, chiqim qilishda - olingan to‘lov va hisobdan chiqqan aktivning balans qiymati o‘rtasidagi farqqa teng bo‘lgan foyda yoki zarar e'tirof etiladi.
Ushbu talab chetdan sotib olingan nomoddiy aktivlar bilan birga bank ichida yaratilgan nomoddiy aktivlar uchun ham qo‘llaniladi. Bank aktivlaridan unumli foydalanish muddati davomida mavjud bo‘ladigan va kelajakda olinadigan iqtisodiy samara ehtimolini baholash lozim bo‘ladi. Bunda nomoddiy aktivlardan kelgusida olinadigan iqtisodiy samara, bank tomonidan aktivdan foydalanish natijasida vujudga keladigan, xizmatlarni sotishdan kelib tushadigan tushum va xarajatlarni tejash hamda boshqa foydalarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Agar nomoddiy aktiv, nomoddiy aktiv sifatida tan olishning ta'rifiga ham, mezonlariga ham javob bermasa, u holda ushbu modda bo‘yicha xarajatlar ular qaysi davrga tegishli bo‘lsa, shu davr xarajatlari sifatida hisobga olinadi. Aktivlarni nomoddiy aktiv sifatida ta'riflash imkoni bo‘lmaganda, shu elementning muhimligidan kelib chiqib aniqlanadi. Ayrim hollarda nomoddiy aktivlar qoldiq qiymatiga ega bo‘lishi mumkin, shunga haramay, ma'lum xizmat muddati yoki amal qilish muddatiga ega bo‘lmagan nomoddiy aktivning qiymati asosli taxmin qilingan muddatda amortizatsiya qilinadi.
Qisqa xulosa
Xo’jalik yurituvchi subyektlarda buxgalteriya hisobini to’g’ri tashkil etish ulardagi mavjud asosiy vositalar va nomoddiy aktivlardan samarali foydalanish hamda ularga sarflanadigan xarajatlar, shuningdek, eskirish summalarini xarajat obyekti bo’yicha to’g’ri taqsimlash mahsulot (ish va xizmat) lar tannarxining shakllanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatishidir. Jumladan, moliyaviy natijalarning ham shakllanishiga obyektiv yondashishga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |